بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Imonimizning komil bo‘lishligi va toat-ibodatlarimizning maqbul bo‘lishligi e’tiqodimizning to‘g‘ri bo‘lmog‘ligiga bog‘liqdir. Shunday ekan, bizlar e’tiqodimizga putur yetkazadigan ishlarni qilishdan saqlanmog‘imiz lozim bo‘ladi. Bugungi juma mav’izamizda dinimizda qaytarilgan, e’tiqodimizga zid bo‘lgan “Safar oyidan shumlanish” masalasi va shu kabi illatlar haqida Alloh qodir qilganicha so‘z yuritamiz.
Safar hijriy-qamariy sananing muharram oyidan keyin keladigan ikkinchi oyi hisoblanib, uning bunday nomlanishi borasida ulamolar bir nechta sabablarni ko‘rsatganlar. Ba’zilar safar “bo‘sh” degan ma’noni anglatadi, buning sababi safar oyida Makka ahli safarga chiqib ketib, shahar bo‘shab qolganligidan, desalar, ba’zilar bu oyda arablar boshqa qabilalarga urush qilib, bor-yo‘qlarini talab, hech narsasiz qoldirganlaridan, deganlar (Ibn Manzurning “Lisonul arab” asari).
Johiliyat arablarida safar oyidan shumlanish odatlari bor edi. Islom dini kelgach, Payg‘ambarimiz k safar oyidan shumlanish yo‘q ekanligini e’lon qildilar. Bu haqda quyidagi hadisda shunday deyiladi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَا عَدْوَى وَ لَا صَفَرَ وَ لَا هَامَةَ" فَقَالَ أَعْرَابِيٌّ يَا رَسُولَ اللَّهِ فَمَا بَالُ الْإِبِلِ تَكُونُ فِي الرَّمْلِ كَأَنَّهَا الظِّبَاءُ فَيَجِيءُ الْبَعِيرُ الْأَجْرَبُ فَيَدْخُلُ فِيهَا فَيُجْرِبُهَا كُلَّهَا قَالَ: "فَمَنْ أَعْدَى الْأَوَّلَ" (متفق عليه
ya’ni: Abu Hurayra 0 dan rivoyat qilinadi, Rasululloh k: “Kasallikni o‘z-o‘zidan yuqishi yo‘q, irim qilish yo‘q, safar (oyi)dan shumlanish yo‘q, boyqush (yoki mayyitning ruhi kapalakka aylanishi) yo‘q”, dedilar. Shunda bir a’robiy turib: “Yo Rasululloh! Nega meni tuyalarim sahroda huddi kiyikday yaltirab yuradi-yu, qayerdandir qo‘tir tuya kelib tuyalarimni orasiga kirgach ularga qo‘tirini yuqtiradi?” – dedi. Rasululloh k: “Avvalgi tuyaga kim yuqtirgan ekan?!” – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Haligacha ba’zilar safar oyida to‘y qilib bo‘lmaydi, safarga chiqib bo‘lmaydi va h.k. gaplarga ishonib, irim qilib yurishlari e’tiqodning to‘g‘ri emasligidandir. Holbuki, tarixchi Ibn Is'hoqning rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz k Xadicha onamizga safar oyida uylanganlar, Hazrati Ali 0ning Fotima Gga uylanishlari ham safar oyida bo‘lganligini Ibn Kasir w “Siyrat” kitoblarida bayon qilganlar. Bundan tashqari “Sifatus-safva” kitobida Yazid ibn Abu Hubayb: “Rasululloh k Makkadan hijrat qilish uchun safar oyida chiqdilar va rabiul-avval oyida Madinaga kirib keldilar” – deganlar.
Muhtaram azizlar! Jamiyatimizdagi ba’zi kishilar ruju qo‘ygan yana bir e’tiqodga zid bo‘lgan amal fol ochtirish, folbinlik bilan shug‘ullanishdir. Dinimizda folbinlarga ishonishdan qattiq qaytarilgan va buni shirkka tenglashtirilgan. Chunki, folbin g‘aybni bilishini da’vo qiladi, folbinga borgan esa bunga ishonadi va oqibatta ikkisi ham og‘ir gunohkor bo‘ladi. Alloh asrasin, bu holatda, hatto, imondan ham chiqish mumkin. Zero, Payg‘ambarimiz k marhamat qilganlar:
(عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ أَتَى عَرَّافًا أَوْ كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَىَّ" (رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَ التِّرمِذِيُّ وَ النَّسَائِي وَ ابْنُ مَاجَه وَ الحَاكِمُ
ya’ni: Abu Hurayra 0dan rivoyat qilinadi, Rasululloh k dedilar: “Kim folbinga borsa va uning aytgan gapiga ishonsa, Muhammad kga nozil bo‘lgan narsaga kofir bo‘libdi” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasaiy, Imom Ibn Moja va Imom Hokim rivoyati).
G‘aybni bilish va insonlarning taqdiri borasidagi ilmlar faqatgina Alloh taologa xosdir. “A’rof” surasining 188-oyatida: “Ayting: “Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi. Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman” – deyilgan.
Bundan tashqari jamiyatimiz uchun zararli hamda mo‘min kishini imonidan ayiradigan illatlardan yana biri sehr-jodu bilan shug‘ullanishdir. Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, ba’zi kishilar orasida “ilmu amal” (issiq-sovuq) deb qilinadigan ishlar, ularga ruju qo‘yish dinimizda qoralanadi. Ayniqsa, sehr-jodu bilan shug‘ullanib, boshqalarga yomonlik qilish muqaddas dinimiz ta’limotiga mutlaqo ziddir. Payg‘ambarimiz k marhamat qildilar:
عَنْ أَبِي هُرَيرَةَ رضي الله عنه، عَن النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "اجْتَنِبُوا السَّبْعَ الْمُوبِقَاتِ" قَالُوا: "يَا رَسُولَ اللَّهِ وَ مَا هُنَّ؟" قَالَ: "الشِّرْكُ بِاللَّهِ وَ السِّحْرُ وَ قَتْلُ النَّفْسِ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَ أَكْلُ الرِّبَا وَ أَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ وَ التَّوَلِّي يَوْمَ الزَّحْفِ وَ قَذْفُ الْمُحْصَنَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ الْغَافِلَاتِ " (متفق عليه)
ya’ni: Abu Hurayra 0dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar k: “Halokatga eltuvchi yettita katta gunohdan saqlaninglar” – dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh k! Ular qaysilar?” – deb so‘rashdi. Shunda: “Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, sudxo‘rlik, yetimning molini yeyish, yov bosganda qochish va iffatli, mo‘mina, fahsh ishlardan yiroq ayolga tuhmat qilish” – deb javob berdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Shunga asosan dinimizda sehrning har qanday turi harom hisoblanib, uni o‘rganish, o‘rgatish va shug‘ullanish qat’iyan taqiqlangan. Ulamolardan Ibn Qudoma w: “Sehrni o‘rganish va o‘rgatish haromdir. Ilm ahli o‘rtasida bu masalada xilof yo‘q” – deb ta’kidlagan. Chunki aynan sehr va folbinlik kabi illatlar tufayli odamlar orasida fitna paydo bo‘lib, aka-uka, opa-singil, qo‘ni-qo‘shni, ovsinlar o‘rtasida shubha, gumon aralashib, oqibatda qarindosh-urug‘, qo‘shnichilik rishtalariga putur yetmoqda.
Keyingi paytlarda ayrim viloyat, shahar va qishloq joylarda musulmon aholisi o‘rtalarida kasalliklarning barcha turlarini ham “davolayverishni” da’vo qiluvchi soxta tabib va parixonu-duoxonlarning soni ko‘payib borayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Ushbu soxta davolovchilarning o‘zaro so‘z biriktirishib olgan maxsus kishilari bo‘lib, bu kishilar xalqqa ularni maqtab, qo‘llari yengilligi, ko‘plab bemorlar ulardan shifo topayotganligi to‘g‘risida shov-shuv gaplar tarqatib ta’rifu tavsiflarini avjiga chiqaradilar. Shifo istab borgan bemorlarga mozorlarga atab qo‘y, echki yoki tovuqlarni so‘yishga buyuradilar. Bemorlar esa shifo topish umidida ularga qatnab, qo‘llaridan kelgan xayru ehson va nazru niyozlarini ulardan ayamasdan sarf qiladilar. Payg‘ambarimiz kdan bu borada quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
(عَنْ عَمرِو بنِ شُعَيْبٍ عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدِّهِ رَفَعَهُ قَالَ: "مَنْ تَطَبَّبَ وَ لَمْ يَكُنْ بِالطِّبِّ مَعْرُوفًا فَأَصَابَ نَفْسًا فَمَا دُونَهَا فَهُوَ ضَامِنٌ" (أَخْرَجَهُ الإِمَامُ الدَّارَقُطْنِيُّ و صَحَّحَهُ الإِمَامُ الحاكمُ
ya’ni: Amr ibn Shu’ayb otasidan, u kishi bobosidan, u kishi Rasululloh kdan rivoyat qilib aytadilar: “Kim tib ilmini bilmay turib tabiblik qilsa, oqibatda birortaning hayotiga yoki sog‘ligiga putur yetkazib qo‘ysa, unga zomin bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati va uni Imom Hokim ishonchli deganlar).
Darhaqiqat, mazkur soxta tabiblarga ishonib, kasallikni o‘z vaqtida mutaxassis vrachlarga ko‘rsatmasdan, og‘ir ahvollarga tushib qolayotgan yoki ba’zida soxta dorilar qurboni bo‘layotganlar ham borki, ulardan ibrat olib, ko‘zni kattaroq ochmoq va soxta davolovchilarning hiylayu nayranglaridan doimo ehtiyot bo‘lib yurmoqlik har bir aql-idrok sohibining muhim vazifasidir.
Muhtaram jamoat! Quyida Imom Abu Hanifaning “Fiqhul akbar” kitobida kelgan ba’zi aqidaviy masalalarni bayon qilib o‘tamiz:
- shirk va kufrdan boshqa gunohlarni qilgan va tavba qilmay turib dunyodan mo‘min holda o‘tgan kishining ishi Allohning xohishiga havola – xohlasa jazo beradi, xohlasa afv etib, aslo do‘zax azobiga duchor etmaydi.
- riyokorlik va manmanlik bilan qilingan har bir xayrli ishning savobi bekor qilinur.
- Imon bu – biz e’tiqod qiladigan Moturidiya aqidasiga ko‘ra, til bilan iqror va dil bilan tasdiqlashdan iboratdir. Osmonlaru Yer ahlining imonlari imon keltiruvchi narsalar jihatidan ko‘paymaydi ham, kamaymaydi ham. Ammo ishonch va tasdiq jihatidan ozayib-ko‘payib turadi. Mo‘minlar imonda, tavhidda o‘zaro tengdirlar, ammo amalda bir-birlaridan ortiq-kamdirlar.
- Islom bu – Allohning buyruqlariga taslim va itoat etishdir. Imon bilan Islom o‘rtasida lug‘aviy jihatdan farq bo‘lsa-da, lekin Islomsiz imon, imonsiz Islom bo‘lmas. Ularning ikkisi astar bilan avra yoki ich bilan tash kabidir. Din esa imon, islom va shariat ahkomlarining yig‘indisidir.
- Allohni barcha sifatlari bilan Kitobi Qur’onda o‘zi tavsif etganidek haqiqiy ma’rifat bilan taniymiz. Lekin hech kim Unga loyiq, haqiqiy ibodat bilan ibodat qila olmaydi. Lekin O‘z Kitobi Qur’onda buyurganidek, Rasulining sunnatida ko‘rsatilganidek ibodat qilishi mumkin.
- Demak, barcha mo‘minlar ma’rifat – Allohni tanishda, ishonchda, tavakkulda, muhabbatda, rizoda, xavfda, umidda va imonda tengdirlar. Bundan tashqari amallarda esa, bir-birlaridan farq qilurlar.
- Alloh taolo o‘z bandalariga nisbatan fazlu karamli hamda adolatlidir: ba’zida bandasiga qilgan ishiga yarasha emas, balki bir necha barobar ortig‘i bilan savob baxsh etar. Gohida gunohiga yarasha jazo berur. Ba’zan fazliga olib, kechirib yuborur.
Alloh taolo barchamizni muqaddas dinimiz o‘rgatgan to‘g‘ri e’tiqodda yashamog‘imizda sobitqadam qilsin!
Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.
28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.
– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.
Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.
Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.
Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.
– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.
Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.
Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.
So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.
Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati