Ramazon zakot va sadaqalar vaqtidir. Ramazon kirib kelgan, odamlar zakot berishni boshlagan bo‘lsada ayrim kishilar parvo ham qilmay, yengil qaramoqdalar. Zakot ham xuddi namoz, ro‘za va haj kabi Alloh taolo farz qilgan, tark qilish ulkan gunoh sanaladigan amal ekanini unutib qo‘ymoqdalar. Zakot berayotgan kishilarning ko‘pchiligi esa ba’zi vaqtlarda zakotlarini o‘z o‘rnidan boshqa o‘ringa sarflamoqda.
Yana odamlar orasida “albatta sadaqa masjidlarning eng yaqinigadir” degan hujjat bilan zakotini yaqinlariga, qarindoshlariga taqsimlab beradiganlari bor. Bu gap aslida mutlaq sadaqa borasida aytilgan. Qarindoshlarga qilingan infoq qarindoshlik haqqi uchun bo‘ladi. Ulamolarimiz qarindoshlariga qarindoshlik haqi o‘laroq berilishi kerak bo‘lgan mulkni zakoti hisobidan berib, “bir o‘q bilan ikki quyonni” urishlikni yaxshi amal deb sanamaganlar. Balki, yaqinlariga qarindoshlik uchun alohida, zakotga haqli kishilarga zakotni alohida infoq qiladigan kishilarni maqtaganlar. Ulamolarimiz maqtagan amalni o‘zimizda mujassam qilishimiz uchun zakot tarqatiladigan o‘rinlarni yaxshilab o‘rganib olmog‘imiz zarur bo‘ladi.
Alloh taolo bizlarga nozil qilgan hukmlarni dastlab Qur’oni karim, so‘ngra sunnati Nabaviy orqali batafsilroq bilib olamiz. Misol uchun, Qur’oni karimda namoz hukmlari qisqacha kelgan. Keyin uning miqdori, sifati, vaqtlari va adadlarini Rasulimiz alayhissalom batafsil bayon qilganlar. Haj hukmlari ham Qur’onda qisqacha kelgan. Qolgan shartlar, ruknlar hamda manosiklarini Rasulimiz bayon qilganlar.
Biroq, mol-mulklarning hukmini, ya’ni ularni qanday va kimlarga taqsimlashni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qoldirmay, Alloh taoloning O‘zi bayon qildi. Merosda beriladigan mol-mulk bilan bog‘liq narsalarning hukmini ham O‘zining kitobida ochiq-oydin keltirdi.
Zakot farz qilingach ko‘plab sahobai kiromlar zakot berishga shoshila boshladilar. Borgan sari zakot beradiganlar ko‘paya boshladi. Munofiqlarning qo‘llari esa zakotga cho‘zildi, ko‘ngillari mana shu zakotlarni qo‘lga kiritish payiga tushdi. So‘ng Alloh taolo Qur’oni karimda munofiqlarning mol-dunyoga, o‘zlari haqli bo‘lmagan narsaga hirs qo‘yganligini ko‘rsatib beruvchi oyat tushurib, ularni sharmanda qildi.
Shundan so‘ng Alloh taolo zakot sarflanadigan o‘rinlarni ham birma-bir bayon qildi:
إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ
Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir (Tavba surasi,60‑oyat).
Bu oyat vojib zakot haqida nozil bo‘lgan. Bu ko‘rsatilgan kishilarga zakot, xiroj, fitr va ushr kabi sadaqotlar berilishi kerak. Ulardan "dillari oshna qilinuvchilar" va “qullar” mansux etilgan.
Boylarga faqatgina zakot berishning o‘zigina vojib bo‘lmay, balki, unga haqli o‘rinni izlab topib, ado qilish ham vojib bo‘ladi. Zakot ham Islomning ulug‘ ruknlaridan bo‘lib, Alloh taolo xuddi namozni qoim qilishni qanday zikr qilgan bo‘lsa, zakotni ado qilishni ham o‘shanday zikr qilgan. Shunday ekan, zakot beruvchiga uni beradigan kishisini to‘g‘ri tanlashi vojib. Alloh taolo oyatda bayon qilgan sakkiz o‘ringa nazar tashlasak, hozirgi kunda sadaqa yig‘uvchilar va ko‘ngillari ulfat qilinadiganlarni uchratmaymiz, qul ozod qilish ham topilmaydi. Sakkiz guruhning bir qismi ulamolardan xos fatvoga muhtoj. Bu “fiy sabilillah” turiga kiruvchi kishilardir. Zakot sarflanadigan o‘rinlar ichida eng mashhuri bo‘lgan uch o‘rindan mosini topishligi lozim. Ular faqirlar, maskinlar va qarzdorlardir. Xo‘sh, faqir, miskin kim o‘zi, ularni qanday bilamiz?
Jumhur ulamolar nazdida miskin sahih qavlga ko‘ra, o‘zi va oilasi uchun “asliy hojati”dan kifoyasini topa olmaydigan kishi, faqir esa zakot nisobiga qodir bo‘lmagan hojatmand kishidir. O‘ylab ko‘rsak, bir kishining moli bo‘lmasa, boshqa biror kishi unga nafaqa bermasa, bu faqir va miskindir. Miskin va faqirni bilish osondir. Hojati asliyasiga, kiyimiga, farzandlarining holatiga qarab kim faqir, kim hojatmand ekanini bilib olishning imkoni bor. Yoki o‘sha yerlik odamlardan so‘rab surishtirishlik ila faqir-kambag‘allarni ham, qarzdorlarni ham bilib olish mumkin.
Zakotni munosib o‘ringa ado qilish muhim masala bo‘lgani bois ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada qattiq surishtirganlar. U zot o‘z huzurlariga yordam yoki zakotdan berishlikni so‘rab kelgan har qanday kishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri, surishtirib o‘tirmasdan zakotni berib yubormaganlar. Boshqa nafl sadaqalardan bersalar ham zakot borasida nihoyatda ehtiyot bo‘lganlar. So‘zimizni to‘g‘ri ekanligini Abu Dovud Ziyod ibn Horis roziyalllohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif tasdiqlab beradi:
جاء عند أبي داود من حديث زياد بن الحارث الصدائي قال: أتى رجل إلى النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم يسأله الصدقة، فقال صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ( إن الله تعالى لم يرض بحكم نبي ولا غيره في الصدقة حتى حكم هو بنفسه، فجزّئها ثمانية أجزاء؛ فإن كنت من تلك الأجزاء أعطيتك حقّك)
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib zakotdan (unga ham ajratib berishlarini) so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Alloh taolo zakot borasida biror payg‘ambarning ham, undan boshqa biror kishining ham hukmiga rozi emasligidan O‘zi (bu borada) hukm qilib, u (zakot oluvchilar)ni sakkizta qism qilgan. Agar sen o‘sha qismlardan bo‘lsang albatta, senga o‘z haqqingni beraman”, dedilar”.
Boshqa bir hadisi sharifda shunday naql qilinadi:
روى أبو داود من حديث عبيد الله بن عدي بن الخيار قال: أتى رجلان يسألان الرسول صلى الله عليه وعلى آله وسلم الصدقة، فقلّب بصره فيهما، يتحرى عليه الصلاة والسلام، وينظر في شأنهما، فرأى صلى الله عليه وعلى آله وسلم من القرائن ما يُوحي بأنهما لا يستحقان الزكاة، فقلّب بصره فيهما، فوجدهما جلدين؛ يعني قويين، فقال صلى الله عليه وعلى آله وسلم محذّراً ومنبهاً: "إن شئتما أعطيتكما، ولا حظ فيها لغني ولا قوي مكتسب".
Abu Dovud Ubaydulloh ibn Adiy ibn Xiyor roziyallohu anhudan shunday deganini rivoyat qiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ikki kishi ularga ham zakotdan berishlarini so‘rab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘zlarini ularga tikib, sinchiklab qarab chiqdilar, ahvolini o‘rgandilar. Ularga boshdan-oyoq diqqat bilan razm solgach ularda zakot olishga haqdor emaslik alomatlarini ko‘rdilar. Yana bir bor ular tomonga nazar solib, ularni baquvvat, ishga yaroqli ekanini ko‘rdilar va ogohlantirib, tanbeh berib: “Agar xohlasalaring sizlarga (zakotdan) beraman, holbuki, zakotdan boy va kasb-kor qila oladigan baquvvat kishi uchun nasiba yo‘qdir”, dedilar”.
Zakotga haqdorlarni topish borasida o‘tgan salafi solih kishilarning qilgan amallari bizlarga go‘zal o‘rnak bo‘ladi.
– Solihlarimiz o‘z oila a’zolaridan birini qishloqga, miskin va faqirlarni bilib kelish uchun jo‘natardilar. Ular kelib faqirlarning ahli oilasini, uning hovlisini kuzatardilar. Ulardan zakotga haqlilarini aniqlab ketar, so‘ngra kelib ularga o‘z zakotlarini ulashardilar.
– Boshqa ulug‘larimiz esa qarzdorldarga zakotlarini berish uchun quyidagicha uslubni ixtiyor etganlar. Mahallalarga borib oziq-ovqat va kundalik hojat uchun zarur bo‘lgan ashyolarni sotadigan do‘kondorlar oldiga borib, oxirgi oy ichida ulardan qarzi bor kishilar nomini so‘rab bilib olishardi. Bir oy o‘tgandan so‘ng kelib o‘sha qarzdorlar o‘z qarzini to‘lagani yoki yo‘qligini aniqlab, kimning qarzi keyingi oylarga o‘tsa, yoki qarzi yana ko‘paygan bo‘lsa o‘sha odamlarga o‘z zakotlarini tarqatar edilar.
– Yana bir guruh kishilar esa qishloqma-qishloq odamlar yuborib, uylarida bemorlari bor xonadonni izlab topar, so‘ng o‘shalarga o‘z zakotlarini ado etardilar. Chunki bemori bor kishilar doimo dori-darmon va bemorni tabiblar huzuriga olib borish harajatlari ustida turadi.
– Boshqa bir guruh solihlarimiz esa masjid madrasalarga borib, u yerdagi tolibi ilmlarga o‘z zakotlarini tarqatmoqlikni afzal ko‘rar edilar. Bunda ular ilm o‘rganishlikning fazli, tolibi ilmlarning Alloh yo‘lidagi kishilar ekanligi hamda musofir ekanligini hisobga olganlar.
Ota-bobolarimiz, ulamolarimiz o‘z dini buyurgan hukmlarga qanchalik e’tibor va mas’uliyat bilan qaraganliklariga bir e’tibor qilaylik. Ularning din amrlariga bo‘lgan o‘sha mas’uliyat va e’tiborlari bugungi kunimizda ham bo‘lganda edi, opa-ukalar “aka-uka, opa-sigillariga zakot ulashadigan” “saxovatpesha” akasi qachon zakot berishini kutib o‘tirmas edi...
Agar o‘sha mas’uliyat va rahmdillik bugun ham bo‘lganda edi, do‘konlardagi “qarz aloqalarni buzadi”, “nasiyaga savdo yo‘q, hatto sizga ham” degan yozuvlar ham, yoki shu yozuvlar tufayli do‘konlarga kirishga iymanib, och qolishgacha rozi bo‘lib turgan odamlar ham bo‘lmas edi...
Agar o‘sha mas’uliyat va ehtimom bugun ham bo‘lganda edi, qarzdorligi tufayli odamlar orasiga qo‘shilishdan iymoni va hayosi to‘sib turgan kishilar ham, ularning uylaridagi yo‘qchilik tufayli yuz berayotgan kundalik janjallar ham kelib chiqmas edi...
Agar o‘sha mas’uliyat va sinchkovlik bugun ham bo‘lganda edi, bemorlariga dori-darmon topa olmay dorixonalar eshigi oldida bemorlarning yaqinlari qayerdan mo‘jiza paydo bo‘lar ekan, deb najot kutib turmas edi...
Bemorlarni ulov topa olmaganligi bois vaqtida shifoxonaga yetkaza olmaganidan afsuslanib yig‘layotgan ota-onalar ham, baxtiqaro farzandlar ham bo‘lmas edi...
Agar o‘sha mas’uliyat va e’tibor bugun ham bo‘lganda edi, talabalar shartnoma pullarini qayerdan topaman deb bosh qotirishmas, yoxud kundalik sarf harajatlarini qoplash uchun darsni tashlab qo‘shimcha ish qilishiga hojat ham qolmas edi...
Alloh taolo bizlarga Ramazon oyi savoblariga ega bo‘lmog‘imizni nasib aylasin va barchalarimizni ota-bobolarimiz singari dinimiz amrlariga mas’uliyat hamda ehtimom ila qaraydigan bandalaridan qilsin!
Jaloliddin Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning poklanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi.
Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:
لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ
“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).
Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishiga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kutayotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”
Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qilaman”, dedi.
Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».
Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...
Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.
Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.
“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”.
Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin!
Mavjuda NURIDDINOVA
tayyorladi.