Alloh taolo ba’zi kishilarga ro‘zada ham yengillik qilgan. Bu islomning hukmlarida bandalarga yengillik iroda qilinganiga dalildir. Alloh taolo aynan ro‘za haqidagi oyatda: “Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi” (Baqara, 185-oyat) deb marhamat qiladi. Mana shunga ko‘ra, farz bo‘lishiga qaramasdan, Alloh taolo ba’zi o‘rinlarda bandalariga ro‘zasini ochishga ruxsat beradi. Bular ramazondagi uzrlilar bo‘lib, “Al-Fiqhul hanafiyya” kitobi muallifi ularni ikki qismga bo‘lgan:
Birinchi qismga quyidagilar kiradi:
1.Musofir. Islom dini o‘z yurtidan shar’iy safar masofasicha uzoqlikdagi joyga ketgan musofirga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. O‘z yurtidan 86 km. va undan ko‘proq masofada o‘n to‘rt kun va undan kamroq muddatga turishni niyat qilib chiqqan kishi musofir bo‘ladi va bu musofirga safardalik paytida ro‘za tutmaslikka islom shariati ruxsat beradi. Dalil: Alloh taolo: “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) deb marhamat qilgan.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan safarga chiqardik. Bizning oramizda ro‘zadorlar ham, ro‘za tutmaganlar ham bor edi. Ro‘za tutganlar tutmaganlarni, tutmaganlar ro‘za tutganlarni ayblamasdi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taoloning: “Agar bilsangiz ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir” (Baqara,184-oyat) degan oyatiga binoan, agar musofir kishiga zarar bo‘lmasa, ro‘za tutish afzal deydilar.
2.Bemor. Agar bemor kasalligi ziyoda bo‘lishidan qo‘rqsa yoki kasallikdan tuzalishi kechikadigan bo‘lsa, islom unga ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Lekin bu gapni musulmon, ishonchli tabiblar aytgan bo‘lishi lozim. Agar u o‘zining fikriga asoslanib, ro‘zasini ochadigan bo‘lsa, unga kafforat lozim bo‘lib qoladi. Gohida ro‘za kasallikdan shifo topishiga ham sabab bo‘ladi. Bemor kishining ro‘za tutmasligiga ruxsat ekanligiga dalil, Alloh taoloning yuqoridagi “Sizdan kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi” (Baqara,185) degan oyatidir.
3.Homilador va emizikli ayol. Shariatimiz bu ikkisiga agar o‘zlariga yoki farzandlariga zarar yetish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, ro‘za tutmaslikka ruxsat beradi. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘ziga zarar yetishidan qo‘rqqan homiladorga va bolasiga zarar yetishidan qo‘rqqan emizikli ayolga ro‘zasini ochishga ruxsat berdilar” (Imom Nasaiy va Ibn Moja rivoyati).
Emizikli ayol agar tabib buyurgan bo‘lsa, emizikli bolasini muolajasiga dori ichishi uchun og‘zini ochishi ham mumkin. Bu islomning rahmati, uning hukmlarining yengilligiga katta dalildir.
4. Halok bo‘lishdan qo‘rqqan kishi. Ro‘zador kishiga juda qattiq chanqoq yoki ochlik yetsa, undan halok bo‘lib qolishidan yoki aqli noqis bo‘lib qolishidan qo‘rqsa, ro‘zasini buzib, uni qazo qilishi mumkin. Ammo, kafforat unga vojib bo‘lmaydi. Shuning uchun nonvoy, temirchi, konchiga o‘xshash og‘ir kasb egalariga ro‘zasini mukammal qilishdan ojiz qoldiradigan darajada ko‘p ish qilmasliklari vojib bo‘ladi. Balki, bular ramazon kunlarida ishlarini kamaytirishlari yoki imkoni bo‘lsa kechki paytga ko‘chirishlari lozim bo‘ladi.
Fatovoyi Hindiya kitobida “Nafaqaga muhtoj kasb egasi agar o‘z kasbi bilan shug‘ullansa, o‘ziga ro‘zani buzishni muboh qiladigan zarar yetishni bilsa, unga kasal bo‘lishidan oldin ro‘zasini buzishi harom bo‘ladi” deyilgan.
Bu uzrli kishilar ramazonda og‘izlari ochiq yurgan paytlarida kunduzlari ramazonning hurmatidan oshkora taom yemasliklari vojib bo‘ladi. Ularning uzrlari ketgandan keyin, quyosh botgunga qadar ro‘zadorga o‘xshab saqlanib turadilar. Musofir kishi muqim bo‘lsa, bemor sog‘ayib qolsa, hayz va nifos ko‘rgan ayollar pok bo‘lsalar, og‘izni g‘arg‘ara qilganda bilmasdan ichiga suv ketib qolgan kishiga o‘xshash xato sababidan ro‘zasi ochilgan bo‘lsa, bularning hammasi ramazon oyining hurmatidan kunning qolgan qismini yemasdan ro‘zadorga o‘xshab o‘tkazishligi vojib bo‘ladi.
Yuqorida zikrlari o‘tgan kishilar bir kunga bir kun qilib, necha kun qazo qilgan bo‘lsalar ramazondan keyin shuncha kun qazosini tutib beradilar.
II.Qism. Og‘iz ochish vojib va fidyasi vojib bo‘lgan kishilar. Bu toifadagi kishilar doimiy ojizlik yoki surunkali kasalliklari sababidan ro‘za tutishdan muttasil ojiz qoladigan kishilar hisoblanadi. Yoshi o‘tib qolgan keksalar va bedavo dardga chalinganlar ro‘za tuta olmasalar, bular og‘izlari ochiq yuraveradilar va ramazonning har bir kuniga fitr sadaqasi miqdoricha fidya beradilar. Bular xohlasalar ramazonning boshida, xohlasalar oxirida fidya beraveradilar. Alloh taolo “Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya lozimdir” (Baqara,184-oyat) degan.
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Bu ro‘za tuta olmaydigan qari va qariyalar uchundir. Ular har bir kunlariga bitta miskinni taomlantiradilar”, deganlar. Buni Imom Buxoriy Ibn Abbosdan rivoyat qilgan. Ali va Ibn Umar roziyallohu anhulardan ham rivoyat qilingan. (“Al-Fiqhul hanafiyya”, 437-444-betlar).
Demak, yuqoridagi holatlardan xoli bo‘lgan kishilar ramazon oyini g‘animat bilib, uni ro‘zasini tutmoqqa bel bog‘lashlari lozim bo‘ladi. Chunki Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Ro‘za men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman” degan. Unutmaylikki, Alloh eng buyuk Zotdir. Buyuk Zotning mukofoti ham buyuk bo‘ladi. Shunday ekan, buyuk zotdan buyuk mukofotlarni olishga shoshilaylik.
“Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi D.ESONOV tayyorladi.
Quyosh botadi...
Gullar so‘ladi...
Bahorning oxiri kuz bilan tugaydi.
Sog‘liq xastalikka yuz tutadi.
Hayot o‘lim bilan nihoyalanadi.
Imperiyalar gullab-yashnaydi va zavol topadi.
Qit’alarni okean yutib yuboradi.
Yulduzlar koinot bag‘rida portlab, g‘oyib bo‘ladi.
Bizni o‘rab turgan bu hodisalar olami — aldamchi va makkor dunyodir. U yolg‘onlardek tuslanib, yo‘qlik va fano sari harakatlanadi... Go‘yoki suv ustiga chizilgan rasm yoki shamollar uchirib ketuvchi qumdagi naqsh kabidir.
Alloh esa bu olamdan emas... Balki U bu olamdan Mutaol (oliy va yuksak)dir... Allohning xastalanishi, qarishi yoki o‘lishi aslo mumkin emas. Uni boshqa narsalar kabi bir xomxayol yoki botil deb tasavvur qilish ham to‘g‘ri emas... U bularning barchasidan Yuksakdir.
Olam — botil (o‘tkinchi).
Alloh — Haq.
Olam — zavol topguvchi.
Alloh — Boqiy.
Olam — o‘zgaruvchan.
Alloh — Sobit (o‘zgarmas).
Olam — zamon va makon chegaralarining mahbusidir.
Alloh esa zamon va makondan Yuksakdir... U biror makonda joylashmaydi, zero Uning hajmi ham, makoniy xususiyatlari ham yo‘qdir. U haqda «tepada» yoki «pastda», «o‘ngda» yoki «chapda», «ichkarida» yoki «tashqarida» deb bo‘lmaydi.
Shu bois, U biror jismga kirmaydi, biror bo‘shliqni egallamaydi va biror surat yoki shaklda gavdalanmaydi.
U zamondan Yuksak bo‘lgani uchun ham Uning yoshi yo‘q, boshlanishi va nihoyasi yo‘q, Uning uchun o‘tmish, hozir va kelajak mavjud emas... Balki U — Mutlaq Hozirlikdir... Davomli lahza va abadiy davomiylikdir... G‘aybda ham, shohidlik olamida ham doimiy mavjuddir.
U haqda o‘syapti, rivojlanyapti, kattaryapti, kengayapti, kuchi ortyapti yoki mukammallashyapti deb bo‘lmaydi... Chunki U — azaldan va abadan Mukammaldir.
U zamon va makondan pok bo‘lgani uchun harakat qilmaydi va ko‘chmaydi... Balki U — mutlaq sukunatdadir... Samaddir... Uning atrofidagi barcha narsa esa iztirob va harakatdadir. «Samad» so‘zining ma’nosi ham mana shu — mutlaq sobit va barqaror demakdir. Shu sababli ham U — iztiroblar ummonidagi boshpana va omonlikdir. Kemalar o‘z langarlarini sokin dengiz tubiga tashlab, o‘z barqarorligini o‘sha tubning sobitligidan olgani kabi, qalb ham o‘z langarini Unga tashlaydi... U — huzuriga talpiniladigan, suyaniladigan Samaddir.
Biz — kishandamiz (zamon va makonda).
Alloh esa — mutlaqlikda (azal va abadda), Uning na boshlanishi, na oxiri va na chegarasi bor.
U — Latifdir, intihosiz lutf Sohibidir. Uning jismi, moddasi, massasi va vazni yo‘q. «Latif»ning ma’nosi ham shu — mutlaq maxfiylik (ko‘zga ko‘rinmaslik).
«Latif» — Uni cheklab yoki to‘sib qo‘yadigan hech qanday jism, vazn va zichlikka ega bo‘lmagan Zotdir... Shu bois U har bir narsaning ichiga kirib boradi, har bir narsa bilan har lahzada komil suratda, yashirin va sirli ravishda birga bo‘ladi: «Ko‘zlar Uni idrok etolmas, U esa ko‘zlarni idrok etar». U qayerda bo‘lsak ham biz bilan birgadir, bizga nihoyatda yaqindir, ammo biz Uni ko‘rmaymiz...
Xuddi inson o‘z ko‘zining qorachig‘ini (vositasiz) ko‘ra olmagani kabi. U bizga shoh tomirimizdan ham (vujudimizdagi qondan ham) yaqinroqdir.
Va U — Vohid (Yagona)dir.
Sizga foyda beruvchi ham Udir.
Sizga zarar beruvchi ham Udir.
Chayonga zaharni joylagan ham Udir.
Gulga iforni baxsh etgan ham ayni Uning O‘zidir.
Bu ishlarning barchasini qiluvchi Zot — birgina asil Bajaruvchidir.
U — Vohiddir...
U — Ahaddir...
«Ahad» va «Vohid» ma’no jihatidan farq qiladi.
«Vohid» deganda, ish-harakatlar ko‘p va turli-tuman bo‘lsa-da, ularni Bajaruvchi bitta ekanini tushunamiz... Uni bajaruvchisi doimo bittadir.
«Ahadlik» esa ana shu Yagona Zotning sifatidir.
U — Ahaddir.
Ya’ni, U bo‘linmaydi, parchalanmaydi, Uning bo‘lagi, qismi, ziddi yoki tengdoshi bo‘lishi aslo mumkin emas... Unda ko‘plik, qarama-qarshilik yoki ko‘payish sodir bo‘lmaydi.
U parchalanib ketmaydi, tarkib topmaydi, sochilib ketmaydi, birlashmaydi, qo‘shilmaydi va ajralmaydi.
U O‘z zotida Ahaddir, ya’ni O‘z-O‘ziga qarshi chiqmaydi, qarama-qarshilikka uchramaydi, ziddiyatga kirishmaydi... Balki Unda qarama-qarshiliklar (Jabbor va Rahim, Muiz va Muzill, Nofi’ va Zorr) mutlaq birlikda uchrashadiki, u yerda hech qanday ziddiyat, qarama-qarshilik va urush yo‘qdir... Mana shu bois Uning ismi Salomdir va mutlaq sokin, ichida qarama-qarshiliklar bo‘lsa-da, hech qanday iztirob bo‘lmagan, ichki urushlardan xoli bo‘lgan Samaddir...
Zero, U — Salomdir.
Va U — Hayy (Tirik)dir.
Ya’ni, Unga hayot baxsh etuvchi biror yaratuvchiga ehtiyoj sezmasdan, O‘z-O‘zidan Tirikdir. U boshqaga qaram bo‘lmagan mutlaq hayot Sohibidir. Bizning noqis hayotimiz esa, aksincha, faqatgina Uning madadi bilangina mavjuddir.
U — Qayyumdir, har bir narsani tirik tutib turuvchi va yo‘qlikka hayot baxsh etuvchi Zotdir.
Har bir narsa Alloh bilan mavjuddir.
Falaklaridagi yulduzlarni Allohning qonunlari tutib turadi, demak ular U bilan qoimdir. Daraxtlar o‘z qaddini Uning va U bergan nur, quyosh, suv hamda tuproq madadi bilan yuksaltiradi.
Biz ham har kuni U bilan va Uning madadi bilan oyoqqa turamiz.
Biz U bilan ko‘ramiz va U bilan eshitamiz... Bizga ato etgan qobiliyatlari orqali... Butun koinot o‘z mavjudligida Allohning Qayyumligiga qarzdordir... Zero, U har bir narsaning Qayyumidir...
Qiyomat kuni bizni o‘limdan qayta tiriltiruvchi ham Udir.
U bu dunyoda zarradan tortib to falaklargacha har bir narsani O‘z g‘amxo‘rligi bilan tutib turuvchidir, shuning uchun ham U — Qayyumdir.
U — Samiy’ (Eshituvchi)dir, hech qanday ruxsatsiz va vositalarsiz mutlaq eshituvchidir... U O‘z zoti ila Samiy’dir.
U — Basiyr (Ko‘ruvchi)dir, ko‘zsiz va ko‘ruv a’zolarisiz ko‘ruvchidir... U O‘z zoti ila Basiyrdir.
U — Mutakallim (So‘zlaguvchi)dir, harflarsiz, so‘zlarsiz, til va lablarsiz so‘zlaguvchidir... U O‘z zoti ila Mutakallimdir, bizga ma’nolarni yetkazadi va biz ularni O‘zi xohlagan tilda eshitamiz.
U — Avvaldir, zamon va olam yaratilishidan oldin, hech vaqo yo‘qligida ham mavjud bo‘lgan Zotdir.
U — Oxirdir, zamon tugab, olam barham topganidan va har bir narsa Unga qaytganidan keyin ham mavjud bo‘lguvchidir... Borliq foniy bo‘lgandan keyin ham U — Boqiydir... Undan oldin ham, Undan keyin ham hech narsa yo‘qdir...
U — af’ollari (ishlari) bilan Zohir (ayon)dir.
Zoti bilan esa Botin (yashirin)dir.
U O‘zi uchun emas, biz uchun o‘ch olguvchi — Muntaqimdir.
U zolimlarga nisbatan Jabbor, takabburlarni xor qilguvchi Muzill, mutakabbirlarga qarshi Mutakabbir, makr qiluvchilarga nisbatan Makr qilguvchidir. Kimning sifatlari mana shunday bo‘lsa, demak, kibriyo va buyuklik faqat Ungagina loyiqdir.
Kibriyolik faqat Uning haqqidir.
Osmonlaru yerdagi kibriyolik Unikidir.
Alloh taolo hadisi qudsiyda aytadi:
«Kibriyolik Mening ridomdir, buyuklik esa Meningizorimdir. Kim Mening bu ikki sifatimda Men bilan talashsa, Uni yakson qilaman».
Agar buyuklikning barcha sabablari Unda mukammal bo‘lsa, demak, U haqiqiy Azim (Buyuk) Zotdir.
Shunday bo‘lsa-da, U O‘z suyukli bandalariga doimo O‘zini sevdiruvchi, ularga O‘z muhabbati, karami, ne’matlari va mehrini yog‘diruvchidir, zero U — Hannon, Mannondir.
Uning azobi ham O‘z rahmati chashmasidandir... U — uyg‘otish, ogohlantirish va dars berish uchun azoblovchi Rahmondir... Va U — xohlagan paytida O‘z xolis rahmatini in’om etuvchi Rahimdir... Uning rahmati doimo g‘azabidan ustundir... U payg‘ambarlar, ogohlantiruvchilar, kitoblar yuboradi va har bir nazar soluvchi uchun osmonlaru yerda O‘z oyat-belgilarini ravshan namoyish etadi... Shundan keyingina hisob-kitob, ya’ni Jazo kuni — g‘azabga loyiq bo‘lganlarga g‘azab qilinadigan kun bo‘ladi... Zora, U — muhlat beruvchi, imkoniyat in’om etuvchi va ajalni uzaytiruvchi Saburdir... Va U — O‘ziga qaytgan, tavba qilgan har bir bandani kechiruvchi Tavvob, G‘affordir.
U — Vosi’ (Keng) Zotdir.
Ilmi keng.
Mag‘firati keng.
Rahmati keng.
U har bir narsada Cheksizlik va Mutlaqlikdir.
Farishtalar Unga shunday deydilar:
«Parvardigoro, O‘zing rahmat va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas, tavba qilgan va Sening yo‘lingga ergashganlarni mag‘firat ayla» (G‘ofir surasi, 7-oyat).
Farishtalar faqat Uning vahyi, amri va kalomi bilangina gapiradilar... Zero, U — rahmat va mehr chashmasi, mag‘firat va tavbaga ilhom beruvchi Zotdir.
U Pokdir, Zul-jaloli val-ikrom (Ulug‘vorlik va karam Sohibi)dir.
Harflar va so‘zlar ojiz qoladi, jumlalar Uning Oliy maqomiga yetishdan uziladi — U shunday bir Maqomdaki, u yerda «qayerda» degan tushuncha yo‘qdir.
Shunday bir «huzur»daki, u yerda «huzurida» degan makon yo‘qdir.
U yerda aqllar hayratdan lol qoladi.
Tillar sokov bo‘ladi.
Qalamlar quriydi.
Va sahifalar ko‘tariladi.
Doktor Mustafo Mahmud - «Islomda Alloh» maqolasidan.