Ramazon doimo munosib vaqtda keladi. Uni bizga Robbimiz dunyo xarob qilgan hayotimizni yana bir bor tuzatish, qadamlarimizni muvozanatga solish, uni yangidan O'zi tomon olib boradigan yo'lga yo'llash uchun yuboradi. Muhimi, U bizga bunga qodirligimizni eslatadi.
1. Ramazon bizga har kecha bir pora Qur'on o'qish qiyin emasligini, ammo dunyo bizni egallab olganini o'rgatadi!
2. Ramazon bizga har oy uch kun ro'za tutishni qiyin ish emasligini, ammo biz burch va majburiyatlarimiz qolib Alloh bizga aniq yozib qo'ygan narsalar bilan band ekanimizni o'rgatdi.
3. Ramazon bizga kechalari turib ikki rakat namoz o'qish qiyin ish emasligini, ibodatlar mashaqqat bo'lmasligini, ammo bizning qalbimiz xarob bo'lganini o'rgatdi.
4. Ramazon bizga Alloh uchun bir narsalarni tark qila olishimizni, ularni tark qilishda lazzat borligini, bu lazzatni ularni tark qilmay topib bo'lmasligini, bizning tark qilishdan ojiz emasligimizni, ozgina qo'rqoq ekanligimizni o'rgatdi.
5. Ramazon bizga yilning istagan paytida sadaqa qila olishimizni, faqirlarni qalban his qilishimiz mumkinligini, ularni eslash uchun oshqozonni bo'shatish shart emasligini o'rgatdi.
6. Ramazon bizga bomdod namoziga turish shayton vasvasa qilganidek og'ir ish emasligini, uni muazzin aytganidek "uyqudan yaxshiroq" ekanligini o'rgatdi.
7. Ramazon bizga masjidga qadam bosish lazzat ekanini, saodat faqatgina Alloh bilan birga bo'lishda ekanini o'rgatdi.
8. Ramazon bizga eng iliq makon uyimiz ekanini, oila a'zolarimizning bir joyda iftorda jamlanishi oilaga jon ato qilishini o'rgatdi.
9. Ramazon bizga qo'shniga bir idishda ovqat jo'natish mehr-oqibatni ziyoda qilishini, ulardan bir idishda ovqat qabul qilish esa muhabbat maktubiga mengzalishini o'rgatdi.
10. Ramazon bizga xonadonimiz ayollarimiz sabri ustiga bino qilingani, biz erkaklar kunning oxirida sillamiz qurib dam olayotganimizda ayollarimiz oshxonada tinmasligini, ular haqiqatda bizning ehtiromimizga munosib ekanini o'rgatdi!
Abdulqodir POLVONOV
Har yili 21 oktyabr kuni yurtimizda ona tilimizning bayrami katta shodiyona bilan nishonlanadi. Bu sana biz uchun nafaqat milliy o‘zlikni anglash, balki Parvardigorimiz tomonidan in’om etilgan ulug‘ ne’mat, so‘zlash iqtidori haqida tafakkur qilishga chorlov fursatidir.
Alloh taolo Rum surasining 22-oyatida: "Osmonlar va yerning yaratilishi hamda tillaringiz va ranglaringizning turlicha bo‘lishi Uning oyat-alomatlaridandir", deb marhamat qiladi. Ushbu ilohiy hikmatdan ko‘rinadiki, insonlarning turli tillarda so‘zlashishi va har bir xalqning o‘z ona tiliga ega bo‘lishi Yaratganning insoniyatga bergan bebaho boyligidir.
Asrlar davomida Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ko‘plab allomalarimiz o‘zbek tili rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar. Xususan, Alisher Navoiy hazratlari o‘z asarlari orqali turkiy tilning naqadar boy va balog‘atli ekanini isbotlab, unda ilohiy ishq, go‘zal axloq va ma’rifatni betakror tarzda tarannum etganlar.
Qolaversa, ona tilimizda bitilgan yo o‘zbekchaga o‘girilgan minglab diniy-ma’rifiy, axloqiy manbalar xalqimizning iymon-e’tiqodini yanada mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.
Dinimiz so‘zga o‘ta mas’uliyatli bo‘lishga chaqiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam: "Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki sukut saqlasin", deb ogohlantirganlar.
Ona tilimizni asrab-avaylash faqatgina uning lug‘at boyligini saqlash emas, balki tilni beadab so‘zlardan, g‘iybat va yolg‘ondan pok tutish, undan xayrli va ma’rifiy ishlarda foydalanish bilan bo‘ladi.
Demak, bizning ona tilimiz ham Allohning bizga bergan omonati. Bu omonatni asrash, uni kelajak avlodga sof va go‘zal holda yetkazish, farzandlarimizga ona tilimizda ezgulik va poklikni o‘rgatish insoniy burchimizdir. Alloh taolo yurtimizni tinch, ona tilimizni hamisha boy va jarangdor aylasin!
Abdulatif ABDULLAYEV