Mug‘ira ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo onalaringizga oq bo‘lishni, qizlarni tiriklayin yerga ko‘mishni harom qilib, mumsik (zakot va ushr kabi zimmaga vojib bo‘lgan narsalarda baxil) bo‘lish va tama’ (olishga haqli bo‘lmagan narsani talab) qilishdan qaytardi. Shuningdek, mish-mish gaplar tarqatish, ko‘p savol berish va mol-dunyoni behuda sarf qilish kabi ishlarni yomon ko‘radi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ota-onaga oq bo‘lish gunohi kabira. Alloh taolo bandalarni O‘zigagina ibodat qilishga so‘ngra ota-onaga yaxshilik va itoat etishga buyurdi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilindi:
“Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro, 23).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ota-onani haqorat qilish gunohi kabira”, dedilar. Sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, farzand ota-onasini haqorat qiladimi?” deyishdi. “Ha, kim boshqaning otasini haqorat qilsa, o‘z otasini, onasini haqorat qilsa o‘z onasini haqorat qilgan bo‘ladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Amr ibn Os rozillohu anhumodan rivoyat qilindi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh rizosi ota-ona roziligida bo‘ladi. Ota-ona g‘azab qilganga u ham g‘azab qiladi”, dedilar” (Ibn Hibbon, Hokim rivoyati).
Imom Navaviy rahmatullohi alayh: “Hadisda qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etilgan. Ona bolasiga mehribon, rahmli bo‘lgani, homiladorlik mashaqqati, dunyoga keltirish, tarbiyalash, unga xizmat qilish kabi ko‘plab mashaqqatlarni boshdan o‘tkazgani uchun yaxshilikka eng haqli zotdir”, degan.
Ota-onaning farzandlariga shafqatli bo‘lishi dinimizdagi muhim ko‘rsatmalardan biridir. Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: “Qizlarlarni tiriklayin ko‘mish gunohi kabiradir. Bu nohaq qasd qilish, silai rahmni uzishdir. Johiliyat davrida qiz bolani or bilib, ko‘mish odat bo‘lgani sabab hadisda go‘dak qizlarni tiriklayin yerga ko‘mish man’ etildi.
Ibn Hajar rahmatullohi alayh: “Hadisda qizlar turli-tuman ishlarni bajarishda o‘g‘il boladan zaif bo‘lgani sababli ularning haqini ta’kidlash ma’nosi ham tushuniladi”, degan.
Muqaddas didnimizda ko‘p gapirish qoralandi. Zero, ko‘p gapirish g‘iybat, chaqimchilik, yolg‘onchilik kabi qalb kasalliklariga sabab bo‘ladi. Ibn Hajar rahmatullohi alayh “mish-mish gaplar tarqatish” haqida shunday deydi: “Xatoga olib boradigan gapning makruhligi, boshqalarning so‘zlarini, bahslarini noaniq hikoya qilib berish, diniy ixtiloflarga sabab bo‘ladigan narsalarni so‘zlash kabilardan zararli illatlar kelib chiqadi”. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Eshitgan narsasini gapiraverishi, kishininig gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi” dedilar (Imom Muslim).
Bu qaytariq noto‘g‘ri, noaniq gapni o‘z ichiga oladi. To‘g‘ri va aniq gapni ishonchli odam hikoya qilib berishining zarari yo‘q. O‘ylagan narsasini gapirish insonning toyilishiga sabab bo‘ladi.
Inson ko‘p gapirib gunohkor bo‘lishiga til sabab bo‘ladi. Shuning uchun Umar roziyallohu anhu: “Fitnadan saqlaning. Til qilichdek fitna keltirib chiqaradi”, degan. Ko‘p savol berish makruh amal. Hajjoj ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘p savol berishdan saqlaninglar”, dedilar. Alloh taolo mo‘minlarni bilmagan vaqtdagina so‘rashga buyurdi:
“Bas, (ey, Makka ahli!) Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, (Tavrot, Injilni biladigan) zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo, 7-oyat).
Ulamolar zaruratsiz savol berish mumkin emas deb ittifoq qilganlar. Ba’zi olimlar savol beruvchi va so‘ralgan odamga ozor bermagan zaruratsiz savol karohiyat bilan durust bo‘ladi. Ammo ikkisidan biriga ozor bersa savol berish halol emas deganlar. Boshqalari odamlarning xabarlari, moli, mushkullari haqida muayyan bir odam haqida so‘rash, u kimsa yoqtirmagan hollarda makruh bo‘ladi, deyishgan.
So‘rovchi izn so‘rash, masalani aniq bayon qilish, savolga tayyorgarlik ko‘rish, vaqtni olmaslik, biladigan narsasini so‘ramaslik, muhtoj bo‘lgan narsani so‘rash, o‘zi uchun savol berish, javobni shoshiltirmaslik, mas’ul bilmaydigan, tushunmaydigan narsani so‘ramaslik kabi savol berish odoblariga rioya qilishi lozim bo‘ladi.
Alloh taolo bandalar hojatlarini chiqarishi uchun mol beradi. Halol yo‘l bilan hojat chiqarish joiz. Dinimizda maqtalgan o‘rinlarga sarf qilish esa fazilatdir. Imom Navaviy: rahmatullohi alay: “Dunyo va oxiratga foydasi yo‘q o‘ringa sarf qilish, ushlab qolishning imkoni bo‘lib, saqlab qolmaslik molni behuda sarf qilish bo‘ladi”, degan.
Molni zakot, nafl sadaqalarga, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashga, muhtojlarga yordam berishga Alloh taolo rozi bo‘ladigan o‘rinlarga ishlatish shukr qilishdir. Imom ibn Sa’diy “Alloh taolo g‘azab qilgan va inson hayotiga zararli o‘ringa molni sarflash nafaqa vojib bo‘lgan vaqtda ojiz qolishiga sabab bo‘ladi”, degan. Molni yoshlarni aqlini zaiflashtirib, axloqini buzadigan, vaqtlarni behuda o‘tkazadigan turli-tuman o‘yinlar, mast qiluvchi ichimliklar kabi qaytarilgan o‘rinlarga sarflash isrofdir. Isrof esa haromdir. Qur’oni karimda shunday marhamt qilinadi:
“Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay” (A’rof, 31).
Manbalar asosida Bahriddin Jo‘rabek o‘g‘li tayyorladi.
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi