Bir zamonlar bir ko‘zi g‘ilay va bir oyog‘i kalta podshoh bo‘lgan ekan. Kunlarning birida u barcha rassomlarni chaqirtirib o‘z suratini jismoniy nuqsonlarini yashirgan holda chizishni buyuribdi. Lekin rassomlarning birortasi bunga rozi bo‘lmabdi. Ular o‘zaro “Bir ko‘zi g‘ilay va bir oyog‘i kalta podshohni sog‘lom ko‘z va oyoqli qilib tasvirlash yolg‘on manzara bo‘ladi, biz bunday ishga qo‘l urmaymiz”, deyishibdi va har xil bahonalar bilan shohga o‘z uzrlarini izhor qilibdi. Ammo bir rassom bunga rozi bo‘lib, barcha musavvirlarni hayratga solibdi.
Haqiqatan, u podshohning nuqsonsiz rasmini juda ham chiroyli tasvirlabdi.
Suratda podshoh ov miltig‘ini ushlab kiyikni nishonga olayotgan holatda edi. Bunday choqda tabiyki, ovchi bir ko‘zini yumib olgan hamda bir oyog‘ini bukib yerga tayanib turgan bo‘ladi. Mahoratli rassom suratda podshohning g‘ilay ko‘zi va cho‘loq oyog‘ini shu holatda yashira oldi. Boshqa hamkasblari uning mahorati va ziyrakligi oldida bosh egdi va tasannolar aytdi. Chunki u odamlarga ayblov ko‘zi bilan emas, balki ijobiy ko‘z bilan qarab, uni benuqson suratda tasvirlay olgan edi.
Bizning ham atrofimizdagi odamlarning ba’zi kamchiliklari ko‘zga tashlanishi mumkin. Lekin biz ular haqida gapirganimizda bu kamchiliklarni yashirishimiz va yaxshi tarafga yo‘yishimiz darkor. Chunki inson xatodan xoli emas. Undan tashqari, odamlarning ba’zi qilayotgan ishlariga uning haqiqatini bilmasdan, zohiriga qarab baho berish bilan noo‘rin ayblab qo‘yib, so‘ng pushaymon bo‘lishimiz mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqida: «Zinhor va zinhor badgumon bo‘lmanglar. Chunki badgumonlik so‘zning eng yolg‘onidir», deganlar. Oyati karimada ham Alloh taolo: «Ey mo‘minlar, ko‘p gumonlardan chetlaninglar! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmanglar va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin», degan (Hujurot, 12).
Demak, o‘zgalardagi aniq ko‘rinib turgan ayblarni gapirishimiz g‘iybat, aniq bo‘lmagan kamchilik yoki ayblarni aytishimiz badgumonlik, asli bo‘lmagan aybni aytish esa bo‘hton va tuhmat bo‘lar ekan. Shunday ekan, boshqalar haqida gapirganimizda tilimizga ehtiyot bo‘laylik va faqat ularning yaxshi tarafini tilga olaylik.
Sh.CHO‘LPONOV,
Toshkent islom institutining “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati