Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Oktabr, 2026   |   25 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:06
Quyosh
06:25
Peshin
12:11
Asr
16:12
Shom
18:01
Xufton
19:15
Bismillah
06 Oktabr, 2026, 25 Rabi`us soni, 1448

Din hamjihatlikka undaydi

18.10.2017   12817   9 min.
Din hamjihatlikka undaydi

Bugun poytaxtdagi Simpoziumlar saroyida “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Irlandiya, Germaniya va boshqa davlatlar hamda diniy konfessiyalarning olimu ulamolari ishtirok etdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Oripov ham qatnashdi.

Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Ortiqbek Yusupov va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH dinlararo kengash hamraisi, Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ochiq deb e’lon qilishganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi. So‘ngra Ozarbayjon Respublikasining Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Muboriz Qurbono‘g‘li anjuman ishtirokchilariga Ozarbayjon Prezidenti yo‘llagan tabrikni yetkazdi.

Anjuman ishiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov rahbarlik qildi.

Birinchi so‘z O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovga berildi. Muftiy hazratlari “Tinchlikni qadrlash – oliy fazilat” mavzuidagi nutqini mehmonlarni yurtimizga kelgani bilan qutlash bilan boshladilar. So‘ngra o‘zbek va ozar xalqi qadim-qadimdan do‘stona aloqada bo‘lib kelgani, ayniqsa, ikki xalq ziyolilari, ijodkoru olimlari o‘rtasida ustoz-shogirdlik an’analari ko‘p asrlik tarixga ega ekaniga e’tibor qaratdilar hamda tinchlikning bebaho ne’mat ekanini oyati karimalar, hadisi shariflar bilan ta’rifladilar. Ma’ruzasi nihoyasida mehmonlarni tashrifi bilan yana bir bor qutlab, ularni Toshkent, Samarqand, Buxorodagi qadamjolarga ziyoratga taklif qildilar.

Turkiya Respublikasi Diniy boshqarmasi raisi Doktor Ali Erbash “Bag‘rikenglikni mustahkamlashning ijtimoy omillari”;

Ozarbayjon Respublikasining Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Muboriz Qurbono‘g‘li “Islom hamjihatligi: Ozarbayjon javobi”;

Islom Hamkorlik Tashkiloti qoshidagi Islom tarixi, madaniyati va san’ati tashkilotining Istambuldagi (IRCICA) markazi bosh direktori, doktor Xalit Eren “IRCICAning islom tarixi, madaniyati va san’atiga doir faoliyati”;

Ozarbayjon milliy akademiyasi prezidenti, akademik Akif Alizoda “Diniy bag‘rikenglik – xalqlar o‘rtasidagi tinchlik kafolati”;

Milliy Majlis deputati, Parlamentdagi ozarbayjon-o‘zbek do‘stligi guruhi rahbari Eldor Ibrohimov “Dinlararo bag‘rikenglik – jamiyatdagi tinchlik va barqarorlik garovi”;

Milliy Majlis deputati, Parlament qo‘mitasi raisi Siyovush Navro‘zov “Ozarbayjondagi diniy bag‘rikenglikning tarixiy-falsafiy asoslari”;

Karachayeva-Cherkes Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi rahbari, Shimoliy Kavkaz musulmonlarining muvofiqlashtiruvchi markazi raisi, muftiy Ismoil Berdiyev “Takfirchilik” va undan islom hamjihatligiga qarshi siyosiy kuch sifatida foydalanilayotgani”;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH dinlararo kengash hamraisi, Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda “Tinchlikni saqlashda dinning o‘rni” kabi dolzarb mavzularda nutqlar so‘zladilar.

Ma’ruzalar tinlanganidan keyin yarim soat muhokamaga vaqt ajratildi va anjumanning birinchi qismi nihoyasiga yetdi.

Anjuman ishtirokchilarini Toshkent shahar hokimiyati “Navro‘z” restoranida to‘kin dasturxon bezab mehmon qildi. Anjuman qatnashchilari tushlikdan so‘ng toza havoda erkin suhbat qilib, esdalik uchun suratga tushdilar.

Anjumanning ikkinchi qismiga Ahadjon Hasanov va Salmon Musayev boshchilik qildilar.

Unda akademik Ne’matullo Ibrohimov “O‘zbek va rus tillarida Islom ensiklopediyasini tuzish bo‘yicha taklif va mulohazalar”;

Germaniya Respublikasining Frankfurt shahridagi Yevropa-turk musulmon uyushmasi prezidenti Muso Sardor Chalabiy “Bugungi islomiy dunyoqarashda diniy bag‘rikenglik muammolari”;

Toshkent islom universiteti rektori Ravshan Abdullayev “O‘zbekistondagi diniy ta’limning bugungi holati”;

Rossiya musulmonlari diniy tashkiloti raisi, Moskva shahri muftiysi  Albir Krganov “Din va ijtimoiy hamkorlik”;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur “Tinch-totuv yashashning musulmoncha modeli, o‘zaro hurmat-ehtirom va madaniy aloqalar”;

Shimoliy Osetiya-Alaniya Respublikasi muftiysi Hojimurod Gatsalov “Islom hajihatligining yangi, xatarli davrdagi roli”;

Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy “Pravoslav cherkovining do‘stona munosabatlar va yoshlarning tarbiyasiga doir faoliyati”;

Kavkaz musulmonlari boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari, muftiy Salmon Musayev “Diniy va ijtimoiy hamkorlik”;

O‘zbekistondagi Islom taraqqiyoti markazi rahbari Shoazim Munavvarov “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston tajribasi”;

Ozarbayjon Respublikasi Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gunduz Ismoilov “Ozarbayjonda davlat va din munosabati”;

Ukraina musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Ahmad Tamim “Islom hamjihatligini mustahkamlashda xalqaro ilmiy hamkorlikning roli”;

Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich “O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovining to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun yaratilgan sharoitlar”;

Rus pravoslav cherkovining Boku va Ozarbayjon Yeparxi Arxiyepiskop Aleksandr “Diniy bag‘rikenglik va yangicha dunyoqarash muammolari: o‘tmish va bugun”;

O‘zbekiston Bibliya jamiyati bosh kotibi Xolmatjon Ashirov “O‘zbekiston Respublikasida diniy bag‘rikenglikning ta’minlanishi”;

Xalqaro islom missiyasi prezidenti, muftiy Shafiq Pshixachev “Yosh avlod tarbiyasi muammosi va ma’rifat tarqatish borasida hamkorlikda faoliyat yuritishning ahamiyati”;

O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev “Yoshlar o‘rtasida diniy ekstremizm mafkurasi tarqalishiga qarshi”;

Ozarbayjon tog‘li xalqi yahudiylari jamoasi rahbari Milix Yevdayev “Tolerantlikni shakllantirishda integrativ funksiyaning roli” mavzuida ma’ruza qildi.

 

Anjuman ishtirokchilarining taassurotlari:

 

Qirg‘iziston Respublikasi muftiysi Maksatbek Toktomeshov:

– Bu anjumanga kelganlarning aksari bir-birimizni tanidik. Chunki ilgari muftiyatimiz bitta edi. Bizning ota-bobolarimiz shu makonda – Toshkentda, Buxoroda ta’lim olgan. Biz o‘z mamlakatimizda yangi diniy ta’lim muassasalari ochishni rejalashtiryapmiz. Ammo hozirgi vaqtda ana shu zamindagi o‘quv dargohlaridan foydalanmog‘imiz kerak. Negaki, bu yerda azaliy diniy tajriba, katta ilmiy baza bor. Hozir anjumanda o‘tirib turib ana shularni o‘yladim. Muftiyatimiz ajralib ketganidan so‘ng maslahatlashib turishlar ham kamayib ketdi. Anjuman ana shu iliq munosabatlarimizni qayta tiklash sari qo‘yilgan dadil qadam bo‘ldi.

 

Kavkaz musulmonlari boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari, muftiy Salmon Musayev:

– Bunday anjumanlarni ko‘p o‘tkazish kerak. Chunki musulmon davlatlari vakillari birlashmog‘i zarur. Bunday anjumanlar dinimiz dushmanlariga qarshi kurashishda yoshlarni jipslashtiradi. Inson zotining gunohlari ko‘p, ulardan poklanish uchun shariat va tariqat zarur. Ozarbayjon ham O‘zbekistonga o‘xshab avliyolar bo‘stoni. Davlat biz diniy soha vakillariga hamma sharoitni yaratib berib turibdi. Bundan oqilona foydalanmog‘imiz zarur. Shuni yodda tutaylikki, biz bo‘lmasak ham islom go‘zal bo‘ladi. U bizga emas, biz unga muhtojmiz.

 

Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy:

– Ozarbayjonda yilning “Islom madaniyati yili” deb atalishi, menimcha, hamma dinlarga aloqador. O‘zbeksion ham shunday tolerant davlat. Bu yurtda dinlar orasida biror marta kelishmovchilik yuz bermadi. Biz ana shu tinchlikni saqlamog‘imiz, uni boshqalarga ham o‘rnak qilib ko‘rsatmog‘imiz darkor. Buning uchun ayni mana shu kabi anjumanlar asqatadi – Bugun O‘zbekistonda, ertaga Ozarbayjonda, undan Rossiyada... O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari hamkorlikda ishlashimiz kerak, bizni bog‘lab turadigan mushtarak bir tushuncha bor. U – yuksak axloqdir. Axloqli insonlarni yetishtirishda islomning katta o‘rni bor. Zotan, Islom – birlashtiruvchidir.

 

Rossiya musulmonlari diniy tashkiloti raisi, Moskva shahri muftiysi  Albir hazrat Krganov:

– Xotiram pand bermasa, so‘nggi yigirma yil ichida bunday katta anjuman bo‘lmagan edi. Bu anjumanni tashkillashtirganlarga rahmatlar aytaman. Anjumanning dinimizning sofligini saqlashdagi ahamiyati katta. Odamlar dinni to‘g‘ri tushunsa, unga og‘ishmay amal qilsa, nizolar bo‘lmaydi. Hamma ko‘ngilsizliklar dinda, e’tiqodda toyib ketishdan boshlanadi. Bir esga oling, arab davlatlarida nima bo‘ldi. Oldiniga katta-kichik nizolar qildi. keyin janjal kattalashdi, oxir-oqibat, davlatini ham, davlatboshisini ham boy berib qo‘ydi...

Bu yerda tajriba almashinadi, fikrlashiladi, istiqbolli rejalar tuziladi... yanada muhimi, iymonlashiladi, bir-biriga yaqin turgan do‘stlar bir-birining yuragining zarbini eshitadi.

 

Shimoliy Osetiya-Alaniya Respublikasi muftiysi Hojimurod Gatsalov:

– Anjuman tashkilotchilariga faqat minnatdorchilik bildirish kerak. Ilgari musulmonlarga qarshi boshqalar urushar edi. Endi esa musulmonlar, millatdoshlar, qarindoshlar o‘zaro urushmoqda. Bu dinimiz ko‘rsatmalariga mutlaqo zid harakat emasmi! Hozirgi vaqtda musulmonlar qattiq sinov ostida qolgan. na shu sinovdan faqat birdamlik, hamjihatlik, ahil-inoqlik bilan o‘tib olamiz. Anjuman ana shu ishlarga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

Damin JUMAQUL   

  

 

 

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zamonaviy o‘quvchi-talabaning 77 ta zamonaviy odobi

05.10.2026   11752   17 min.
Zamonaviy o‘quvchi-talabaning 77 ta zamonaviy odobi

Zamonaviy o‘quvchi-talabaning 77 ta zamonaviy odobini

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

 

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA

XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

 

  1. «Alloh Odam (alayhis salom)ga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o‘rgatdi» (Baqara surasi 2/31 oyat);

 

  1. «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar surasi 39/9 oyat).

 

 

JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM

MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:

 

  • «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga — Jannat  yonidagi bir uyga kafilman!

Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga — Jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman!

Go‘zal xulqli kishiga — Jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

 

  • «Mo‘minlarning imoni eng mukammali — xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

  • «OTA-ONAga duo qilishni tark etish rizqni kesadi»;

 

  • «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

 

  • «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat biling:
  • keksaligingizdan oldin yoshligingizni,
  • betobligingizdan oldin salomatligingizni,
  • faqirligingizdan oldin boyligingizni,
  • bandligingizdan oldin bo‘sh vaqtingizni,
  • o‘limingizdan oldin tirikligingizni!» (Imom Hokim rivoyatlari);

 

  • «Tilidan va qo‘lidan musulmonlarga zarari yetmaydigan kishi – haqiqiy musulmondir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

 

  • «Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam – Xudoga ham shukr qila olmaydi»;

 

  • «Kimning qalbida zarracha misqolicha kibr bo‘lsa, u jannatga kirmaydi»;

 

  • «Qachon birortangiz mol-dunyo va xilqatda o‘zidan afzalroq kishini ko‘rsa, o‘zidan pastroqqa qarasin!» (Imom Buxoriy rivoyatlari);

 

  • «Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:
  • Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;
  • Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;
  • OTA-ONASI tirik bo‘la turib, ULARNI xursand qilmagan».

 

 

ULAMOI KIROMLAR AYTADILARki...:

 

  • Agar inson bilim yo‘lida ketayotgan ekan, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning nurlari tomon borayotgan ekan, ushbu asosiy qoidalarga rioya qilishi lozim.
  • Ba’zida odob, hurmat qoidalariga bo‘ysinmay, ustozidan bilim olayotganlar ham bor.
  • To‘g‘ri, inson ota-onasini, ustozini oldida kitob o‘qishi, biror-bir hunar o‘rganishi yoki fan bilimlarini olishi mumkin. Lekin ota-onasiga, ustoziga hurmat bo‘lmasa, bu kabi bilimlar oddiy ma’lumotga aylanadi. Bunday bilimda baraka bo‘lmaydi!
  • Azozilni eslaylik. Hozir uning ismi Shayton. Bilimga ega, hattoki boshqa farishtalarga ham saboq bergan. Ho‘sh, shunday bilimlar to‘g‘ri yo‘ldan adashishidan Azozilni qutqarib qola oldimi? Yo‘q! Chunki Allohni hurmat qilmadi, e’tiroz bildirdi. Beodoblik qildi! Yaratganning buyrug‘iga bo‘ysinmadi. Betgachoparlik qilib, mag‘rurligini namoyon etgani uchun la’natlangan va haydalgan.
  • Hozirgi kunda odamlarni nojo‘ya yo‘llarga yetaklayotgan, jamoatda qarama-qarshi qarashlar paydo qilayotgan, o‘zlari ham adashgan "aqlli"lar qanday paydo bo‘lganini anglab olishimiz mumkin. Bular ota-onasiga, ustoziga va boshqa olimlarga nisbatan odobni qo‘llamagan, hurmatni bilmagan, o‘z bilimlarini to‘g‘ri yo‘lga sola olmaganlardir.
  • 7 xil insonlar o‘rtasida hech qachon tenglik bo‘lmaydi.

Bu tengsizlikni ALLOH TAOLONING O‘ZI (!) o‘rnatgan!

Aqlsiz odamgina bularni tenglashtiradi:

  1. erkak – ayol;
  2. er – xotin;
  3. ota-ona – farzand;
  4. katta – kichik;
  5. ilmli – ilmsiz;
  6. ustoz – shogird;
  7. rahbar – xodim.

ALLOH TAOLONING O‘ZI (!) o‘rnatgan tengsizlikni buzishga harakat qilganni oxir-oqibat ALLOH TAOLONING O‘ZI holini voy qiladi.

  • Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhidan rivoyat qilinadi: “Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyog‘imni uzatmaganman. Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita ko‘cha bor edi. Ustoz Hammodning vafotlaridan so‘ng qachon namoz o‘qisam, har safar albatta ota-onamga qo‘shib, u zotga ham Allohdan mag‘firat so‘rayman. Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir o‘rgangan bo‘lsam yoki kimdir menga nimadir o‘rgatgan bo‘lsa, albatta o‘sha kishilar uchun ham doim Allohdan mag‘firat so‘rayman”.
  • Dedilar: "Dunyoda asli kim aziz?"

Aytdilar: "Ustozdir! Ustoz, begumon!"

Tag‘in aytdilarki: "Aziz, shubhasiz,

Ustozlar qadriga yetolgan inson!"

  • Johillar davrasida ham, olimlar davrasida ham ularni tinglashni o‘rganing! Johilni tinglaganda – sabringiz, olimni tinglaganda – ilmingiz ortadi.
  • Ilm egallash asnosidagi eng keraksiz narsa – dimog‘dorlik, eng zarur narsa – vaqtdir.
  • Insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING O‘ZI bo‘lsa (Qur’oni karim Baqara surasi 2/31 oyat),

musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – Janobi PAYG‘AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!

Har bir inson zoti uchun esa eng Birinchi ustozi – uningOTA-ONASIDIR! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tug‘ilishi bilanoq, to ota-onaning o‘zi bu dunyodan o‘tmaguncha, o‘z farzandiga mehribonlik qilib o‘tadi...

  • Sharaf sizga, olqish sizga, aziz ustozlar!

Agar shogird shayxulislom, agar qozidur,

Agar ustoz rozi – Tangri rozidur! (Alisher Navoiy).

  • Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan Qur’oni karimdagi eng birinchi xabar: «O‘qing!» da’vati bilan boshlanishi bejiz emas!

 

 

 

                                               DONO XALQIMIZ MAQOLLARI:

 

  • «Ota-ona rozi – Xudo rozi!»;

 

  • «Usta borida qo‘lingni tiy,

Ustoz borida – tilingni»;

 

  • «Usta bo‘lsang, ustozingni unutma!»;

 

  • «Sabr tagi – sariq oltin»;

 

  • «Yaxshi bilan yursang – yetarsan murodga,

Yomon bilan yursang – qolarsan uyatga»;

 

  • «Gul tikansiz bo‘lmas,

Dur – sadafsiz»;

 

  • «Ustozingga tik qarasang – to‘zasan,

Hurmat qilsang – asta-asta o‘zasan».

 

 

Qur’oni karim oyati karimalari va muborak hadisi shariflarga asosan

ulamolarimiz belgilab bergan

“USTOZGA nisbatan muomalayu madaniyat”dagi

 

ilm o‘rganuvchining 77 ta odobi:

 

  1. har bir ishida OTA-ONANING duolarini olishlik;
  2. hargiz-hargiz va aslo OTA-ONA, USTOZLAR yuzlariga tik qaramaslik;
  3. hargiz-hargiz va aslo OTA-ONANI, USTOZLARNI ranjitmaslik;
  4. hargiz-hargiz va aslo OTA-ONANI, USTOZLARNI so‘zlarini ikki qilmaslik;
  5. hargiz-hargiz va aslo OTA-ONAGA, USTOZLARGA gap qaytarmaslik;
  6. hargiz-hargiz va aslo OTA-ONA, USTOZLAR aytganlarini yerda qoldirmaslik;
  7. OTA-ONAGA, USTOZLARGA hurmat va itoatda bo‘lish shart;
  8. OTA-ONAGA, USTOZLARGA barcha ishlarda bo‘ysunishi lozim;
  9. OTA-ONAGA, USTOZLARGA nisbatan tavoze’li bo‘lmoq darkor;
  10. OTA-ONANI, USTOZLARNI ULAR yo‘q paytlarda ham hurmatlashi lozim;
  11. OTA-ONAGA, USTOZLARGA birinchi bo‘lib salom berishlik;
  12. OTA-ONA, USTOZ o‘rnilaridan turdimi, siz ham turing!;
  13. OTA-ONA, USTOZ oldingizda ekan, hech ham baland ohangda gapirmang!;
  14. OTA-ONA, USTOZLAR bilan gaplashganda o‘rnidan turib gaplashishlik, hatto telefon orqali bo‘lganda ham;
  15. OTA-ONA, USTOZLAR oldilarida mavzuga oid bo‘lmagan ortiqcha gap-so‘zlar gapirmaslik;
  16. OTA-ONAGA, USTOZLARGA savol berishdan oldin ruxsat so‘rashlik;
  17. iloji bo‘lsa ta’lim berayotgan insonga ism-sharifi bilan emas, balki "MUALLIM!" yoki "USTOZ!" deb murojaat qilish;
  18. USTOZ so‘ramagan narsalardan tilni tiyishlik;
  19. OTA-ONANING, USTOZNING gaplariga yoki javoblariga e’tiroz bildirmaslik;
  20. OTA-ONA, USTOZ xatosini aytib, bilimdon ekanligini ko‘rsatmaslik;
  21. OTA-ONA, USTOZ oldilarida yon sherigi bilan suhbatlashish juda xunuk ishdir;
  22. OTA-ONANI, USTOZINI hurmat qilgan inson har tarafga qarab o‘tirishdan o‘zini tiyadi va diqqatini OTA-ONAGA, USTOZGA qaratadi;
  23. OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefonda so‘zlashganda ULARNING hurmatlarini bilib, beizn ULARNING vaqtlarini ortiqcha ko‘p olmaslik;
  24. OTA-ONA, USTOZ bizga telefon qilsalar, tezkor yonimizdagilarni ogohlantirib, uzr so‘rab, darhol OTA-ONAGA, USTOZGA javob beriladi;
  25. OTA-ONA, USTOZLAR bilan suhbatlashganda «Alo?», «Hello?», «Ha?», «Alyo?», «Da?» so‘zlarni o‘rniga «Assalomu alaykum!», «Labbay?», «DADAJON?!», «ONAJON?!», «USTOZ?!», «USTOZJON?!», «Eshitaman?», «Xizmatingizdaman!..», «Qulog‘im sizda...», «Xizmatingizga tayyorman!..», «Doim xizmatingizdaman!..», «Xizmatingizga doim tayyorman!..», «Amringizga muntazirman!..» kabi iboralarni ishlatish;
  26. OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefon orqali suhbat tugaganda, telefonni darhol o‘chirmasdan, balki ULAR bilan xayrlashib, OTA-ONAGA, USTOZGA yaxshi tilaklar tilab, OTA-ONA, USTOZ telefonlarini o‘chirganlaridan so‘nggina telefonni o‘chirish mumkin; ULARDAN oldin telefonni o‘chirmaslik;
  27. OTA-ONAGA, USTOZLARGA telefonda gudok tashlanmaydi;
  28. agar ULAR shunday qilgan bo‘lishsa, darhol ULARGA qayta telefon qilinadi;
  29. OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefon orqali gaplashganda ULARNING ruxsatlarisiz boshqalarga eshitiladigan darajada telefonni ovozini baland qilmaslik;
  30. OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefonda gaplashib turgan paytda mabodo aloqa uzilib qolsa, ULARGA birinchi bo‘lib o‘zimiz qaytadan telefon qilishimiz lozim;
  31. telefonda gaplashib turgan paytda mabodo OTA-ONA, USTOZ telefon qilib qolsalar, so‘zlashib turgan odamni ogohlantirib, darhol OTA-ONAGA, USTOZGA javob beriladi;
  32. OTA-ONANING, USTOZLARNING shaxsiy ma’lumotlari va OTA-ONADAN, USTOZLARDAN telefon orqali kelgan barcha ma’lumot-xabar (rasm, video, telefon raqam, ovozli gap-so‘zlari, sms va hokazo)larini O‘ZLARINING ruxsatlarisiz boshqalarga ko‘rsatilmaydi, berilmaydi va yuborilmaydi;
  33. OTA-ONANING, USTOZLARNING O‘ZLARIGA ham ULARNING ruxsatlarisiz turli xil ma’lumot-xabar (rasm, video, telefon raqam, ovozli gap-so‘zlar, sms va hokazo)lar yuborilmaydi; o‘zimiz yubormoqchi bo‘lgan shaxsiy tabriknomalar – mustasno;
  34. OTA-ONAGA, USTOZLARGA ayniqsa tarbiyaviy ahamiyatga ega, ilm-fanlarga doir, ta’limga taalluqli bo‘lgan har qanday narsalar yuborilmaydi OTA-ONANING, USTOZLARNING ruxsatlarisiz;
  35. OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefon orqali muloqotni telefonda yozib olish uchun O‘ZLARINING roziliklari olinadi; agar ruxsat bermasalar, yozib olmaslik; chunki O‘ZLARINING ruxsatlarisiz OTA-ONANING, USTOZLARNING gaplarini yozib olib, boshqalarga tarqatish — juda katta xiyonat va ulkan gunoh hisoblanadi;
  36. OTA-ONA, USTOZLAR bilan birga surat yo videoga tushmoqchi bo‘lganda, oldin O‘ZLARIDAN izn so‘rab, ruxsatlari olinadi; agar ruxsat bermasalar, surat yo videoga tushmaslik;
  37. OTA-ONANI, USTOZLARNI surat yo videoga olmoqchi bo‘lganda ham, oldin O‘ZLARIDAN izn so‘rab, ruxsatlari olinadi; agar ruxsat bermasalar, surat yo videoga olmaslik;
  38. telefon orqali ko‘rishib gaplashish uchun OTA-ONANING, USTOZLARNING roziliklarini olishda ULARGA gaplashmoqchi bo‘lgan odamning huzurida kimlar mavjud ekanligini ham ogohlantirib qo‘yish;
  39. agar OTA-ONA, USTOZLAR tomonlaridan telefon orqali ko‘rishib gaplashishga istak bildirilmasa, bundan aslo xafa bo‘lmaslik;
  40. agar OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefon orqali ko‘rib gaplashish zaruriyati bo‘lsagina, shunda ham faqat ULARNING ijozatlari bilangina ko‘rishib gaplashish uchun telefon qilish mumkin;
  41. agar OTA-ONA, USTOZLAR tomonlaridan telefon orqali ko‘rishib gaplashishga xohish bildirilmasa, OTA-ONADAN, USTOZLARDAN uzr so‘raladi;
  42. OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefonsiz so‘zlashganda, telefonni ovozini o‘chirib qo‘yiladi;
  43. OTA-ONA, USTOZLAR bilan so‘zlashib turganda, biror kishi telefon qilib qolsa, avvalo OTA-ONADAN, USTOZLARDAN ruxsat so‘rash; agar ULAR ruxsat bersalargina telefonga javob qaytariladi;
  44. OTA-ONAGA, USTOZLARGA begona raqamdan telefon qilganda, vaqtni olmasdan darrov ochiq-oydin va aniq o‘zini tanishtirish lozim;
  45. boshqa odam OTA-ONAMIZNI, USTOZLARNI raqamlarini so‘rasa, OTA-ONANING, USTOZLARNING ruxsatlarisiz berilmaydi;
  46. OTA-ONAGA, USTOZLARGA telefon qilganda, ikkinchi liniyadan tushib qolgan odam bitta chaqiriqdan keyin aloqani darhol uzish lozim. ULARGA kim qidirayotganini anglash uchun shu kifoya. Uzluksiz chaqiriqlar bilan suhbatlarini buzmaslik;
  47. OTA-ONAGA, USTOZLARGA qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilavermaslik lozim. Chunki qo‘ng‘iroqga javob berish — u tomonning huquqi, zinhor majburiyati emas;
  48. OTA-ONA, USTOZLAR birorta ma’lumot-xabar (surat, yozuv, video)ni ko‘rsatish uchun telefonlarini bersalar, faqat o‘sha ma’lumot-xabar (surat, yozuv, video)ni ko‘rish bilangina cheklanish lozim. Boshqa joylariga o‘tib ketishga haqqimiz yo‘q!;
  49. agar OTA-ONA, USTOZLAR telefonlarida nimadir ko‘rayotgan yoki izlayotgan bo‘lsalar, tikilib turmaslik kerak. OTA-ONANING, USTOZLARNING telefonlariga ruxsatsiz qarash mumkin emas!;
  50. gaplashishga nomunosib paytlar (masalan, azon aytilgandan keyin, kechaning yarmida yoki kunduzi dam olinadigan)da OTA-ONAGA, USTOZLARGA qo‘ng‘iroq qilinmaydi;
  51. OTA-ONA, USTOZLAR qo‘ng‘iroq qilgan vaqtda esa, qaysi payt va qanday holatda bo‘lishimizdan qat’iy nazar, ULARGA xushmuomalalik bilan darhol va tezkor javob berish zarur;
  52. OTA-ONA, USTOZLAR bilan telefon orqali suhbatlashayotganda, demak, OTA-ONA, USTOZLAR ma’lum bir vaqtlarini maxsus biz uchun alohida ajratayotganliklarini, biz ULARNING vaqtlarini olayotganimizni, OTA-ONA, USTOZLAR O‘Z ishlarini qo‘yib, xayollari biz bilan band bo‘lib turganlarini his etib, behuda gaplar bilan ULARNING vaqtlarini behuda o‘tkazmaslik lozim;
  53. OTA-ONA, USTOZ bilan agar biror uzun mavzu xususida gaplashmoqchi bo‘lganda, avval O‘ZLARIDAN ruxsat so‘raladi. Agar ruxsat bersalar, gaplashish mumkin. Aks holda, gapni qisqa qilish zarur. Chunki ULAR bemalol gaplashadigan holatda bo‘lmasliklari ham mumkin;
  54. har bir bayramlarda, OTA-ONANING, USTOZLARNING xursandchilik kunlarida ULARNING ko‘ngillarini ko‘taradigan tilak, rasm, video, xabar, ovozli gap-so‘zlar, sms va hokazolarni muntazam yuborish lozim;
  55. har kuni ertalab-kechqurun o‘qishga ketishdan oldin hamda o‘qishdan kelgandan keyin, biror sabablar bilan OTA-ONADAN yiroqda bo‘lib turgan inson ham OTA-ONASIGA telefon qilib, “Xayrli kun!”, ”Xayrli tun!” tilab, haqlariga chiroyli, yaxshi duolar qilib, ULARNING hol-ahvollarini so‘rab, “Menga nima xizmatlar buyurasiz?” deb, aytgan xizmatlarini ado etib, ULARNING betakror, bebaho va beqiyos duolarini olish lozim;
  56. OTA-ONANING, USTOZLARNING oldilarida telefon o‘ynamaslik. Chunki bunday qilish – OTA-ONAGA, USTOZLARGA nisbatan hurmatsizlik, mensimaslik, beodoblik hisoblanadi. Agar jiddiy zarurat tug‘ilib qolsa, ULARGA uzrini aytib, ruxsat so‘raladi. Agar OTA-ONA, USTOZLAR ijozat bersalargina, telefon bilan mashg‘ul bo‘linadi;
  57. USTOZLARGA yurayotgan holatda savol berish hurmatsizlik hisoblanadi;  
  58. ilm qalbga o‘rnashadi. Qalb toza va pok bo‘lsa, unga ilm mustahkam o‘rnashadi va barakali bo‘ladi;
  59. shu sabab avvalo – qalbini poklash. U har xil qalb kasalliklaridan sof va pok bo‘lishi lozim. Qalbni kibr, riyo, manmanlik, mensimaslik, g‘iybat, yolg‘onchilik, birovni ko‘raolmaslik va boshqa zararli illatlardan xalos etish kerak;
  60. to‘g‘ri va chiroyli niyat qilish. Kishi olayotgan ilmi orqali ilmiga xolis amal qilishni, insonlarning qalbiga ma’rifat ziyosini ulashishni, xalqning manfaati uchun xizmat qilishni qasd qilishi lozim;
  61. o‘zini butunlay ilmga bag‘ishlash. Tolibi ilm tunu kun umrining har bir lahzasini ilm olishga sarflashi lozim. Zero ulamolarimiz: “Sen ilmga boringni bermaguncha, u senga hech narsa bermaydi”, deganlar;
  62. bo‘sh vaqtlarida Allohning zikri bilan, Payg‘ambarimiz alayhis salomga salavot aytish bilan, o‘zining qalbidagi orzu-tilaklarini Xudodan so‘rab, duo qilish bilan band bo‘lishi darkor. Zero ilm – Allohning nuridir! Alloh taolo nurini O‘zi istagan bandasigagina beradi;
  63. uyga berilgan vazifani imkon qadar Qibla tomon yuzlanib bajarishlik;
  64. ko‘p va tartibsiz ovqat yemaslik;
  65. badantarbiya bilan shug‘ullanishlik;
  66. uyquni me’yoridan oshirmaslik;
  67. doim baholi imkon batahorat bo‘lib yurishlik;
  68. kiyadigan liboslarini pokiza tutishlik;
  69. ustoz tanlashda shoshmaslik. Bunda ham OTA-ONA bilan maslahat qilish. Ulug‘larimiz: “Ilm – bu dindir, shuning uchun uni kimdan olayotganingizga e’tibor beringlar!” – deganlar;
  70. ilm o‘rganishdagi sheriklarini ham hurmatlarini joyiga qo‘yish. Ular ilm yo‘lida orttirgan do‘stlari hisoblanadi;
  71. ilm o‘rganishda do‘stlariga ham ko‘mak berish;
  72. o‘z tajribasi orqali o‘rganganlarini boshqa ilm o‘rganuvchilar bilan baham ko‘rishi va imkoni boricha yordam berishi ham go‘zal odobdir;
  73. ilm olishiga sabab bo‘layotgan kitob, daftar, qalam va boshqa o‘quv qurollarini ehtiyot qilish, oyoq ostiga qo‘ymaslik va, albatta, har joyda e’tiborsiz qoldirmaslik lozim;
  74. chiroyli yozish;
  75. olayotgan bilimlarini yozib borish kerak. Chunki yozish oqibatida ilm meros sifatida keyingilarga qoladi;
  76. ilmni yashirmaslik. Alloh taolo qaysi bir bandasiga ilmdan biror nasiba bergan bo‘lsa, o‘sha kishining zimmasida olgan ilmini o‘zgalarga yetkazish vazifasi turadi;
  77. o‘rgangan ilmini yashirmay, imkon qadar o‘zgalarga yetkazishda, ikki foyda bor:

- ilmni yetkazgani uchun savob;

- ilmni o‘zgalarga o‘rgatgan sari ko‘nikma va tajriba hosil bo‘lishi.

 

ILOHO MЕHRIBON PARVARDIGORIMIZ O‘ZI buyurgan,

Janob PAYG‘AMBARIMIZ SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

OTA-ONALARIMIZ rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

Ibrohimjon domla Inomov.

Maqolalar