Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Ro‘za ibodati – bandalar uchun Allohning rahmatidir

07.06.2017   74319   4 min.
Ro‘za ibodati – bandalar uchun Allohning rahmatidir

Agar Alloh bu ummatni azoblashni hohlaganida edi. Ularga Ramazon oyi va Ixlos surasini ato qilmas edi.”( Hazrati Ali r.a)

Ramazon mehru-muruvvat, xayr-u saxovat oyi. Ramazon qalb, ruh va jasadimiz poklanadigan oy. Ramazon oyi duolarimiz ijobat bo‘ladigan, qadr kechasi, taroveh namozlariyu xatmi Qur’onlar barakasi, ro‘zadorni iftorlantirishning savobidan bahramand bo‘ladigan, xayrli amallarimiz uchun savoblar, ajrlar ko‘paytirib beriladigan, fazilatli, barokatli oy. Zero, Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi va sallam) “Agar ummatim Ramazon oyida ular uchun qancha fazilatlar borligini bilganlarida edi, yilning hammasini Ramazon bo‘lishini hoxlar edilar”, - deganlar. Ramazon oyida avvalo qalbni poklash, agar bir-biri bilan xusumatlashgan bo‘lsa, gina va xusumatlarni unutib bir-biri bilan yarashish, qo‘ni-qo‘shni mahallada,   qarindoshlar orasida yordamga muxtojlarga muruvvat ko‘rsatish, yordam qo‘lini uzatish, qarindoshlarga siylai rahm qilish, bemorlarni ziyorat qilish, yetimlar boshini silash, yolg‘iz keksalar, nogironlar holidan xabar olish, savobli ishlarga shoshilishligu, barcha gunoh ishlardan o‘zini tiyish, birovning diliga ozor yetkazib qo‘yishdan, birovning haqqiga tajovvuz qilishdan saqlanishlikka bu ishlarni amlga oshirishlik bilan bo‘ladi. Bir oylik ertayu-kech qilinayotgan anna shunday qizg‘in ibodatlarga mukofoto‘laroq gunohlarimiz mag‘firat qilinadi, aybu nuqsonlarimiz kechiriladi. Shuning uchun bu oyning avali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, nihoyasi do‘zaxdan najotdir.

Ramazon oyi poklanish oyi ekan, avvalo qalbimizni poklaylik. Agar qalbimiz pok bo‘lsa, boshqa a’zolarning gunoh qilishiga imkon bermaydi. Chunki, qalbi pokiza odamdan doimo yaxshilik umid qilinadi. Ramazon oyi yil ichidagi eng afzal oy hisoblanadi. Uning fazli haqida ko‘plab hadisi shariflar ulug‘ ulamolarimizning so‘zlari, madhlari, she’rlar aytilgan, kitoblar bitilgan. Lekin bu haqidagi ta’riflarning gultoji Robbil Olamiynning O‘z kalomida aytgan madhidir. Bu madh turli oyatlarda kelgan. Ushbu oyatdagi ta’rif Ramazoni sharifning eng ulkan fazilatlari haqidadir. Ya’ni: Baqara surasining 185-oyatida: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushurilgandir. Sizdankim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kim bemor yoki safarda bo‘lsa, bas, sanog‘i boshqa kunlardan. Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinlikni xohlamas. Sanog‘ini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsalaringiz”.

Hazrati Mavlono Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh aytadilar: “Ro‘za Alloh taolo bilan banda o‘rtasidagi bir maxfiy ahdlashuvdir. Alloh taolo hadisi qudsiyda: “Ro‘za men uchundir. Uning mukofotini O‘zim beraman” deydi. Chunonchi, boshqa har turli ibodatning savobini farishtalar yozadilar. Magar, ro‘za borasida farishtalar “Bu banda ro‘za tutdi” deb yozadilar, xolos. Unga beriladigan savob va mukofotni qiyomat kuni Alloh taoloning O‘zi beradi.

Bunda bir nozik jihat bor, uni yaxshilab tushunib olaylik, har bir beruvchi o‘zining darajasiga ko‘ra beradi. Faraz qilaylik, biror tilanchi kelib mendan so‘rasa, men o‘zimning holatimga muvofiq, unga bir so‘m berib yuboraman. Agar ayni shu tilanchi biror mulkdor odamdan so‘rasa, u bir so‘m berishga uyaladi. Ehtimol, u unga ming so‘m berib yuborishi mumkin. Agar ayni shutilanchi biror mamlakatning podshohidan borib so‘rasa, u ming so‘m berishga uyaladi. U unga yuzming so‘m berib yuboradi, balki million so‘m berib yuborar. Undan kam bermaydi. Dunyoning buyuk shaxslari o‘zlarining darajasi va holatiga ko‘ra berganlarida, bu o‘rinda shuni anglab olish lozimki, Alloh taolo ham qiyomat kuni ro‘za ibodatiga savob berganda, O‘zining buyukligiga muvofiq beradi.

Alloh taolo barchamizni Ramazon savoblaridan bahramand aylasin. 

“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim

yurti mudarrisasi Husnigul Halimova

Ramazon
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   27699   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV