O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madinai munavvara shahrida barcha ibodat va ziyoratlarni mukammal ado etishdi. Jumladan, besh mahal namozni Rasululloh (s.a.v.)ning muborak masjidlarida o‘qishga harakat qilishdi. Shuningdek, Baqi’ qabristoni, Uhud tog‘i etagidagi Hazrati Hamza va boshqa sahobalarning qabrlarini ziyorat qilishdi. Fazilatli “Qubo” va “Qiblatayn” masjidlarida namoz o‘qib, duoi xayrlar qilishdi.
Yurtimiz ziyoratchilari kecha erta sahardan zamonaviy avtobuslarga chiqib, Makkai mukarrama tomon yo‘l olishdi. Oppoq ehromlari singari yuzlaridan nur taralib turgan hamyurtlarimiz «Zulhulayfa» miyqotida umra uchun niyat qilib, ehromga kirishdi. Yo‘l davomida guruh rahbarlari ularga haj amallari to‘g‘risida ma’lumotlar berishdi. Ular Makka shahridagi hashamatli “Abrojul Hidoya” mehmonxonasida katta ehtirom bilan kutib olindi. So‘ngra, guruh rahbarlari ishtirokida umra ibodatini ado etishdi. Quyida, hamkor shirkatimiz “Al-hidoya” mas’ullari va ishchi guruh xodimlari tomonidan Makka shahriga yetib kelgan dastlabki guruh ziyoratchilarini kutib olish jarayoni aks etgan videolavhani namoyish etamiz.
Makka shahridan
Haj-2017 ishchi guruhi.
-------------
Muslim.uz portalining ijtimoiy-tarmoqlardagi sahifalari:
Telegram: https://telegram.me/joinchat/BO0aAj0jjw0GT5rhPph8OQ
Telegram: https://telegram.me/joinchat/BO0aAjzDeqY_uXAnXN38lQ
Facebook: https://www.facebook.com/muslimuzportal/
Facebook: https://www.facebook.com/movarounnahr.nashriyoti/
Instagram: https://www.instagram.com/muslimuzportali/
Twitter: https://twitter.com/muslimuzportal
VKontakte: https://vk.com/public143947833
Fikr.uz: http://fikr.uz/blog/muslimuz
----
www.muslim.uz | http://muslim.uz/
www.mp3.muslim.uz | http://mp3muslim.uz/
www.savollar.muslim.uz | http://savollar.muslim.uz/
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi axborotlashgan jamiyatda internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi natijasida ma’lumot almashish jarayoni sezilarli darajada tezlashdi. Shu bilan birga, turli mazmundagi yolg‘on xabarlarning tarqalishi ham kuchaydi. Ayniqsa, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar jamiyatning ma’naviy muhitiga, diniy bag‘rikenglikka va ijtimoiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar deganda diniy manbalarga asossiz ravishda nisbat berilgan, buzib talqin qilingan yoki haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar tushuniladi. Bunday xabarlar ko‘pincha Qur’on oyatlari, hadislar, mashhur ulamolar fikrlari yoki diniy voqealar bilan bog‘liq holda tarqatiladi. Ularning asosiy maqsadi insonlarning diniy hissiyotlariga ta’sir qilish, ma’lum g‘oyalarni targ‘ib etish yoki jamiyatda turli qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishdan iborat bo‘lishi mumkin.
Yolg‘on diniy axborotlarning keng tarqalishiga bir qator omillar sabab bo‘ladi. Avvalo, ayrim fuqarolarning diniy bilimlari va mediasavodxonligi yetarli darajada shakllanmagani tufayli ular har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qiladilar va boshqalarga tarqatadilar. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda axborotning tezkor tarqalishi ham bunday xabarlarning ommalashishiga xizmat qiladi. Ko‘plab foydalanuvchilar ma’lumotning manbasi va ishonchliligini tekshirmasdan uni ulashishga moyil bo‘ladilar.
Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlarning eng salbiy oqibatlaridan biri jamiyatda ishonchsizlik muhitining shakllanishidir. Asossiz ma’lumotlar turli ijtimoiy guruhlar o‘rtasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi, diniy masalalarda bahs va ziddiyatlarning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada jamiyatdagi hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillari zaiflashadi.
Bunday xabarlar ma’naviy hayotga ham jiddiy zarar yetkazadi. Diniy masalalar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlarni muntazam qabul qilgan insonlarda dinning asl mohiyati haqida xato tasavvurlar shakllanadi. Bunday holat diniy qadriyatlarning noto‘g‘ri tushunilishiga, ayrim hollarda esa mutaassiblik yoki befarqlik kayfiyatlarining yuzaga kelishiga olib keladi.
Yolg‘on diniy axborotlar mafkuraviy xavfsizlik uchun ham muhim tahdid hisoblanadi. Ayrim radikal guruhlar va ekstremistik oqimlar internet orqali soxta diniy ma’lumotlarni tarqatish orqali o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga harakat qiladilar. Ular diniy manbalarni kontekstdan uzib talqin qilish yoki soxta ma’lumotlarni haqiqat sifatida taqdim etish orqali yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatishga urinadilar. Bunday holatlar jamiyat barqarorligiga va fuqarolar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur muammoning oldini olish uchun, avvalo, aholining mediasavodxonligini oshirish zarur. Fuqarolar axborotni tanqidiy tahlil qilish, uning manbasini tekshirish va ishonchli ma’lumotlarni yolg‘on xabarlardan ajrata olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari lozim. Shu bilan birga, diniy bilimlarni faqat ishonchli manbalar va malakali mutaxassislardan olish muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va diniy-ma’rifiy tashkilotlarning hamkorligi bu boradagi samaradorlikni yanada oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar zamonaviy axborot makonining jiddiy muammolaridan biri hisoblanadi. Ular jamiyatning ma’naviy muhitiga, ijtimoiy barqarorligiga va mafkuraviy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli har bir fuqaro axborotlarni qabul qilish va tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishi, diniy masalalarda esa faqat ishonchli manbalarga tayanishi zarur.
Abdulaziz Abduvahidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi