Vatan – ota-bobolarning pokiza xoklari ila sharaflangan maskan. Ulug‘ donishmandlar aytganidek: «Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘ormaklari darkor...».
Ozod va obod Vatanda o‘sayotgan, qalbi pok his-tuyg‘ularga to‘la yoshlarning orzulari bir olam. Vatanga muhabbat, ota-onaga, el-yurtga beminnat xizmat qilish, ularning oldidagi farzandlik burchini sidqidildan ado etish o‘sha orzularning eng ulug‘laridan sanaladi. Bu orzuga erishish uchun inson bolalikdan boshlab o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yib, zarur bilim, ko‘nikma va hunarlarni egallamog‘i, jismonan baquvvat, ruhan sog‘lom bo‘lmog‘i lozim.
Buyuk orzular katta kuch-quvvatni, iroda, sabru matonat va shijoatni talab etadi. Ana shu g‘oyat og‘ir va murakkab yo‘lda Vatanga muhabbat hissi biz yoshlarga beqiyos quvvat baxsh etadi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov aytganidek, «Tarix haqiqati shuni ko‘rsatadiki, tomirida milliy g‘urur, Vatan ishqi jo‘sh urgan odamgina buyuk ishlarga qodir bo‘ladi».
Darhaqiqat, o‘z Vataniga xizmat qilib o‘tgan farzandlar har bir millatda eslanib, o‘z millatning qaxramonlari sifatida madh qilinib, xotirasi e’zozlanib kelinadi.
Vatanga muhabbat oddiy insonlarga ham ulkan kuch-qudrat, azm-u shijoat baxsh etib, ularni tengsiz jasoratlarga undaganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, hammamiz yaxshi biladigan Shiroq haqidagi rivoyatni esga olaylik. U – oddiy cho‘pon. Uning harbiy qurol-yarog‘i ham, askari ham yo‘q. Faqat qalbida o‘z Vataniga cheksiz muhabbati bor, xolos. Ana shu buyuk tuyg‘u uni ona yurtiga tish-tirnog‘igacha qurollanib, mo‘ri malaxdek yopirilib kelayotgan sonsiz-sanoqsiz yovga qarshi yakka-yu yolg‘iz kurashga chiqishga chorlaydi. Shiroq o‘zining dushman qo‘lida o‘lishini oldindan biladi. Lekin bu o‘lim xalqining eng ulug‘ maqsadi – Vatan ozodligi, uning himoyasi yo‘lidagi sharafli o‘lim ekani bois ushbu yo‘lni tanlaydi. Shiroq o‘z joni evaziga qancha-qancha yurtdoshlarini o‘limdan, yovga qul bo‘lishdan, shahar-qishloqlarni esa vayronagarchilik, talon-tarojdan saqlab qoladi. Yana bir muhim tomoni, u o‘z qahramonligi orqali hech qachon uning xalqini yengib bo‘lmasligini, xalqning mard farzandlari bunga aslo yo‘l qo‘ymasligini isbotlaydi. Shuning uchun ham Shayx Muhammad G‘azzoliy: “Bashar o‘z yeriga, garchi, u tap-taqir sahro bo‘lsa ham qattiq bog‘lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo‘linganda sog‘inch, hujum qilinganda mudofaa va kamsitilganda g‘azab hislarini paydo qiladi”, degan.
Xalqning tinch va osuda hayoti, baxt-u saodati mard va bahodir farzandlarning sadoqatiga, jasoratiga bog‘liq. Jahondagi har bir ota-ona, har bir xalq katta umidlar bilan farzand o‘stirar ekan, ularning avvalo mard va botir, o‘z uyi va yurtini himoya etishga qodir insonlar bo‘lib voyaga yetishini istaydi. Dunyo xalqlarining ertaklari, qo‘shiq va dostonlariga, onalar tomonidan aytiladigan allalariga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularda mardlik va qahramonlik asosiy mavzu ekaniga ishonch hosil qilamiz. Masalan, bizning milliy dostonlarimiz qahramonlari Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Avaz bahodir, Farhod kabi alp pahlavonlar dunyodagi ko‘pgina xalqlar uchun mardlik va botirlik timsoliga aylangan. Onalarimizning allalarida qadim-qadim zamonlardan boshlab o‘g‘il bolalar «arslonim», «pahlavonim», degan so‘zlar bilan e’zozlangan. «Uch-og‘ayni botirlar», «Semurg‘ va Bunyod», «Toxir va Zuhra» kabi ertaklarimizda, «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li», «Kuntug‘mish» singari dostonlarimizda mardlik va ezgulik eng yuksak insoniy fazilat sifatida kuylanadi. Bularning barchasi xalqimiz uchun farzandlarini hech narsadan qo‘rqmaydigan, ota-onasi, oilasi, el yurtining shon-u sharafi, obro‘-e’tiborini saqlash yo‘lida hamma narsaga qodir insonlar qilib tarbiyalash eng buyuk, maqsad bolib kelayotganidan dalolat beradi. Shu ruhda tarbiya topgan Alp Erto‘ng‘a (Afrosiyob), Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ko‘plab ajdodlarimiz o‘z Vatanini munosib himoya qilishga qodir ekanini isbotlab bergan. Hech shubhasiz, shunday ulug‘ zotlarning shonli hayotlari biz avlodlar uchun mardlik va Vatanga sadoqat namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov el-yurtimizning boy merosi, jumladan, «Alpomish» dostonining yosh avlod tarbiyasidagi beqiyos ahamiyatini ta’kidlab, quyidagi fikrlarni bildirgan edi: «Xalqimizning yengilmas bahodiri – Alpomish timsolida biz Vatanimizni yomon ko‘zlardan, balo-qazolardan asrashga qodir, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda jonini ham fido qilishga tayyor azamat o‘g‘lonlarimiz – bugungi alpomishlarning ma’naviy qiyofasini ko‘ramiz». Biz, yosh avlod ushbu yuksak ishonchni oqlash uchun xalqimiz xizmatiga doimo tayyor bo‘lmog‘imiz zarur.
Bugungi notinch va murakkab zamonda yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni saqlash, xalq faravonligini ta’minlash juda katta mehnat va mas’uliyatni talab qiladi. Buning uchun har bir yurt farzandi o‘zini shu yurt taqdiriga daxldor ekanini qalban xis qilgan holda o‘z vazifasini ado qilmog‘i lozim. Zero, Vatanga xizmat shu yurt farzandiman degan har bir o‘g‘il-qiz uchun oliy saodatdir.
Muzaffarxon JALOLXONOV,
Imom Faxriddin ar-Roziy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati