Ibratli voqealarga qiziqib o‘qib yuradigan xodimimiz Shahzodjon bugun:
– Aka, ajoyib bir rivoyatni qachonlardir rus tilida o‘qigan edim. Mazmunini gapirib bersam, o‘zbekchada yozsangiz, o‘qiganlarga foydasi tegib qolarmidi? – deb qoldi.
– Nega yozmas ekanmiz, qani aytib bering-chi, – dedim.
– Bir podshohning to‘rtta xotini bo‘lgan ekan. Ularning hammasi aqlli va sohibjamol bo‘lgan ekan. Ammo podshoh hammasidan navnihol, sohibjamol va mehribon bo‘lgan to‘rtinchi xotinini yaxshi ko‘rgan ekan. Podshoh unga qimmatbaho sovg‘alar xarid qilar, duru javohirlar bilan bezalgan kuylaklar olib berar... ko‘ngli nimani istasa, o‘shani muhayyo qilar ekan. – deya rivoyatni boshladi u.
Hukmdor yer yuzidagi eng chiroyli ayol bo‘lgan uchinchi malikani jonidan ham ortiq ko‘rib yonidan uni bir nafas ayirmas, shikorga chiqadimi, boshqa mamlakatlarga safarga boradimi, o‘zi bilan birga olib ketar ekan. Chunki uning husnu malohatini hamma ko‘rishini istar ekan. Ammo ayni paytda uchinchi malikani o‘zini tashlab boshqa biri bilan ketib qoladi deb xavotirlanib ham yurar ekan.
Podshohning ikkinchi xotini nihoyatda aql-zakovatli, fahm-farosatli, sabr-toqatli va mehribon ayol bo‘lib, uni shu sifatlari uchun yaxshi ko‘rar ekan. Podshoh har doim mushkul vaziyatlarda unga maslahat solar va bu ayol har qanday masalaning oqilona yechimini topar ekan.
Birinchi xotini esa ularning ichida eng yoshi ulug‘i bo‘lib, u ayol podshohga akasidan qolgan meros ekan. U erining yanada badavlat va qudratli bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilar ekan. Ammo qanchalik sevmasin, podshoh unga ko‘p e’tibor qaratmas ekan.
Hosili kalom, podshohi olam xotinlarining har biri bilan o‘ziga yarasha muomalada bo‘lib yuraveribdi-yu, orada unga bir og‘ir dard ilashib, olib ketamanga tushibdi. Har doim e’zozda yurgan podshoh jon berish azobidan vahimaga tushibdi hamda sohibjamol malikalarni qoldirib ketishga ko‘zi qiymabdi. Jilla qursa, ulardan birini o‘zi bilan olib ketishni xayol qilibdi.
Shu o‘y bilan u eng sevgan yori – kenja malikani chaqiribdi. Har doim uning chorlashini mushtoqlik bilan kutadigan, kelgani zahoti o‘zini bag‘riga otadigan, shirindan shirin so‘zlari bilan ko‘ngliga quvonch bag‘ishlaydigan kenja malika odatdagidek shodu xandon kirib kelibdi. Ammo uning dardidan voqif bo‘lib, o‘zini ham birga olib ketish haqidagi gapini eshitganidan so‘ng:
“Ey podshohi olam! Siz uzoq umr ko‘rdingiz, hayotning achchiq-chuchugini totdingiz, butun mamlakat izmingizda bo‘ldi, to‘rt marta uylanib rohat-farog‘atda hayot kechirdingiz. Mendan katta opalarim, ya’ni kundoshlarim ham hayotning lazzatini mendan ko‘p totib, bas, deguncha o‘ynab-kuldilar. Bu gaplarni aytishimdan maqsad – nega shu narsalarga aqlingiz yeta turib, aynan meni olib ketmoqchi bo‘lganingiz kaminani hayron qoldirdi. Axir men hayotda nima ko‘ribman. ayni o‘ynaydigan-kuladigan davrim kelgan choqda yoshi katta “opa”larim turib meni o‘limga yetaklaganingizdan qattiq ranjidim. Men hali hayotga chanqoqman. Go‘zal kunlarim hali oldinda. Siz yaxshisi, “opa”larimdan biri bilan birga bora qoling, vaqti kelganda men ham borib qolarman...” deb javob beribdi-da, xonadan shoshilib chiqib ketibdi.
Qalbining ardog‘idagi bo‘lgan yori jonidan eshitgan bu gaplar podshohning qalbiga tig‘dek botibdi. Keyin uchinchi xotinini chaqiribdi.
Kelib o‘tirganidan so‘ng: “Ey vafodor yorim, menga turmushga chiqib hech yomonlik ko‘rdingmi?” deb so‘rabdi. Kutilmagan savoldan xijolat bo‘lgan malika: “Nimalar deyapsiz, zoti oliylari, menga duru javohirlar bilan bezak berdingiz, qo‘limdagi, bo‘ynimdagi taqinchoqlarining har biri bir mamlakatning xiroji bilan barobar, egnimdagi kiyimlarimni esa boshqa malikalar faqat orzu qilishlari mumkin. Shuncha e’tiboringizdan keyin sizdan norozi bo‘lishim mumkinmi?” debdi.
Bundan ruhlanib ketgan podshoh, bu xotinim mendan shu qadar minnatdor ekan, birga ketishga, albatta, rozi bo‘ladi deb o‘ylabdi-da: “Men bilan u dunyoga ham ketishga rozimisan?” debdi.
Buni eshitib xotini: “Albatta, siz bilan istagan joyingizga ketaman, hamma joyda, hamma vaqt sizning xizmatingizda bo‘lish men cho‘ringiz uchun sharaf” debdi. Podshoh: “Ertaga jon taslim qilaman, sen ham men bilan birga o‘lishga rozimisan?” deb so‘rabdi. Bu gapni eshitgan malikaning rangi-quti uchib ketibdi. “Bu nima deganingiz? Alloh taolo har bandaning jonini o‘zi istagan vaqtda oladi. Siz bilan birga ketaman deb kimga aytaman, Azroil alayhissalomgami? Qo‘ying, bunaqa gaplarni, men hali hayotdan to‘yganim yo‘q, balki yana turmushga ham chiqarman”, debdi.
Podshoh hayotida hech qachon bunchalik qattiq zarba yemagan ekan. galdirab qolibdi. Undan ham noumid bo‘lib ikkinchi xotinini chaqiribdi. Farosatli xotin podshohni ko‘rgani zahoti jiddiy dardi borligini anglabdi va savolim unga malol kelmasin degan andishada o‘zining gap boshlashini kutib sukut saqlabdi. Podshoh unga: “Ey ko‘nglimning hamdami! Sen har doim mening yo‘llarimni yoritgan shamchirog‘im bo‘lding. Mushkul vaziyatlarga tushib qolganimda, og‘ir masalalarning yechimini topa olmay qiynalayotgan chog‘larimda qimmatli maslahatlaring bilan ishlarimni oson qilding, men sendan har doim xursand bo‘lib yashadim. Aytgin-chi, sen ham men bilan yashaganingdan mamnun bo‘ldingmi?” dedi.
“Zoti oliylari men bilan birga yashaganingga rozimisan”, deganingiz kamina – cho‘ringizga bir oz mubolag‘adek eshitilib, bundan boshim ko‘kka yetdi. Men har doim o‘zimni sizning kanizagingiz yoki bo‘lmasa, xizmatchingizdek bilib kelganman. Axir sizdek zot bilan bir havodan nafas olish, saltanat ishi bilan bo‘lib, el-yurt xizmatini qilib toliqqan vaqtlaringizda muborak oyoqlaringizni uqalab charchog‘ingizni yozish dunyodagi eng sharafli ish emasmi?..” debdi.
Uning gaplaridan xasta podshoh nihoyatda to‘lqinlanib ketibdi. Ko‘ziga uchtagina yosh tomchisi ham qalqib chiqibdi. “Ey mehribon yorim, saroyda notinchliklar kelib chiqmasin deb bir sirni hech kimga oshkor qilmagan edim. Ammo bugun aytishga majbur bo‘ldim. Men ertaga jon topshirar ekanman, menga hamdam bo‘lib birga o‘lishga rozimisan?” debdi.
Bu taklifni eshitgan ayolning ichiga sovuq shamol kirib ketibdi. Ammo aqlini ishga solib podshohga buni sezdirmabdi va unga bunday javob beribdi. “Zoti oliylari, mendan boshqa yana uchta malika turib safarga yo‘ldoshlikka aynan meni tanlaganingizdan boshim ko‘kka yetdi. Ammo boshqa narsani o‘ylab qoldim: ikkalamiz u dunyoga birga ketsak, bizni kim orqamizdan yo‘qlab turadi? Katta malika – avomroq, Mendan kichigi har dom zebu ziynat bilan ovora, kenja malika o‘yin-kulgudan bo‘shamaydi. Ular bizning haqimizga duoi fotihalar qilib turmasa, qabrdagi ahvolimiz qiyin bo‘lmasmikan?... Keling, yaxshisi, siz hozir-cha bora turing, men ortingizdan xatmul Qur’onlar qilay, duoi xayrlarda bo‘lib, sizning qabrdagi uyingizning charog‘on bo‘lib turishiga yordamchi bo‘lib turay...”
Podshoh butkul tushkun ahvolda katta malikani chaqirib unga bo‘lgan voqeaning hammasini gapirib beribdi va gapining so‘nggida nadomat ila unga: “Ey malikam, hurliqolar ko‘zimga yaxshi ko‘rinib, sizni ko‘p nazarimga ilmadim, e’tibor qaratmadim. Mendan butun umr ranjib yashagan bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylayman, Aslida shunga haqlisiz ham. Ammo bugun ularning hammasi mendan voz kechganini ochiq-oydin bayon qildi. Shundan keyingina sizni chorlashga majbur bo‘ldim. Shu holimda ham men bilan u dunyoga ketishga rozimisiz?” debdi.
Unga javoban malika: “Zoti oliylari! butun umr sizning xizmatingizda bo‘lib, har doim sizga hammadan yaqinroq bo‘lishni orzu qilib yashadik, modomiki, bugun shunday fursat tug‘ilgan ekan, bu fursatni qo‘ldan boy bersak nodonlik qilgan bo‘lmaymizmi? Siz bilan ketishga roziman, keling, tahoratimizni qilib namozimizni o‘qib Rabbimizning qoshiga poklangan holda ibodatimiz bilan boraylik”, debdi.
Bundan mamnun bo‘lgan podshoh: ”Jonim tanimni tark etar vaqtga kelibgina asl yorim siz ekaningizni anglab yetdim”, deb o‘zining xatosini juda kech anglaganidan nadomat chekibdi.
Qissadan hissa:
To‘rtinchi malika – insonning tanasi ekan. Har bir inson o‘z tanasini yaxshi ko‘rib, doim uni parvarish qilarkan. Ammo tana dunyo mulki bo‘lib oxirot hayotidan qo‘rqar ekan.
Uchinchi malika – ish, amal va boylik bo‘lib, inson o‘lgandan so‘ng ular boshqalarning qo‘liga o‘tib ketarkan.
Ikkinchi malika – oila va qarindoshlar ekan. Ular insonni har doim qo‘llab-quvvatlab turadi, Biroq inson o‘lgandan keyin ular faqat qabrga qadar kuzatib borishga yaraydi, xolos.
To‘rtinchi malika – insonning qalbi ekan. Qalb insonning moddiy boyliklar, amal, maishatlarga o‘chligi bois e’tiborsiz qolib ketsa ham hamisha inson bilan birga bo‘lib, oxirot azobi qoshida ham sohibidan ayrilmas ekan. Shuning uchun inson qalbini pok tutmog‘i, nimaiki yaxshilik bo‘lsa, avvalo, unga ravo ko‘rmog‘i lozim ekan.
Hech qachon qalbni ehtiyot qilish va boyitishni unutmang! Chunki bu yorug‘ olamda bizning o‘zimizga qilgan eng katta sovg‘amiz – qalbimizni sof saqlamog‘imiz va unga e’tiborli bo‘lmog‘imizdir.
Damin JUMAQUL
Alloh taologa behisob hamdu sanolar bo‘lsinkim, yurtimizda keyingi yillarda ma’naviy hayotimiz yuksak pog‘onalarga ko‘tarilib, muqaddas dinimiz qadriyatlariga e’tibor tobora ortib bormoqda. Ana shunday ulug‘ va tarixiy voqealardan biri – Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilib, foydalanishga topshirilishi xalqimiz uchun chinakam ulkan ma’naviy bayram, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Bu muhtasham maskan yurtimizning boy tarixi, bebaho ma’naviy merosi, asrlar davomida shakllangan ilm-ma’rifat an’analarining yorqin timsoli sifatida barpo etildi. Zero, muqaddas dinimiz insonni doimo ilmga, ma’rifatga, ezgulik va komillikka chorlab keladi. Qur’oni karimning ilk nozil bo‘lgan oyatidayoq “Iqro!”, ya’ni “O‘qi!” deb amr qilingani ham bu yo‘lning naqadar ulug‘ va sharafli ekanini ko‘rsatadi. Markazning Ulug‘bek darvozasi peshtoqiga ushbu muborak oyat muhrlab qo‘yilgani zamirida ham mana shunday chuqur ma’no-mazmun mujassam.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan ilmiy-ma’rifiy dargoh, ayni vaqtda o‘tmish va bugunni, an’ana va taraqqiyotni, ma’naviyat va zamonaviylikni o‘zaro uyg‘unlashtirgan nodir maskan bo‘lishiga iymonimiz komil.
Yurtimiz zamini azal-azaldan ilm-ma’rifat, zakovat va yuksak madaniyat beshigi o‘laroq dunyo tamaddunida alohida o‘rin tutadi. Movarounnahr diyorida yetishib chiqqan buyuk allomalar, muhaddislar, mufassir va mutafakkirlar insoniyat tamadduniga beqiyos hissa qo‘shganlar. Ularning ilmiy merosi asrlar davomida nafaqat islom olami, balki jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan. Ayniqsa, hadis ilmining sultoni bo‘lgan Imom Buxoriy, buyuk muhaddis Imom Termiziy, aqida ilmining zabardast namoyandasi Imom Moturidiy, shuningdek, astronomiya, tibbiyot, matematika va boshqa fan sohalarida yuksak natijalarga erishgan Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ zotlarimiz nomi jahon ilm osmonida yorqin yulduzlar kabi porlab turibdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, degan muborak hadislari ham bu yo‘lning naqadar muhim ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, yurtimizda ilmga hurmat, ulug‘ zotlarga ehtirom va ular qoldirgan ulkan merosni asrab-avaylash azaliy qadriyatlarimizdan. Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani esa ajdodlarimiz qoldirgan ana shu bebaho ilmiy va ma’naviy durdonalarni yanada chuqur o‘rganish, keng targ‘ib etish, jamoatchilikka va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Muhtasham maskanga qadam qo‘ygan har bir inson, avvalo, ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros, ularning beqiyos ilmiy va ma’rifiy faoliyati, bu yerda jamlangan manbalar, qo‘lyozmalar va ilmiy ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, qalbida o‘ziga xos iftixor va mas’uliyat tuyg‘usi uyg‘onishi tabiiy. Prezidentimizning “Ushbu markaz ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyatimiz uchun fundamental baza bo‘ladi. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari yuqori kurslarni shu yerda o‘qiydi, o‘qituvchi-domlalar esa o‘z bilim va malakasini oshiradi. Markaz yoshlarimiz orasidan yangi xorazmiylar, beruniy va ulug‘beklar, farg‘oniy va ibn sinolar, buxoriy va termiziylar yetishib chiqishi uchun mustahkam ma’naviy maydon bo‘lishi kerak”, deya ishonch bildirishi bejiz emas, albatta. Demak, markaz o‘z mohiyati va mazmuni bilan o‘tmish va bugunni o‘zaro bog‘lab turgan ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarmog‘iga shubha yo‘q. Ayniqsa, markazda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid boy tarixiy va ilmiy manbalar jamlangani yurtimiz zaminida kechgan buyuk Uyg‘onish davrlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglash imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi naqadar mustahkam ildizlarga ega ekanining yaqqol namoyonidir.
Muqaddas Qur’on zali esa ushbu muhtasham maskanning haqiqiy qalbi sifatida alohida ma’naviy-ruhiy ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yerga butun insoniyat uchun hidoyat manbai bo‘lgan ilohiy kalom — Qur’oni karimning eng qadimiy va nodir nusxalaridan biri bo‘lgan mo‘tabar Usmon Mus'hafi joylashtirilgan. Ushbu muqaddas kitob asrlar davomida turli zamon va makonlar osha necha-necha tarixiy sinovlarga guvoh bo‘lgan bebaho merosdir. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, XIV asr oxirlarida Amir Temur tomonidan Samarqandga olib kelingan ushbu Mus'haf bir necha asr davomida asrab-avaylangan.
Keyingi yillarda Usmon Mus'hafi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Mo‘yi muborak madrasasida saqlanib keldi. Allohning inoyati va yurtimiz rahbarining tashabbusi bilan 2025 yil 13 noyabr kuni bu noyob va muqaddas kitob Islom sivilizatsiyasi markazining muqaddas Qur’on zaliga olib kelinib, o‘zining yuksak maqomiga munosib sharofatli o‘ringa qo‘yildi. Bu esa, shubhasiz, yurtimizda muqaddas dinimizga, uning ilohiy manbasiga bo‘lgan yuksak ehtirom va sadoqatning yorqin ifodasidir.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur Mus'haf markazda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan bir makonda joylashtirildi. Bu qarorda ham chuqur ma’no mujassam: ilohiy kalom bilan diniy idora faoliyatining bir-biriga uyg‘un holda bo‘lishi islom an’analariga to‘la mutanosibdir.
Shuningdek, Prezidentimiz topshirig‘iga binoan, ushbu zal devorlarida Qur’oni karim oyatlari tushirilgan sakkizta ipak gilamning to‘rt ravoqda joylashtirilgani ham zalning ma’naviy muhitini yanada boyitgan. Bu gilamlar go‘yoki ilohiy kalomning go‘zal ifodasi sifatida qalblarga nur ulashadi, insonni tafakkurga, ibrat olishga chorlaydi. Zero, Qur’oni karimda: “Albatta, bu Qur’on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiluvchi mo‘minlarga, albatta, o‘shalarga, ulug‘ ajr borligi xushxabarini berur”, deb marhamat qilingan. Darhaqiqat, bu muqaddas kitob insoniyat uchun hidoyat, qalblar uchun shifo, hayot uchun dasturdir. Bunday muqaddas maskanda bo‘lish insonni o‘z-o‘zidan tafakkurga chorlaydi, qalbida shukr, ixlos va ezgulikka intilish tuyg‘ularini uyg‘otadi.
Yana bir masala xususida ham to‘xtalib o‘tishimiz joiz. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ana shunday ulug‘ ishlar, barpo etilayotgan ma’naviyat maskanlari, qayta tiklanayotgan muqaddas qadamjolar va bunyodkorlik ishlarining barchasi xalqimizning qalbida shukr, iftixor va umid tuyg‘ularini yanada mustahkamlayotganining shohidi bo‘lib turibmiz. Yaratgan Robbimizga hamdlar bo‘lsinkim, ana shunday xayrli ishlar yurtimizda keng quloch yoymoqda. Minglab, millionlab yurtdoshlarimiz bugun qo‘l ochib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ezgu ishlar bardavom bo‘lishi uchun duo qilmoqdalar. Bu duolar, inshaalloh, ijobat bo‘lib, diyorimizda yanada ko‘proq baraka va fayz-zarafshonlik qaror topadi.
Shu o‘rinda barcha ulamo va mo‘min-musulmonlar nomidan yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar, muqaddas qadamjolarni obod etish, islom qadriyatlarini asrab-avaylash yo‘lida ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik izhor etamiz. Bu kabi ezgu ishlar, shubhasiz, xalqimiz qalbida chuqur ehtirom va rozilik tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.
Alloh taolodan mana shunday muborak Hayit ayyomlarida duo qilib so‘raymiz, yurtimiz tinch va osoyishta bo‘lsin, xalqimiz farovon va baxtli yashasin, amalga oshirilayotgan barcha xayrli ishlarga O‘zi baraka ato etsin. Yurtimizga ko‘z tegmasin, el-yurtimiz osmoni musaffo, barchamizning ezgu niyatlarimiz ijobat bo‘lsin. Alloh taolo doimo diyorimizni tinchlik va xotirjamlik ne’mati ila siylasin.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy