LOYIHA
O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING
QARORI
Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi, muqaddas islom dinini o‘rganish, ajdodlar merosini qayta tiklash va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ta’kidlash lozimki, buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash maqsadida mamlakatimiz diniy ta’lim tizimida ham islohotlar amalga oshirilayotganini ijobiy baholash mumkin.
Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Hibbon, Xaysam ibn Kulayb Shoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Barokotiy, Ibrohim ibn Ma’qil Nasafiy va Abd ibn Humayd Keshiylar tomonidan katta hadis maktabiga asos solingan bo‘lib, ushbu ilmu ma’rifat va ziyo maskanlari hadis ilmi rivoji hamda dunyo ilm-fan taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan.
“Hadis ilmining sultoni” maqomini olgan buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning “Al jome’ as-sahih” kitobi musulmon dunyosida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba bo‘lib, islom dini e’tiqodiga ko‘ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘i hisoblanadi.
Muqaddas islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda islom dini asoslari va hadis ilmini mukammal o‘zlashtirgan oliy ma’lumotli yetuk mutaxassis-kadrlarni yetishtirib chiqarish maqsadida:
- “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlari va ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy pritsiplariga tayangan holda islom dini sohasida fundamental bilim va tushunchalar, tarixiy va zamonaviy an’analar, innovatsiya texnologiyalarini, dinlar tarixi va nazariyasini chuqur egallagan, islom dini asoslarini, hadis ilmini mukammal o‘zlashtirgan, dunyoga mashhur hadis ulamolari tomonidan bitilgan olti ishonchli hadis to‘plamlarini puxta o‘zlashtirgan, turli oqimlarning yot g‘oyalariga qarshi raddiyalar bera oladigan hamda hadis va hadis ilmi bo‘yicha oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lgan yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlash;
- yoshlarni milliy qadriyatlarimizga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil dunyoqarashga va fikrlarga ega bo‘lgan ma’naviy boy va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish;
- Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy va boshqa yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddis allomalar merosini har tomonlama o‘rganish va ular asosida ilmiy tadqiqot va tarjima ishlarini olib borish;
- yurtimizda asrlar davomida shakllangan “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish maqsadida hadis, kalom ilmi, tafsir, fiqh, arab tili fanlari bo‘yicha zamonaviy modul tizimiga asoslangan dars va to‘garaklar tashkil etish va ular faoliyatiga yurtimizda va jahonda ko‘zga ko‘ringan ulamolarni jalb qilish;
- hadis va hadis ilmi bo‘yicha yetuk mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, kadrlar sohasida xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
- O‘zbekiston musulmonlari idorasi;
- Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi;
- mahalliy hamda xorijiy mamlakatlar jismoniy va yuridik shaxslarining homiylik xayriya mablag‘lari;
- mahalliy va xalqaro moliya tashkilotlari grantlari;
- qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Qaror loyihasi bo‘yicha takliflaringizni 2017 yil 5 oktyabr kuniga qadar religions@umail.uz manziliga yuborishingiz mumkin!
Mas’ul - S.Sherxonov, Tel.: 239-49-41,
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi