Kecha, 6 dekabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov Oqqo‘rg‘on tumanida oila vakillari, mahalla faollari, ustoz-murabbiylar hamda o‘quvchi-talabalar bilan “Farovon oila – saodat qasri” mavzuidagi muloqotda ishtirok etdi.
Tadbirda Xayrulloh domla Turmatov ota-ona va ayollarni ardoqlashning ahamiyati, oilada erkak kishining vazifalari, oila saodatida mehr-muruvvat va oqibatning o‘rni, so‘zlashish va kiyinish bobida hayoning dolzarbligi, jinoyatchilikning oldini olish, internet, xususan, telefondan noto‘g‘ri foydalanish oilaviy ajrim va qator axloqsizliklarga zamin yaratayotgani borasida ma’ruza qildi.
Qatnashchilarning chanqoq va iliq nigohlari, aytilgan so‘zlar ta’siridan yuzlarni nam aylagan ko‘z yoshlari hamda bildirilgan munosabatlardan aholi o‘rtasida bu kabi tadbirlarni tashkil etish nechog‘lik ahamiyatli ekani e’tirof etildi. Shuningdek, muqaddas islom dinimizda yaxshilik va ezgulik sari chorlash, noto‘g‘ri yo‘llardan ogoh etishning farz ekani ham bejiz emasligi aniq va ravshan tushuntirildi.
Tadbir so‘ngida viloyat bosh imom-xatibi tomonidan keng jamoatchik foydalanishi uchun ilmiy va tarbiyaviy-axloqiy mazmundagi turfa adabiyatlar sovg‘a qilindi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “Oilada farzand tarbiyasi” kitobi ham shular jumlasidandir.
O‘MI matbuot xizmati
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
﴿اللَّهُ نُورُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ مَثَلُ نُورِهِ كَمِشْكَاةٍ فِيهَا مِصْبَاحٌ الْمِصْبَاحُ فِي زُجَاجَةٍ الزُّجَاجَةُ كَأَنَّهَا كَوْكَبٌ دُرِّيٌّ يُوقَدُ مِنْ شَجَرَةٍ مُبَارَكَةٍ زَيْتُونَةٍ لَا شَرْقِيَّةٍ وَلَا غَرْبِيَّةٍ يَكَادُ زَيْتُهَا يُضِيءُ وَلَوْ لَمْ تَمْسَسْهُ نَارٌ نُورٌ عَلَى نُورٍ يَهْدِي اللَّهُ لِنُورِهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَضْرِبُ اللَّهُ الْأَمْثَالَ لِلنَّاسِ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ﴾
«Alloh osmonlar va Yerning “nuri”dir. Nurining misoli xuddi bir tokcha ichidagi chiroq, bu chiroq bir shisha ichida, u shisha go‘yo bir durdan yaralgan yulduzga o‘xshaydi. U (chiroq) na sharqiy va na g‘arbiy bo‘lmagan muborak zaytun daraxti (moyi)dan yoqilur. Uning moyi (musaffoligidan), garchi unga olov tegmasa-da, (atrofni) yoritib yuborgudekdir. (Mazkurlar qo‘shilganda esa) nur ustiga nur (bo‘lur). Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) misollarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir» (Nur surasi, 35-oyat).
Zaytun inson organizmi uchun juda foydali hisoblanadi. Undagi Ye moddasi insonning tez qarishini oldini oladi. Zaytun daraxtining barglaridan qon bosimini oldini oluvchi dorilar tayyorlanadi. Shuningdek, zaytunni oshqozon shilliq pardalarining yallig‘lanishiga qarshi, organizmni tozalash, barcha ichak dardlarini, soch to‘kilishi, buyrak, o‘t, qovuq toshlarini tushishirishda va boshqa ko‘plab kasalliklarni davolashda samarali foyda beradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yog‘ (Zaytun) iste’mol qilinglar va uni o‘zingizga surtinglar. Chunki u muborak daraxtdan (olingan)dir” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Zaytunning ko‘k mevalisidan olingan yog‘ eng yaxshisi bo‘lib, tabiati sovuq va quruqdir. Pishmagan mevasidan olingani ham shunday. Ammo sal burishtiruvchiroqdir. Qora mevasidan olingani quruq va issiq hisoblanadi. Qizilining mevasidan olingan yog‘ sovuq va quruq bo‘lib, mo‘tadilga yaqinroqdir.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li