2017 yil 1 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi vazifalar ijrosi hamda xorijdagi mehnat migrantlari bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan diniy soha xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi-O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisi Q.Quronboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rahbar xodimlari, diniy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ulamolar, imom-xatiblar, Toshkent islom instituti va Toshkent islom universiteti talaba-yoshlari qatnashdi.
Shu yil 15 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mana shundan kelib chiqib, so‘zga chiqqan notiqlar imom-xatiblar joylardagi chiqishlarida, keng aholi qatlami bilan uchrashuvlarida jinoyat sodir etish juda ham og‘ir gunoh ekani, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bunday xatti-harakatlar qattiq qaytarilganini jonli misollar orqali ta’sirchan qilib, tushuntirishlari zarurligi yig‘ilishda alohida ta’kidlandi.
Jinoyatning sabablaridan biri – qilayotgan ishining jinoyat ekanini, gunoh ekanini bilmaslikdir. Avvalo ana shu jaholatga qarshi kurashish kerak. Bir ishning gunoh ekanini bilgan odam albatta undan qaytadi. Jinoyatning qaysi bir turini olib qaramang, dinimiz, insoniylikka xilofdir. Odam o‘ldirish, o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik – bularning barchasi inson hayotiga zarar ekanini tushuntish diniy soha xodimlari va ziyolilar zimmasidagi mug‘im vazifa ekani alohida qayd etildi.
Darhaqiqat, har qanday jinoyat Qur’oni karim oyatlarida, hadisi shariflardagi hikmatlarda va ulug‘ ajdodlarimiz o‘gitlarida qattiq qaytarilgan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir munkar, gunoh ishga qarshi kurashga chaqirib, quyidagi hadisi sharifda shunday deganlar:
«Qaysi biringiz bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin. Bunga qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin. Bunga ham qodir bo‘lmasa, dili bilan qaytarsin. Ammo bu eng zaif iymondir» (Imom Muslim rivoyati).
Munkar ish – dinimizda inkor qilingan, qaytarilgan har qanday yomon ishdir. Har bir odam o‘z jamiyatida sodir bo‘layotgan har qanday yomon ishni ko‘rib-bilib turgan bo‘lsa, loqaydlik qilishi mumkin emas. Kishi avvalo bu gunoh ishni bevosita o‘zi, qo‘li bilan qaytaradi. Ulamolarimiz yomon ishni qo‘l bilan qaytarish deganda aynan jamiyatda tartib-intizom o‘rnatishga mas’ullarning jinoyatchilikka qarshi kurashi deb izohlaganlar. Kichik bir yomon ishni har kim ham to‘xtatishi kerak, ammo jinoyatning ko‘lami keng bo‘lsa, unga qarshi butun jamoatchilik kurashishi zarur.
Har qanday yomon ishni til bilan qaytarish aynan ulamolarning, imom-xatiblarning, ziyolilarning, ommaviy axborot vositalarining vazifasidir, har bir imkoni bor shaxs uchun burchdir. Agar kishi yomon ishni qo‘li bilan qaytara olmasa, uni yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish yo‘li bilan amalga oshiradi, gunoh ishning oqibatini bayon qiladi, uni zinhor qilmaslikka chaqiradi.
Shuningdek, ushbu yig‘ilishda shu yil 30 oktyabr – 9 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Astraxan va Novosibirsk shaharlaridagi mehnat migrantlari bilan uchrashuvlari to‘g‘risida ham batafsir ma’lumotlar berildi. Ushbu safar davomida mehnat migrantlarining yashash va ishlash sharoitlari bilan yaqindan tanishilgani, yotoqxonalarda yakka tartibdagi suhbatlar uyushtirilgani va mehnat migrantlarining ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqilgani to‘g‘risida yig‘ilishda so‘z bordi.
Haqiqatan, yosh avlod tarbiyasi doimo eng dolzarb va juda mashaqqatli bo‘lib kelgan. Allomalarimiz jamiyatning rivoji va tinchligi ham yoshlar tarbiyasiga bog‘liq ekanini ko‘p aytishgan. Muhtaram Prezidentimiz bu borada shunday deganlar: “Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda”.
Bugungi kunda yoshlarda imon-e’tiqodni, dinu diyonatni, halol-haromni, hushyorlikni, zararli ta’sirlarga qarshi kurashishni shakllantirish dolzarb masala hisoblanadi.
Yig‘ilishda chet ellarda yurgan o‘zbekistonlik yigit-qizlar ham o‘zimizning farzandlarimiz ekani, agar ularning tarbiyasi bilan vaqtida shug‘ullanilmasa, befarq bo‘linsa, boshqalar farzandlarimizni aldab, tuzog‘iga ilintirib, juvonmark qilishi mumkinligidan ogoh etildi.
Shuningdek, bugungi tezkor axborot zamonida Musulmonlar diniy idorasi ham o‘zining maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, faoliyat yo‘nalishlarini kengaytirib, hozirgi islohotlarning yangi bosqichida diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, Islom dini ta’limotini keng targ‘ib qilish katta e’tibor qaratilayotgani ma’lum qilindi. Shu maqsaddan kelib chichiqb, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari tahririyatlari bilan mana shunday xayrli ishlarni jadal olib borishda hamkorlikka tayyor ekani eslatib o‘tildi.
Tadbir yakunida yoshlar bilan ishlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum imzolash taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari tahririyatlarining rahbar xodimlari, jurnalistlar, televideniya, radio, markaziy gazetalar va internet saytlari muxbirlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Markaziy bank huzurida yurtimizda islomiy moliya sohasini tizimli rivojlantirish, uning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash maqsadida Islomiy moliya kengashi tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.
Mazkur yangi tuzilma islomiy xizmatlar ko‘rsatuvchi banklar va mikromoliya tashkilotlari, Omonatlarni kafolatlash agentligi hamda Markaziy bank nazoratidagi boshqa muassasalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial (jamoaviy) organ sifatida ish olib boradi.
E’tiborli jihati, Kengash tarkibi islom huquqi sohasida chuqur bilim va boy tajribaga ega bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari hamda texnik ekspertdan iborat 5 nafar a’zoni qamrab olgan. Bu esa mamlakatimizda islomiy moliya xizmatlarini xalqaro talablar va shar’iy qoidalar asosida rivojlantirish, investorlar ishonchini mustahkamlash hamda aholi va tadbirkorlar uchun muqobil moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan 2022 yili tashkil etilgan Diniy idora qoshidagi Fatvo markazi nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH davlatlari orasida ham maqomi jihatidan yagona markaz sanaladi.
Bugungi kunda markazda Muftiy hazrat boshchiligida 20 nafar yetuk ulamo yettita asosiy ilmiy va amaliy yo‘nalishda samarali faoliyat olib bormoqda.
Shuningdek, Markaz huzuridagi diniy savol-javoblarga ixtisoslashgan Koll-markaz va media tarmoqlari orqali mo‘min-musulmonlarning murojaatlariga muntazam va tezkor javob qaytarib kelinmoqda.
Qayd etish joizki, markaz nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki xorijda mehnat qilayotgan yoki tahsil olayotgan vatandoshlarimiz bilan ham mustahkam aloqa o‘rnatgan. Xususan, 2025 yildan boshlab chet eldagi yurtdoshlarimizning diniy-ma’rifiy va moliyaviy savollariga ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri javob berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Kuniga o‘rtacha 1000 dan ortiq murojaatni qabul qilayotgan Fatvo markazi o‘tgan faoliyat davrida bir milliondan ortiq savolga shar’iy va asosli javoblarni taqdim etdi. Shuningdek, 3 jilddan iborat “Fatvolar to‘plami”, “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi”, “E’tiqodga oid zarur masalalar” kabi dolzarb mavzulardagi 10 dan ziyod kitob nashr etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolarining Markaziy bank huzuridagi Islomiy moliya kengashida ishtirok etishi esa yurtimizda tadbirkorlik va moliya tizimining rivojida yangi davrni boshlab beradi, insho Alloh.
Alloh taolo yurtimizda islomiy moliya sohasidagi yangi islohotlarni bardavom va xayrli qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati