Mohi sharifni har bir musulmon chiroyli kutib olib, chiroyli kuzatishni orzu qiladi. Chunki ro‘za oyi yilda bir kelib ketadigan mehmon. Uyimizga mehmon kelsa, uni yaxshi kutib olib, ko‘ngildagidek kuzatish uchun bor bor-budimizni qo‘yamiz. Xuddi shuningdek, mohi ramazonni ham ixlos bilan kutib olib, unda qo‘limizdan kelganicha solih amallarni qilishga xarakat etmog‘imiz lozim. Har bir musulmon bu oyda o‘zining iymon va ixlosini charxlab, unga sayqal berib, e’tiqodu imoni nurini ziyoda qilib olishi zarur.
Ro‘za insonni halol poklikka da’vat etadi, uning qalbini g‘uborlardan tozalaydi. Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat) larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za farz qilindi” (Baqara surasining 183-oyati).
Salmoni Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Sha’bon oyining oxirgi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga xutba o‘qib shunday dedilar:
“Ey odamlar! Sizlarga eng ulug‘ va barokatli oy soya solib kelmoqda. U oyda bir kecha borki, u kecha ming oydan afzaldir. Alloh taolo u oyda ro‘za tutishni farz, kechasida namoz o‘qishni nafl qilgan. U oyda kimda kim biror bir nafl amal qilsa, boshqa oyda farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi, kimda kim bu oyda biror farz amalini ado etsa, boshqa oyda yetmishta farz amalini ado qilgan bilan teng bo‘ladi. U – sabr oyi. Sabrning mukofoti esa jannatdir. U – xayr ehson ulashadigan oy. U oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”.
Shunda biz: “Yo Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir xo‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorni qornini to‘yg‘azsa Alloh qiyomatda unga havzi kavsardan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi”, dedilar”.
Ramazoni sharif – toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat oyi. Illo, bu oyda gunohlar yuvilajak, tavba-tazarrular, chin ixlos va e’tiqod ila qilingan duolar mustajob bo‘lib, qalblar taskin topajak.
Ulug‘ oyda har bir qilingan amal uchun 70 tadan 700 tagacha savobga ega bo‘lish mumkinligi haqida hadisi shariflarda marhamat qilingan. Biroq ushbu oyda insonlarga yaxshilik qilib, xayru saxovat ko‘rsatib ulkan ajru savoblarga ega bo‘lish o‘rniga xalqimizga qiyinchilik tug‘dirayotganlar ham bor. Afsuski, Ramazon oyi kirib kelishi bilanoq oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tariladi. Sababini so‘rasangiz, uyalmay-netmay “ro‘za keldi-da” deyishadi. Aslida-chi, haqiqiy musulmon ramazon oyida o‘ta saxovatli bo‘lishi lozim.
G‘arb mamlakatlarini kuzatadigan bo‘lsak, ibratli bir holatga guvoh bo‘lamiz. Nasroniylar o‘zlarining “Rojdestvo”, “Pasxa” kabi bayramlari arafasida aksariyat savdo do‘konlarida aksiyalar e’lon qilib narxlarni 50 foizgacha arzonlashtiradi. Aslida bunday saxovatpeshalikda o‘zbek xalqi peshqadam bo‘lishi kerak emasmi!.
Ramazonda inson nafsini tarbiyalash maqsadida yemoq-ichmoqdan tiyiladi. Bizda esa, kimo‘zarga iftorliklar berishga intilishlar sezilib qoladi. Bu ham shar’an durust emas. Iftorlikni me’yorida qilib, ortgan mablag‘larimizni qarindoshlar orasidagi, mahallamizdagi muhtojlarga bersak ana o‘shanisi afzaldir.
N.XOLIQNAZAROV,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi
Tadbir avvalida Muzaffar Kamilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning xatmona munosabati bilan barcha bitiruvchilar hamda yoshlarga yo‘llagan alohida salomi va samimiy qutlovlarini yetkazdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda davlatimiz va xalqimiz xizmati, millat hamda din rivoji yo‘lida sidqidildan bel bog‘lagan yoshlarga e’tibor qaratish, ularning ilmiy hamda amaliy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Muzaffar Kamilov o‘z nutqida institut bitiruvchilarining ko‘rsatkichlari, ularning bir qancha yo‘nalishlarda ijoza va xalqaro til sertifikatlariga ega ekani hamda puxta ilmiy va tizimli yo‘nalish shakllantirganini alohida e’tirof etdi.
Diniy-ma’rifiy sohada uzviy va uzluksiz ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish – madrasalardan boshlab oliy institutlar, bakalavriat, magistratura va kelgusida doktorantura bosqichlarini qamrab olish yo‘lidagi sa’y-harakatlar ulkan natijalar berayotgani ta’kidlandi.
Toshkent islom instituti ko‘p yillar davomida davlat va jamoat tashkilotlarida, diniy sohaning eng mas’uliyatli va hassos yo‘nalishlarida xizmat qilayotgan yetuk kadrlarni yetishtirib bergan bo‘lsa, bugungi magistratura bosqichi sifat ko‘rsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqadi. Bitiruvchilar oldiga faqatgina respublika miqyosida emas, balki xalqaro maydonda ham Imom Buxoriy va Imom Termiziy kvali ulug‘ allomalar yurtining ilmiy salohiyatini namoyon etish vazifasi qo‘yildi.
Tadbirda magistraturani muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlar vakillarining ilmiy ishlari va erishgan natijalari alohida e’tirof etildi. Jamiyatda salohiyatli va malakali olimalarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, xotin-qizlarga diniy-ma’rifiy bilim va ta’limni yetkazish borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, bitiruvchilarning ilmiy izlanishlarini to‘xtatmasliklari uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida maqsadli doktorantura o‘rinlarini tashkil etish va keyingi bosqichlarda ularning ilmiy salohiyatini oshirishga ko‘maklashish rejalari bildirildi.
Muzaffar Kamilov ushbu bilim dargohida xizmat qilgan, el-yurt va din rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan marhum muftiylar hamda ulamolar – Eshon Boboxon hazratlari, Ziyovuddinxon qori, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Usmonxon Alimov va boshqa fidoiy ustozlarning xizmatlarini yodga olib, ularning haqlariga duolar qildi. Bugungi kunda ushbu ulug‘vor va mas’uliyatli yo‘lni munosib davom ettirayotgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati hamda ustozlarga kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilandi. Magistrlarga Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov davlatimiz rahbarining 20 million so‘mdan pul mukofoti sertifikatlarini tantanali ravishda topshirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zga chiqib quyidagi fikrlarni bildirdi:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 22 iyun kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda diniy ta’lim muassasalari salohiyatini yanada oshirish maqsadida Toshkent islom institutida 2024 yildan magistratura, 2025 yildan esa doktorantura bosqichlarida oliy malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surgan edi.
Mazkur tashabbus ijrosi doirasida Toshkent islom institutida “Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti)” hamda “Teologiya (Hadis ilmlari)” mutaxassisliklari bo‘yicha 1 va 2-bosqichlarda jami 20 nafar magistrant tahsil olmoqda.
2026 yil 11 iyun kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tarixida ilk bor magistrantlarning magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur muhim voqea mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqish, boy ilmiy-ma’naviy merosimizni chuqur o‘rganish hamda soha uchun yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir.
Toshkent islom instituti magistrlik dissertatsiyalari himoyasi mamlakatimiz diniy ta’lim tizimi rivojidagi muhim bosqich bo‘lib, mazkur jarayon kelgusida yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi”.
Institutning ilk 10 nafar magistranti o‘qish davomida ilmiy faoliyatda faol ishtirok etib, dissertatsiya mavzulari doirasida jami 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirdilar. Jumladan, 28 tasi ilmiy jurnallarda, 9 tasi ilmiy to‘plamlarda va 12 tasi respublika hamda xalqaro anjuman materiallarida chop etildi.
2-kurs magistrantlarining o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 90%dan yuqori bo‘ldi. Eng yuqori natijani 96+ ball bilan Ismoiljon Ibrohimov, keyingi o‘rinlarni esa 95+ ball bilan Muxlisa Narzullayeva va Muhammad A’lo Madrahimov egalladi.
Magistrantlarning 8 nafari arab tili bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. Jaloliddin Mamasoliyev, Nurmuhammad Shaydullayev va Ismoiljon Ibrohimov At-Tanal C1 darajasini, yana 5 nafar talaba CEFR va At-Tanal tizimida B2 darajasini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, talabalar mutaxassislik fanlari doirasida jami 53 ta “ijoza”"ga ega. Bu bo‘yicha Ismoiljon Ibrohimov mutloq yetakchi bo‘lib, uning shaxsiy ijozalari soni 18 tani tashkil etadi.
Gulchehra Siddiqova 2006 yilda o‘tkazilgan 16-Respublika qorilar musobaqasida murattab qoriyalar yo‘nalishi bo‘yicha ayol-qizlar o‘rtasida mutlaq 1-o‘rinni, 2009 yildagi 20-Respublika qorilar musobaqasida esa mujavvid qoriyalar yo‘nalishida 2-o‘rinni egallagan. Iqboljon Qambarov va Husniddin Hasanov Fiqh hamda Aqoid fan oyliklarida maqola yozish bo‘yicha sovrindor bo‘lishgan. Jaloliddin Mamasoliyev shariat standartlari bo‘yicha nufuzli CPSS malaka sertifikatiga ega.
Magistrantlar o‘quv rejasiga muvofiq 2026 yil 26 yanvardan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida, 24 fevraldan esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy amaliyot o‘tab, manbashunoslik va noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z nutqlarida Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichini ilk bitiruvchilar muvaffaqiyatli tamomlagani ulkan tarixiy voqea bo‘lgani, Yurtboshimizning tashabbusi bilan ulamolarimiz va mo‘min-musulmon xalqimizning ana shunday orzu-umidlari, ixlos bilan qilgan duolari ijobat bo‘lganini alohida ta’kidladilar.
Marosim davomida Muftiy hazratlari har bir bitiruvchini samimiy tabriklash barobarida magistrlik diplomlarini tantanali ravishda topshirdilar.
Shundan so‘ng Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida mehnat faoliyatini boshlayotgan magistrlarning oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama haq to‘lab berilishini e’lon qildilar.
Bunday rag‘bat va imtiyozlar diniy-ma’rifiy sohada yuqori malakali, zamonaviy bilimlarga ega ilmiy-pedagog kadrlar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zA