Alloh taolo insonga aql degan ne'matni bergan. U insonga fikrlash va tushuncha hosil qilish, nima yaxshi-yu nima yomonligini ajratish uchun xizmat qiladi.
Har kim hayotda yashar ekan doimo fikr qilib, tushunchalarini yaxshilik tomon o'zgartirib borishi lozim. Agar inson shunday qilmasa tubanlashib boradi.
Ba'zilar to'g'ri kelgan turli xil oqim va guruhlarga qo'shilib ketadi. Ularning bu hatti-harakati aslida fikr qilmasligining evaziga bo'ladi.
Inson tafakkur qilishga odatlanmasa o'zgalarning tayyor fikrini olib yashashga mahkum. Bu esa ko'p hollarda pand beradi.
Fikrlash inson aqlining quvvatidir. Fikrsizlik esa ana shu quvvatdan foydalanmaslikdir. Fikrlaydigan inson adashsa, mulohaza qilib yana to'g'ri yo'lni topishi mumkin. Ammo fikrsiz kimsa esa o'zi va jamiyat uchun xavflidir. Bu haqda shayx Muhammad G'azzoliy (rahmatullohi alayh) bunday deydi: “Men adashgan bo'lsa-da, fikr yuritadigan insondan qo'rqmayman. Chunki u tezda haqqa qaytadi. Ammo to'g'ri yo'lda bo'lsa-da, fikrlamaydigan kimsadan qo'rqaman. Chunki u somonga o'xshaydi. Shamol qaysi tomonga essa o'sha tomonga ketadi”.
Shunday ekan, albatta, fikrlashga, tafakkur qilishga odatlanishimiz lozim.
Qur'oni karimdagi o'n etti oyatda insonlar fikrlash va tafakkur qilishga targ'ib qilinadi. Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, osmonlaru erning yaratilishida va kecha-kunduzning almashinishida aql egalari uchun belgilar bor. Ular Allohni tik turgan, o'tirgan va yonboshlagan hollarida eslaydigan, osmonlaru erning yaratilishini tafakkur qiladiganlardir” (“Oli Imron” surasi, 190–191-oyatlari).
Rivoyat qilishlaricha, Luqmoni Hakim yolg'iz o'zlari uzoq o'tirishni yaxshi ko'rar ekanlar. U zotdan xizmatkorlari: “Ey Luqmon! Yolg'iz o'zing uzundan uzoq o'tirasan. Bundan ko'ra odamlar bilan o'tirsang yaxshimasmi?” deb so'rabdi. Luqmoni Hakim bunday javob beribdi: “Uzoq vaqt yolg'iz qolish fikrlashga qulay, uzoq fikrlash esa, jannat yo'lining ko'rsatkichidir”.
Alloh taolo barchamizni tafakkur qiladigan, o'z fikr va tushunchalariga ega inson bo'lishimizni nasib qilsin!
Ruhiddin AKBAROV,
O'zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi xodimi
Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati