Sayt test holatida ishlamoqda!
16 May, 2026   |   28 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:25
Shom
19:40
Xufton
21:08
Bismillah
16 May, 2026, 28 Zulqa`da, 1447

Chumoli – batartib hasharot

26.10.2017   20682   11 min.
Chumoli – batartib hasharot

Eng ko‘p ko‘zimiz tushadigan hasharotlardan biri chumolidir. Ana shu hasharotning hayot kechirish tarziga diqqat qilsak, ko‘p ajoyibotlarga duch kelamiz. Chumoli – uyqu nima, tinim nima bilmaydigan mehnatkash jonzot. Uning insonlarga foydali jihati shundaki, ko‘p xonali uya qilgani bois daraxtlar va o‘simliklarning ildizlari atrofi birmuncha ochilib u yerga kislorod kirishi yaxshilanadi. Bu esa o‘simliklar rivojiga ijobiy ta’sir qiladi.

Chumolilar aqlli jonzot ham sanaladi. Ular uyasiga tashib olgan arpa-bug‘doy boshoqlarini ikkiga bo‘lib qo‘yadi. Shunday qilsa, don nam tortib ko‘klab ketmasligini biladi. Shunga aqli yetganiga hayron qolayotgan odam ularning kashnich urug‘ini to‘rtga bo‘lib qo‘yishini, agar bu urug‘ ikkiga bo‘linsa ham ko‘klab ketishi mumkinligini eshitsa, hayrati yanada oshadi. Negaki, kashnich donining ikki bo‘lakka ajratib qo‘yilsa ham ko‘klab ketishini uncha-muncha dehqon ham bilmaydi.

Chumolilarning qat’iy intizomini ko‘rganda esa hayratdan yoqa ushlab qolishimiz tayin.

Chumoli to‘dalarida mustahkam ish nizomi mavjud va har bir chumoli o‘z zimmasiga yuklangan vazifani rosmana fidokorlik bilan bajaradi.

Biz chumolilarni ko‘rganda hammasini bir xil deb o‘ylaymiz. Lekin ular bajaradigan vazifalar turli-tuman bo‘ladi. Masalan, to‘dadagi  bir qism chumolilarning vazifasi uyaning eshigida qorovullik qilmoqdir.

Eshikbon chumolilarning boshining kattaligi uyaning og‘zi bilan bir o‘lchamda bo‘ladi. Uya og‘ziga maxsus mo‘ljallangan bu bosh strukturasi uning uyaga o‘zining kirishiga ham,  boshqalarning kirishiga ham to‘sqinlik qiladi. Eshikbonlar kun uzog‘i hech qimirlamasdan uyaning og‘zida qaqqayib turadi. Bu chumolilar uyaga faqat o‘z to‘dasidan bo‘lgan chumolilarni kiritadi, boshqalarni uya og‘ziga yo‘latmaydi. Shuning uchun biror xatar tug‘ilsa, dushmanga birinchi bo‘lib duchlashadiganlar – eshikbon chumolilar bo‘ladi.

Chumolilarning  bir qismi esa tadqiqotchi chumolilardir. Ular uyadan chiqib atrofni aylanib yegulik axtaradi. Biror yegulik manbasini topgani zahoti qornini mumkin qadar ovqatga tuydiradi va boshqa chumolilarga xabar berish uchun jadallik bilan uyaga qaytadi.

Qaytib kelayotganda har-har yerga qornini ishqalab kimyoviy belgi qo‘yib keladi. Uyaga qaytar-qaytmas hamma chumoliga xabar berib, ularning orqasidan yurishini aytadi. Shu tariqa tadqiqotchi chumoli qolgan chumolilarni belgi qo‘yib kelgan yo‘lidan yurib o‘zi topgan ozuqaga manbaiga boshlab boradi. Chumolilarning antennaga o‘xshagan a’zolari ta’m bilish, hid sezish, namlik va kimyoviy moddalarni farqlash vazifasini bajaradi.

Chumolilar ana shu antennalar yordamida boshqa chumolilar to‘dasi qoldirgan kimyoviy ishoratni anglaydi va ular bilan muloqotga kirishadi.

Alloh taolo chumolilarga yegulik tashiydigan, uya quradigan va uyalarini himoya qiladigan, juda kuchli jag‘ ato qilgan. Agar insonning jag‘i chumolinikidek baquvvat bo‘lganida tishlari bilan bemalol yuk mashinasini sudray olar edi. Chumolining oldingi jag‘lari bajaradigan ishlariga ixtisoslashgan. Barg kesuvchi chumolining oldingi jag‘lari qaychi kabi keskin qirrali; jangchi chumolilarni esa o‘tkir bo‘lib, dushmanning boshini qimirlatmaydigan darajada kuchlidir. Ba’zilarining jag‘lari esa arraga yoki tegirmon toshiga o‘xshaydi. Ayrim chumoli turlarining og‘zida boshqa chumolilarni ko‘chirish yoki lichinkalar hosil qilish uchun moddalarni saqlaydigan mitti cho‘ntagi ham bo‘ladi.  

Chumolilar nihoyatda fidokor va topganini baham ko‘rishni sevadigan saxiy hasharotlardir. Mabodo, bir to‘dadan ikki chumoli duchlashib qolsa, ulardan biri och va chanqagan bo‘lsa; ikkinchisining og‘zida chaynalgan yoki yarim hazm bo‘lgan yegulik bo‘lsa, ehtiyoji bo‘lgan chumoli yegulik talabida bo‘ladi. Ovqati bor chumoli hech qachon uni rad etmaydi va o‘zidagi yegulikni u bilan baham ko‘radi. Chumolilar lichinkalarini o‘zlarining oziq-ovqatlari bilan boqadilar. Hatto aksaran  o‘zlariga boshqalarni mehmon qilganidan kam yegulik ayiradi.

Chumoli to‘dasidagi bir qism chumolining vazifasi esa uyani himoya qilmoqdir. Bu vazifaga maxsus tayyorlangan chumolilar uyalarini himoya qilish uchun jonlarini ham fido etadi. Bir tur chumoli dushmaniga zarar berish uchun jag‘idan tanasining orqasiga qarab cho‘zilgan zaharga to‘la lohas qiluvchi bezidan foydalanadi. Agar chumoli jangda jarohat olsa, qorin bo‘shlig‘ining muskullarini qattiq urib sekretsiya bezlarini yirtib yuboradi va zaharini dushmanga qaratib purkaydi. Ana shu jang asnosida chumoli o‘z jonini fido etadi.

Chumolilarning hammasi ham zaharli emas. Ba’zilari formik kislota yordamida o‘zlarini himoya qiladi. Bu tur chumolilar dushmanlarini jag‘lari bilan yarador qiladi, so‘ngra esa yaraning ustiga formik kislotani purkaydi. Chumoli antikoridi hasharotning asab tizimiga va terisiga zarar yetkazadi.

Barg kesuvchi chumoli to‘dasining o‘rta bo‘yli ishchilari kunlarini barg tashish bilan o‘tkazadi. Ular yaproq tashir ekan nihoyatda zaiflashib qoladi. Hatto bir chivin turi ana shu chumolining boshiga tuxum qo‘yadi. Chumolining boshida tuxumdan chiqqan chivin lichinkasi uning miyasiga qadar kirib borib, o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkin. Ishchi chumolilar barg tashigan vaqtlarida bu tahlikali dushmanlaridan o‘zlarini himoya qila olmaydigan ahvolda bo‘ladi.

O‘sha to‘dada yashagan kichik bo‘yli chumolilar tashilgan yaproqlar ustiga joylashadi va chivinning hujumiga qarshi shu yerda turib mujodala qiladi.

Ko‘zga chalinmaydigan darajada kichik asab tolalaridan hosil bo‘lgan miya sohibi bo‘lgan bu mavjudotlar aql bovar qilmaydigan g‘aroyib hodisalarni namoyon etadilar.

Chumoli to‘dasining boshqaruvi esa ona chumoli hukmdorligi ostida bo‘ladi. Ona chumoliga xizmat etgan ishchi chumolilar xonadagi ahvolga oid xabarlarni kimyoviy bir usulda ona chumoliga yetkazadi. Ona chumoli ana shu ma’lumotlarga tayangan holda, masalan, urush paytida ko‘p askarlar yo‘qotilgan bo‘lsa, yangi bolalar yanada ko‘p askar chumoli bo‘lishini ta’min etadigan kimyoviy moddalar chiqaradi. Shu tariqa, kelajak avlod saqlab qolinadi.  

Qur’oni karimda chumolilarning insonlar kabi bir-birlarini qo‘riqlaydigan, tayanch va yordamchi bo‘ladigan jamoat ekani quyidagicha ifodalangan:

Sulaymon (xizmati) uchun jin, ins va qushlardan iborat lashkarlari to‘planib, tizilgan holda turdilar.

To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz, yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni ezib ketmasin!” – dedi.

(Sulaymon) uning so‘zidan kulib, tabassum qildi va dedi: “Ey Rabbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni O‘z fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!” (Naml surasining 17-19-oyatlari) 

Mitti mavjudotning katta duosi

Abu Siddiq an-Nojiydan rivoyat qilinadi: “Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam: Dovud o‘g‘li Sulaymon insonlar bilan yomg‘ir so‘ragani chiqdi. Shunda oyoqlarini osmonga ko‘tarib, chalqanchasiga yotgan bir chumoli oldidan o‘tdi. Chumoli: “Allohumma inna xolqun min xolqika laysa lana g‘inan an rizqika faimma an tasqiyana va imma an tuhlikana” (“Ey Alloh! Biz Sening bir xalqingmiz. rizqingdan behojat emasmiz.  Yo bizga suv berasan, yo halok qilasan”), deya duo qilayotgan edi. Sulaymon odamlarga: “Orqangizga qayting. Batahqiq, boshqalarning duosi ila sizga suv berildi” dedi”, dedilar” (Ibn Abu Shayba «Musannaf»da rivoyat qilgan).

Jannat xabarini olgan jonivor

Darvoqe, chumoli jannatga kirishi xabari berilgan 10 ta jonivorning biri hisoblanadi. Ular: Solih alayhissalomning tuyasi, Ibrohim alayhissalomning buzog‘i, Ismoil alayhissalomning qo‘chqori, Muso alayhissalomning sigiri, Yunus alayhissalomning balig‘i, Uzayr alayhissalomning eshagi, Sulaymon alayhissalom chumolisi, Bilqisning hudhudi, As'hobi Kahfning (G‘or egalari) iti, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tuyasidir

Payg‘ambar-la so‘zlashgan jonzot

Ko‘pchilik “Qisasi Rabg‘uziy”dagi “Sulaymon qarinchqa bilan so‘zlashgani” degan hikoyani o‘qigan chiqar. Unda chumolilar podshohining oti “Mindir” deyilgan. Hikoyada Sulaymon alayhissalom va chumoli suhbati dialog ko‘rinishida berilgan.

Chumoli: «Emdi dastur bersang, necha mas’ala savol qilayin». Sulaymon aydi: «Qilg‘il». Qarinchqa aydi: «Mavlodin ne tilading?» Sulaymon aydi: «Andog‘ mulk tiladimkim, mandin o‘zga kim ersa-da bo‘lmasun». «Bu so‘zdin hasad isi kelur, manga bo‘lgun, o‘zgalarga bo‘lmagun. Taqi ne tilading?» Sulaymon aydi: «Yelni tiladimki, manga musaxxar qildi, minib yururman, Astaxardin Shomga, Shomdin Astaxarg‘a bir oylik yer turur. Kunda borurman ham kelurman». Qarinchqa aydi: «Ma’nisi ul bo‘lur: Sening ilkingdagi mulkning qamug‘i yel turur. Ani minguncha ma’rifat markabini minsang, senga yaxshiroq bo‘lur. Ko‘z yumub ochg‘uncha bir soatda Arshg‘a tekkay erding...»

Savol-javob shu yo‘sinda davom etib, Alloh taolo Sulaymon alayhissalomga uchar taxt, qushlar, uzuk, dev va parilarni bo‘ysundirgani aytiladi.

Ushbu hikoyada Rabg‘uziy Sulaymon alayhissalomdan chumolini aqlliroq ko‘rsatishni niyat qilmagan. Zotan, Allohning payg‘ambaridan bir jonzotning aqlli va bilimli  bo‘lishi mumkin emasligini u juda yaxshi bilgan. Uning niyati insonlarni ana shunday buyuk mulk sohibi ham bir kuni ularning hammasidan ayrilishi, faqat Yaratganga bo‘lgan muhabbati mangu qolishini aytish bo‘lgan.                                  

Sulaymon va cho‘loq chumoli

(Shayx Fariduddin Attorning «Mantiqut-tayr» asaridan)

Chun Sulaymon bir qancha riyozatlar chekib kamolga yetganida (payg‘ambarlik nasib etganida) uning oyog‘i ostida ojiz holda qolgan chumoliga bunday dedi:

– Ey mening oyog‘ ostimda qolgan, qon va tuproqqa aralashgan jonivor, qanday qilib bu holga tushding?

Cho‘loq chumoli shu vaqt unga bunday javob berdi:

– G‘isht va tuproq orasida tor go‘rga tiqilganman. Hayotimdagi barcha pok umidlarim kesilgan. Ey pok zot, tuproq ostida qolganim mayli edi, lekin eng yomoni, bu g‘isht yuzimga koinotni to‘sib qo‘ydi. Agar mening holimni tushungan bo‘lsang, fazling bilan men tomonga qarab, yuzimni ochib qo‘ygin. Yuzimdan to‘siqni olib tashlaki, barcha tomonlar ko‘rinib tursin.

Ey, shoh, men (Attor) gunohlarim, ayblarim ko‘p bo‘lib, yuzingga qarayolmasam-da, meni ochiq yuzli qilgin. Axir sen eng karamli, karimi mutlaqsan. Yaxshi va yomon ishlarim bo‘lsa-da, dargohingga ochiq yuz bilan boray.

Damin JUMAQUL tayyorladi 

Boshqa maqolalar

Nabaviy tabobat: Zaytun

15.05.2026   3461   2 min.
Nabaviy tabobat: Zaytun

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

﴿اللَّهُ نُورُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ مَثَلُ نُورِهِ كَمِشْكَاةٍ فِيهَا مِصْبَاحٌ الْمِصْبَاحُ فِي زُجَاجَةٍ الزُّجَاجَةُ كَأَنَّهَا كَوْكَبٌ دُرِّيٌّ يُوقَدُ مِنْ شَجَرَةٍ مُبَارَكَةٍ زَيْتُونَةٍ لَا شَرْقِيَّةٍ وَلَا غَرْبِيَّةٍ يَكَادُ زَيْتُهَا يُضِيءُ وَلَوْ لَمْ تَمْسَسْهُ نَارٌ نُورٌ عَلَى نُورٍ يَهْدِي اللَّهُ لِنُورِهِ مَنْ يَشَاءُ وَيَضْرِبُ اللَّهُ الْأَمْثَالَ لِلنَّاسِ وَاللَّهُ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ﴾

«Alloh osmonlar va Yerning “nuri”dir. Nurining misoli xuddi bir tokcha ichidagi chiroq, bu chiroq bir shisha ichida, u shisha go‘yo bir durdan yaralgan yulduzga o‘xshaydi. U (chiroq) na sharqiy va na g‘arbiy bo‘lmagan muborak zaytun daraxti (moyi)dan yoqilur. Uning moyi (musaffoligidan), garchi unga olov tegmasa-da, (atrofni) yoritib yuborgudekdir. (Mazkurlar qo‘shilganda esa) nur ustiga nur (bo‘lur). Alloh o‘zining (bu) nuriga o‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Alloh odamlar (ibrat olishlari) uchun (mana shunday) misollarni keltirur. Alloh barcha narsani biluvchidir» (Nur surasi, 35-oyat).

Zaytun inson organizmi uchun juda foydali hisoblanadi. Undagi Ye moddasi insonning tez qarishini oldini oladi. Zaytun daraxtining barglaridan qon bosimini oldini oluvchi dorilar tayyorlanadi. Shuningdek, zaytunni oshqozon shilliq pardalarining yallig‘lanishiga qarshi, organizmni tozalash, barcha ichak dardlarini, soch to‘kilishi, buyrak, o‘t, qovuq toshlarini tushishirishda va boshqa ko‘plab kasalliklarni davolashda samarali foyda beradi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yog‘ (Zaytun) iste’mol qilinglar va uni o‘zingizga surtinglar. Chunki u muborak daraxtdan (olingan)dir” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).

Zaytunning ko‘k mevalisidan olingan yog‘ eng yaxshisi bo‘lib, tabiati sovuq va quruqdir. Pishmagan mevasidan olingani ham shunday. Ammo sal burishtiruvchiroqdir. Qora mevasidan olingani quruq va issiq hisoblanadi. Qizilining mevasidan olingan yog‘ sovuq va quruq bo‘lib, mo‘tadilga yaqinroqdir.

"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li