Sayt test holatida ishlamoqda!
23 May, 2026   |   5 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:17
Bismillah
23 May, 2026, 5 Zulhijja, 1447

Din – husni xulqdir

30.11.2017   5412   8 min.
Din  – husni xulqdir

وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ

Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!

Alloh taolo Rasulini ana shu odob ila xulqlantirgan. Bu – Islom va uning shariatidir. Ibn Abbos roziyallohu anhu “Buyuk din uzra” deganlar. Qatoda roziyallohu anhu aytadilar: “Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari  to‘g‘risida so‘radim. Bas u kishi: “U zotning xulqlari Qur’ondir, Qur’onda bor narsanigina aytadilar” dedi. Yana u kishi aytadilarki: “Biror kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamchalik husni xulqli emas. Sahobalardan  yoki ahli baytlardan biror kishi u zotni chaqirsalar albatta “labbay” deb javob berar edilar”.

Junayd rahimahulloh: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyuk xulq sohibi deb atalishlari u zotning Allohdan o‘zgani demaganliklari uchundir” deganlar.

Boshqa rivoyatlarda esa: “U zotning buyuk xulq sohibi deyilishiga sabab o‘zlarida makorimul axloqlarni mujassam qilganidir. Bunga “Alloh meni makorimul axloqlarni batamom qilishim uchun yubordi” degan hadisi sharif ham dalolat qiladi” deyilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasllam: “Robbim meni go‘zal odoblar ila odoblantirib:

خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ

Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring! dyedi. Buni qabul qilganimdan keyin esa:

وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ

Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz! dedi” deganlar.

Bizni bir narsa o‘ylantiradi: nima uchun Alloh taolo o‘z Rasulining aynan xulqini madh etdi ekan? Bunda nima hikmat yoki sir bor ekan? Quyida ana shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasllam, ulamolar sayyidi, fuqaholar sayyidi, xatiblar sayyidi, hukamolar sayyidi, qozilar sayyidi, fuzalolar sayyidi, murabbiylar va muallimlar sayyidi bo‘lsalar ham Alloh taolo u zotni buyuk xulq sohibi deb madh  etdi. Chunki mazkur fazilatlar, sifatlarning barchasi husni xulqqa bog‘liqdir. Tassavur qiling, agar ulamolar, fuqaholar va yuqorida zikri o‘tganlarning  husni xulqi bo‘lmasa, ular kim bo‘lar edi?

Demak,  husni xulq barcha fazilatlarning aslidir. Albatta, bu ilohiy o‘lcham va  mezondir. Agar oddiy insoniy mezonlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda mol-dunyo, nasl-nasab yoki yana qandaydir narsalar bo‘lishi mumkin. Bu o‘lcham asosan xalqlarning kelib chiqishi, urfi odati yoki sharoitiga qarab belgilanadi. Demak, biz ham biror kishini maqtamoqchi bo‘lsak, birinchi o‘rinda uning xulqiga e’tibor berishimiz kerak bo‘lar ekan. Shundagina maqtov xaq va rost bo‘ladi.

Husni xulq amaliy bo‘ladi, bunda insonning barcha a’zolari ishtirok etadi: Birinchi o‘rinda hadisi sharifda kelganidek til, qo‘l, so‘ngra ko‘z, quloq, burun, oyoq, qorin va unga tegishli bo‘lgan barcha azolar Alloh taoloning buyruqlariga itoat etib qaytariqlaridan to‘liqligicha qaytishi kerak. Bu qoidani bekorga aytganimiz yo‘q. Negaki, ba’zilar  husni xulqni o‘zicha tasavvur qilib undan o‘zicha to‘n bichadilar. Aslida esa husni xulq nima ekanini bilish uchun Oisha onamizning aytganlarini eslashimiz kifoya: “U zotning xulqlari Qur’ondir, Qur’onda bor narsanigina aytadilar”. Demak, husni xulq bu – Qur’onda kelgan hukmlarga amal qilish demakdir. Quyida husni xulqning madhi to‘g‘risida kelgan malumotlar bilan tanishib chiqamiz.

O‘ndan ortiq xadisda husni xulq madh etilgan: Albatta,  imon – husni xulqdir, mo‘minlarning imoni mukammali – xulqi go‘zalidir, musulmonlarning eng islomi go‘zali- – axloqi go‘zalidir, dinning  barchasi  – husni xulqdir.

Badxulqlik barcha yaxshiliklarni yo‘q qiladi, go‘yoki sirka asalni aynitib uni buzgani kabi. Husni xulq esa, aksincha, har bir yaxshilikning savobini ko‘paytiradi va unga ko‘rk baxsh etadi. Chunki husni xulq jannatning gulidir. Agar islomdan husni xulq bekor qilinsa, islomning hammasi bekor bo‘ladi, agar imondan husni xulq bekor qilinsa, imonning hammasi bekor bo‘ladi, agar insondan husni xulq olinsa, undan mutloq insoniyatlik olingan bo‘ladi.

إِذَا جَاءَ نَصْرُ اللَّهِ وَالْفَتْحُ

(Ey, Muhammad!) Qachonki, Allohning nusrati (madadi) va g‘alaba kelganida,

وَرَأَيْتَ النَّاسَ يَدْخُلُونَ فِي دِينِ اللَّهِ أَفْوَاجًا

odamlar to‘p-to‘p bo‘lib, Allohning dini (Islom)ga kirayotganlarini ko‘rganingizda,

 فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَاسْتَغْفِرْهُ إِنَّهُ كَانَ تَوَّابًا 

darhol Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchi zotdir.

Ta’bir joiz bo‘lsa, bir vaqt kelib musulmonlar o‘z  dinidan guruh-guruh bo‘lib chiqishni boshlasalar buning sababi nima bo‘lishi mumkin? Albatta, yomon xulq bo‘ladi: Namoz o‘qiydi, lekin axloqi yomon, aldaydi xiyonat qiladi, qo‘li egri, qarz olib bermaydi va hokazo. Xuddi shunday bir vaqt kelib barcha islom diniga guruh-guruh bo‘lib kira boshlasalar albatta buning sababi  husni xulq bo‘ladi. Chunki husni xulq yo‘qolgan joyda dinning qiymati ham yo‘qoladi, aksincha, husni xulq bor joyda dinning, ulamolarning va butun mo‘min musulmonlarning qiymati ham yuqori bo‘ladi.

فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِي الْأَمْرِ فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ

Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning habibi, rasuli, nabiysi, Qur’onning sohibi, ma’sum va ko‘plab mo‘jizalarning egasi bo‘lishiga qaramay, agar qalblari qattiq bo‘lsa atroflaridan odamlar qochib ketishlari to‘g‘risida xabar berilayapti.  Tasavvur qiling-da, dinni Alloh taolodan qabul qilib olib, uni insonlarga yetkazishga mas’ul bo‘lgan kishining atrofida hech kim qolmasa, unda dinni kimga yetkazadilar? Hozirgi kunda  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning merosxo‘rlari bo‘lib xizmat qilayotgan allomalarimiz, ustozlar, murabbiylar ham e’tibor beradigan nuktalardan biri aynan mana shu joyidir. Chunki insonning Alloh taoloning huzuridagina egallagan mavqei yetarli emas ekan, balki\ Allohning buyrug‘iga muvofiq atrofdagilarga ham muloyim va yumshoq ko‘ngillik bo‘lib, ularning ham mehrini qozonish va hurmatlariga sazovar bo‘lish ham kerak ekan. Zotan, Alloh taolo bizani doimo atrofimizdagilar bilan o‘zaro go‘zal munosabatda bo‘lishimizga buyurgan. Ana shundagina Allohning buyruqlarini bajarishdan ko‘zlangan maqsad mukammal holda amalga oshadi. Demak, azizlar, biz ham hozirda hayotimizda husni xulqli bo‘lishga nihoyatda muhtojmiz, kelinglar, shunday muborak mavlidi sharif oylarida turar ekanmiz har birimiz o‘zlarimizdagi illatlarni muolaja qilib,  husni xulqli bo‘lishga qasd qilaylik. Shunda, inshaalloh,  atrofimizdagilarga amaliy namuna ko‘rsatgan bo‘lamiz.

Is'hoqjon domla Begmatov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi xodimi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yangi O‘zbekistonda inson qadri va saxovat tantanasi

22.05.2026   7764   5 min.
Yangi O‘zbekistonda inson qadri va saxovat tantanasi

Samarqand — asrlar davomida islom ma’rifati va tamaddunining nurli markazi bo‘lib kelayotgan, buyuk allomalaru avliyolar yetishib chiqqan muqaddas va tabarruk zamindir. Bu qutlug‘ diyordan taralgan ilm ziyosi nafaqat yurtimiz, balki butun islom olamini ma’naviy boyitib kelmoqda. Imomlar, muhaddislar, mufassirlar va mutakallimlar merosi bilan dong taratgan Samarqand bugun ham bag‘rikenglik, ma’rifat va muqaddas qadriyatlar maskani sifatida yuksak e’tirof etilmoqda.


Bugun Samarqand zaminida muqaddas ziyoratgohlar yanada obod qiyofa kasb etmoqda, masjid va majmualarda xalqimiz uchun keng qulayliklar yaratilmoqda. Ayniqsa, joriy 2026 yilgi Qurbon hayiti yurtimizda misli ko‘rilmagan shukronalik, hamjihatlik va yuksak ma’naviy muhit ila qarshi olinmoqda.

Samarqandda hayit namozi va tayyorgarlik ishlari
 

Joriy yilda Qurbon hayiti 27 may — Chorshanba kuni nishonlanadi. Samarqand viloyatidagi barcha masjidlarda hayit namozlarini munosib tarzda o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rildi:

  • 287 ta masjidda Qurbon hayiti namozi o‘qiladi;

  • Hayit namozi soat 05:30 da boshlanadi;

  • Namozdan avval masjidlarda tinchlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, inson qadri va yurt osoyishtaligi haqida ma’rifiy suhbatlar o‘tkaziladi.

Viloyat markazi hamda barcha tumanlardagi yirik masjidlarda namozxonlarning xavfsizligi va emin-erkin ibodat qilishlari uchun barcha mutasaddi tashkilotlar hamkorlikda zarur chora-tadbirlarni belgilagan.


Imom al-Buxoriy majmuasida hayit shukuhi

Muborak Qurbon hayiti namozi Imom al-Buxoriy majmuasida ham katta ko‘tarinkilik va fayzu baraka ila ado qilinadi. Erta tongdan ushbu tabarruk maskanda Qur’on tilovatlari, takbir va tahlil sadolari yangrab, namozxonlar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda dunyo musulmonlarining hamjihatligi uchun samimiy duolar qiladilar.


Haj–2026: Yuksak e’tibor va tarixiy lahzalar
 

Haj ibodati — musulmonlar uchun eng ulug‘ orzu va muqaddas safardir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhtaram janobi oliylarining bevosita e’tibor va g‘amxo‘rliklari tufayli joriy mavsum yuqori darajada tashkil etildi:

  • Samarqand viloyatidan 940 nafarga yaqin ziyoratchi Makka va Madinaga safar qildi.

  • Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yurtimizdan 100 nafar fuqaro "Prezident hojisi" sifatida muborak safarga yuborildi. Bu ezgu qadam Yangi O‘zbekistonda inson manfaati va mehr-oqibat tamoyillari ustuvor ekanining yorqin ifodasi bo‘ldi.

  • Har bir hoji uchun tibbiy xizmat, dori-darmon, shinam yashash joyi, ovqatlanish va transport logistikasi to‘liq tashkil etilib, malakali guruh rahbarlari va shifokorlar ularga xizmat ko‘rsatmoqda.

Tarixiy voqea: Joriy yilgi Haj mavsumining barcha hojilarimiz qalbida chuqur iz qoldirgan unutilmas voqeasi — Davlatimiz rahbarining muborak zaminda bo‘lib turgan ziyoratchilarimiz holidan shaxsan telefon orqali xabar olganlari bo‘ldi. Yurtboshimiz Muftiy hazratlari bilan muloqotda hojilarning salomatligi bilan qiziqib, ularga o‘zlarining samimiy duo va ezgu tilaklarini yo‘lladilar. Bu yuksak e’tibor Makkai mukarrama va Madinai munavvaradagi yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz quvonch va shukronalik bag‘ishladi.

Shariatimizda qurbonlik qilish odoblari

Qurbonlik — Alloh taologa bo‘lgan taqvo, itoat va shukronalikning amaliy ifodasidir. Viloyatimizdagi imom-xatiblar tomonidan aholiga qurbonlik qoidalari bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra:

  1. Vaqti: Qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanib, zulhijjaning 10, 11 va 12-kunlari kun botgunga qadar amalga oshiriladi;

  2. Jonliq: Qo‘y va echki bir kishi nomidan, sigir va tuya esa 7 kishigacha sheriklik asosida so‘yilishi mumkin;

  3. Hayvonning holati: Qurbonlik qilinadigan hayvon sog‘lom, ko‘zga ko‘rinarli ayblardan xoli va yetuk yoshda bo‘lishi lozim;

  4. Tarqatish: Qurbonlik go‘shtini uch qismga bo‘lib, bir qismini oilaga saqlash, ikkinchi qismini qarindosh-urug‘larga, uchinchi qismini esa muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga tarqatish mustahab (savobli) amaldir.


Aziz yurtdoshlar, masjidlarimizdagi fayzli muhit, ziyoratgohlardagi obodonchilik ishlari, hojilarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat — bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanayotganining amaliy ifodasidir.


Alloh taolo yurtimiz tinchligini, xalqimiz birdamligini yanada mustahkamlasin. Qurbon hayiti barchamiz uchun xayr-baraka, ma’naviy yuksalish va ezguliklar bayrami bo‘lsin. Barchangizni yaqinlashib kelayotgan muborak ayyom bilan samimiy muborakbod etaman! 


Ahmadxon domla Alimov,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi

Maqolalar