Kecha, 6 dekabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov Oqqo‘rg‘on tumanida oila vakillari, mahalla faollari, ustoz-murabbiylar hamda o‘quvchi-talabalar bilan “Farovon oila – saodat qasri” mavzuidagi muloqotda ishtirok etdi.
Tadbirda Xayrulloh domla Turmatov ota-ona va ayollarni ardoqlashning ahamiyati, oilada erkak kishining vazifalari, oila saodatida mehr-muruvvat va oqibatning o‘rni, so‘zlashish va kiyinish bobida hayoning dolzarbligi, jinoyatchilikning oldini olish, internet, xususan, telefondan noto‘g‘ri foydalanish oilaviy ajrim va qator axloqsizliklarga zamin yaratayotgani borasida ma’ruza qildi.
Qatnashchilarning chanqoq va iliq nigohlari, aytilgan so‘zlar ta’siridan yuzlarni nam aylagan ko‘z yoshlari hamda bildirilgan munosabatlardan aholi o‘rtasida bu kabi tadbirlarni tashkil etish nechog‘lik ahamiyatli ekani e’tirof etildi. Shuningdek, muqaddas islom dinimizda yaxshilik va ezgulik sari chorlash, noto‘g‘ri yo‘llardan ogoh etishning farz ekani ham bejiz emasligi aniq va ravshan tushuntirildi.
Tadbir so‘ngida viloyat bosh imom-xatibi tomonidan keng jamoatchik foydalanishi uchun ilmiy va tarbiyaviy-axloqiy mazmundagi turfa adabiyatlar sovg‘a qilindi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “Oilada farzand tarbiyasi” kitobi ham shular jumlasidandir.
O‘MI matbuot xizmati
Bomdod namozi kirgach to quyosh chiqquncha Qur’on tilovati, zikrlar, ilm yoki boshqa xayri ishlar bilan shug‘ullanish o‘rniga dunyoviy gap-so‘zlar bilan vaqt o‘tkazish makruhi tanzihiydir. Chunki bu vaqtda qilingan zikrlar uchun juda katta savoblar va’da qilingan, mo‘min bandaga bunday imkoniyatni boy berish to‘g‘ri kelmaydi.
Ilm bilan shug‘ullanish, solihlarning hikoyasini o‘qish yoki tinglash, mehmon bilan yoki hojati bor odam bilan gaplashish xayrli ish hisoblanadi, shuning uchun bular makruh emas, aksincha mustahab bo‘ladi.
Albatta, hojat yoki zarurat bo‘lgani uchun dunyoviy gaplar so‘zlashning hech qanday ziyoni yo‘q.
Prof. Dr. Saloh Abul Hojning «Til sayqali» kitobidan