Ziyorat turizmini mamlakatimizda yanada rivojlantirish maqsadida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Shunday islohotlardan biri sifatida Toshkent xalqaro aeroportida namozxona tashkil etilganini keltirib o‘tish o‘rinlidir.
Sohani rivojlantirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan yangi davlat standarti ishlab chiqildi.
O‘z DSt 3220:2017 “Turistik xizmatlar. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” bo‘yicha standart 2018 yilning 1 yanvaridan kuchga kirishi belgilangan.
O‘rnatilgan qoidalarga ko‘ra, har bir mehmonxonaning umumiy xonalar sonining kamida o‘ndan birida Qur’oni karim, ibodat qilish uchun joynamoz hamda kamida 30 foizida qibla ko‘rsatgichi bo‘lishi shart.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir safar aeroportdan mehmonxonaga taksi oldim. Mashina toza, haydovchi xushmuomala edi. O‘zini Ahmad deb tanishtirib, qo‘limga kartochka berdi: “Vaqtingiz xayrli o‘tsin. Mening vazifam – sizni manzilingizga eng tez, eng xavfsiz, eng kam xarajat va eng muhimi – halol xizmat ila yetkazish”.
Yo‘lda menga yana turli qulayliklarni taklif etdi.
— Hamma mijozlar bilan shunday iltifotlimisiz? – degan savolimga biroz tin olib dedi:
— Rostini aytsam, bu tarzda ishlashni ikki yil oldin boshlaganman. Undan oldin ko‘pchilik haydovchilar qatori edim. Vaqti-vaqti bilan haqni oshirib yuborish, mijozga yolg‘on gapirish, nolish va shikoyat qilish oddiy hol edi. Mashina ham, qalb ham toza emas edi.
— Keyin nima bo‘ldi?
— Bir kuni mashinam radiosidan “tanlash kuchi” haqida eshitib qoldim. Hayotimdagi ko‘p narsa tanlovimga bog‘liq ekan. Ishimni yuzaki, nolib emas, vijdon bilan, halol bajarsam, mijozlarim ko‘p, ko‘nglim xotirjam bo‘ladi. Oson yo‘lni tanlasam — pul bo‘lishi mumkin, lekin baraka bo‘lmaydi. Shunda o‘zimga so‘z berdim: endi ishimni halol qilaman. Yo‘lni aylantirib haqni oshirmayman. Vaqtni o‘g‘irlamayman. Mijozga u istaganday xizmat qilaman.
Natijasini Alloh ko‘rsatdi. Birinchi yilning o‘zida daromadim ikki barobar ortdi. Bu yil esa to‘rt barobarga yetdi. Eng muhimi, qalbim xotirjam. Endi mijozlar o‘zlari menga qo‘ng‘iroq qilib, oldindan band qilishadi. Chunki odamlar halol xizmatni zumda anglaydi va qadrlaydi.
Bu so‘zlar meni o‘yga toldirdi. Shunda angladim: halollik — katta shior emas, kundalik eng oddiy odat va qo‘yiladigan eng to‘g‘ri qadam ekan. Aynan shu fazilat insonga baraka va xotirjamlik olib kelar ekan.
Abdulhay XUSHVAQTOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi