1-FATVO
«Farz» namozni farz deb o‘qiyotgan bo‘lsa-yu, so‘zining ma’nosini tushunmay yoki namozning farz ekanini bilmay o‘qib yurgan bo‘lsa, o‘qigan namozi durust hisoblanmaydi.
«Olamgiriya», «Qunya», «Qozixon».
Namozning farzlaridan biri – qibla, ya’ni Makkai mukarrama shahridagi Ka’ba (Baytulloh) tomonga yuzlanishdir. Makka aholisi uchun qibla – Ka’baning o‘ziga bevosita va bilvosita yuzlanish, deb ittifoq qilingan. Ammo Makkadan uzoqda yashovchi musulmonlar oldingi paytlarda qiblani yulduzlar va boshqa taxminlar asosida aniqlashgan va masjidlar qiblasini ham shunga ko‘ra belgilashgan. Masalan, bizning diyorimiz uchun Shayx Abu Mansur Moturidiyning (q.s.) qibla to‘g‘risida bergan fatvosi asos qilib olingan. U zot bunday degan ekanlar: «Yozning eng uzun kunida quyosh botgan joyni belgilab qo‘y! So‘ngra qishning eng qisqa kuni quyosh botgan joyni ham aniqlab, belgilab qo‘y! Shu ikki alomat o‘rtasidagi oraliqni uchga bo‘lib, o‘ng tomoningga ikki hissasini, chap tomoningga bir hissasini taqsimlab, o‘rtasiga yuzlansang, shu qibladir».
«Qozixon».
Izoh:
Hozirgi ilm-fan taraqqiy etgan davrda, falakiyot va jug‘rofiya ilmlari chuqur o‘rganilib kelinayotgan bizning asrimizda qadim zamondagi taxminiy ma’lumotlar bilan qanoatlanish ma’qul emasligini hisobga olib, hozirgi vaqtda qiblani faqat kompas va qiblani aniqlash asboblari yordamida topish tavsiya etiladi.
2-FATVO
Dushman, yirtqich, o‘g‘ri kabilardan xavfi bor odam xohlagan tomoniga yuzlanib namoz o‘qishi mumkin. Ammo kemada xavfsiz paytda faqat Ka’ba tomonga yuzlaniladi.
«Olamgiriya».
3-FATVO
Begona joyda qiblani aniqlayolmay turganida ikki kishi qibla bu yoqda deb guvohlik bersa, qaraladi: agar u ikkisi shu yerlik bo‘lsa, so‘zlariga amal qilish shart. Bordi-yu, ular shu yerlik bo‘lishmasa, so‘zlariga parvo qilmay, o‘zining ijtihodi (qasdi) bilan bir tomonni qibla deb e’tiqod qilgan holda, namozini o‘qiyveradi. Keyin qibla boshqa tarafda ekani ma’lum bo‘lsa ham, o‘qigan namozini qayta o‘qimaydi.
«Qozixon», «Olamgiriya», «Xulosa».
4-FATVO
Chuqur yerto‘la, baland tog‘ va qirlarda ham Ka’ba tomonga yuzlanib o‘qish joiz. Zero, Ka’baning qibla hisoblanmish hududi Yerning yettinchi qavatidan osmonning yettinchi qavatigachadir. Shuning uchun Ka’ba tomida o‘qilgan namoz ham karohiyat bilan joiz, deyilgan.
«Olamgiriya», «Muzmarot».
5-FATVO
Begona joydagi masjidga kirib, mehrobi bo‘lmagani uchun qiblani aniqlay olmasdan bir tomonni qibla deb qasd qilib o‘qigandan keyin qiblada adashgani ma’lum bo‘lsa, so‘ramagani uchun namozni qayta o‘qiydi. Adashmagan bo‘lsa, namozi durust.
«Olamgiriya», «Qozixon».
6-FATVO
Bir kishi sahroda qiblani bir tomonga qasd qilib namoz o‘qib turganida, boshqa odam kelib, qiblani qasd qilmay, shak bilan unga iqtido qilib namoz o‘qidi. Keyin qiblaga to‘g‘ri yuzlanganlari ma’lum bo‘lsa, ikkisining namozi ham durust. Ammo qibla xato chiqsa, imomning namozi durust, qasdsiz iqtido qilgan kishining namozi esa durust emasdir.
«Olamgiriya», «Xulosa».
7-FATVO
Qaysi namozni o‘qishga kirishayotganini dilida niyat bilan idrok etib turishi shart. Masalan, birov bexos «Qaysi namozni o‘qiyapsan», deb so‘rab qolsa, hech o‘ylanib o‘tirmasdan, to‘g‘ri javob bera olsa, qilgan niyati hisobga o‘tadi. Necha rakatligini ham niyat qilishi yaxshi, lekin shart emas. Farzdan boshqa namozlarda faqat namoz o‘qishni niyat qilishning o‘zi kifoyadir.
«Olamgiriya», «Sharhi Viqoya», «Qozixon».
8-FATVO
Mabodo imom boshqa namozxonlarga imomlik qilishni emas, yakka namoz o‘qishni niyat etsa ham, unga ergashganlar namozi durust bo‘laveradi. Ayollarga imomlik qilganda esa, niyat shart.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».
9-FATVO
Imomga iqtido qilish uchun niyat qilinadi. Imom «Tahrima takbiri»ni aytmay turib, iqtidoni niyat qilsa ham joiz, deyilgan. Lekin iqtidoni imom «Allohu akbar» degandan so‘ng niyat qilishi afzaldir.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».
10-FATVO
Agar «Shu turgan Abdulloh ismli imomga iqtido qildim», deb niyat izhor etib, namoz o‘qigandan keyin imom Abdulloh emas, Nasrulloh ekani ma’lum bo‘lib qolsa, zarari yo‘q.
«Olamgiriya», «Tabyin».
12-FATVO
Namoz boshlanganda kelgan namozxon imomning farz yoki taroveh o‘qiyotganini bilmagani uchun «Agar xufton namozi bo‘lsa, iqtido qildim, taroveh namozi bo‘lsa, iqtido qilmadim», desa, namozi durust hisoblanmaydi, garchi xufton o‘qilayotgan esada.
«Olamgiriya», «Xulosa».
13-FATVO
Abu Hanifa (r.h.) so‘ziga ko‘ra, asr namozining qazosini peshin namozining qazosi, deb niyat qilish durust emas. Shuningdek, zimmamdagi to‘rt rakat qazosini o‘qiyman, deb niyat qilishi ham durust emas. Yana bir kecha-kunduz ichida bir vaqt namozni o‘qiyolmagan bo‘lsa, uning aniq qaysi namoz ekanini tayin qilib, keyin qazosini o‘qishi kerak. Agar eslay olmasa, besh vaqt namozning hammasini qaytadan o‘qishi lozim.
«Qozixon», «al-Muntaqo».
14-FATVO
Namozni boshida farz deb boshlab, keyin namoz davomida nafl o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa yoki boshida nafl deb niyat qilib, namoz davomida farz o‘qiyapman, degan niyat bilan o‘qib tamomlasa, namoz boshidagi niyati e’tiborga olinadi.
«Qozixon».
15-FATVO
Peshin vaqti chiqqanidan bexabar peshin namozini niyat qilib o‘qisa, namozi durustdir. Zero, vaqt chiqishi bilan peshin namozining qazosi zimmasiga tushadi. Qazo namozni ado (o‘z vaqtida o‘qilayotgan) namoz niyati bilan o‘qish ham joizdir.
«Qozixon».
16-FATVO
Agar namozxon imomga iqtido qilgan bo‘lsa, «Tahrima takbiri»ni imomdan oldin aytib qo‘ysa, namozi to‘g‘ri emas. Iqtido qilmagan bo‘lsa, namozni yakka o‘quvchi sifatida boshlagan sanaladi.
«Olamgiriya», «Muhit».
17-FATVO
Namoz qiyomida uzrsiz bir oyoqda turib o‘qish makruhdir. Agar uzri bo‘lsa, zarari yo‘q.
«Olamgiriya», «Javhara», «Sirojiya».
18-FATVO
Namozda avrat hisoblanadigan a’zolarni o‘zgalardan berkitish farz. Ammo namozxon o‘zidan berkitishi shart emas. Masalan, lozimsiz uzun kuylak kiyib o‘qiyotgan kishi engashib, ruku qilganida yoqadan avratiga ko‘zi tushsa, namozi buzilmaydi.
«Olamgiriya».
19-FATVO
Farz namozlarini zaruratsiz buzish joiz emas. Zarurat deganda, biror kishi suvga g‘arq bo‘layotgan, yirtqich hayvon hamla qilayotgan, yordam so‘rab chaqirayotgan kabi holatlar nazarda tutilgan. Nafl namozlarda namozda ekanini bilmagan odam chaqirsagina namozni buzib javob qilinadi. Namoz o‘qiyotganini bilib turib, ota-onasidan biri chaqirsa ham, javob bermasligi mumkin.
«Al-Fathur-Rahmoniy».
20-FATVO
Namozda avrati ochilib ketsa, darhol yopib olsa, zarari yo‘q. Ammo bir rukn miqdorida ochiq qoldirsa, namozi buziladi.
«Olamgiriya».
21-FATVO
Erkak kishi ko‘ylak, lozim, salla bilan namoz o‘qishi mustahab hisoblanadi. Ammo faqat bir uzun kuylak bilan o‘qisa ham, makruh emas. Lekin bir lozimning o‘zi bilan o‘qishi makruhdir.
«Olamgiriya».
22-FATVO
Namoz uchun kiyim, badan, joynamoz pok bo‘lishi shart. Ularda bir dirham miqdoridan ortiq najosat bo‘lsa, namoz durust bo‘lmaydi. Kiyimida bir dirham miqdoridan ortiq g‘aliz najosat borligini ko‘rib qoldi. Lekin qachondan beri shunday ekanini bilmaydi. Shu kiyim bilan o‘qigan biror namozini qaytadan o‘qimaydi.
«Olamgiriya».
23-FATVO
Kiyimdagi najosat bilan joynamozdagi najosatni qo‘shganda dirham miqdoricha chiqadigan bo‘lsa, namozni buzmaydi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
24-FATVO
Agar kalish yoki unga o‘xshash oson yechiladigan oyoq kiyimini yechib, ustiga oyoqlarini qo‘yib namoz o‘qisa, zarari yo‘q. Bunda oyoq kiyimining osti pok yoki nopokligining daxli bo‘lmaydi.
«Olamgiriya».
25-FATVO
Qatnov yo‘li ustida, molxona, axlatxona, qassobxona (kushxona), g‘uslxona, hammom, qabriston kabi joylarda va Ka’ba tomida namoz o‘qish makruhdir. Yaylov, bo‘yra, gilam kabi narsalar ustida namoz o‘qishning zarari yo‘q.
«Olamgiriya», «Qozixon».
26-FATVO
To‘qqizta vaqt borki, o‘sha paytlarda qazo namozi, janoza, tilovat sajdasi joiz, lekin nafl namoz o‘qish joiz emas: bomdod namozining – farzidan oldin (sunnati bundan mustasno); farzdan keyin Quyosh chiqqunga qadar, asr namozidan keyin shomgacha; shom namozidan oldin, juma namozining (arabcha) xutbasi paytida; ikki hayit namozining (arabcha) xutbasi paytida; quyosh, oy tutilganda o‘qiladigan namoz xutbasi asnosida.
«Qozixon».
27-FATVO
Makruh vaqtlarda nafl namozini boshlab qo‘ygan odam namozni buzishi va keyin qazosini o‘qishi kerak.
«Qozixon».
28-FATVO
Ikki vaqt namozini qo‘shib bir vaqtda o‘qish, bizning hanafiy mazhabimizga ko‘ra, faqat ikki joyda joiz. Birinchisi – Arafa kuni Arafotda peshin bilan asr namozlari peshin paytida, ikkinchisi – Muzdalifada shom bilan xufton namozlari xufton vaqtida ketma-ket o‘qiladi. Ammo shofi’iy mazhabida safar, kasallik, yomg‘ir kabi uzrlar sababli mazkur namozlar jam qilib bir vaqtda o‘qilaveradi.
«Qozixon».
29-FATVO
Sajda qilish bobida peshonasi va burnida uzri bo‘lsa, yuzini yoki iyagini yerga tekkizib sajda qilishi joiz emas. Bunday odam o‘tirgan holda sajda niyatida boshi bilan imo-ishora qiladi.
«Olamgiriya», «Xizona».
30-FATVO
Namozda qilinadigan jahriy qiroatning eng pasti – o‘zidan boshqa kishiga eshittirib o‘qish, maxfiy o‘qishning eng pasti – o‘ziga eshittirib o‘qishdir. Mabodo harflarni tili bilan o‘z joyidan chiqarib to‘g‘ri o‘qisa-yu, o‘ziga eshittirmasa, qiroat qilgan hisoblanmaydi. Shunga ko‘ra, jonliq so‘yganda aytiladigan «basmala», taloq iboralari, qasamdagi istisno, savdolashuvdagi kelishuv so‘zlari ham loaqal gapiruvchining o‘ziga eshitilishi shart.
«Muxtasar», «Olamgiriya»,
«Muhit», «Sirojiya».
31-FATVO
Bomdod namozining birinchi rakatida qiroat miqdorini ikkinchi rakatidan uzun qilish sunnatdir. Imom Muhammad (r.h.) so‘ziga ko‘ra, barcha namozlarda ham birinchi rakatda Fotiha surasidan keyin uzun, ikkinchisida qisqaroq sura zam qilish maqbuldir. Fatvo ham shunga berilgan.
«Olamgiriya», «Zohidiy»,
«Tatarxoniya».
32-FATVO
Ikkinchi rakat zam surasining miqdori birinchi rakatda o‘qilgan zam suradan uch yoki undan ko‘p oyat ortiq bo‘lsa, makruh hisoblanadi. Agar farqi uch oyatdan kam bo‘lsa, makruh emas.
«Olamgiriya», «Xulosa».
33-FATVO
Farz namozlarining har ikki rakatida Fotiha surasi bilan birga butun bir surani o‘qish afzaldir. Agar birinchi rakatda suraning ayrim oyatlarini, ikkinchi rakatida boshqa oyatlarini o‘qisa, ba’zi ulamolar bu – makruh, desalar, boshqalari makruh emas, deyishgan.
«Olamgiriya».
34-FATVO
Bir rakatda bir necha surani o‘qib, ular orasidan bir yoki ko‘proq surani qoldirib o‘qisa, makruhdir. Ammo ikki rakatda o‘qiganida esa, o‘rtada bir necha sura qoldirsa, makruh emas, bir sura qoldirsa, makruhdir. Ba’zi ulamolar o‘rtada qoldirilgan bir sura uzun bo‘lsa, makruh emas, deyishgan. Shuningdek, o‘rtada ikki kichik sura qoldirilsa ham, makruh emas. Ba’zi ulamolar, o‘rtada sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emas, deganlar. Ammo sunnat va nafl namozlarda suralar orasida sura qoldirib o‘qish mutlaqo makruh emasdir.
«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».
35-FATVO
Namozda Qur’oni karimni xatm qilgan qori oxirgi rakatda Fotiha surasi bilan yana xohlagan joyidan oyatlarni o‘qib, tugatishi tavsiya etiladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
36-FATVO
Namozda «yetti qiroat»ning qaysi biri asosida o‘qisa ham joiz, lekin odamlarni taajjubga soladigan g‘arib, shozz qiroatlarni o‘qimagani ma’qul.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya».
37-FATVO
Namozxonning tili ba’zi harflarni o‘z maxrajidan chiqara olmaydigan bo‘lsa, o‘sha harflar uchramaydigan oyatlarni o‘qishi kerak bo‘ladi. Agar shunday oyatlar uchramasa, noiloj o‘qiyveradi. Lekin tili kelmaydigan harflar uchramaydigan oyatlar bo‘la turib, qiyin oyatlarni o‘qisa, namozi durust emas.
«Olamgiriya», «Qozixon».
38-FATVO
Namozda o‘qigan oyatlari orasidan biror harf yoki kalima (so‘z) tushib qolsa, qaraladi: agar bu bilan ma’no o‘zgarib ketadigan bo‘lsa, namoz buziladi. Ma’no o‘zgarmaydigan bo‘lsa, namoz buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
39-FATVO
O‘qigan oyatlari orasiga biror harf qo‘shib o‘qisa ham, qaraladi: agar bu bilan oyat ma’nosi o‘zgarib ketadigan bo‘lsa, namoz buziladi. O‘zgarmasa, buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».
40-FATVO
Agar oyatdagi bir kalima o‘rniga boshqa so‘zni o‘qib qo‘ysa, qaraladi: agar Qur’onda bor kalimalardan bo‘lib, ma’nosi ham qoldirilgan so‘z ma’nosiga yaqin bo‘lsa, namoz buzilmaydi. Masalan: «al-Hakim» o‘rniga «al-Alim» o‘qigani kabi. Bordi-yu, Qur’onda yo‘q kalimani o‘qib qo‘ysa, Abu Hanifa bilan Muhammad (r.h.) nazdida, agar ma’nosi qoldirilgan kalima ma’nosiga yaqin bo‘lsa, namoz buzilmaydi. Abu Yusuf (r.h.) nazdida esa, namoz buziladi. Masalan: «tavvobin» o‘rniga «tayyobin» o‘qigani kabi. Bordi-yu mazkur kalima Qur’onda ham yo‘q, ma’nosi ham yaqin kelmasa, bilittifoq, namoz buziladi. Ma’nosi e’tiqod jihatidan kufr sanaladigan so‘zlarga almashtirib o‘qib qo‘ysa ham, namoz buziladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
41-FATVO
Agar qiroatda farzand nisbatini begona ota nomiga berib o‘qib qo‘ysa va u nom Qur’onda yo‘q bo‘lsa, bilittifoq, namoz buziladi. Qur’onda kelgan nomlardan bo‘lsa, Imom Muhammad va barcha mashoyix ulamolar nazdida, buzilmaydi. Ammo Iso (a.s.) bundan mustasno. Masalan, qiroatda «Iso ibn Luqmon» deb o‘qib qo‘ysa, namoz buziladi. Lekin «Muso ibn Iso» deb o‘qib qo‘ysa, namoz buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy».
42-FATVO
Namozdagi qiroatda oyat kalimalaridagi harakat belgilarini (zer-zabarni) xato o‘qib qo‘ysa, namoz buzilmaydi.
«Olamgiriya».
Izoh:
Agar ma’no buziladigan bo‘lsa, namoz ham buziladi.
43-FATVO
Farz namozlarni jamoat bilan ado etish ta’kidlangan sunnatlar sirasiga kiradi. Uni uzrsiz tark etish gunoh hisoblanadi. Lekin bir necha uzr sanalgan ishlar borki, ular bois masjidga va jamoatga chiqmaslik joiz hisoblanadi. Masalan, bemor, oyoqlari shol bo‘lgan, keksalik sababli bedarmonlikka uchragan, ko‘zi ojiz kishilar jamoatga chiqmasdan, uylarida o‘qishlari mumkin. Shuningdek, yomg‘ir, yo‘lning loyligi, qattiq sovuq havo, qalin qorong‘ilik, tundagi shamol kabilar ham uzr hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Sirojul-vahhoj».
44-FATVO
Burhoniddin Marg‘inoniy (r.h.) so‘zlariga ko‘ra, «havoyi fikr va bid’at egalari» deb nomlanuvchi firqalarning ayrim ashaddiylariga iqtido qilib namoz o‘qish joiz emas. Masalan: ravofiz, jahmiy, qadariy, mushabbiha singari firqalarga. Qur’on – maxluq deb e’tiqod qiluvchilarga ergashilmaydi. Xulosa qilib aytish mumkinki, imomlikka o‘tuvchi firqa vakilining e’tiqodi kufrga sabab bo‘ladigan aqidadan xoli, lekin karohiyatli jihatga ega bo‘lsa-da, unga iqtido qilish joizdir. Masalan, Payg‘ambarimiz Muhammadning (s.a.v.) Makkadan Masjidi Aqsoga qilgan sayrlari (Isro)ni inkor etuvchi firqadan bo‘lsa, unga iqtido qilinmaydi. Zero, u (Isro) ma’nosi aniq oyat bilan sobitdir. Ammo Aqso masjididan osmonlarga qilgan sayrlari (Me’roj)ni inkor etadigan firqalardan bo‘lsa, unga iqtido qilish joiz. Zero, Me’roj haqidagi dalillar qat’iy emas.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Xulosa».
45-FATVO
Tahorat bobida uzrli kishilar bir-birlariga iqtido qilishlari joiz. Lekin uzrlari bir xil bo‘lishi shart. Masalan, doimiy ravishda yel chiqish kasaliga chalingan odam doimiy siydigi tomib turuvchi kishiga ergashishi joiz emas.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq»,
«Tabyin».
46-FATVO
A’robiy, ko‘zi ojiz, qul, valadi zino va fosiq kishilardan biri imomligida namoz o‘qilsa, unga iqtido qilish joiz, lekin karohiyati bor.
«Olamgiriya», «Xulosa».
Izoh:
Valadi zinoga iqtido qilish karohiyatining sababi – odamlar o‘rtasida shov-shuv gaplarning paydo bo‘lish xavfidir.
47-FATVO
Erkak kishining ayollarga imom bo‘lib namoz o‘qishining shartlari – ularga imomlikni niyat qilishi va xilvat joyda bo‘lmasligidir. Ammo ayollarning hammasi yoki ayrimlari imomga mahram bo‘lsa, xilvatda o‘qishlari ham joiz. Lekin faqat ayollar jamoatiga imom bo‘lib o‘qishning karohiyati bor. Juma va hayit namozlarida imomga ergashgan ayollarga imomlikni niyat qilmasa ham, joizdir. Ammo erkak kishining ayolga iqtido qilishi mutlaqo joiz emas.
«Olamgiriya», «Nihoya», «Xulosa», «Hidoya».
48-FATVO
Ayollardan biri imomlik qilgan holda, xoh farz, xoh boshqa namozlarni ado etishlari makruhdir. Janoza namozi bundan mustasno. Jamoat bilan namoz o‘qigan taqdirda ham, imomlikka o‘tgan ayol oldinga chiqib olmay, birinchi saf orasida turgani yaxshi, deyilgan. Aslida, ayollar yakka holda namoz o‘qiganlari afzaldir.
«Olamgiriya», «Xulosa».
49-FATVO
Namoz qiroatiga yarasha Qur’on suralaridan o‘rganib olish hammaga farzi ayn ekan, savodsiz kishi ham namozda o‘qilishi farz bo‘lgan miqdorda qiroatni to‘g‘ri o‘qishga kechayu kunduz harakat qilishi lozimdir. Agar harakat qilmasa, Allohning huzurida uzrli sanalmaydi. Toqati boricha harakat qilsa ham, to‘g‘ri talaffuz bilan o‘qiyolmasa, namozni o‘qiyveradi. Xato o‘qilgan qiroati uzrli hisoblanadi. Qiroati durust odam qiroati uzrli kishiga, qiroati uzrli odam soqovga, kiyimli odam kiyimsizga, masbuq masbuqqa, lohiq lohiqqa, yerdagi odam otliqqa iqtido qilishi joiz emas.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa».
50-FATVO
Imom bilan unga iqtido qiluvchi (muqtadiy) o‘rtasida yupqa devor bo‘lsa, yoki qalin bo‘lsa ham ovoz o‘tkazadigan teshikchalar qo‘yilgan bo‘lsa, ular orqali imomning engashayotgan, turayotgan harakatlari ko‘rinib tursa, yoki takbirlari eshitilib tursa, namozi joizdir.
«Olamgiriya», «Muhit».
Izoh:
Shunga ko‘ra, hozirda masjid hududida, lekin imomdan olisda, alohida xonalarda, safdan ajralgan holda imomga iqtido qilib namoz o‘qishlar ovoz kuchaytirgichlar orqali imomning holati bilinib turgani uchun joizdir.
51-FATVO
Hovlisi masjidga qo‘shni bo‘lgan odam o‘z uyida turib, masjid imomiga iqtido qilishining sharti – o‘rtada qatnov yo‘lining bo‘lmasligi yoki bo‘lsa ham, yo‘l uzra saf tortilib, uni to‘ldirib turgan bo‘lishidir.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya».
52-FATVO
Imomga iqtido qiluvchi bir erkak yoki namozni tushunadigan yoshga yetgan norasida (sag‘ir) bo‘lsa, imomning o‘ng yonida turib namoz o‘qiydi. Agar chap tomonida turib o‘qisa, namozi joiz bo‘lsa-da, yomon ish qilgan hisoblanadi. Yakka odam imom ortida turib iqtido qilsa ham, namozi durustdir.
Lekin karohiyati bo‘lish-bo‘lmasligida ulamolar ikki xil xulosaga kelishgan.
«Olamgiriya», «Muhit», «Badoye».
53-FATVO
Iqtido qiluvchi ikki erkak bo‘lsa, imomning ortida turishlari lozim. Bordi-yu, imomning ikki yonida turib o‘qishsa ham, namozlari joizdir.
«Olamgiriya».
54-FATVO
Agar turli jins va yoshdagi namozxonlar bir jamoatda bo‘lib qolsalar, imom orqasidagi saflarga katta yoshdagi erkaklar, ularning ortidagi saflarga norasida o‘g‘il bolalar, ularning ortidagi safga xunasalar turib, ular ortidan ayollar, ular ortidan norasida qizlar saf tortadilar.
«Olamgiriya», «Sharhi Tahoviy».
55-FATVO
Ayollarning masjidga qatnab, erkaklar jamoatiga qo‘shilib namoz o‘qishlari makruhdir. Keksa yoshdagi ayollarning bomdod, shom, xufton namozlariga kelishlari bundan mustasno. Lekin «Kofiy» kitobida «Buzg‘unchilik sababli bugungi kunda ayollarning barcha namozlarga kelishi makruh, deb fatvo berildi», deyilgan.
«Olamgiriya», «Kofiy», «Tabyin».
56-FATVO
Erkaklar safiga kirib namoz o‘qigan bir nafar ayol uch erkak kishining: o‘ng, chap va orqa tomonidagi namozxonlarning namozi buzilishiga sabab bo‘ladi. Boshqalarning namozi buzilmaydi. Ikki nafar ayol to‘rt kishi: o‘ng, chap va orqadagi ikki kishining namozini buzadi. Uch nafar ayol bo‘lsa, ularning ikki yonidagi ikki kishi hamda ayollarning ortidagi uch kishi bilan yana saflar oxirigacha har safdan uch kishining namozi buziladi.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Tatarxoniya».
57-FATVO
Iqtido qilgan odam «Attahiyyot»dan keyingi salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasidan, imom salom berib yuborsa, u ham salom berib namozdan chiqadi. Ruku va sajdadagi tasbehlarni uch marta aytmasidan, imom boshini ko‘tarsa, muqtadiy ham unga tobe bo‘lib boshini ko‘taradi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
58-FATVO
Imomdan oldin rukudan yoki sajdadan boshini ko‘tarib yuborgan odam darhol ruku va sajda holatiga qaytishi lozim. Bu bilan ruku yoki sajdani ikki bor qilgan bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
59-FATVO
Namozda shunday beshta amal borki, ularni imom bajarmasa, muqtadiy ham bajarmaydi: ikki hayit namozidagi qo‘shimcha takbirlar, uch, to‘rt rakatli namozlardagi birinchi qa’da (o‘tirib «Attahiyyot» o‘qish), tilovat sajdasi, sahv sajdasi, «Qunut duosi». Yana amal borki, uni imom bajarsa ham, muqtadiy bajarmaydi – biror sajdani ortiqcha qilsa, hayit namozidagi takbirlar soniga qo‘shsa, janoza namozida 5-takbirni aytsa, beshinchi rakatga sahvan turib ketsa. Agar imom esiga tushib, 5-rakatga sajda qilmay turib, qaytib salom bersa, muqtadiy ham birga salom beradi. Bordi-yu, imom sajda qilsa, muqtadiy unga qo‘shilmaydi, balki salom beradi. Imom beshinchi rakat sajdasini qilmasidan, muqtadiy salom berib qo‘ysa, har ikkisining ham namozi buziladi.
«Olamgiriya», «Vajizi Kardariy», «Xulosa».
60-FATVO
Namozga kech kelib qo‘shilgan kishi (masbuq), agar imom tovush chiqarib (jahriy) qiroat qilayotgan bo‘lsa, «Tahrima takbiri»ni aytib, iqtido qiladi. Lekin «sano» o‘qimaydi. Namoz oxirida qolgan qismini o‘qish oldidan «sano» bilan «A’uzu»ni o‘qib, qiroat qiladi. Imom tovushsiz qiroat qilayotganda ergashgan odam «sano» o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Vajiz», «Zahiriya», «Qozixon».
61-FATVO
Masbuq imom salom berishi bilanoq qolgan qismini o‘qish uchun turmay, imom boshqa sunnat yoki nafl namozga turishini yoki mehrobdan yuz o‘girishini kutib turadi. Zero, imom sahv sajdasi qilib qolishi ham ehtimol.
«Olamgiriya», «Bahrur-roiq».
62-FATVO
Imom oxirgi qa’da (o‘tirish)da «Attahiyyot»dan keyingi salavot va duolarni o‘qiyotganida, masbuq faqat «Tashahhud»ni o‘qiydi. Vaqti ortib qolsa, «Tashahhud»ni takroran o‘qiydi, ya’ni «Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh»ni qayta-qayta o‘qib turadi. Masbuq «Attahiyyot»ni bir marta sekin-asta, cho‘zib o‘qib, imom bilan birga tugatishga harakat qiladi, degan ulamolar ham bor.
«Olamgiriya», «Vajiz», «Qozixon», «Xulosa».
63-FATVO
To‘rt rakatli namoz tugagach, qavm imomga: «Uch rakat o‘qidingiz», desa, imom esa: «To‘rt rakat o‘qidim», desa, qaraladi: imom shubhasiz, ishonch bilan so‘zida tursa, namoz qayta o‘qilmaydi. Aks holda, qavmning so‘zi e’tiborga olinib, namoz qayta ado etiladi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
64-FATVO
Agar imomning necha rakat namoz o‘qigani to‘g‘risida namozxonlar o‘rtasida tortishuv paydo bo‘lsa, imom qaysi tomonga qo‘shilsa, o‘sha tarafning so‘zi e’tiborga olinadi, garchi imom qo‘shilgan tomonda faqat bir kishi bo‘lsa ham.
«Olamgiriya», «Qozixon».
65-FATVO
Namozni tik turib o‘qiydigan odam uzr bilan o‘tirib o‘qiydigan kishiga iqtido qilishi joiz bo‘lganidek, qomati rost odam bukriga iqtido qilishi joizdir.
«Qozixon».
66-FATVO
Imom qavmdan o‘rta bo‘yli odam barobaridagi baland joyda namoz o‘qishi makruhdir. Aksincha, imom pastlikda, qavm tepalikda o‘qisa, makruh emas. Bu Imom Karxiydan naql qilingan.
«Qozixon», «Navodir».
67-FATVO
Imomning ikki oyog‘i mehrobdan tashqarida bo‘lishi kerak. Ammo namozxon ko‘pligidan izdihom hosil bo‘lganida esa, imom mehrob ichiga kirib o‘qishi ham joiz.
«Qozixon».
68-FATVO
Muqtadiyning bo‘yi imomga qaraganda uzunroq bo‘lib, imomdan oldinroq joyga sajda qilsa ham, namozi durust. Zero, muqtadiyning oyoqlari imom oyoqlaridan oldinga o‘tib ketmasligi shart. Ammo sajdada boshi o‘tib ketsa, zarari yo‘q.
«Qozixon».
69-FATVO
Namozga kechroq kelgan kishi imomni rukuda turganda topsa, tik turgan holda «Tahrima takbiri»ni aytib, so‘ngra rukuga engashishi kerak. Bordi-yu, engashgan holda takbir aytsa, namozi durust bo‘lmaydi.
«Qozixon».
Izoh:
Zero, «Tahrima takbiri» tik holda aytilishi shart. Engashgan holda aytilgan takbir tahrima uchun ham, ruku uchun ham o‘tmaydi.
70-FATVO
Imom rukuda turganida iqtido qilgan kishi tik holda rukuga takbir aytsa ham, «Tahrima takbiri» uchun aytgan hisobiga o‘tadi. Ammo «Tahrima» uchun bir takbir, ruku uchun yana bir takbir aytsa, yanada yaxshiroqdir.
«Qozixon».
71-FATVO
Birinchi qa’dada muqtadiy «Attahiyyot»ni o‘qib bo‘lmasidan imom uchinchi rakatga turib ketsa, u bilan birga turib ketmasdan, «abduhu va rasuluh»gacha o‘qib, so‘ngra turishi kerak. Ammo namoz oxirida «Attahiyyot»dan keyin salavot yoki duoni o‘qib bo‘lmasidan oldin imom salom berib yuborsa, muqtadiy ham u bilan birga salom beraveradi.
«Qozixon».
72-FATVO
Muqtadiy vitr namozida «Qunut duosi»ni o‘qib bo‘lmasidan, imom rukuga ketsa, «Qunut»ni chala qoldirib, u bilan birga ruku qilaveradi. Bordi-yu, «Qunut duosi»ni oxirigacha yetkazsa, imomning rukudan bosh ko‘tarib yuborish ehtimoli bo‘lmasa, «Qunut»ni oxirigacha yoki ulgurgan joyigacha o‘qiydi.
«Qozixon».
73-FATVO
Imom rukudan qaytgan paytda unga iqtido qilgan kishi «Tahrima takbiri»ni aytib, ruku qilgach, imom bilan birga ikki sajda qilsa ham, shu rakatni topmagan hisoblanadi. Lekin imom bilan o‘qigan boshqa rakatlari durust bo‘lib, imomdan so‘ng o‘sha qolgan rakatni o‘qiydi.
«Qozixon».
Izoh:
Jamoatga kech kelgan kishi imomni qaysi holatda topsa, «Tahrima takbiri»ni aytib o‘sha joyidan boshlab imom bilan namozni davom ettirishi lozim. Arkonlari to‘kis ado etilgan rakatlar hisobga o‘tadi. Boshqalarining qazosi o‘qiladi.
74-FATVO
Imom birinchi sajdadan boshini ko‘tarmay turib, muqtadiy boshini ko‘tarib, imom sajdada ekanini bilgach, boshini yana sajdaga qo‘ysa, bu yerda ikki masala bor. Birinchidan, muqtadiy agar imom birinchi sajdada deb, bilgan holda boshini qayta qo‘yishda bu birinchi sajda deb, niyat qilgan bo‘lsa, namozi durust. Bordi-yu, imomdan oldin bosh ko‘targanda, imom ikkinchi sajdaga bosh qo‘ygan ekan, degan fikrga borgan bo‘lsa, ya’ni ikkinchi sajdaga bosh qo‘ydim, deb niyat qilgan, shu paytda imom boshini ko‘tarib, ikkinchi sajda qilganini ham anglamagan bo‘lsa, muqtadiyning namozi buziladi. Ammo anglab, ikkinchi sajdani qo‘shsa, namozi durust bo‘ladi.
«Qozixon».
75-FATVO
Hayit namoziga kech kelib, imomni rukuda topsa, «Tahrima takbiri»ni aytib, sano aytmay ruku qiladi va rukudagi tasbehlar o‘rniga uch takbirni aytadi. Zero, tasbeh aytish – sunnat, hayit namozining oltita takbiri – vojib. Zero, vojib bilan sunnat bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolganda, vojib ado etiladi.
«Qozixon».
76-FATVO
Imom jamoat namozi adosidan so‘ng sunnat yoki nafl namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, imomlik qilgan joyidan (mehrobdan) boshqa joyga o‘tib o‘qishi lozim. Agar jamoatga qarab o‘tirmoqchi bo‘lsa, o‘ng yoni bilan burilib o‘tirishi mustahab amallardandir.
«Qozixon».
Izoh:
Muqtadiyga ishtiboh bo‘lmasligi uchun imom boshqa joyga o‘tib olishi yoki yoniga boshqa bir-ikki namozxonni chorlashi lozim.
77-FATVO
Namozga kech kelgan ikki masbuq imom salomidan keyin namozning qolgan qismini alohida, mustaqil ravishda o‘qib olishlari kerak. Mabodo biri ikkinchisiga iqtido qilsa, iqtido qilganning namozi buziladi.
«Qozixon».
78-FATVO
Masbuq namoz oxirida imom bilan birga sahvan salom berib qo‘ysa, unga sahv sajdasi lozim bo‘lmaydi. Bordi-yu, imomdan keyin salom bersa, sahv sajdasi qiladi. Zero, imom salomidan keyin masbuq mustaqil namozxonga aylanadi.
«Qozixon».
79-FATVO
Imom peshin namozini to‘rt rakat o‘qib o‘tirib, so‘ngra yanglishib beshinchi rakatga tursa va shu paytda bir kishi kelib, unga iqtido qilsa, iqtidosi durust. Lekin imom beshinchi rakatga sajda qilib qo‘ysa, imomning farz namozi buzilmaydi, chunki u «oxirgi qa’da»ga o‘tirgan. Keyingi rakatlari naflga o‘tadi. Ammo masbuqning namozi buziladi. Zero, nafl o‘qiguvchiga farz o‘qiguvchi iqtido qilishi joiz emas. Qa’daga o‘tirmagan bo‘lishsa, hammasining namozi buziladi.
«Qozixon».
80-FATVO
Imom shom namozida uchinchi rakat oxirida o‘tirish o‘rniga to‘rtinchi rakatga turib ketsa, muqtadiy imom sajda qilmasidan, «Tashahhud»ni o‘qib, salom bersa, namozi buziladi.
«Qozixon».
81-FATVO
Masbuq ulgurmay kech qolgan joyini birinchi navbatda o‘qib olib, so‘ngra qolgan qismini imom bilan o‘qisa, namozi buzilmaydi. Lekin sunnatga xilof ish qilgani uchun makruh hisoblanadi.
«Qozixon».
82-FATVO
Zimmasida sahv sajdasi bo‘lgan imom ham, yakka o‘quvchi ham sahv sajdasidan oldin o‘qiydigan «Tashahhud»dan keyin salavot va duoni o‘qimaydi.
«Qozixon».
83-FATVO
Imom rukuda turganida safga bir notanish kishi kelib qo‘shilayotganini sezib, rukuga ulgursin deb, bir-ikki tasbeh qo‘shib o‘qisa, zarari yo‘q. Ammo tanish odami uchun ruku yoki qiroatni cho‘zishi mumkin emas.
«Qozixon».
84-FATVO
Juma kuni imom xutba o‘qib turganida bir namozxonning bomdod namozini o‘qimagani yodiga tushsa, darhol turib ikki rakat bomdod farzini o‘qib oladi. Bunday paytda xutbani tinglash vojibligi soqit bo‘ladi. Zero, xutbadan keyin o‘qib ulgurmaydi.
«Qozixon».
85-FATVO
Namozning ichida bir rakat kam o‘qigandek tuyulib, shubha qilsa, ehtiyotan bir rakat qo‘shib qo‘yadi. Ammo namozni o‘qib bo‘lganidan keyin biror rakat kam o‘qidim, deb shubha qilsa, namozni qayta o‘qimaydi.
«Qozixon».
86-FATVO
Imomga bir-ikki rakat keyin kelib iqtido qilgan masbuq imom namoz oxirida salavot va duo o‘qib o‘tirishini kutganda, oldidan odamlar o‘tib, gunohkor bo‘lishidan qo‘rqsa, «Tashahhud»ni o‘qigach, kutmasdan, qiyomga turib, qolgan qismini o‘qishi mumkin.
«Qozixon».
87-FATVO
Namozda ovoz bilan yoki o‘zi eshitadigan darajada gapirib qo‘yish namozni buzadi. Bu xoh qasddan bo‘lsin, xoh unutish bilan, xoh xatolik yuzasidan bo‘lsin, xoh oz, xoh ko‘p so‘zlasin, baribir namoz buziladi. Ovozini chiqarmay, faqat tilini qimirlatib gapirsa, namoz buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
88-FATVO
Namoz ichida uxlab qolgan paytida gapirsa ham namoz buziladi. Ba’zi ulamolar buning aksini aytgan bo‘lsalar-da, lekin namozning buzilishi amalga tatbiq uchun tanlangan.
«Olamgiriya», «Navozil».
89-FATVO
Xufton namozining ikki rakatini o‘qib bo‘lgach, bu taroveh namozi deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa, shuningdek, peshinning ikki rakatidan keyin bu juma namozi, degan fikrda salom berib qo‘ysa, yoki muqim to‘rt rakatli namozning ikki rakatidan keyin o‘zini safarda deb o‘ylab, salom berib qo‘ysa, namozini qaytadan o‘qiydi. Ammo mazkur holatlarda namozning oxiri, degan xayolda salom bergan bo‘lsa, namozi buzilmaydi, balki davomini o‘qib, oxirida sahv sajdasi qiladi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
90-FATVO
Namoz o‘qiyotgan kishiga namozdan tashqaridagi odam qiroatda yordam berib yuborsa, ya’ni esiga kelmay qolgan joyini esiga solsa yoki xato o‘qigan joyini tuzatib qo‘ysa va bu yordamni namozxon qabul qilsa, namozi buziladi.
«Olamgiriya», «Munyatul-musalliy».
91-FATVO
Imom qiroatda yordamga muhtoj bo‘lgan taqdirda muqtadiy darhol yordam berishga shoshilmasligi, balki bir oz o‘ziga qo‘yib berib, agar o‘zi uddasidan chiqolmasa yoki sukut saqlab qolsa, shundagina yordam berish lozim bo‘ladi. Lekin imom ham, agar namozga yarasha qiroat qilgan bo‘lsa, qavmni yordam berishga majbur qilmasligi, balki rukuga ketaverishi mumkin.
«Olamgiriya», «Muhit», «Kofiy».
92-FATVO
Namozda ingrasa, oh tortsa yoki ovoz bilan yig‘lasa, qaraladi: agar jannat, do‘zax kabi uxroviy narsalarni o‘ylab shunday qilgan bo‘lsa, namozi buzilmaydi. Bordi-yu, og‘riq, kasallik, biror musibat sababli bo‘lsa, namozi buziladi.
«Olamgiriya».
93-FATVO
Sajdagohdagi chang yoki tuproqni namoz ichida puflab ketkazsa, qaraladi: agar ovozsiz va harf (ifodalovchi tovush)larsiz nafas chiqargan bo‘lsa, namoz buzilmaydi. Aks holda, namoz buziladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
94-FATVO
Namoz ichida it, mushuk, qo‘y, echki kabi hayvonlarni qo‘risa yoki o‘ziga chorlasa, qaraladi: agar harf hosil bo‘ladigan ovoz bilan bo‘lsa, namoz buziladi, harfsiz bo‘lsa, buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Zaxira».
95-FATVO
Aksirganda yoki kekirganda, garchi harf chiqsa ham, namoz buzilmaganidek, yo‘talish, ingrash, oh tortish kabilar uzr bilan, beixtiyor bo‘lsa ham, namoz buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
96-FATVO
Namozda qiroatga ovozini sozlash uchun yo‘talsa yoki imom qiroatda adashganda uni ogohlantirish uchun yoxud o‘zining namozda ekanini bildirish uchun yo‘talsa, namozi buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
97-FATVO
Namozda qiroatni Qur’oni karim kitobidan o‘qib qilsa, Abu Hanifa (r.h.) nazdida, namoz buziladi. Zero, Kitobni ko‘tarib turish, varaqlash, unga ko‘z tashlash ko‘p harakatni talab qiladi. Ko‘p amal va harakat esa, namozni buzuvchi omillardan. Shunga ko‘ra, agar Kitob biror narsa ustiga qo‘yilsa, varaqlamasa yoki mehrob devoriga yozilgan bitikdan o‘qib qiroat qilsa, namoz buzilmaydi. Lekin Abu Hanifaning (r.h.) namoz buzilishiga yana boshqa dalili bor. U ham bo‘lsa, Kitobdan o‘qish – bu ta’lim olish, o‘rganish demakdir. Bu esa namozning amallaridan emas. Demak, Kitobni ko‘tarib o‘qiydimi yoki qo‘yilgan holda o‘qiydimi, barobardir. Qaysi holatda bo‘lsa ham, namoz buziladi. Shu javob sahih deb topilgan. Ammo Abu Yusuf va Muhammad (r.h.) nazdida, namozda Qur’on kitobidan o‘qib qiroat qilish joiz. Yana Qur’onni yod biluvchi kishi Kitobdan o‘qib qiroat qilsa, namozi buzilmaydi, deganlar.
«Olamgiriya», «Kofiy».
98-FATVO
Mehrob devoriga Qur’on oyatlaridan boshqa so‘zlar, masalan, fiqhiy qoidalar yozilgan bo‘lib, namozxon uning ma’nosini tushunib yoki tushunmagan holda o‘qisa, Imom Muhammaddan (r.h.) boshqa mujtahidlar namoz buzilmaydi, deganlar.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Zaxira», «Hidoya».
99-FATVO
Namozda keraksiz ish va harakat (amali kasir) qilib qo‘ysa, namoz buziladi. Uning miqdori to‘g‘risida uch xil ta’rif bor. Birinchisi – ikki qo‘l bilan qilinadigan ishlar. Masalan: salla o‘rash, ko‘ylak kiyish, ishton bog‘ini bog‘lash, kamondan o‘q otish. Ammo ko‘ylak yoki shalvarni yechish, do‘ppi kiyish yoki uni yechish kabi bir qo‘l bilan qilinadigan ishlarni ikki qo‘l bilan bajarsa ham, namoz buzilmaydi. Ikkinchisi – namozxon o‘zini ko‘p ish qilib yuborgandek sezsa, shuning o‘zi «amali kasir»dir, degan rivoyat bo‘lib, u Abu Hanifa (r.h.) ra’ylariga ham yaqindir. Uchinchisi – namozxonning harakatlarini uzoqdan ko‘rgan kishi u namozdan tashqarida deb bilsa. Ammo shak qilsa, hisob emas. Bu ta’rifni ko‘pchilik ulamolar ma’qullashgan.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Qozixon», «Xulosa».
100-FATVO
Namoz ichida bir saf miqdorida yursa, namozi buzilmaydi. Agar ikki saf oldinga yurmoqchi bo‘lsa, oldin birinchi safgacha yurib borib, bir oz to‘xtab, so‘ngra ikkinchi safga yurib borishi kerak. Birdaniga ikki saf miqdorida yursa, namozi buziladi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
101-FATVO
Namozda yuzning o‘zini u yoq-bu yoqqa bursa, garchi makruh bo‘lsa-da, namoz buzilmaydi. Ammo ko‘kragi bilan birga burilsa, namoz buziladi.
«Olamgiriya», «Zohidiy».
102-FATVO
Namoz ichida ilon va chayon o‘ldirsa, namoz buzilmaydi. Ammo hech kimga ziyon yetkazmaslik ehtimoli bo‘lsa, ularni o‘ldirishga harakat qilish makruhdir. Kimgadir aziyat yetkazish xavfi bo‘lganda esa, ularni masjid ichida quvib borib, hatto imomning oldidan o‘tib bo‘lsa ham o‘ldirish joiz.
«Olamgiriya», «Navozil», «Xulosa», «Muhit».
103-FATVO
Agar namozda bir vaqtning o‘zida uch marta tosh otsa yoki bit, burga, chivin kabilarni o‘ldirsa, yoxud soqoli, yo sochining uch tolasini bittadan yulsa, namozi buziladi. Agar toshni qulochini keng ochib, kuchining boricha otsa, bir martada ham namozi buziladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Tatarxoniya».
104-FATVO
Namozda turib uchta so‘z yozsa, namozi buziladi, undan kam bo‘lsa, buzilmaydi. Agar havoga yoki o‘z badaniga barmog‘i bilan yozsa, uch so‘zdan ko‘p bo‘lsa ham, namozi buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Xulosa», «Sirojiya».
105-FATVO
Namozning bir ruknida uch marta qo‘lini ko‘tarib, yuzi, bo‘yni kabi joylarni qashisa, namozi buziladi. Ammo qo‘lini bir ko‘targanicha uch marta qashisa, namozi buzilmaydi. Lekin namozda uzrsiz qashinish makruhdir.
«Olamgiriya», «Xulosa».
106-FATVO
Namozda imomning oyoqlaridan ko‘ra muqtadiyning oyoqlari oldinga o‘tib ketsa, muqtadiyning namozi buziladi.
«Qozixon».
107-FATVO
Ayol kishi namozda bolasini emizsa, namozi buziladi. Agar bola o‘zi kelib, uch marta emsa, sut chiqsa yoki chiqmasa ham, namozi buziladi. Bir-ikki marta emganida sut chiqmasa, namozi buzilmaydi.
«Qozixon».
108-FATVO
Tashqaridagi odam namozxondan biror narsa so‘rasa yoki unga savol bersa, u boshi bilan «ha» yoki «yo‘q» ishorasini qilsa, namozi buzilmaydi.
«Qozixon».
109-FATVO
Namozda turib, chiroqning piligini ko‘tarsa (hozirgi paytda lampa o‘chirgichini bossa), namozi buzilmaydi.
«Qozixon».
110-FATVO
Namozda ayol kishining boshidagi sochidan to‘rtdan bir qismi ochilib qolishi bilan namoz buziladi. Lekin bu miqdor uning quloqlari ustidagi qismidan hisoblanadi. Quloqlaridan pastga osilib turgan qismining ochilib qolishi namozni buzmaydi. Ammo erkaklar nazari tushishining taqiqlanishida quloq ustidagi bilan ostidagi sochlar barobardir.
«Qozixon».
111-FATVO
Imom Abu Yusuf (r.h.) so‘ziga binoan, ayol kishining oyoq boldirlari namozda avrat hisoblanmaydi. Bilaklari esa, qorni bilan barobardir. Abu Yusuf bilan Abu Hanifadan (r.h.) yana shunday rivoyat borki, namozda ayol kishining bilaklari ham avrat sanalmaydi. Ya’ni, ikki bilagi ochiq holda o‘qigan namozi durust hisoblanadi.
«Qozixon».
112-FATVO
Namoz ichida tahorati sinib qolgan kishi tahoratini yangilab kelib, namozining qolgan qismini davom ettirib o‘qishi mumkin. Lekin tahoratga doir amallardan boshqa ish qilib qo‘ysa yoki istinjo qilayotganda avrati ochilib qolsa, namozi buziladi. Shuning uchun namoz ichida tahorati singan kishi boshidan qayta o‘qigani afzaldir.
«Muxtasar», «Qozixon».
113-FATVO
Qabristonda Qur’on tilovat qilish xususida mujtahidlar ixtilof qilganlar. Abu Hanifa (r.h.) buni makruh deb sanaganlar. Imom Muhammad (r.h.) esa, makruh emas deganlar. Mashoyixlarimiz Imom Muhammadning (r.h.) so‘zlarini olganlar va qabristonga qori o‘tqizib, Qur’oni karimdan ma’lum oyat va suralarni o‘qitib, buning mayyitlarga manfaati bor, deb umid qilishgan.
«Qozixon».
114-FATVO
Piyoda yurib ketayotib yoki biror kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lgan holatda Qur’oni karimni tilovat qilish joiz. Lekin yurish va ish tilovat qilishga xalal bermasligi shart. Aks holda, makruh bo‘ladi.
«Qozixon».
115-FATVO
Fiqh ilmi bilan shug‘ullanib, biror narsa yozib turgan kishiga eshittirib qiroat qilgan qori gunohkor bo‘ladi. Zero, odamlar ish bilan mashg‘ul joyda qiroat qilish joiz emas. Qiroatni tinglash uchun ishini to‘xtatmagan mazkur kotib gunohkor bo‘lmaydi.
«Qozixon».
116-FATVO
G‘ayridinlar Qur’on oyatlaridan saboq berishni yoki shariat ahkomlaridan o‘rgatishni talab qilishsa, o‘rgatilaveradi. Lekin ularga Qur’on kitobini ushlash mumkin emas. Agar g‘usl qilib ushlamoqchi bo‘lishsa, ruxsat beriladi.
«Qozixon».
117-FATVO
Namozda kiyimi, soqoli yoki badanining biror joyini o‘ynash yoxud sajda qilayotib, kiyimining old tomonini orqaga yoki orqa tarafini oldinga tortish makruhdir. Ruku qilayotganda badaniga yopishib qolmasligi uchun kiyimini qoqsa, zarari yo‘q.
«Olamgiriya», «Me’roj».
Izoh:
Bunda hozirgi davrimizda ba’zi tor shim kiyuvchilar rukudan sajdaga ketayotganlarida oyoqlariga yopishib qolib, qiyinlik tug‘dirmasligi uchun shimni ikki qo‘li bilan ushlab, tortib qo‘yishlariga ruxsat bordek ko‘rinadi.
118-FATVO
Namoz ichida peshonasiga yopishgan tuproq yoki xas-cho‘plarni uzrsiz qo‘li bilan silab tozalash makruhdir. Ammo namozga xalaqit beradigan darajada bo‘lsa, tozalashi mumkin. Tashahhud va salomdan oldin tozalashi ham makruh emas. Shuningdek, peshonasidagi terni qo‘li bilan artishi ham makruh hisoblanmaydi. Lekin namoz ichida bu kabi ishlarni qilmaslik avlodir.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».
119-FATVO
Namoz ichida burni oqsa, uni yerga tushirgandan ko‘ra artgani avlodir.
«Olamgiriya», «Qunya».
120-FATVO
Farz namozlarda oyat va tasbehlarni qo‘l bilan sanab turish makruhdir. Ammo nafl namozlarda qo‘l bilan sanash ijmoan makruh emas. Faqat «Tabyin» kitobida bunga xilof gap bor, zarurat holati bundan mustasno.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Nihoya».
121-FATVO
Namozda qo‘l barmoqlarini bir-biriga kirishtirish, barmoqlarini qirsillatish makruh ishlardandir. Ba’zi ulamolar barmoqlarni qirsillatish namozdan tashqarida (odamlar orasida bo‘lsa) ham makruhdir, deganlar.
«Qozixon», «Zohidiy».
122-FATVO
Namoz ichida u yoq-bu yoqqa yuzini burib qarash makruhdir. Yuzini burmasdan, ko‘zining qiri bilan qarasa, zarari yo‘q. Osmonga qarash ham makruhdir.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin».
123-FATVO
Salla bo‘la turib, uni kiyishga erinib, boshyalang namoz o‘qish makruhdir. Ammo kamtarlik yuzasidan boshyalang o‘qisa, makruh emas, hatto avlodir.
«Olamgiriya», «Zaxira».
124-FATVO
Boshga salla o‘raganida boshining o‘rtasini ochiq qoldirishi namozda ham, namozdan tashqarida ham makruhdir.
«Olamgiriya», «Tabyin».
125-FATVO
Namozda esnash makruhdir. Agar uni qaytara olmasa, og‘zini qo‘li bilan to‘sadi. Ya’ni, qiyomda bo‘lsa, o‘ng qo‘li, boshqa holatlarda chap qo‘li panjasining orqa tomoni bilan to‘sadi.
«Olamgiriya», «Zohidiy».
126-FATVO
Namozda kerishish, ko‘zlarini yumib olish, katta-kichik tahorati hamda yel qistab turganda namoz o‘qish makruhdir. Shunday holatlarda boshlagan namozini to‘xtatishi lozim. Agar to‘xtatmay namozni tugatsa, namozi hisobga o‘tsa-da, o‘zi gunohkor bo‘ladi. Lekin namozning vaqti ziq bo‘lsa, qazo qilgandan ko‘ra makruhlik bilan bo‘lsa-da, o‘qiyvergani afzaldir.
«Olamgiriya».
127-FATVO
Yakka namoz o‘qimoqchi odam jamoat bilan o‘qiyotganlar safida turib o‘qishi makruhdir. Zero, bunda namozxonlarning turib o‘tirishidagi mutanosiblikka putur yetkazadi.
«Olamgiriya».
128-FATVO
Safning ortida yakka qolgan kishi o‘ziga oldingi saf orasidan joy topishi mumkin bo‘lgani holda, yakka turishi makruhdir. Agar safda joy bo‘lmasa, Abu Hanifadan (r.h.) qilingan rivoyatga binoan, karohiyati yo‘q. Ammo saf ortida yakka turgandan ko‘ra oldindagi safdan bir kishini yoniga tortib olsa, yanada yaxshi.
«Olamgiriya», «Muhit».
129-FATVO
Sajdaga borishda ikki tizzadan oldin yerga ikki qo‘lni qo‘yish va sajdadan turishda ikki qo‘ldan oldin ikki tizzani ko‘tarish uzrsiz bo‘lsa, makruhdir.
«Olamgiriya», «Munya».
130-FATVO
Ruku va sajdaga engashishda va boshni ko‘tarishda imomdan oldin harakat qilib, undan ilgarilab ketish makruhdir.
«Olamgiriya», «Muhit».
131-FATVO
Imomning qavmdan bir gaz va undan yuqori balandlikda yakka turib imomlikka o‘tishi makruhdir. Ammo yonida qavmning bir qismi bo‘lsa, karohiyati ketadi.
«Olamgiriya», «Muhit».
132-FATVO
Ichida olov yonib turgan tandir yoki o‘choqqa yuzlangan holda namoz o‘qish makruhdir. Qandil yoki chiroqqa yuzlanib o‘qishning zarari yo‘q.
«Olamgiriya», «Muhit».
133-FATVO
Namozga kech kelib, iqtido qilayotgan odamni imom sezib, uning ulgurishiga yordam bo‘lishi uchun namozni bir oz cho‘zmoqchi bo‘lsa, qaraladi: agar u odamni tanib cho‘zgan bo‘lsa, makruh, tanimagan bo‘lsa, zarari yo‘q. Cho‘zganda ham bir-ikki tasbeh miqdorida cho‘zishga ruxsat etiladi.
«Olamgiriya», «Muxtorul-fatovo».
134-FATVO
Masjid binosini turli naqshlar va tillo suvi ishlatib bezash mumkin. Lekin naqsh va bezash ishlariga masjidning vaqf pulidan ishlatilmaydi, balki biror homiyning xususiy mulkidan sarf qilinadi. Masjidning vaqf mulkidan uning qurilish ishlariga ishlatish mumkin. Agar mutavalli undan bezak ishlariga ishlatib qo‘ysa, puliga zomin bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Hidoya».
135-FATVO
Masjidni qurib, Alloh yo‘liga atagan kishi shu masjidning barcha obodonchilik, ta’mir ishlari, palosni qanday solishdan tortib qandillarni qayerga qanday ilish ishlarigacha bosh-qosh bo‘lishga o‘zgalardan ko‘ra haqliroqdir.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Xulosa».
136-FATVO
Vitr namozi xususida Imom A’zamdan (r.h.)uch xil rivoyat naql qilingan. Birinchisi – uning farzligi. Ikkinchisi – uning sunnati muakkadaligi. Uchinchisi – uning vojib ibodat ekani. Shu uchinchi, vojib ekani to‘g‘risidagi rivoyat u zotning oxirgi so‘zlaridir.
«Olamgiriya», «Muhit».
137-FATVO
Vitr namozi qasddan yoki unutilgan holda tark etilgan bo‘lsa, oradan qancha ko‘p vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, qazosi o‘qilishi kerak. Qazoda «Qunut duosi» ham o‘qiladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Kifoya».
138-FATVO
Vitr namozidagi «Qunut duosi»ni o‘qishga tili yaxshi kelmaydigan yoki yod ololmaydigan odam «Robbana atina fid dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina azaban nar» oyatini bir marta yoki «Allohummag‘fir lana» jumlasini uch marta o‘qiydi. Bu Abu Lays Samarqandiy (r.h.) fatvosidir.
«Olamgiriya», «Muhit», «Sirojiya».
139-FATVO
«Qunut duosi»ni o‘qimagani rukuga borganida esiga tushsa, uni rukuda o‘qimaydi, qiyomga qaytib ham o‘qimaydi. Bordi-yu, qiyomga qaytib o‘qisa va rukuni ikkinchi marta qilmasa, namozi buzilmaydi.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya»,
«al-Bahrur-roiq».
140-FATVO
Vitr namozining uchinchi rakatida zam sura qilmasdan rukuga ketgan bo‘lsa, qiyomga qaytib zam sura bilan birga «Qunut duosi»ni ham qayta o‘qiydi va namoz oxirida sahv sajdasini qiladi. Fotiha surasini o‘qimay rukuga ketgan bo‘lsa ham, xuddi shunday qiladi. Rukuni qayta qilsa ham, qilmasa ham bo‘laveradi.
«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».
141-FATVO
Vitr namozini Ramazon oyida imomga iqtido qilib o‘qiyotgan odam «Qunut duosi»da ham unga ergashadi. Ya’ni, duoni o‘qib ulgurmasidan, imom rukuga ketsa, u ham duoni kelgan joyida to‘xtatib, imom ortidan rukuga ketadi. Agar imom «Qunut»ni o‘qimay rukuga ketsa, qaraydi, agar imom rukudan bosh ko‘targuncha o‘qib ulgursa, «Qunut»ni o‘qib, so‘ngra ruku qiladi. Ammo ulgurmaydigan bo‘lsa, duoni o‘qimasdan, rukuga ketadi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
142-FATVO
Masbuq, ya’ni bir-ikki rakat kech kelib, imomga iqtido qilgan kishi «Qunut»ni imom bilan birga o‘qiydi. Uchinchi rakatda o‘qimaydi.
«Olamgiriya», «Munya»,
«Muzmarot».
143-FATVO
Masbuq imomni vitr namozining uchinchi rakatida topib, iqtido qilsa-yu, «Qunut»ni o‘qiyolmagan bo‘lsa, keyin ham o‘qimaydi.
«Olamgiriya», «Muhit».
144-FATVO
Fiqhga doir kitoblarda yozilishiga ko‘ra, sunnat sanaluvchi namozlar quyidagilardir:
Bomdod farzidan oldin 2 rakat.
Peshin farzidan oldin 4, farzdan keyin 2 rakat.
Shom farzidan keyin 2 rakat.
Xufton farzidan keyin 2 rakat.
Juma namozidan oldin 4, keyin yana 4 rakat.
Eng kuchli sunnat namozi bomdodning 2 rakat sunnatidir. Undan keyin shomning 2 rakati, so‘ngra peshindan keyingi 2 rakat, so‘ngra xuftonning 2 rakat sunnati, so‘ngra peshinning 4 rakat sunnati.
«Olamgiriya», «Tabyin».
145-FATVO
Peshinning 4 rakat sunnatini o‘qishga ulgurmay, imomga iqtido qilgan kishi farzdan keyin o‘qib oladi. Lekin 2 rakat sunnatdan oldinmi yoki keyinmi ekani haqida ikki xil rivoyat bor: Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) nazdida, 2 rakat sunnatdan keyin, Imom Muhammad (r.h.) nazdida esa, undan oldin o‘qiladi. Fatvo shunisiga berilgan.
«Olamgiriya», «Muhit»,
«Haqoiq», «as-Sirojul-vahhoj».
146-FATVO
Sunnat namozlarining sunnatligiga ishonib o‘qimasa, gunohkor sanaladi. Bordi-yu, ularning sunnatligini inkor etib o‘qimasa, kofir bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit».
147-FATVO
Asrdan avval hamda xufton namozining farzidan oldin va keyin 4 rakatdan nafl namozlari mavjuddir.
«Muxtasar», «Kanz», «Olamgiriya».
148-FATVO
Yana shunday namozlar borki, ularni o‘qish farz ham, vojib ham, sunnat ham emas, balki mazhabimizga ko‘ra, ixtiyoriy nafl namozlaridir. Ularni vaqti bemalol kishilar o‘qisa, savob, o‘qimasa, gunohi yo‘q. Ular asosan quyidagi namozlardir:
«Tasbeh namozi»ning vaqti peshindan oldindir.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «al-Bahrur-roiq», «Muhit», «Muzmarot», «Muxtasar», «Jome’ur-rumuz», «Temirtoshiy», «al-Fathur-Rahmoniy».
149-FATVO
Nafl namozlarni imkoni boricha jamoat joylarida va masjidlarda o‘qimaslik, balki uyida yoki xilvat joylarda o‘qishga harakat qilish, riyokorlik aralashib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim bo‘ladi. Farz namozlaridan keyin o‘qiladigan sunnat namozlari esa, farz o‘qilgan masjidda ado etilishi kerak. Lekin sunnat namozlari farz o‘qilgan joydan bir qadam bo‘lsa ham boshqa yerga o‘tib o‘qilishi lozim. Bu imomga ham tegishlidir. Nafl namozini safda turib o‘qish o‘ta makruh ishlardan sanaladi.
«Olamgiriya», «Kofiy»,
«Nihoya».
150-FATVO
Nafl namozlarida tik turishga qodir bo‘la turib, o‘tirib o‘qishning karohiyati yo‘q. Shuningdek, namozni tik turgan holda boshlab, so‘ngra uzrsiz o‘tirib olsa ham, Abu Hanifa (r.h.) nazdida, zarari yo‘q. Yana, naflni o‘tirgan holda boshlab, so‘ngra tik turib olsa ham, karohiyati yo‘q.
«Olamgiriya», «Majma’ul-bahrayn», «Muhit».
151-FATVO
Nafl namozini tik turib o‘qishda charchaydigan bo‘lsa, hassaga yoki devorga suyanib o‘qisa ham zarari yo‘q. Nafl namozlarini uzrsiz imo-ishora bilan o‘qish ruxsat etilmaydi.
«Olamgiriya», Hussomiyning
«al-Jome’us-sag‘ir»i, «Tatarxoniya».
152-FATVO
Nafl yoki farz namozida uzr sababli o‘tirib o‘qimoqchi bo‘lsa, qiroat paytida ikki tizzasini tikkalab, qo‘llari bilan oyoqlarini quchoqlab olgan holda yoki chordana qurib o‘tirgan holda o‘tirishi mumkin. Lekin imkoni boricha «Tashahhud» o‘qiyotgan holatidek (cho‘kka tushib) o‘tirgani yaxshidir.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya», «Hidoya».
153-FATVO
«Tatavvu’» namozini o‘tirgan holda boshlagach, qiroatdan so‘ng turib qiyomdan ruku qilmoqchi bo‘lsa, qiyomda o‘qish uchun qiroatdan ozgina qoldiradi. Lekin bunday qilishi shart emas. O‘tirib o‘quvchi odam qiyom savobiga qisman bo‘lsa-da ega bo‘lishi uchun turganda qomatini rost tutishi shart.
«Olamgiriya», «Xulosa».
154-FATVO
Bir masjidda ikki marta taroveh namozi o‘qilishi makruh hisoblanadi. Agar ikkinchi marta o‘qishni xohlasalar, jamoat holatida emas, balki yakka-yakka o‘qiladi.
«Olamgiriya», «Qozixon»,
«Tatarxoniya».
155-FATVO
Bir kishining ikki masjidda taroveh namoziga to‘liq holda imomlik qilishi joiz emas. Ammo oddiy namozxon ikki masjidga qatnab, tarovehni ikki joydagi imomlarga iqtido qilib o‘qishi mumkin. Bunda vitr namozini birida o‘qigan bo‘lsa, ikkinchisida o‘qimaydi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Muzmarot».
156-FATVO
Agar uyida xufton, taroveh va vitr namozlarini o‘qib olib, boshqa joydagi jamoatga imomlik niyati bilan taroveh o‘qib bersa, bu imom uchun makruh, qavm uchun makruh emas.
«Olamgiriya».
157-FATVO
Taroveh namoziga imomlik qilish ikki kishiga to‘g‘ri kelib qolsa, ikki rakat salomidan keyin emas, balki 4 rakat salomidan keyin o‘rin almashish mustahabdir.
«Olamgiriya».
158-FATVO
Tarovehga kech kelgan kishi qolgan tarovehining qazosini o‘qib olay desa, vitrga iqtido qilishdan ham qoladi. Bunday holatda oldin vitrni, so‘ngra ulgurmagan taroveh rakatlarini o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
159-FATVO
Xuftondan keyingi 2 rakat sunnatni o‘qimay kelib, taroveh imomiga o‘sha sunnat niyati bilan iqtido qilsa joiz, lekin taroveh namozidan hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
160-FATVO
Tarovehning birinchi rakati oldidan qilgan niyati 20 rakatning oxirigacha kifoyadir; har 2 rakat uchun niyatni yangilash shart emas.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Sirojiya».
161-FATVO
Tarovehda «Attahiyyot»dan keyingi salavotlar ham o‘qiladi. Mabodo imom salavotdan keyingi duoni o‘qishi qavmga malol kelayotganini sezsa, uni tark etishi mumkin.
«Olamgiriya», «Nihoya».
162-FATVO
Taroveh va boshqa namozlarda imomning tez qiroat qilishi, arkonlarni shoshilinch bajarishi makruhdir. Qiroatni «tartil» bilan, ya’ni dona-dona qilib o‘qish tavsiya etiladi. Lekin qiroatni uzundan-uzoq qilib, qavmni masjiddan bezdirib qo‘ymaslik kerak. Zero, uzun qiroatdan ko‘ra, jamoatning ko‘p bo‘lgani afzaldir.
«Olamgiriya», «Sirojiya», «Muhit».
163-FATVO
Qur’oni karim xatmi Laylatul-qadr kechasida yoki undan oldin tugatilgan bo‘lsa ham, qolgan kechalarda taroveh o‘qish to‘xtatilmasligi lozim. Aks holda, makruh bo‘ladi.
«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj».
164-FATVO
Bomdod yoki shom namozining farzini yakka holda o‘qiyotganida jamoat namozi barpo bo‘lib qolsa, qaraladi: agar endi bir rakat o‘qigan bo‘lsa, darhol namozdan chiqib, imomga iqtido qiladi. Bordi-yu, ikkinchi rakatda bo‘lsa, qaraladi: agar sajda qilmagan bo‘lsa, namozini kesib, jamoatga qo‘shiladi. Bordi-yu, sajda qilgan bo‘lsa, namozini oxiriga yetkazaveradi. Lekin imomga nafl niyati bilan iqtido qilmaydi. Zero, bomdoddan keyin nafl o‘qish makruh bo‘lganidek, shomdan keyin ham uch rakatli nafl o‘qish bid’at hisoblanadi. Mabodo iqtido qilsa, bir rakat qo‘shib to‘rt rakat qilib qo‘yadi. Zero, imomga muvofiq bo‘lishdan ko‘ra, sunnatga muvofiq ish tutish yaxshiroqdir.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Muhit».
165-FATVO
Peshinning farzini yakka holda boshlaganda jamoat barpo bo‘lib qolsa, qaraladi: agar birinchi rakatda bo‘lib, hali sajda qilmagan bo‘lsa, namozini kelgan joyida to‘xtatib, imomga iqtido qiladi. Agar sajda qilgan bo‘lsa, yana bir rakat qo‘shib tugatib, so‘ngra jamoatga qo‘shiladi.
Shuni bilib qo‘yish kerakki, jamoatga takbir (iqomat) aytilgan paytda peshinning farzini endi boshlagan odam darrov namozini kesmasligi lozim. Balki, imom kelib «Tahrima takbiri»ni aytgunga qadar ikki rakatni tugatib qo‘yishi lozim.
«Olamgiriya», «Hidoya».
166-FATVO
Peshin farzidan uch rakatni yakka holda o‘qiganidan keyin jamoat barpo bo‘lib qolsa, albatta, to‘rtinchi rakatni ham o‘qib, so‘ngra imomga nafl niyati bilan iqtido qiladi. Faqat asr namozidan keyin bunday qilinmaydi.
Ammo uchinchi rakat sajdasini qilmagan bo‘lsa, yo darhol o‘tirib salom berib tugatadi, yoki tik turgan joyida «Tahrima takbiri»ni aytib, imomga iqtido qiladi. Tik turgan holda salom bermaydi. Lekin ba’zi fuqaholar bir tomoniga salom beradi, deb ta’kidlaganlari naql qilingan.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Muhit».
167-FATVO
Bomdodning ikki rakat sunnatini o‘qimagan odam imomni farz namozida topsa, qaraydi: agar sunnatni o‘qigach, farzdan bir rakatga ulguradigan bo‘lsa, safdan uzoqroq joyda sunnatni o‘qib, so‘ngra imomga iqtido qiladi. Chamasida bir rakatga ham ulgurmaydigan bo‘lsa, sunnatni tark etib, farzni o‘qish bilan kifoyalanadi. Sunnatining qazosi o‘qilmaydi. Uning qazosi faqat farzi bilan birga tark etilgan taqdirdagina o‘qiladi. Boshqa sunnatlar qazosi aslo o‘qilmaydi.
«Muxtasar», «Olamgiriya», «Hidoya».
168-FATVO
Ulamolar kech kelib imomga iqtido qilgan kishi «Tahrima takbiri»ni aytib bo‘lgunicha imom rukuga ketsa, u imomdan keyinroq ruku qilsa ham, shu rakatni topgan bo‘ladi, deb ijmo qilishgan. Ammo imom rukudan boshini ko‘targan paytda («qavma»da) iqtido qilgan bo‘lsa, shu rakatni topmagan sanaladi.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
169-FATVO
O‘qilmay qoldirilgan farz namozlarining qazosi farz, vojib namozlarining qazosi vojib, sunnat namozlarining qazosi sunnatdir, garchi ular qasddan, yoki sahvan, yoxud uxlab qolib ado etilmagan bo‘lsa ham, shuningdek, ular oz yoki ko‘p miqdorda bo‘lsa ham. Illo, sunnat namozlarining qazosi o‘qilmasa-da, kechirilishiga umid qilinadi.
«Olamgiriya».
170-FATVO
Majnun bo‘lgan kishi sog‘aygach, zimmasiga majnunligida va undan oldingi sog‘ paytida tark etgan namozlarining qazosi lozim emas. Shuningdek, murtadlik paytida o‘qimagan namozlari, imon keltirgan, lekin namoz farzligini bilmay o‘tkazgan kunlaridagi namozlar qazosi ham o‘qilmaydi. Yana behushlikdagi hamda bir kecha va kunduzdan ortiq imo-ishora bilan ham o‘qiyolmagan namozlarining qazosi ham o‘qilmaydi.
«Olamgiriya».
171-FATVO
Safarda o‘qilmay qolgan namozlarning qazosi safardan keyin ham qasr, ya’ni ikki rakat o‘qiladi. O‘z vatanida o‘qilmay qolgan namozlarning qazosi safarda bo‘lsa ham qasrsiz to‘liq o‘qiladi.
«Olamgiriya».
172-FATVO
Qazo namozlarini uch vaqtdan tashqari barcha qulay paytlarda o‘qish mumkin. Uch vaqt – quyoshning chiqish, qiyom (tush)ga kelish va botish paytlaridir. Bu onlarda hech qanday namoz o‘qilishi mumkin emas.
«Olamgiriya», «al-Bahrur-roiq».
173-FATVO
Qazo namozi jamoat bilan o‘qilsa, uchta jahriya namozi (bomdod, shom, xufton)da imom qiroatni ovoz chiqarib o‘qiydi. Yakka o‘qigan kishining qiroati xususida uch xil fatvo bor: ixtiyori o‘zida, jahriy o‘qiydi, maxfiy o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Muxtasar».
174-FATVO
Vaqtiya namozlari bilan qazo namozlari o‘rtasida tartib rioyasi shartdir. Ya’ni, qazo namozi o‘qilmagunicha vaqtiya namoz o‘qilishi mumkin emas. Shuningdek, 5 vaqt farzi bilan vitr o‘rtasida ham tartib shart. Masalan, vitr namozini o‘qimagani esida turib, bomdod o‘qisa, durust bo‘lmaydi. Unutish uzr hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Muhit»,
«Sharhi Viqoya», «Qozixon».
175-FATVO
Tahoratsiz ekanini esidan chiqarib, peshin namozini o‘qisa-yu, buni asr namozini tahorat qilib o‘qiganidan keyin eslab qolsa, peshinning o‘zini qayta o‘qiydi. Zero, peshin unutish uzridan hisoblanib, tartib soqit bo‘ladi. Lekin Arafotda Arafa kuni shunday holat yuz bersa, peshinga qo‘shib asrni ham qayta o‘qiydi. Zero, u yerda o‘sha kuni asr peshinga tobedir.
«Olamgiriya», «Muhit».
176-FATVO
O‘qilmay qolgan namozlar sonining ko‘pligi ular o‘rtasidagi tartibni soqit qiladi. Masalan, bir oylik namoz qazosini o‘qishda dastlab 30 ta bomdod, so‘ngra 30 ta peshin va boshqalarini ham shu kabi o‘qisa, joizdir. Qazo namozlar o‘qilib, oxiri 6 tadan kam qolgan taqdirda ham tartib tiklanmay turadi. Bu Abu Hafs Kabirning (r.h.) fatvosidir.
«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».
177-FATVO
Agar bir oylik namozlarni o‘qimagan bo‘lsa, so‘ngra ularning qazosini o‘qimasdan, bir muddat vaqtiya namozlarni o‘qib yuravergan bo‘lsa, ba’zi fuqaholar joiz emas, boshqalari esa joiz, deganlar. Fatvo joizligiga berilgan.
«Olamgiriya», «Kofiy».
178-FATVO
Asr namozini kech o‘qiyotgan odamga quyosh botgandan keyin biror kishi iqtido qilsa, qaraladi: agar imom muqim, muqtadiy musofir bo‘lmasa, iqtidosi durust bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Yatima», «Tatarxoniya».
179-FATVO
Shofi’iy mazhabiga mansub odam hanafiy mazhabiga o‘tgandan keyin qazosi o‘qilmagan oldingi namozlarini hanafiy mazhabiga muvofiq ravishda o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
180-FATVO
G‘ayridin odam o‘z yurtida Islomni qabul qilgan bo‘lsa-yu, lekin namoz, ro‘za kabi shariat ko‘rsatmalarini bilmagani uchun bajarmagan holda o‘lib ketsa yoki musulmonlar yashaydigan yurtga ko‘chib kelsa, uning zimmasiga mazkur ibodatlarning qazosi yuklatilmagan bo‘ladi.
Hasan ibn Ziyodning (r.h.) Abu Hanifadan (r.h.) qilgan rivoyatiga ko‘ra, Islomni qabul etgan g‘ayridinga musulmonlardan ikki erkak yoki bir erkak bilan ikki ayol kishi shariat ko‘rsatmalaridan xabar bermagunicha, uning zimmasiga hech narsa lozim bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».
181-FATVO
Umr bo‘yi o‘qigan farz namozlarini ehtiyot yuzasidan qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, ularda kamchilik va makruh amallar bo‘lgani uchun, deb niyat qilishi va bomdod bilan asr namozlaridan keyin o‘qimasligi lozim. Zero, mabodo oldingi namozi qabul bo‘lgan bo‘lsa, keyingi o‘qigan namozi nafl hisoblanadi. Mazkur ikki vaqtda esa, nafl namozining o‘qilishi makruh sanaladi. Mazkur niyat bilan ikkinchi marta o‘qilgan namoz naflga aylanib qolishi ehtimoli bo‘lgani uchun uning barcha rakatlarida zam sura o‘qiladi.
«Olamgiriya», «Muzmarot», «Zahiriya».
182-FATVO
Zimmasida qazo namozlari bo‘lgan kishi nafl namozlari bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga o‘sha namozlarini o‘qishga harakat qilgani yaxshidir. Lekin sunnat namozlar, choshgoh namozi, tasbeh namozi va hadislarda targ‘ib etilgan ma’lum sura va zikrlarni o‘qish tavsiya qilingan nafl namozlar bundan mustasno. Qazo namozlarni masjidda, jamoat joylarida emas, balki o‘z uyida o‘qishga harakat qilish kerak.
«Olamgiriya», «Muzmarot», «Vajiz».
183-FATVO
Zimmasida qazo namozlari bor kishi vasiyat qilmagan bo‘lsa ham, merosxo‘rlari o‘z ixtiyori bilan fidyani ado etishlari mumkin.
Kafforatning hammasini bitta faqir yoki miskinga bersa bo‘ladi. Qasam, zihor (ayolini o‘z onasining a’zolaridan biriga tenglashtirish yo‘li bilan nikohga putur yetkazish) va ro‘za kafforati bir kishiga emas, balki belgilangan adadning hammasiga taqsimlanishi kerak.
«Olamgiriya», «Hujja».
184-FATVO
Namozdagi vojib sanalgan amallardan birortasi sahvan, ya’ni unutilib tark etilsa, namoz oxirida bir «tashahhud», bir salom va ikki sajda qilish bilan nuqson yopiladi. Bu sajda «sahv sajdasi» deb ataladi.
Masalan, Fotiha surasidan keyin zam sura o‘qishni unutib, rukuga ketgan bo‘lsa, darhol qiyomga qaytib, zam sura o‘qiydi va qayta ruku qilish bilan davom etadi hamda namoz oxirida sahv sajdasi qiladi.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya».
185-FATVO
Fotiha surasidan oldin «Attahiyyot»ni o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilmaydi. Fotihadan keyin o‘qib qo‘ysa, qiladi. Zero, zam sura o‘qish o‘rniga boshqa narsa o‘qish bilan vojib amalni kechiktirgan bo‘ladi. Fotihadan oldin esa, sano o‘qiladigan mahaldir. Lekin farz namozining uchinchi, to‘rtinchi rakatlarida «Attahiyyot»ni o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilmaydi.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Muhit».
186-FATVO
«Attahiyyot»dan keyin Fotiha surasini o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilmaydi. «Attahiyyot» o‘rniga Fotiha surasini o‘qib qo‘ysa, sajda qiladi. Avval Fotiha surasini qiroat qilib, keyin «Attahiyyot»ni o‘qisa ham, baribir, sahv sajdasi qiladi. Bu Abu Hanifadan (r.h.) qilingan rivoyatdir.
«Olamgiriya»,
«Voqeotun-Notifiy».
187-FATVO
Birinchi qa’dada «Attahiyyot»ni takroran o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qiladi. Zero, bunda rukn, ya’ni qiyom ta’xir bo‘ldi (kechiktirildi). Oxirgi qa’dada takroran o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilmaydi. Zero, bu maqom namozning oxiri bo‘lib, namozxon xohishiga ko‘ra, har qancha salavot va duo o‘qib, so‘ngra o‘z ixtiyori bilan namozdan chiqadigan mahaldir.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Muzmarot».
188-FATVO
«Attahiyyot» o‘qishni unutib, salom bergandan keyin esiga kelsa, darhol o‘qib, sahv sajdasi qiladi. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusufning (r.h.) so‘zlaridir.
«Olamgiriya», «Muhit».
189-FATVO
Qiyomga turishi kerak paytda o‘tirib olsa yoki aksincha, o‘tirishi lozim holda turib ketsa, sahv sajdasi qilish vojib bo‘ladi. Bunda esiga tushgan paytda yerga yoki qiyomga yaqin ekani e’tiborga olinadi. Masalan, qa’daga o‘tirishni unutib, qiyomga turayotganida esiga tushsa, qaraydi: agar yerga yaqin bo‘lsa, o‘tiradi va namoz oxirida sahv sajdasi qiladi. Bordi-yu, qiyomga yaqin bo‘lsa, turadi va bunda ham sahv sajdasi qiladi.
Ulamolar yerga yaqin yoki uzoq bo‘lishni insonning belidan pastki qismiga nisbatan belgilaganlar. Masalan, pastki qismi oyoqlari bilan tik holatda turgan bo‘lsa, qiyomga, aks holda, yerga yaqin, deb hisoblaganlar.
Bir rivoyatda aytilishicha, ikki tizzasi uzra turganida esiga kelsa, qaytib o‘tiradi va oxirida sahv sajdasi qiladi. Bunda har ikki qa’da barobardir. Abu Yusufdan (r.h.) qilingan rivoyatga ko‘ra, ikki tizza yerdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, qaytib o‘tiraveradi, sahv sajdasi qilmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Tabyin», «Kofiy».
190-FATVO
Sahv sajdasi juma, ikki hayit namozi, farz va nafllarning hammasida qilinishi kerak. Lekin mashoyixlarimiz fitnaga sabab bo‘lmasin, degan maqsadda juma bilan ikki hayit namozida sahv sajdasi bajarilmasligini lozim topganlar.
«Olamgiriya», «Muzmarot», «Muhit».
191-FATVO
Agar namozda «A’uzu...» yoki «Bismilloh...» yoxud «Omin»ni jahriy aytib qo‘ysa, sahv sajdasi vojib bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
192-FATVO
Bomdod namozining oxirgi qa’dasiga o‘tirgach, esidan chiqargan holda uchinchi rakatga turib, sajda qilgandan keyin esiga kelsa, to‘rtinchi rakatni qo‘shib qo‘ymaydi. Zero, bomdoddan keyin nafl namoz yo‘q. Ammo ikki rakatdan keyin o‘tirmay, uchinchi rakat sajdasini qilib qo‘ygan bo‘lsa, namozni qayta o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Tabyin», «al-Bahrur-roiq».
193-FATVO
Bomdod farzidan oldin ikki rakat sunnatdan boshqa nafllar makruh. Lekin asr namozidan oldin nafl o‘qish makruh bo‘lmagani uchun asrning oxirgi qa’dasida o‘tirmay, qiyomga turib, beshinchi rakatga sajda qilib qo‘ysa, yana bir rakat qo‘shish bilan olti rakatli naflga aylantirib, so‘ngra asrni qayta o‘qib oladi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
194-FATVO
Ramazon oyida vitr jamoat bilan o‘qilayotganida imom qiroatni maxfiy o‘qib qo‘ysa, sahv sajdasi qilish vojib bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya».
195-FATVO
Qur’oni karimda, bizning hanafiy mazhabimizga ko‘ra, 14 ta sajda oyati bo‘lib, ulardan qaysi biri tilovat qilinsa, o‘qiganga ham, eshitganga ham bitta tilovat sajdasi qilish vojibdir. O‘qiganda o‘zi yoki yaqin turgan kishi eshitgan bo‘lishi shart. Lablari qimirlagani bilan ovoz chiqmasa, sajda vojib bo‘lmaydi. Shuningdek, musulmon bo‘lmagan odam, majnun, norasidalar, hayz va nifosdagi ayollar o‘qisa ham, sajda qilmaydilar.
«Olamgiriya», «Xulosa»,
«Zohidiy».
Izoh:
Tilovat sajdasini ado etish uchun tahorat bilan qiblaga yuzlangan holda «Allohu akbar» deb qiyomdan sajdaga boriladi. Takbirni qo‘llarini ko‘tarmasdan aytadi, sajdada uch marta tasbeh aytgach, «Allohu akbar» deb boshini sajdadan ko‘taradi.
196-FATVO
Sajda oyatini o‘qimay, balki yozgan kishiga sajda qilish vojib bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
197-FATVO
Sajda oyatining fors tilidagi tarjimasini o‘qiganga ham, eshitganga ham sajda vojib bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
198-FATVO
Qulog‘i kar odam sajda oyatini o‘qisa, o‘zi eshitmasa ham, sajda vojib bo‘laveradi. Harfma-harf hijjalab o‘qigan odamga sajda vojib bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Xulosa»,
«Sirojiya».
199-FATVO
Imom sajda oyatini o‘qisa, o‘zi ham, eshitganu eshitmaganlar ham sajda qiladilar. Lekin imom maxfiy qiroat qilinadigan namozlarda sajda oyatini o‘qimasligi mustahabdir.
«Olamgiriya».
200-FATVO
Namozda o‘qilgan sajda oyati uchun namoz ichida sajda qilinmagan bo‘lsa, uning namoz tashqarisidagi qazosi yo‘qdir. Vojibni tark etgani uchun gunohkor bo‘ladi. Bu holda istig‘for aytishdan o‘zga chora yo‘q.
«Olamgiriya», «Sirojiya», «Kofiy».
201-FATVO
Namoz ichida sajda oyatini o‘qib, sajda qilgandan keyin namozni salom bilan tugatib, turgan joyida o‘sha oyatni qayta o‘qisa, yana bir marta sajda qilishi kerak bo‘ladi. Ba’zi ulamolar salomdan keyin gapirib qo‘ygan bo‘lsa, deb shart qo‘yganlar. Bordi-yu, namoz ichida sajda oyatini o‘qib, sajda qilmay, salom berganidan keyin yana o‘sha oyatni o‘qisa, bitta sajda kifoyadir.
«Olamgiriya», «Qozixon».
202-FATVO
Sajda oyatini ado etish uchun o‘rnidan turib, qiyomdan sajdaga borish, sajdadan keyin ham o‘rnidan tik turib, so‘ngra o‘tirish mustahab amallardandir.
Sajda niyatini dilida «Allohga tilovat sajdasini qilyapman», deb qo‘ysa, kifoya.
«Olamgiriya», «Zahiriya»,
«as-Sirojul-vahhoj».
203-FATVO
Namozdan tashqarida sajda oyatini o‘qisa, darhol sajda qilishi shart emas, balki qachon sajda qilsa ham, qazo emas, ado hisoblanaveradi. Ammo namoz ichida sajda oyatini o‘qisa, darhol sajda qilishi kerak bo‘ladi. Sajda qilmay, qiroatni cho‘zib yuborib, so‘ngra sajda qilsa, qazosini bajargan bo‘ladi. Ayrim fuqaholar nazdida, uch oyat yoki undan ortig‘i qiroatni cho‘zganidir.
«Olamgiriya», «G‘iyosiya»,
«Tatarxoniya», «al-Bahrur-roiq».
204-FATVO
Qiroat qilganda sajda oyatini qoldirib o‘qish makruhdir. Agar sajda oyatidan oldinroq joyda to‘xtasa yoki faqat sajda oyatini o‘qish bilan kifoyalansa, makruh emas. Lekin boshqa oyatlardan ham qo‘shib o‘qish mustahabdir.
«Olamgiriya», «Muxtasar», «Qozixon».
205-FATVO
Sajda oyatini odamlar eshitadigan joyda o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa, qaraydi: agar ular sajda qilishga tayyor bo‘lib, ularga mashaqqat tug‘dirib qo‘ymasligini bilsa, ovozini chiqarib o‘qisa bo‘laveradi. Ammo ular tahoratsiz bo‘lishsa yoki eshitsalar-da, sajda qilmasliklari mumkinligini anglasa, yoxud tahoratli bo‘lsalar ham, o‘sha paytda sajda qilish ularga malollik keltirishini bilsa, maxfiy o‘qishi lozimdir.
«Olamgiriya», «Xulosa».
206-FATVO
Bir joyda bitta sajda oyatini ko‘p marta takroran o‘qisa ham, bir marta sajda qilish vojib bo‘ladi. Bir joyda 14 ta sajda oyatidan nechtasini o‘qisa, o‘sha miqdorda sajda qilish vojibdir. Eshituvchi nechta joyda va sajda oyatlaridan qanchasini eshitganiga qarab sajda qiladi.
«Muxtasarul-Viqoya».
207-FATVO
Shukr sajdasi xususida mujtahidlarimiz ixtilof qilishgan. Ya’ni, biror ne’matga erishganda, farzand yoki nabira ko‘rganda, yo‘qolgan narsasi topilganda, dardiga shifo topganda, kutgan kishisi safardan sog‘-salomat qaytganda, biror tashvishidan forig‘ bo‘lganda va hokazo xursandchilik soatlarida Allohga shukrona qilish maqsadida bitta sajda qilishni Abu Hanifa (r.h.) keraksiz, deb sanaganlar. Ammo Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (r.h.) uni savobli ishlardan deb hisoblaganlar. Ulamolar shunga fatvo berishgan.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya»,
«as-Sirojul-vahhoj».
208-FATVO
Namozni tik turgan holda ado etishga ojizlik qilgan kishi o‘tirib o‘qishi mumkin. Ojizlik deganda, tik tursa, o‘ziga biror zarar yetadigan yoki kasali zo‘rayishidan, yoxud tuzalishi kechikishidan qo‘rqadigan, tursa boshi aylanadigan bemorlar tushuniladi. Ammo tik turishida xiyol mashaqqat yuzaga keladigan bo‘lsa, uzr hisoblanmaydi. Shuning uchun bir ozgina tik turishga qodir bo‘lsa ham, namozni tik holda boshlab, ruku paytigacha toqat qila olmasa, xohlagan vaqtida o‘tirib, namozni davom ettirishi mumkin.
«Olamgiriya», «Kofiy»,
«Xulosa».
209-FATVO
Biror narsaga suyanib yoki hassaga tayanib tik turishi mumkin bo‘lgan taqdirda ham, namozni o‘tirib o‘qishi joiz emas. Albatta, tik holda o‘qishi kerak bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
210-FATVO
Uzr bilan namozni o‘tirib o‘qiydigan odam o‘ziga qulay bo‘ladigan holatda o‘tirishi mumkin. Agar devorga yoki biror insonga suyanib o‘tirishga ehtiyoj sezsa, suyanib o‘tirishi lozim. Ammo yotib olishi mumkin emas.
«Olamgiriya», «Zaxira»,
«Tabyin».
211-FATVO
Tik turish, ruku va sajda qilishga qodir bo‘lmagan kishi namozni o‘tirgan holida imo-ishora bilan o‘qiydi. Rukudan ko‘ra sajda ishoratida boshini pastroq egadi. Agar ruku bilan sajdada boshi bir xil egilsa, durust bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon»,
«al-Bahrur-roiq».
212-FATVO
Tik turishga qodir, lekin ruku va sajdaga egilishga ojiz kishi namozni tik holda imo-ishora bilan o‘qisa ham bo‘ladi. Lekin o‘tirgan holda o‘qigani yaxshidir. Sahv sajdasini ham imo-ishora bilan bajaradi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Muhit».
213-FATVO
Imo-ishora bilan namoz o‘qiydigan kishi sajdaga egilish uchun biror taxta, yostiq kabi narsalarni baland qo‘yib olishi to‘g‘ri emas. Ba’zi rivoyatlarda, shunday taqdirda ham boshini rukudan ko‘ra sajdada pastroq ega olsa, namozi joiz bo‘ladi, deyilgan. Lekin narsa qo‘yib o‘qimagani ma’qul. Ammo boshini egmagan holda biror narsani peshonasiga ko‘tarib sajda qilsa, namozi durust bo‘lmaydi. Yerga yostiq kabi narsalarni qo‘yib, unga sajda qilishi makruh bo‘lsa-da, namozi joiz.
«Olamgiriya», «Xulosa»,
«Muzmarot».
214-FATVO
Peshonasida jarohati bo‘lgan kishi namozni uzrim bor, deb imo-ishora bilan o‘qishi mumkin emas. Balki sajdada burnini yerga tekkizishi kerak.
«Olamgiriya», «Zaxira».
215-FATVO
Namozni o‘tirib o‘qishga ham qudrati yetmaydigan odam oyoqlarini qibla tomonga uzatgan holda orqasi bilan yotib, boshi ostiga yostiq qo‘yadi. O‘ng yoki chap yoni bilan qiblaga qarab yotishi ham mumkin. Lekin oldingisi avlodir.
«Olamgiriya», «Kofiy», «as-Sirojul-vahhoj».
216-FATVO
Sog‘lom odam namoz asnosida uzrli bo‘lib qolsa, ya’ni, tik tura olmaydigan xastalikka uchrasa, o‘tirib imo-ishora bilan o‘qishni boshlaydi. O‘tirishga ham majoli yetmasa, yotgan holda davom etadi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
217-FATVO
Uzr bilan o‘tirib namoz o‘qiyotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, namozni tik turib davom ettiradi. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) so‘zlaridir.
«Olamgiriya».
218-FATVO
Imo-ishora bilan namoz o‘qiyotgan odam namoz ichida tuzalib qolsa, qaraladi: agar ruku yoki sajdadan keyin bo‘lsa, namozini boshidan qayta o‘qiydi. Bordi-yu, ruku, sajda qilmagan bo‘lsa, o‘qishni davom ettiraveradi.
«Olamgiriya», «Hidoya», «Javhara».
219-FATVO
Boshi bilan imo-ishora qilib namoz o‘qishga qodir bo‘lmagan kishi ko‘zlari yoki qoshlari bilan imo-ishora qilib o‘qimaydi. Balki namoz o‘qimay turadi. Sog‘aygach yoki kasali yengillashgach, qaraladi: agar bir kechayu kunduzdan ortiq namoz o‘qiy olmagan bo‘lsa, qazosini o‘qimaydi. Aks holda, o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Zahiriya».
220-FATVO
Bemor namozxon qiroat, tasbeh va tashahhudni sog‘lom odamdek o‘qiyveradi. Faqat o‘tirib-turish, ruku va sajdalarda farq qiladi. Bordi-yu, mazkurlarni o‘qishga toqati yetmasa, ularni o‘qimay, faqat imo-ishora bilan kifoyalanadi.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya».
221-FATVO
Bemor qiblaga o‘girilib olishga kuchi yetmasa yoki yordam beradigan odam ham topa olmasa, qaysi tomonga qarab namozini o‘qisa ham bo‘laveradi. Keyin qayta o‘qimaydi. Ammo qiblaga qaratib qo‘yadigan odam bo‘la turib, undan yordam so‘ramay, boshqa tarafga qarab o‘qigan namozi durust emas.
Shuningdek, bemor yotgan to‘shak nopok bo‘lsa va uni o‘zi almashtira olmasa, yordam beradigan odam ham topilmasa, namozini o‘sha to‘shakda o‘qiyveradi. Biroq odam bo‘lsa, albatta, undan yordam so‘rashi shart. Aks holda, namozi durust emas.
«Olamgiriya», «Muhit».
222-FATVO
Besh vaqt namoz vaqti o‘tgunga qadar hushsiz yotgan odam keyin o‘sha namozlarning qazosini o‘qimaydi. Majnunlikka (ruhiy kasallikka) uchragan kishining hukmi ham xuddi shunday.
«Olamgiriya», «Tabyin».
223-FATVO
Besh vaqt namoz o‘tgunga qadar aql-hushsiz, mast yotgan odam keyin qazosini o‘qiydi. Shuningdek, dori, nasha, qoradori yoki boshqa giyohlar iste’mol qilishi natijasida bir kecha va kunduz aql-hushsiz yotgan odamdan ham namozlar soqit bo‘lmaydi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
224-FATVO
Ramazon oyida ro‘za tutsa, darmoni qurib, namozni tikka holda o‘qiyolmaydigan, ro‘za tutmasa, tik turib o‘qiy oladigan odam ro‘za tutib, namozni o‘tirgan holda o‘qishi kerak bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit».
225-FATVO
Ayol kishi bemorlikdan o‘zi tahorat qila olmasa, erining zimmasiga uni tahorat qildirib qo‘yish tushmaydi. Balki tayammum bilan namozini o‘qiyveradi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
226-FATVO
Bemor agar tik turib namoz o‘qiydigan bo‘lsa, peshobi yoki jarohatidan yiring oqishi sababli namozni tark qilishi to‘g‘ri emas.
«Olamgiriya», «Sirojiya».
227-FATVO
Boshini baland ko‘tarishga dushmandan xavfi bor, chodirdan tashqarida loygarchilik yoki yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lsa, chodir pastligidan tik turib o‘qishning ilojini topmaydigan odamlar namozni o‘tirgan holda o‘qishlari mumkin.
«Olamgiriya».
228-FATVO
Kishi sog‘aygach, bemorligida qazo qilgan namozlarini o‘tirib yoki imo-ishora bilan emas, balki sog‘lom odamdek, ruknlarni to‘la bajargan holda o‘qishi shart.
«Olamgiriya», «Muhit».
229-FATVO
Bemor kishi sog‘lom vaqtida o‘qimagan qazo namozlarini o‘z holiga qarab, o‘tirib yoki imo-ishora bilan o‘qishi mumkin.
«Olamgiriya», «Sirojiya».
230-FATVO
Agar namozxon hatto namoz o‘qiyotganida bir odam yonida o‘tirib, qachon ruku, sajda qilishi kerakligini aytib turmasa, namoz o‘qiy olmaydigan darajada faromushxotir bo‘lsa, shunday qilib ham namozni o‘qiyvergani yaxshi.
«Olamgiriya», «Qunya».
231-FATVO
Juma namoziga chiqa olmagan bemor imomning shu namozdan forig‘ bo‘lishini kutib, keyin peshin namozini o‘qigani yaxshidir. Zero, juma namozi o‘qilayotgan vaqtda peshin o‘qish makruhdir.
«Olamgiriya», «Muzmarot».
232-FATVO
Shar’an musofir nomini olib, ayrim imtiyozlarga ega bo‘lishi uchun kishi eng kamida uch kecha va kunduzlik yo‘lni bosib o‘tishni niyat qilib yo‘lga chiqqan bo‘lishi kerak. Yilning eng qisqa kunlaridagi uch kecha va kunduzlik yo‘l odamning piyoda yoki tuyaning yurish tezligi bilan o‘lchanadi. Musofirga beriladigan imtiyozlar – to‘rt rakatli farz namozlarning ikki rakatga aylanishi, Ramazon ro‘zasini tutish-tutmaslik ixtiyori, poyabzalga uch kechayu kunduz mas'h tortish mumkinligi, juma va ikki hayit namozining soqit bo‘lishi kabilardir.
«Olamgiriya», «Sirojiya»,
«Tabyin».
233-FATVO
Uch kecha va kunduzlik masofa ertadan kechgacha yo‘l yurish bilan belgilanmaydi. Safar masofasi tongda yo‘lga chiqib, peshin vaqti kirgunicha yo‘l bosib, so‘ngra bir joyda dam olib, tunab, yana ertasi tongda yo‘lga chiqib, peshingacha yurib, uchinchi kuni ham shu tariqa yo‘l yurish bilan o‘lchanadi. Farsax yoki kilometr bilan o‘lchash shart emas. Zero, har bir yo‘lning o‘ziga xos qulayligi va qiyinchiliklari bor.
«Olamgiriya», «al-Javhara»,
«al-Bahrur-roiq».
Izoh:
Shunga ko‘ra, safar masofasini km bilan belgilashda ulamolar o‘rtasida qadimdan ixtilof mavjud. Ba’zilar buni 80, boshqalar 90, ayrim ulamolar 100 km deb hisoblaydilar.
234-FATVO
Musofir ko‘zlagan manzilning ikkita yo‘li bo‘lib, biri uzoq, ikkinchisi yaqin bo‘lsa, uzog‘i uch kechayu kunduzlik, yaqini ikki kechayu kunduzlik masofani tashkil etsa, uzog‘i bilan yursagina musofir hisoblanadi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
235-FATVO
Uch kechayu kunduzlik yo‘lni ulov bilan ikki kunda bosib o‘tgan bo‘lsa ham musofir hisoblanib, to‘rt rakatli farz namozlarni qasr (ikki rakat) qilib o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Javhara».
236-FATVO
Musofir odam qasr o‘qishi, ya’ni to‘rt rakatli farz namozlarni ikki rakat qilib o‘qishi vojibdir. Bordi-yu, to‘rt rakat o‘qib, ikki rakatdan keyin o‘tirgan bo‘lsa, namozi durust hisoblanadi. Lekin keyingi ikki rakat naflni qo‘shish bilan salomni kechiktirgani uchun gunohkor bo‘ladi. Ammo birinchi qa’daga o‘tirmagan bo‘lsa, namozi buziladi.
«Olamgiriya», «Hidoya».
237-FATVO
Ba’zi ulamolar safarda sunnat namozlarini o‘qimaslikka ruxsat bergan bo‘lsalar-da, xavf-xatarli yerlarda o‘qimaslik, barqaror, tinch joylarda o‘qish avlodir.
«Olamgiriya»,
«Vajizi Kardariy».
238-FATVO
Musofir namozlarni qasr qilib o‘qishni uyida niyat qilgan vaqtidan emas, balki yo‘lga tushib, shahri yoki qishlog‘ining chekka uylari ortida qolgan joydan boshlaydi. Safardan qaytishda ham xuddi shu yerga kelganidan keyin qasrni to‘xtatib, to‘la o‘qishga o‘tadi.
«Olamgiriya», «Muhit»,
«Tatarxoniya».
239-FATVO
Uch kecha-kunduzlik yo‘lga chiqishni niyat qilmay safarga chiqsa-yu, bir oylik yo‘l bosib o‘tgan bo‘lsa ham, shar’an musofir hisoblanmaydi. Masalan, otini qidirib uzoq masofagacha izlab borgan odam qancha yo‘l bosgani bilan niyatsiz bo‘lgani uchun musofir sanalmaydi. Ammo uyiga qaytishda musofirga aylanadi. Zero, safar masofasidagi uyiga borishni niyat qildi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
240-FATVO
Musofir safar masofasini bosib o‘tgach, biror shahar yoki qishloqda eng kami o‘n besh kun turishni niyat qilib to‘xtasa, musofirlik imtiyozlari soqit bo‘ladi. Shuningdek, safar masofasini bosib o‘tmay turib, biror joyda o‘n besh kun turishni yoki uyiga qaytishni niyat qilsa ham, muqimga aylanib, musofirlik imtiyozlaridan xoli bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Hidoya».
241-FATVO
Sahro va dashtu biyobonlarda chodir tikib yashaydigan ko‘chmanchi qabila kishilari agar bir joyda o‘n besh kun va undan ortiq turishni niyat qilishsa, Abu Yusufdan (r.h.) qilingan ikki xil rivoyatning biriga ko‘ra, muqimga aylanadilar.
«Olamgiriya», «Hidoya».
242-FATVO
Bir shaharga kelgan musofir ishim bitgan kuni qaytaman, degan niyat bilan bir necha yil turib qolsa ham, muqimga aylanmaydi.
«Olamgiriya», «Tahzib».
243-FATVO
Musofir 15 kun yoki undan ortiq vaqt ikki manzilda turishni niyat qilsa, qaraladi: agar o‘sha ikki joy o‘ziga mustaqil makonlar bo‘lib, biri ikkinchisiga tobe bo‘lmasa, muqimga aylanmaydi. Agar 15 kun kunduzi bir qishloqda, tunda ikkinchi qishloqda bo‘laman, deb niyat qilsa, tunaydigan qishloqqa kirishi bilan muqimga aylanadi.
«Olamgiriya», «Muhit».
244-FATVO
Hoji Makka shahriga zulhijja oyining birinchi kuni kirib kelib, 15 kun yoki ortiqroq turaman, deb niyat qilgani bilan muqim bo‘lib qolmaydi. Zero, oyning sakkizinchi kuni Minoga, to‘qqizinchi kuni Arafotga chiqib ketishi kerak. Demak, 15 kuni bir joyda o‘tmay, bo‘linib turadi. Shuning uchun musofirligicha qolib, namozlarni qasr qilib o‘qiyveradi.
«Olamgiriya»,
«al-Bahrur-roiq».
245-FATVO
Savdogar bir shaharga borib, hojatimni ado etgunimcha 15 kun turaman, deb niyat qilsa, muqimga aylanmaydi. Zero, ertaroq hojati bitsa, yurtiga qaytishi aniq. Demak, 15 kun turishiga ishonchi mustahkam emas. Binobarin, niyat ham barqarorlikdan yiroq.
«Olamgiriya»,
«al-Bahrur-roiq».
246-FATVO
Birovga tobe holda safarga chiquvchilarning musofir yoki muqimga aylanishi ularning rahbariga bog‘liq. Ya’ni, uning niyati va qaroriga qarab, bularning holi o‘zgarib turadi. Masalan, shogirdlar ustoziga, xotinlar erlariga, mardikor xo‘jayiniga qarab ish ko‘radi. O‘zlaricha musofir yoki muqim bo‘lishni niyat qilishlari mumkin emas.
«Olamgiriya», «Muhit».
247-FATVO
Musofir namoz ichida, shu shaharda 15 kun yoki undan ortiq turishni niyat qilsa, namozini qasr qilmay, to‘rt rakat o‘qiydi. Bunda uning yakka yoki imomga iqtido qilib o‘qiyotgani, yoxud masbuq ekanining farqi yo‘q.
«Olamgiriya», «Muhit».
248-FATVO
Namozni kech boshlagani uchun uni tugatmasidan vaqti chiqsa va shundan keyin musofir 15 kun yoki undan ko‘proq turishni niyat qilsa, namozi qasrligicha qoladi. Agar namozni buzib qo‘ysa, shu namozning qazosini ikki rakat o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Xulosa».
249-FATVO
Musofir boshqa musofirlarga imom bo‘lib namoz o‘qiyotganida tahorati singach, orqadan bir musofirni o‘rniga qo‘yib, tahoratini yangilash uchun chiqib ketganidan keyin, vaqtincha imomlik qilayotgan namozxon 15 kun shu shaharda turishni niyat qilsa, orqadagilarning namozi qasrdan to‘rt rakatga o‘zgarmaydi. Birinchi tahorati singan imom agar masjiddan chiqmay turib shunday niyat qilsa, o‘zining ham, iqtido qilgan musofirlarning ham qasr namozlari to‘rt rakatga o‘zgaradi.
«Olamgiriya», «Zahiriya».
250-FATVO
Musofir muqimga iqtido etib namoz o‘qisa, qasr qilmay, to‘rt rakat o‘qiydi. Ammo namozni buzib qo‘yib, o‘zi qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, yana qasr qiladi. Agar muqimga nafl niyati bilan iqtido etgan bo‘lsa-yu, namozni buzib qo‘yib, qayta o‘qimoqchi bo‘lsa, to‘rt rakat o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Tabyin».
251-FATVO
Juma kuni zavoldan oldin yoki keyin safarga otlanish makruh emas. Lekin shaharni tark etguniga qadar juma vaqti chiqmasligini bilsa, jumani o‘qib, so‘ngra ketishi lozim. Aksincha qilsa, makruhdir.
«Olamgiriya», «Muhit».
252-FATVO
Mashoyixlarimiz so‘ziga ko‘ra, ko‘pchilik kishilarda ikki xil vatan bo‘ladi. Birinchisi – vatani asliy. Ya’ni, ahl-oilasi va mol-mulki turadigan vatan. Ikkinchisi – vatani iqomat. Ya’ni, vatani asliydan vaqtincha kelib yashaydigan ikkinchi turar joyi. Bunda kamida 15 kun yashashni niyat qilishi shart. Ko‘piga chegara yo‘q. Vatani asliydan ahl-oilasi bilan ikkinchi vatanga ko‘chib borsa, oldingi joyiga kelganda musofir hukmida bo‘ladi. Ammo ahl-oilasini olib ketmay, ikkinchi yashash joyida yangi oila qursa, har ikki vatanda ham muqim hisoblanadi. Vatani asliy safar bilan yoki boshqa joydagi iqomat joyi bilan yo‘q bo‘lmaydi. Ammo 15 kunlik iqomat joyi safar bilan ham, ikkinchi iqomat joyiga borish bilan ham yo‘q bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Kifoya»,
«Tabyin».
253-FATVO
Agar vatani asliyda hovli va yerini qoldirib, ahl-oilasi va ko‘chlari bilan boshqa joyga borib vatan tutsa, oldingisi ham vatani asliyligicha qoladi.
«Olamgiriya», «Zohidiy».
254-FATVO
Musofir namoz o‘qiy desa, o‘g‘ri va qaroqchilar narsalarini talab ketishi xavfi bo‘lsa, namozni o‘qimasligi mumkin.
«Olamgiriya», «G‘aroib».
255-FATVO
Farz namozini uzrsiz ulov ustida o‘qish joiz emas. Uzr deganda, ulovdan tushsa, o‘zi, kiyimi yoki uloviga o‘g‘ri, yirtqich yoki dushman tajovuz qilishidan qo‘rqishi, ulovga qaytib minishiga ko‘zi yetmasligi yoki yer loy bo‘lib, quruq joyning yo‘qligi kabilar nazarda tutiladi.
«Olamgiriya», «Sharhul-Kanz», «Muhit».
256-FATVO
Ulov ustida namoz o‘qishga to‘g‘ri kelib qolsa-yu, ulovning ayrim joylariga najosat tekkan bo‘lsa, ba’zi ulamolar egar bilan uzangi pok bo‘lsa, zarari yo‘q, desalar, boshqalari, egarning o‘zi pok bo‘lsa, kifoya, deganlar. Lekin «Kanzul ibod» kitobiga sharh yozgan alloma Badriddin Ayniy, ulovdagi najosat qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, namozga zararsizdir, deb aytganlar.
«Olamgiriya»,
«Sharhul-Kanz».
257-FATVO
Suzib borayotgan kemaga mingan odam namozni tik holda o‘qishga qodir bo‘lsa-da, uzrsiz o‘tirib o‘qishi joiz. Lekin karohiyati bor. Bu Abu Hanifa (r.h.) so‘zidir. Ammo Abu Yusuf bilan Imom Muhammad (r.h.) nazdida, joiz emas. Demak, uzrsiz o‘tirib o‘qilmagani yaxshi ekan. Kema bog‘liq holda, suzmay turgan bo‘lsa, barcha ulamolar nazdida, uzrsiz o‘tirib o‘qish joiz emas.
«Olamgiriya»,
«Tahzib».
258-FATVO
Juma namozining farzligi Qur’on, sunnat va ijmo bilan sobit bo‘lgani bois, uni inkor etish kufr hisoblanadi. Jumaning farz bo‘lishi uchun namozxonda oltita shart topilishi kerak. Ya’ni, shaharda yashash, sihat-salomatlik, hurriyat (ya’ni qul bo‘lmaslik), erkak va balog‘at yoshida bo‘lish hamda ko‘z bilan oyoqlar sog‘lomligidir. Ba’zi ulamolar aqlni ham qo‘shishgan. Lekin shulardan salomatlik, shaharda yashash, hurriyat, erkaklik kabi shartlar topilmagan kishilar juma namozini o‘qisalar, joiz hisoblanib, peshin namozi zimmalaridan soqit bo‘ladi.
Jumani ado etish uchun beshta shart belgilangan. Ular – shahar yoki uning hududi, ruxsatnomaga ega masjid, xutba, jamoat va peshin vaqti bo‘lishidir.
«Olamgiriya», «Muxtasar»,
«Badoye», «Kanz».
259-FATVO
Abu Hafs Kabir (r.h.) so‘ziga ko‘ra, mardikorning juma namoziga borishiga xo‘jayini qarshilik qilishi mumkin. Ammo Abu Ali Daqqoqning (r.h.) nazdida, shaharda bo‘lsa, qarshilik qilishga haqi yo‘q. Lekin jumaga borib-kelgunicha ketgan vaqti uchun ish haqidan ushlab qoladi. Bu ham masjid uzoq bo‘lsagina mumkin. Biroq yaqin bo‘lsa, haqidan ushlab qolmaydi. Jumaga borib-kelgunicha o‘tgan vaqti uchun mardikorning haq talab qilishi ham joiz emas.
«Olamgiriya», «Muhit»,
«al-Bahrur-roiq».
260-FATVO
Mujtahid imomlardan Abu Yusuf, Muhammad va Karxiy (r.h.) kabi zotlar bir shaharda bittadan ortiq juma o‘qiladigan jome masjidi bo‘lmasligi kerak, degan masalada kengroq izlanish olib borib, bir shaharda ikkita yoki uchtagacha jome masjidi bo‘lishi mumkin, degan qarorga kelganlar. Ammo Imom Muhammadning (r.h.) Abu Hanifadan (r.h.) qilgan rivoyatida bir shaharda uchtadan ortiq jome masjidida ham juma namozi o‘qilishi mumkin, deyiladi.
«Olamgiriya», «Badoye».
261-FATVO
Juma o‘qilmaydigan kichik qishloqdan shaharga bir kun turish uchun kelgan odam juma kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, juma namozini o‘qishi zarur. Lekin shu kuni uyiga qaytadigan bo‘lsa, juma o‘qishi lozim emas. Ammo shunda ham jumani o‘qib ketsa, ajrga ega bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Tajnis».
262-FATVO
Juma vojib bo‘lmagan kishilar peshinni jamoat bo‘lib, azon va iqomat bilan o‘qiyveradilar. Shaharda yurgan musofirlar, jumaga bora olmagan shaharliklar peshin namozini jamoat bo‘lmasdan, yakka-yakka holda o‘qiydilar.
«Olamgiriya», «Qozixon».
263-FATVO
Arafotda juma namozi o‘qilmaydi. Abu Hanifa va Imom Muhammad (r.h.) so‘ziga ko‘ra, bir shaharning bir necha joyida juma namozi o‘qilishi mumkin. Shu so‘zga amal qilamiz. Qattiq yog‘ayotgan yomg‘ir juma namoziga bormaslikka uzr bo‘la oladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Xulosa».
264-FATVO
Juma namozidan oldin imomning xutba o‘qishi farz. Xutbaning farzlari bizning hanafiy mazhabimizga ko‘ra, ikkita. Biri – peshin vaqtida, lekin jumadan oldin o‘qilishi. Ikkinchisi – Allohning zikri. Ya’ni, hamdu sano yo tahlil, yoki tasbeh aytilishi. Xutbaning sunnatlari 15 ta. Ular – tahoratli bo‘lish, tik turish, qavmga yuzlanish, «A’uzu...»ni ichida aytish, xutbani qavmga eshittirish, hamd bilan boshlash, Allohning zotu sifatlariga xos sanolar aytish, ikki shahodat kalimasini o‘qish, Payg‘ambarimizga salavot aytish, pandu nasihat qilish, oyatlardan o‘qish, ikkinchi xutbada hamdu sano va salavotlarni takroran aytish, musulmonlar haqiga duo qilish, har ikki xutbani qisqaroq o‘qish, ikki xutba orasida bir oz o‘tirish va xutbani minbarda aytish ham sunnat amallardan deyilgan.
«Olamgiriya», «Sharhi Hidoya»,
«al-Bahrur-roiq».
265-FATVO
Agar xutbani aytganidan keyin tahoratini yangilash harakatida o‘rniga imomlikka boshqa odamni qo‘ymoqchi bo‘lsa, o‘sha odam xutbani eshitgan bo‘lishi shart. Aks holda, imomligi durust bo‘lmaydi. Ammo xutba o‘qigan imom namozni boshlaganidan keyin tahoratga chiqadigan bo‘lsa, o‘rniga xutbani eshitgan odamni qo‘yishi shart emas.
«Olamgiriya», «Kofiy»,
«Tahzib».
266-FATVO
Juma xutbasini o‘qish uchun imom minbarga chiqishi bilan namozxonlarga har qanday namoz, gap, salavot, yeb-ichish kabi amallar taqiqlanadi. Hatto birov nojo‘ya ish qilayotgan bo‘lsa ham, uni qaytarish uchun ovoz chiqarmasdan qo‘l bilan ishora qilish lozim.
«Olamgiriya», «Muhit»,
«Xulosa».
Izoh:
Bilib qo‘yish lozimki, arablar juma xutbasini arab tilida aytadilar. Shuning uchun ular bir yo‘la ikkinchi azondan boshlab, ikkita xutbani o‘qiydilar. Ammo bizning diyorimizga o‘xshash ajam yurtlarida birinchi azongacha mahalliy tilda mav’iza qilinadi. Bu xutba emas. Gapirish kabi ishlar taqiqlanadigan xutba – bu bizda ikkinchi azondan keyingi xutbadir.
267-FATVO
Juma xutbasiga hozir bo‘lganlar tiz cho‘kib o‘tiradimi yo chordona quribmi, yoki boshqacha o‘tiradimi, farqi yo‘q. Lekin namozda o‘tirgandek cho‘kkalab o‘tirish mustahabdir.
«Olamgiriya», «Muzmarot»,
«Me’roj».
268-FATVO
Nafl o‘qib turganida imom ikkinchi azondan keyingi xutbani o‘qiy boshlasa, sajda qilmagan bo‘lsa, naflni to‘xtatib, xutbaga quloq soladi. Agar sajda qilib qo‘ygan bo‘lsa, ikki rakatni tugatib, so‘ngra xutbaga quloq soladi.
«Olamgiriya»
269-FATVO
Imomlikka juma xutbasini o‘qigan odam o‘tishi shart emas.
«Naf’ul-muftiy», «ad-Durrul-muxtor».
Izoh:
Bu yerda shart emas, deyilishidan, xutba o‘qigan kishining imomlikka o‘tishining afzalligi ma’lum bo‘ladi. Lekin shart emasligi ba’zi holatlarda yengillik paydo qiladi.
270-FATVO
Bemorga qarash xizmatida bo‘lib turgan kishiga jumaga borish vojib emas.
«Naf’ul-muftiy», «ad-Durrul-muxtor».
271-FATVO
Juma namozi durust bo‘lmog‘i uchun jamoat mavjudligi ham shart. Bunda imomdan tashqari kamida uch kishi hozir bo‘lishi kerak. Ular xutbani tinglagan bo‘lishlari shart emas, balki imomlikka yaroqli kishilardan bo‘lishlari zarur. O‘zi uch kishidan iborat jamoatda biri ayol yoki sag‘ir, yoxud imomlikka yaroqsiz bo‘lsa, juma o‘qilishi durust emas.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Muhit».
272-FATVO
Shaharda uzrsiz juma o‘qimaganlar juma namozi tugamagunicha peshin namozini o‘qimay turishlari lozim. Bemor va musofirlar ham peshin namozini jumadan keyin o‘qishlari mustahabdir.
«Olamgiriya», «Kanz», «al-Vajiz».
273-FATVO
Bemor odam kasalligi yengillashgani sababli peshin namozini uyida o‘qiganidan keyin jome masjidiga borib, juma namozini o‘qisa, o‘qigan peshin namozi naflga aylanadi. Imomni «Attahiyyot» o‘qiyotganida yoki sahv sajdasi qilayotganida topsa ham, iqtido qilib, jumani o‘qiyverishi lozim. Bu Abu Hanifa bilan Abu Yusuf (r.h.) so‘zidir.
«Olamgiriya», «Nihoya».
274-FATVO
Ikki hayit namozi vojib amallar sirasiga kiradi. Shartlari juma shartlari bilan bir xil. Faqat bularda xutba shart emas, balki sunnatdir. Xutba jumada namozdan oldin o‘qilsa, ikki hayit namozida undan keyin o‘qiladi. Ramazon hayiti namozi uzr bilan ertasi kuni o‘qilishi mumkin. Qurbon hayiti namozi uzrli va uzrsiz uch kungacha o‘qilaveradi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Muxtasar».
275-FATVO
Hayit namoziga kech kelib, imomni rukuda topgan kishi tik holda «Tahrima takbiri»ni aytgach, qaraydi: agar imom rukudan boshini ko‘tarmasidan oldin hayit namozining uchta takbirini aytishga ulgursa, tik holda aytib, keyin ruku qiladi. Ulgurmaydigan bo‘lsa, ruku qilib, unda takbirlarni aytib tugatadi. Lekin uch takbirni rukuda aytganida qo‘llarini ko‘tarmaydi. Bordi-yu, rukuda takbirlarni aytayotganida imom rukudan boshini ko‘tarsa, imomga ergashib, u ham bosh ko‘taraveradi. Aytilmay qolgan takbirlar soqit bo‘ladi.
«Olamgiriya», «as-Sirojul-vahhoj»,
«Kofiy».
276-FATVO
Hayit namozining birinchi rakatida imom qiroatidan oldin uch takbir aytishni unutib, qiroat qilib qo‘ygan bo‘lsa, buni qiroatdan keyin aytishi ham mumkin. Agar rukuga borganda esiga tushsa, takbirlarni qo‘l ko‘tarmay, rukuda aytsa ham bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Tatarxoniya».
277-FATVO
Qurbon hayiti namozi uzr bilan ertasiga yoki uchinchi kunda o‘qilsa, karohiyati yo‘q. Ammo uzrsiz hayitdan keyingi kunlarga qoldirish joiz bo‘lsa-da, makruhdir. Ro‘za hayiti namozini esa, uzrsiz bir kunga kechiktirish ham joiz emas.
«Olamgiriya», «Javhara», «Tabyin».
278-FATVO
Hayit namozi bilan janoza namozini o‘qish bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolsa, birinchi bo‘lib hayit namozi, keyin janoza o‘qiladi. Hayit namozining xutbasi janoza namozidan keyin o‘qiladi.
«Olamgiriya», «Qunya».
279-FATVO
Qurbon hayitining Arafa kungi bomdod namozidan boshlab «Tashriq kunlari»ning oxirgi kuni asr namozidan keyingacha jamoat bilan o‘qilgan har bir farz namozidan so‘ng «Tashriq takbiri»ni bir marta aytish vojib. O‘qilishi bunday: «Allohu akbar, Allohu akbar. La ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar. Valillahilhamd». U hammaga emas, balki shaharda yashovchi erkaklarga, muqimga iqtido qilgan musofir va ayollarga vojib bo‘ladi. Yolg‘iz o‘zi o‘quvchi odam bu takbirni aytmaydi.
«Olamgiriya», «Muxtasar».
280-FATVO
Imom «Tashriq takbiri»ni aytmasa, iqtido qiluvchilar darhol aytib yubormasdan, uning haqiqatan takbirni unutganiga va aytmasligiga to‘la ishonch hosil qilishlari lozim. Masalan, gapirib qo‘yishi, boshqa zikr-tasbehlarni boshlashi, masjiddan chiqishga harakat qilishi kabi holatlar sodir bo‘lsa, shundagina takbirni muqtadiylarning o‘zlari aytadilar.
«Olamgiriya», «Tabyin».
281-FATVO
Quyosh tutilganda jome masjidida yoki keng maydonda juma masjidining imomi jamoat bilan ikki rakat nafl namoz o‘qishi sunnat amallardandir. Tovushsiz, uzunroq qiroat qilinadi. Namozdan so‘ng uzoq duo o‘qiladi. Agar imom kelmasa, jamoat yakka-yakka bo‘lib o‘qishadi. Lekin Imom Halvoniy (r.h.) so‘ziga ko‘ra, juma, hayitga o‘tib yurgan imom uzr bilan kela olmay, boshqa biror kishining imom bo‘lib o‘qishiga buyursa, joizdir. Qavmga malol keltirmaslik maqsadida imom qiroatni uzun qilsa, duoning qisqaroq bo‘lishiga e’tibor beradi. Duoni uzoq qilmoqchi bo‘lsa, qiroatni ixchamlashtiradi.
«Muxtasar», «Olamgiriya»,
«Javhara».
282-FATVO
Oy tutilganda ham xuddi quyosh tutilgandagi kabi ikki rakat nafl namoz o‘qiladi. Faqat bunda jamoat bilan emas, balki har kim o‘zi yakka holda o‘qiydi. Shuningdek, qattiq shamol, bo‘ron ko‘tarilganda, qor yoki yomg‘ir tinmay qattiq yog‘averganda, osmon qizarib ketganda, kunduzni zulmat qoplaganda yoki biror kasallik ommaviy ravishda tarqalganda, zilzilada, chaqmoq ko‘p chaqqanda, yulduzlar ko‘p uchganda, tunda ortiqcha yorug‘lik paydo bo‘lganda, dushmandan xavf kuchayganda ham ikki rakat nafl namoz o‘qib, Allohdan najot so‘rash tavsiya etiladi. Oy tutilganda va yuqorida eslatilgan holatlarda jamoat bilan emas, balki har kim o‘z uyida o‘qiydi.
«Olamgiriya», «Muhit»,
«Sirojiya», «Tabyin».
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Keling, o‘zimizga bir necha savollar beraylik. Isrof nima? Ibodatga sarf qilingan pul qachon isrof hisoblanadi? Umraga borayotgan inson sadaqa qilishga majbur, Turkiyaga borayotganlarga bu shart emasmi? To‘yda ming dollarga mebel olish zarurat, qayta-qayta hajga borish ortiqcha ish bo‘lib qoldimi? O‘zi nafl haj va umralarga salafi solihlarimiz qanday qarashgan? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘rt marta umra qilganlarida Madinadagi barcha ehtiyojlarni ravo qilib, keyin ketganlarmi? Eng muhim savol: Dinga adovati bor kimsalar, musulmonlarning iymoniy ehtiyojlarini qachon ehtiyoj o‘rnida qabul qilasiz?
Ushbu kichik maqolamizda, qayta-qayta umra qiladigan insonlarni boshqa ehtiyojlarga pul ajratmaganlikda ayblashni shar’iy mezonda tahlil qilamiz. Haqiqatan ham islom dinida ko‘p bora umra qilish xush ko‘rilmaydimi? Bu muborak safarga mukkasidan ketish umrni va mablag‘ni isrof qilishga kiradimi? Avvalo, isrof nimaligiga biroz to‘xtalsak.
Isrof nima? Isrofga bir qancha ta’riflar berilgan. Shulardan asosiy uchtasini keltiramiz:
Isrof – to‘xtash talab etiladigan chegarani buzib o‘tishdir (Tafsiru g‘aribil Qur’an, 3/147)
Isrof – shariatda man qilingan har qanday ishni qilishdir (Ta’vilotu ahli sunna, 3/25)
Imom Jurjoniy: Arzimagan ishga ko‘p pul sarflash isrofdir, degan (Mavsu’atul axlaqil islamiya, 2/109)
Demak, nafl umra qiluvchilarni isrofgarlikda ayblaydiganlar nazdida umra arzimagan ish ekan. Darvoqe, bir tanishim ikki marta Tayland davlatiga besabab borib, bir nechta umraning pulini ishlatib kelganda bironta odam uni isrof qilganlikda ayblamadi, aksincha, dam olib keladi-da, deyishdi. Endi o‘ylab ko‘ring, sohil bo‘yida dam olish ehtiyoju, iymoniy hirsini qondirish ehtiyoj emasmi?
Yuqoridagi ta’riflardan ma’lum bo‘ladiki, to‘xtash talab etilgan chegaradan narisi isrof hisoblanar ekan. Shariatda umraning chegarasi bormi? Biron kitobda falon adaddan keyingi umra makruh deyilganmi? Istinjoda ko‘proq tosh ishlatishning hukmiga to‘xtalib o‘tgan shariat umraning adadiga ham to‘xtalishi kerak edi. Biroq nega sukut qildi. Chunki Allohning nazdida bu ibodatning isrof adadi yo‘q. Aksincha, umrani qayta-qayta qilishga ishora qiluvchi hadis bor: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Umra keyingi umraga qadar oradagi gunohlarga kafforatdir. Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir” deganlar. (Muttafaqun alayh).
Takror haj yoki umra qilish o‘rniga muhtojlarga yordam berish borasida salafi solihlarning munosabatlari qanday bo‘lgan?
Abdurazzoqda keladi: Tovusdan so‘rashdi: Nafl haj afzalmi yo sadaqami? U kishi hajning afzal ekaniga ishora qilib: “Safar, bedorlik, tik oyoqda yurish, Baytni tavof qilish, Bayt oldida namoz o‘qish qayerda-ya” dedi.
Bu masalaga mazhabboshi mujtahidlar xulosasi quyidagicha bo‘lgan:
(Bu qavllarda nafl haj haqida gap ketmoqda. Zotan, farz hajning sadaqadan ustun ekani kundek ravshan).
Nafl hajning sadaqadan afzal ekani barcha ulamolar bir ovozdan aytgan qavl emas, albatta. Ba’zi olimlar nazdida nafl umra yoki haj o‘rniga sadaqa qilishi mustahab. Biroq shuni unutmangki, sadaqa qilmay umra qilayotgan inson uzog‘i borsa, mustahab amalni tark qilayotgan bo‘ladi. Holbuki, bir kishi mustahab amalni tark qilgani uchun birov unga tanbeh berish mumkin emas, illo qo‘l ostidagi kishilarga mumkin (Anvarshoh Kashmiriy, Fayzul Boriy, 2/406).
Albatta, ocharchilik kelsa, boshqalarga yordam berish hatto farz hajdan ham afzal bo‘lishi mumkin. Biroq bizning jamiyatimizdagi holat ocharchilik zamoniga tushmaydi. Qanchadan qancha oilalar och-ku, deyishingiz mumkin. Biroq bu holat doim bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘ladi. Qolaversa, nega o‘sha och oilalar o‘zingiz tansiq taomlarni paydar-pay yeganingizda esingizga kelmay, birov ibodatga bormoqchi bo‘lganda tinchingizni buzadi?!
Ibrohim alayhissalom ahli va farzandini Makkaga tashlab kelib, Alloh taologa shunday duo qiladi: “Bas, Sen O‘zing odamlarning dillarini ularga moil qilib qo‘ygil” (Ibrohim surasi, 37-oyat).
Aytingchi, ba’zi musulmonlarning Makkaga muhabbati qattiq bo‘lsa, har yili umra qilib kelmasa qalbi xotirjam bo‘lmasa, bu Ibrohim alayhissalomning ayni duolariga mos holat emasmi? Oyat tafsirida Suddiy: “Oyat musulmonlarning qalblarini Makkaga talpinadigan qilgin, degan ma’noda” degan.
Ha, bizning Makkaga mukkamizdan ketishimiz Ibrohim alayhissalomning duosi ijobatidir. Ibrohim o‘sha duoda qayta-qayta borishni emas, balki shunchaki mushtoq bo‘lib yashashimizni so‘ragan, desangiz, unda Ibrohim bizga azobni so‘ragan ekanda. Zotan, visolsiz ishtiyoq azobdan boshqa narsa emas.
Islomning ustuni bo‘lgan zotlar necha marta umra va haj qilishganini bir sira ko‘rib chiqib, maqolamizni yakunlaymiz.
Bu ro‘yxat shunchalik uzunki, yig‘sangiz kitob bo‘ladi. Undan ko‘ra, nafl haj va nafl umra qilmaganlarni sanash osonroq bo‘lsa kerak. Endi o‘ylab ko‘ring, ularning zamonida jamiyatda pulga muhtojlar yo‘qmidi? Faqirlar tugaganmidi? Yo‘q, albatta. Lekin biron olim ularni birovga pul bermasligda ayblagan emas.
Birodarlar! Bu tahlilimizdan maqsad birovni qayta-qayta umraga borishga targ‘ib qilish emas. Balki umraga borayotganlarni tanqid qilayotganlarni ogohlantirish. Har kim o‘zi topgan puliga o‘zi xo‘jayin. O‘zingiz zarur bo‘lmagan narsalarga pul sarflab turib, ko‘zingizga birovning umra puli ko‘rinmasin. Buni inson o‘zi ilg‘amasa-da, tagida hasad va adovat yotadi. Qalbingizni keng qiling. Qalbi Makka yoki Madinaga bog‘lanib qolganlardan kir izlamang, aksincha, “Muhabbati kuchli-da”, deb qo‘ying bas. “Odamlar boshqa niyatda umra qilishga o‘tib ketishyapti” degan vajh ham o‘tmaydi. Bu muammo odamlarni umradan sovutish bilan hal bo‘lmaydi, balki ularga ixlosni o‘rgatish kerak. Zotan, yomon niyatda namoz o‘qiydigan odamni namozni tark etishga chaqirilmaganidek, boshqa ibodatlardan ham turli bahonalar bilan odamlarni qaytarish joiz emas.
Abdulbosit Abdulvohid