Oylarning sultoni muborak Ramazon oyining g‘animat kunlari o‘tib bormoqda. Mana bugun Ramazon oyining 10 kunidir. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam ramazonni 30 kunini uchga bo‘lib, birinchi o‘n kunligini Alloh taoloning bandalariga rahmat, barakotlar yog‘diradigan kun ekanini ta’kidlaganlar. Shunga ko‘ra, rahmat o‘n kunligidan bahra ololdikmikan? Boshlarimiz uzra Alloh taoloning rahmati yog‘ildimikan? Ro‘za tutib, bilib-bilmay yana xatolarga qo‘l urib qo‘ymadikmikan? Arzimas tuyulgan dunyo ishlari bilan ovora bo‘lib, sabrimiz yetmay ota-onalarimiz, yaqinlarimiz yoki korxonada birga xizmat qilayotganlarni ko‘ngillarini og‘ritib qo‘ymadikmikan? Aslida ro‘zaning hikmatlaridan asosiysi bo‘lgan jismimizni ochlik va tashnalikdan sabrga yo‘llash, ruhimizni poklash ekanini biroz unutib qo‘ymadikmikan?
Ma’lumki, ishlovchi ishchi-xizmatchilar va o‘quvchi talabalar bir yilda bir marotaba ta’tilga chiqib, dam oladilar. Ruhan-jisman tetiklashib yana ishga, o‘qishga qaytadilar. Badanimizning ta’tili esa mana shu Ramazon ro‘zasidir. Hamma ham bir yillik ta’tilini risoladagidek o‘tkazsa, yana ishga qaytganida kelgusi yilgacha shu kayfiyatda o‘tishiga turtki bo‘ladi. O‘z sog‘ligimizga e’tiborli bo‘lib, sog‘-salomat bo‘lsak, ish unumdorligi o‘ylaganimizdan ham ko‘ra yaxshiroq bo‘ladi.
Biz ham Alloh taoloning biz bilgan-bilmagan fazlu marhamati bilan mo‘min-musulmonlarga farz bo‘lgan Ramazon ro‘zasi - badanlarimiz ta’tilini xush kayfiyatda o‘tkazaylik. Inson ichki a’zolari to‘xtovsiz bizlar uchun tinim bilmay xizmat qilib turadi. Ular ham shu muborak Ramazon oyida ta’tilga chiqadilar. Bo‘ynimizda jismlarimizning haqqi bor, ular ham dam olish huquqiga ega. Ular ham ortiqcha yeb-ichishdan, ortiqcha uxlashdan holi bo‘lsinlar. Ochlikda ruhiyat tetiklashadi, deyiladi. Majburiy ochlik bilan farz qilingan ro‘zadan ibrat olib, ochlar va muhtojlar holini bir bora tafakkur qilaylik.
Tinch va osuda mamlakatimizda ibodatlarni erkin-emin qilib, xotirjamlikda o‘tayotgan har bir kunimizni g‘animat bilaylik. Dunyoning qaysi bir burchagida ro‘za tutish uchun yeguliklari yo‘q yoki bo‘lmasa behuda bo‘layotgan janjal-urushlar tufayli o‘z halovatini yo‘qotib ro‘za tuta olmayotganlar holidan ibratlanaylik. Alloh taologa shukrona aytib, ixlosu e’tiqod bilan ikkinchi boshlangan mag‘firat o‘n kunligi qadriga yetaylik.
Parvardigor gunohlarimizni mag‘firat qilsin, bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni oylar sultoni bo‘lgan Ramazon sharif sababli kechirsin. Masjidlarda bo‘layotgan xatmi Qur’onlar, istig‘for va duoyi xayrlar sharofati bilan yurtimiz tinchligi bardavom bo‘lsin. Oilalarimizda fayzu barakotlar yog‘ilishiga bu yilgi Ramazon avvalgi yillardagidan ham muborakli iz qoldirsin.
Insonni bir yillik hisoboti qilinadigan va yana bir yillik taqdirlari yangilanib yoziladigan bu oy har birimizning nomai a’mollarimizga yaxshiliklar bo‘lib yozilsin. Alloh taolo Ramazonning birinchi o‘n kunligida qilishga ulgura olmagan yaxshi amallarimizni qolgan g‘animat kunlarida ko‘proq qilishga imkoniyatlar bersin. Duolarimiz ijobat bo‘lsin.
O‘MI Xodimlar bo‘limi
mutaxassisi Zarifa Mahkam qizi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Otam (Alloh rahmatiga olsin) mehnat faoliyatini 1960-yillarning boshlarida Nigeriyadagi Saudiya Arabistoni elchixonasida boshlagan edilar.
Elchixonada Zayd ismli yana bir xodim ishlardi. Negadir ular bir-birlari bilan unchalik chiqisha olishmasdi.
Bir kuni Zayd aka betob bo‘lib qoldi. Shunda otam, oralaridagi sovuq munosabatga qaramay, uni ziyorat qilishga bordilar. O‘sha davr odamlari his-tuyg‘ularidan ko‘ra burch va odobni ustun qo‘yar edilar.
Zayd aka yotoqda yotardi. Otam esa indamay o‘rnidan turib, uning oyoqlari ostiga shippagini qo‘yib berdilar.
Bu juda oddiy ko‘ringan harakat edi.
Ammo aynan shu kichik e’tibor ularning munosabatini butunlay o‘zgartirib yubordi.
O‘sha ziyorat keyinchalik qariyb 60 yil davom etgan mustahkam do‘stlikning boshlanishiga aylandi.
Zayd aka aslida olijanob fe’l-atvorli inson edi. Chinakam xarakterga ega odam eng kichik ezgulikni ham unutmaydi va uni qadrlaydi.
Otam bilan Zayd aka o‘rtasidagi do‘stlik yillar soni bilan emas, balki birgalikda boshdan kechirgan sinovlar va vaziyatlar bilan o‘lchanardi.
Har bir sinov ularning do‘stligini yanada mustahkamlab borardi.
Qiyin damlarda Zayd aka otamni qo‘llab-quvvatladi, otam ham kerak bo‘lganida Zayd akaga suyanch bo‘ldi.
Ularning fe’l-atvori, turmush tarzi va qarashlari turlicha edi. Ammo ularni umumiy qadriyatlar, o‘zaro hurmat va birgalikda bosib o‘tilgan hayot yo‘li birlashtirib turardi.
Donolar aytishadi: insonlar o‘rtasidagi munosabatlar asosan uch turga bo‘linadi:
Eng katta xatolardan biri – ana shu do‘stliklarning chegarasini adashtirishdir.
Masalan, ba’zi insonlar bilan faqat birga vaqt o‘tkazamiz, suhbatlashamiz, sayr qilamiz va h.k. Bu yillar davom etishi ham mumkin.
Lekin hayot sinovi kelmaguncha, bu munosabatning qanchalik mustahkam ekanini bilib bo‘lmaydi.
Ko‘p marta shunday bo‘ladiki, biz yillar davomida yaqin deb bilgan odamimiz eng kerakli paytda yonimizda bo‘lmaydi.
Aksincha, ayrim insonlar og‘ir kunlarda sadoqatini isbotlaydi.
Shuning uchun ham eng mustahkam do‘stlik – bu quvonchni ham, manfaatni ham, sinovni ham birgalikda yengib o‘ta oladigan do‘stlikdir.
Hayotda tamoyillaringizni baham ko‘radigan, og‘ir damlarda sizni yolg‘iz qoldirmaydigan bunday do‘stlar juda kam uchraydi.
Agar Alloh sizga shunday bir yoki ikki do‘stni nasib qilgan bo‘lsa, bu eng buyuk ne’matlardan biridir.
Otam bilan Zayd aka umrlarining katta qismini bir mamlakatda yashamaganlar.
Otam Jidda shahrida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi. Zayd aka esa Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligida faoliyatini davom ettirib, turli mamlakatlardagi elchixonalarda xizmat qildi.
Ular faqat bayramlarda yoki qisqa muddatlarga uchrashishardi. Shunga qaramay, masofa ularning do‘stligini zaiflashtirmadi. Aksincha, yillar o‘tgan sari bu rishta yanada mustahkamlanib bordi. Go‘yo ular har kuni uchrashib turganday edi.
Nega?
Chunki ularning do‘stligi manfaatga emas, samimiyat va sadoqatga qurilgan edi.
Ayrim insonlar oltinga o‘xshaydi. Ular sinovlarga duch kelgan sari yanada poklanadi, yanada porlaydi.
Boshqalari esa qalayga o‘xshaydi. Hayot olovi tegishi bilan erib, asl qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Chinakam insonning qadri aynan qiyin kunlarda bilinadi.
Davron NURMUHAMMAD