Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Aprel, 2026   |   14 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:31
Asr
16:57
Shom
18:54
Xufton
20:08
Bismillah
03 Aprel, 2026, 14 Shavvol, 1447

Bir oyat tafsiri

26.11.2017   12135   14 min.
Bir oyat tafsiri

“Lut o‘z qavmiga: “Albatta sizlar shunday buzuqlik qilmoqdasizlarki, sizlardan ilgari butun olamlardan biron kimsa bunday qilmagan edi. Haqiqatan sizlar (xotinlaringizni qo‘yib)erkaklarga borurmisizlar, yo‘lto‘sar qaroqchilik qilurmisizlar, majlislaringizda yolg‘on ishlar qilurmisizlar?” deganini eslang. Bas, Lut qavmining javobi faqat “Agar sen rostgo‘y kishilardan bo‘lsang, bizlarga Allohning azobini keltirchi” deyishlari bo‘ldi” (Ankabut surasi, 28-29-oyatlar).

   O‘tgan ummatlar qissalarining Qur’onda zikr qilinishi hikmatlaridan biri ulardan ibrat olishimiz uchundir. Yuqoridagi oyat tafsirida keladiki: Jibril (alayhissalom) Allohning buyrug‘i bilan Lut qavmi yashaydigan qishloqni balandga ko‘tardiki, hatto osmondagi farishtalar itlarning vovillashini eshitdilar. So‘ng ularni ag‘darib o‘sha balandlikdan tashlab yubordi. Keyin Alloh taolo ular ustiga yomg‘ir kabi toshlarni yog‘dirdi. Bu azoblarning barchasi ular qilgan gunohlari sababli edi. Natijada ular qiyomatgacha yomonlik bilan zikr qilinadigan bo‘ldilar. 

Bu oyat haqida imom Ajuriy (rohimahulloh) shunday dedilar: “Alloh taolo Lut qavmining qilgan yomon fasod ishlari haqida sizlarga xabar berdi. Alloh taolo ularning ko‘zlarini ko‘r qildi. So‘ng Jibril (alayhissalom) qanotlari bilan qishloq ahlini osmonga ko‘tardi va teskari qilib pastga tashladi. So‘ng ustlariga osmondan toshlar yog‘ildi va barchalari halok bo‘ldilar. Aytiladiki, ular to‘rt ming kishi edilar”. 

Bu kabi ma’siyatlardan uzoq bo‘lish uchun quyidagilarga e’tiborli bo‘lish zarur: 

1.      Gunohlarni oson qilib va ziynatlab ko‘rsatuvchi do‘stlardan uzoq bo‘lish. 

2.      Qaraganda shahvoniy nafsni qo‘zg‘atuvchi narsalardan ko‘z yumish. 

3.      Nafsini poklash uchun tezroq uylanishga harakat qilish. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Ey yoshlar jamoasi, sizlardan kim qodir bo‘lsa uylansin...” 

4.      Uylanishga qodir bo‘lmasa, shahvatni kesuvchi ro‘zani ko‘proq tutish. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Albatta, shayton Odam bolasining qon tomirida yuradi. Uning yo‘lini ochlik bilan toraytiringlar”. 

5.      Bo‘sh vaqtlarini inson o‘zi uchun dunyo va oxiratda foyda beruvchi narsalar bilan o‘tkazish. Bu borada ota-onalar e’tiborni bolalardan qochirmasligi kerak. 

Bu ummatlarning ahvollaridan ibratlanib, bunday gunohlardan uzoq bo‘lish kerak. Chunki hozirgi kunimizda avvalgi ota-bobolarimizda bo‘lmagan o‘ta xatarli kasalliklarning paydo bo‘lishi, bizlardan sodir bo‘layotgan gunohlarimiz sabablidir. 

Ey Allohim, bizlarni doimo to‘g‘ri yo‘lingda sobitqadam qilib, fitnalardan omonda saqlagin.

 

Jabborali NURMATOV, 

Toshkent Islom instituti katta o‘qituvchisi. 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ulug‘ xulq qanday bo‘ladi?

03.04.2026   773   1 min.
Ulug‘ xulq qanday bo‘ladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Xushxulqlik – bandalikning eng ulug‘ darajasi bo‘lib, unda mardlikning chin surati namoyon bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining Rasuli sollallohu alayhi vasallamga ko‘plab fazilatlar ato etganiga qaramasdan u zot sollallohu alayhi vasallamni aynan xulqi xushlari bilan madh etdi. Alloh taolo aytadi: “Albatta Siz ulug‘ xulq ustidadirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).

Olimlar qayd etadilar: “Ulug‘ xulq degani shunday xulq hisoblanadiki, bunday xulq sohibi hech kimga nisbatan adovatda bo‘lmaydi va unda odamlarning nafratiga sabab bo‘ladigan zarracha bo‘lsa ham yomon illatning o‘zi bo‘lmaydi. Bularning barchasi Allohni tanishning yuksak darajalari tufaylidir”.

Boshqa olimlar deydilar: “Ulug‘ xulq – bu odamlarning unga nisbatan qilgan jabru jafolarini Allohdan deb bilganligi sabab ulardan ranjimasligidir”.

Olimlarning quyidagicha fikrlari ham bor: “Ulug‘ xulq – bu kishining butun borlig‘iyu e’tiborini faqat Allohga qaratmog‘idir!”.


Shuningdek, ilohiyot olimlari yuqoridagi oyatni batafsil mana bu tarzda izohlagan ekanlar:

“Ey Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, siz ulug‘ xulq sohibisiz! Bu daraja faqat sizgagina nasib etgan. Boshqa hech bir yaralmish xulqning bu darajasiga ko‘tarila olmaydi. Shuning uchun ham Siz boshqalarning qo‘lidan kelishi mahol bo‘lgan darajada matonatli, sabr sohibisiz”.

Olimlardan yana biri bu oyatni quydagicha izohlagan ekan: "Allohning xulqi bilan xulqlanganingiz uchun odamlarning tuhmati, ta’nayu malomati Sizga salbiy ta’sir etolmaydi va Siz ularning yomonliklaridan yetajak uqubatdan forig‘siz. Zeroki, o‘z kuchingiz bilan emas, Alloh aytganidek, Allohning yordami bilan toqat qilasiz".

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
 

Maqolalar