1-FATVO
Ro‘za uch turli bo‘ladi – farz, vojib, nafl. Farz sanaluvchi ro‘za ikki xil – muayyan farz, ya’ni, Ramazon oyi ro‘zasi bilan kafforat uchun tutiladigan ro‘za va Ramazon oyida uzrli tutilmagan ro‘za qazosi. Vojib ham ikki xil – muayyan nazr va qachon hamda qanchaligi tayin etilmagan nazr. Qolgan ro‘zalar nafl hisoblanadi.
Ro‘zaning vaqti tong yorishgan paytdan boshlab, quyosh botguniga qadardir. Saharlik qilayotganida tong yorishgani yoki yorishmaganida shak qilib qolsa, darhol yeb-ichishni to‘xtatadi. Bordi-yu, yeb-ichishda davom etaversa, lekin tong yorishgandan keyin ham yeb-ichishdan to‘xtamagani aniq bo‘lmasa, ro‘zasi durust. Agar aniqlansa, bir kuniga bir kun qazosini tutadi. Kafforat lozim emas.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Tabyin».
Izoh:
Bu masala taqvim, soat keng joriy bo‘lmagan davrlarga to‘g‘ri keladi. Ammo bizning asrimizda shak qilishga o‘rin yo‘q. Qo‘lida taqvimi, soati bo‘la turib, aniq belgilab qo‘yilgan vaqtidan keyin ham yeb-ichaversa, albatta, ro‘zasi hisobga o‘tmaydi. Ro‘za kafforati bir kuniga 60 kun ro‘za tutish yoki 60 nafar miskinga taom berishdan iboratdir.
2-FATVO
Agar ikki kishi tong otganiga, yana ikki odam tong otmaganiga guvohlik berganlaridan keyin yeb-ichishni to‘xtatmagan bo‘lsa, so‘ngra oldingilarning gapi rost chiqsa, ham qazo, ham kafforatni ado etadi. Agar tong otdi, deb bir guvoh, tong otmadi, deb yana bir guvoh aytganidan keyin yeb-ichsa va oldingi guvohning gapi rost chiqib qolsa, bir kun ro‘za qazosi vojib bo‘ladi. Kafforat vojib bo‘lmaydi. Zero, tong otganiga bitta guvohning gapi to‘liq hujjat bo‘la olmaydi.
«Olamgiriya», «Qozixon».
3-FATVO
Quyosh botdi, deb ikki kishi, botgani yo‘q, deb yana ikki odam guvohlik berganidan keyin og‘zini ochib yuborgan ro‘zadorga quyosh botmay turib iftorlik qilgani ma’lum bo‘lib qolsa, qazo vojib bo‘ladi, kafforat emas.
«Olamgiriya», «Qozixon».
4-FATVO
Ro‘zaning farz bo‘lish shartlari – Islom dinida bo‘lish, aql, balog‘at, sog‘liq, o‘z yurtida turish, safarga chiqmaganlik, niyat, hayz va nifosdan pok bo‘lishdir. Niyat aslida dil bilan bo‘ladi. Lekin til bilan ham aytish sunnatdir.
«Olamgiriya», «Kofiy»,
«Nihoya», «an-Nahrul-foiq».
5-FATVO
Ramazon kechasida turib, saharlik qilishning o‘zi ro‘za niyati o‘rniga o‘tadi. Zero, diliga ro‘za tutishni keltirish niyatga o‘tar edi. Saharlik qilgan odamning diliga o‘z-o‘zidan ro‘za tutish niyati kelgan bo‘ladi. Bizning mazhabimizda, Ramazon tugaguncha har kuni niyat yangilab turiladi. Niyatning vaqti quyosh botgandan boshlab, ertasi kuni qiyom paytigachadir.
«Olamgiriya», «Xulosa», «Qozixon».
Izoh:
Shuning uchun iftorlik duosini o‘qiyotganda ertangi ro‘za niyatini ham qilib qo‘yish ayni ehtiyotkorlikdir. Zero, saharlikka tura olmasa, o‘sha niyati kifoya qiladi.
6-FATVO
Ramazon ro‘zasini nafl niyati yoki umuman ro‘za niyati bilan tutish ham mumkin. Muayyan nazr, nafl ro‘za niyatining hukmi ham xuddi shunday. Lekin safarda va bemorlikda tutilgan ro‘za uchun qaysi ro‘zaga niyat qilayotganini aniqlab, tayin qilib qo‘yishi shart.
«Muxtasar», «Olamgiriya», «al-Jome’us-sag‘ir».
7-FATVO
Qazo ro‘zasi, kafforat uchun tutiladigan ro‘za, tayin etilmagan nazr ro‘zasi uchun tong otmasdan oldin, tunda niyat qilish shart.
«Muxtasar», «Niqoya», «as-Sirojul-vahhoj».
8-FATVO
Ramazon oyi hilolini (birinchi kuni chiqqan yangi oyni) yakka o‘zi ko‘rgan odam, garchi boshqalar buni inkor etsalar ham, ertasi kundan ro‘za tutishi vojib. Agar tutmasa, bir kun qazosini tutib beradi. Hayit hilolini yakka ko‘rgan kishi ham, guvohligi o‘tmagani uchun ertasi kuni ham ro‘za tutadi. Agar tutmasa, qazosini tutib beradi.
«Muxtasar», «Qozixon», «Ixtiyor».
Izoh:
Ro‘za hiloli uchun ham, hayit hiloli uchun ham kamida ikki erkak yoki bir erkak bilan ikki ayol kishining guvohligi zarur. Bizning asrimizda hilolni ko‘rib, ro‘za tutish va hilolni ko‘rib, hayitni belgilash masalasida butun islom olamining ulamolari ittifoqda emaslar. Zero, keyingi vaqtlarda paydo bo‘lgan zamonaviy astronomik jihozlar, quyosh, oy hisoblarini taqvimlar bilan yuritishning keng joriy bo‘lgani ko‘pchilik ulamolarda zamonaviy taqvimlarga moyillik paydo qilgan. Masalan, Saudiya mamlakatida «ru’yati hilol»ga oid hadisi sharifga qattiq amal qilinishi natijasida har yili Ramazon oyining birinchi kuni, taqvimda qanday yozilganidan qat’i nazar, yangi oy hilolini ko‘rgan guvohlar so‘ziga binoan e’lon qilinadi. Natijada, bizning mintaqamizga o‘xshagan ko‘plab taqvimga binoan oyni belgilovchi musulmonlar diyorlarida ba’zan Saudiya bilan bir xil emas, balki boshqa-boshqa kunlarda ro‘zani boshlash yoki hayitni e’lon qilish hollari davom etmoqda. Vaholanki, har bir mamlakat o‘zining iqlimiga qarab hilol ko‘rinishini belgilab, o‘zining hisob-kitobi bo‘yicha ro‘za va hayit kunlarini belgilashi joiz ekani «Badoyeus-sanoye» kitobida keltirilgan.
9-FATVO
Ramazon hilolini ko‘rib, 29 kun ro‘za tutgan bir shahar ahliga bir guruh kishilar kelib, falon shahar aholisi hilolni sizlardan bir kun oldin ko‘rishibdi, shunga ko‘ra, bugun ro‘zaning 30-kuni, deb aytsalar, ularning gapiga amal qilinmaydi. Zero, hilolni ularning o‘zlari ko‘rgan emas, balki boshqalarning ko‘rganini naql qildilar.
«Qozixon», «Olamgiriya».
10-FATVO
Ramazon hilolini ko‘rmasdan ro‘zani boshlab, 28-kuni shavvol hilolini ko‘rib qolgan kishilar, sha’bon oyi hilolini ko‘rib, 30 kun hisoblagan bo‘lsalar, bir kun qazo tutadilar. Bordi-yu, 29-kuni shavvol hilolini ko‘rib qolsalar, qazo lozim emas. Ammo sha’bon hilolini ko‘rmasdan, uni 30 kun hisoblab, ro‘zani boshlagan bo‘lsalar, ikki kun qazo tutadilar.
«Xulosa», «Olamgiriya».
11-FATVO
Hilolni ko‘rgan holda Ramazon oyidan 29 kun tutib, hayit e’lon qilgan shahar ahli ichida kasalligi sababli ro‘za tutmagan kishi bo‘lsa, u ham 29 kun qazo tutadi. Bordi-yu, u shahar ahlining 29 kun tutganidan xabarsiz bo‘lsa, 30 kun qazo tutaveradi.
«Olamgiriya», «Muhit».
Izoh:
Ramazon oyi taqvim bo‘yicha 30 kun bo‘lsa-da, sha’bon oyi oxirida Ramazon hiloli ko‘rinib qolsa, ro‘za bir kun keyin boshlanadi. Shu sababli Ramazon ba’zan 29 kun bo‘ladi. Shunday uzr sababli tutilmagan bir kunning qazosi tutilmaydi. Shuningdek, Ramazonning oxirida shavvol hiloli oldinroq ko‘rinib qolsa ham, ro‘za to‘xtatiladi, tutilmay qolgan kun qazosi tutilmaydi.
12-FATVO
Ro‘zadorligi esida yo‘q kishi biror ovqat yeb qo‘ysa yo ichimlik, yoki dori ichib qo‘ysa, yoxud jinsiy aloqa qilib qo‘ysa, ro‘zasi ochilmaydi. Ammo shu ishlardan birortasini qasddan qilsa, ro‘zasi ochiladi. Keyin u har bir kunning qazosi bilan birga kafforat sifatida muttasil ravishda 60 kun ro‘za tutib beradi yoki 60 nafar och kishi (miskin) qornini to‘yg‘azadi. Ro‘zador ayolini jinsiy aloqaga majburlagan bo‘lsa, o‘zi 60 kun kafforat, ayoli bir kun qazo ro‘zasini tutadi. Ayoli rozilik bergan bo‘lsa, u ham 60 kun kafforat ro‘zasini tutadi.
«Olamgiriya», «Hidoya».
13-FATVO
G‘izo uchun yeyiladigan yoki dori sifatida iste’mol qilinadigan narsalarni g‘izo va dori niyati bilan qasddan iste’mol qilsa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Ammo mazkur narsalarni boshqa niyat, maqsadda iste’mol qilsa, kuniga – kun qazo ro‘zasini tutadi. Lekin kafforat lozim emas. Hayvon go‘shti yoki yog‘ini xomicha yesa ham, ro‘za ochiladi.
«Olamgiriya», «Xizonatul-muftin».
14-FATVO
Daraxt barglari ichida tok bargi kabi yangi unib chiqqan paytida yoki har doim yeyiladiganlari bor. O‘shalardan yeb qo‘ysa, ham qazo, ham kafforat vojib bo‘ladi. Agar odatda yeyilmaydigan daraxt yoki giyoh barglaridan yesa, ro‘zasi ochiladi. Lekin ro‘za qazosini tutadi, kafforat lozim emas.
«Al-Bahrur-roiq», «Olamgiriya», «Tabyin».
17-FATVO
Haj ibodati aqli raso, balog‘at yoshidagi sog‘lom musulmon kishi zimmasiga, agar yo‘lga qodir bo‘lsa, umrida bir marta ado etish farzdir. Borib kelishga har tomonlama qodirligi yuzaga chiqishi bilan o‘sha yili borishi vojib bo‘ladi. Imom Muhammad (r.h.) nazdida, o‘sha yili borishi shart emas. Umrining oxirigacha borsa, kifoya. Lekin vaqtida, tezroq borgani yaxshi. Boshqa faqihlar nazdida, qodir bo‘lgan yili bormasdan, orqaga sursa, gunohkor bo‘ladi. Xususan, sog‘lig‘i davom etishidan umidi oz kishi kechiktirmagani avlo. Kechiktirib qilgan haji ham hisobga o‘tadi. Alloh asrasin, qodir bo‘lgan yillari bormasdan, kechiktirib yurganda vafot etsa, dunyodan gunohkor holda ketgan bo‘ladi.
Hajning farz bo‘lish shartlaridan biri – ulov bilan oziq-ovqatga qodirlikdir. Shuningdek, borib kelguniga qadar oila a’zolari uchun yetadigan nafaqaga ham qodir ekanidir. Nafaqa o‘rtacha miqdorda bo‘lishi nazarda tutilgan. Qo‘lidagi mablag‘i hajga yetarli, lekin oila qurish niyati ham bo‘lsa, uylanishni keyinga qo‘yib, hajga borishi lozim.
«Olamgiriya», «Tabyin», «Muxtasar», «Xizona».
18-FATVO
Yashayotgan uyimni sotib, o‘rniga arzonroq uy sotib olsam, ortgan puli haj safari xarajatiga yetar ekan, degan o‘yga borib, uyini sotishi shart emas. Shuningdek, hovlisidagi ortiqcha uylarni sotib, puliga hajga borishi lozim bo‘lmaydi. Agar o‘z ixtiyori bilan sotib hajga borsa, bu ham avlodir.
«Olamgiriya», «Qozixon», «Izoh».
19-FATVO
Sog‘liq ham hajning farz bo‘lishi uchun shart qilingan. Surunkali kasalga chalingan, ko‘zi ojiz, falaj, ikki oyog‘i kesilgan kabi kishilarga haj vojib emas. Ularni boshqa odamlar haj qildirib qo‘yishlari ham vojib hisoblanmaydi, og‘ir kasal bo‘lsa, badal hajiga vasiyat qilishi ham lozim emas. Shuningdek, katta yoshli notavon kishilar, bemorlarga ham haj lozim bo‘lmaydi. Bu Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Imom Muhammaddan (r.h.) qilingan rivoyat. Oxirgi ikki imomdan yana mazkur uzrli kishilarga ham haj qilish vojib, degan naql bor. Agar o‘sha ojizlik davom etib tursa, ular birovlarga haj qildirsalar joiz, bordi-yu, ojizlik ketib, qudrat hosil bo‘lsa, o‘zlari qaytadan haj qilishlari vojib.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».
20-FATVO
Yo‘lga qodir, sog‘lom odam hajga bormay yurganida to‘satdan surunkali kasal yoki falajga aylanib qolsa, xarajatini to‘lab, badal haji qildirishi lozim. Agar uzrli, notavon bemor kishilar qiyinchilikka qaramay, o‘zlari hajni ado etsalar, hajlari hisobga o‘tadi. Sog‘ayganlaridan keyin qaytadan haj qilishlari lozim emas.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».
21-FATVO
Yurti bilan Makka shahri o‘rtasidagi uzoqlik safar masofasi (90–100 km)ga teng yoki ortiq bo‘lsa, ayol kishi uchun hajga birga borib keladigan mahram bo‘lishi shart qilingan. Mahram deb, eri yoki o‘rtalarida nikoh ravo bo‘lmaydigan erkak qarindoshlaridan biri tushuniladi. Uning qarindoshligi nasab yo emikdoshlik, yoki qudachilik jihatidan bo‘lishi mumkin. Musulmon bo‘lishi shart emas. Oqil, bolig‘, ishonchli bo‘lsa, kifoya. Nikohning farqiga bormaydigan majusiy mahramlikka yaramaydi.
«Olamgiriya», «Xulosa», «Qozixon», «Muhit».
22-FATVO
Mahram bo‘lib hajga hamroh sifatida borib keluvchi kishining ovqat va yo‘l xarajatlari ayolning zimmasidadir. Ayol kishida yo‘lga qodirlik va mahram mavjud bo‘lsa, farz sanaluvchi hajga erining ruxsatisiz ham borishi joiz. Ammo nafl sanaluvchi haj safariga erining ruxsatisiz borishi joiz emas. Ayolga mahram topilmagani uchun erga tegib, uni olib ketishi vojib emas.
«Olamgiriya», «Qozixon».
23-FATVO
Ayol kishiga qo‘yilgan shartlardan yana biri – iddada o‘tirganlardan bo‘lmasligidir. Iddasi eri o‘lgani yoki taloq qilingani sababli bo‘lishining farqi yo‘q. Agar haj safari asnosida eri o‘lib yoki taloq bilan idda o‘tirishga to‘g‘ri kelib qolsa, yetgan joyidagi shahardan iddasi tugaguncha chiqmasligi lozim.
«Olamgiriya», «Qozixon».
24-FATVO
Hajni ado etish uchun ham uchta shart mavjud. Ular – ehrom, makon va zamon. Hajning rukn (farz)lari – Arafotda bo‘lish, «ziyorat tavofi» (Ka’ba tavofi) va ehromga niyat bilan kirish. Vojiblari – Muzdalifada turish, Safo bilan Marva orasida (yetti bor) yurish, shaytonga tosh otish, sadr (qaytish) tavofi va soch oldirish yoki qisqartirish. Sunnatlari – qudum tavofi, unda yoki farz tavofida «raml» (kerilib yurish), ikki ko‘k mil (yashil belgi) orasida shitob yurish, Minoda tunash (nahr kunlari), Minodan Arafotga quyosh chiqqandan keyin jo‘nash, Muzdalifadan Minoga tong otmasdan burun jo‘nash, Muzdalifada tunash, tosh otiladigan uchta jamarotda belgilangan tartibda tosh otish ham sunnat amallardandir.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir»,
«Muxtasar», «al-Bahrur-roiq».
25-FATVO
Hajning odoblari – hajga otlangan odam avvalo, qarzlarini ado etsin. Hajga borish xususida aqlli, dono kishilarga maslahat solsin. Istixora qilsa, yanada yaxshi. So‘ngra tavba-tazarru bilan niyatni xolis qilsin. Birovning omonati bo‘lsa, egasiga topshirsin. Rozi-rizolik so‘rasin. Namoz va ro‘zalarining qazosi bo‘lsa, ado etsin. Xato va kamchiliklari uchun nadomat chekib, qayta takrorlamaslikka azmu qaror qilsin. Faxrlanish, riyokorlik, maqtanishdan saqlansin. Faqat haloldan yiqqan puliga hajga borishga harakat qilsin. Shubhali yo harom yo‘l bilan topilgan mablag‘ga haj qilgani uchun gunohkor bo‘lsa-da, hajning farzi zimmasidan soqitdir, degan so‘z ham manbalarda kelgan. Hajda tijorat bilan ham shug‘ullansa, savobi kamayib qolmaydi. Lekin savdoni aralashtirmagani avlo.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir», «Qozixon».
26-FATVO
Modomiki hajda ehromli ekan, behuda, fahsh so‘zlardan, fisqu fujur ishlardan, janjalu nizolardan, ov qilishdan, xushbo‘y narsalar sepish, tirnoq olish, yuzini yopish, bosh kiyim kiyish, boshni shampun bilan yuvish, soch oldirish yoki qisqartirish, tikilgan kiyim, salla kiyish kabilardan saqlanish vojibdir. Cho‘milish, salqin joyda dam olish, beliga hamyon bog‘lash kabi ishlar joiz.
«Muxtasarul-Viqoya».
27-FATVO
Ota-onadan biri rozilik bermasa ham, hajga borish makruhdir. Ammo ular farzandning xizmatiga muhtoj bo‘lishmasa, hajga borishning zarari yo‘q. Ota-ona yo‘qligida bobo va momolar ularning hukmidadirlar. Shuningdek, nafaqasiga muhtoj xotini, bolalari, qarindoshlari uning hajga borishini yoqtirmasalar ham, borib-kelgunicha moddiy tomondan qiynalib qolmasliklariga aqli yetsa, hajga ravona bo‘lishi joiz. Ota soqoli chiqmagan o‘g‘lini hajga yuborishga rozi bo‘lmasligi mumkin. Ammo farz bo‘lgan hajning adosi ota itoatidan avlo. Otaga bo‘ysunish nafl bo‘lgan hajdan avlodir.
«Olamgiriya», «Muhit».
28-FATVO
Ka’bani tavof qilib turganida yoki Safo bilan Marva o‘rtasida yurib sa’y qilayotganida namozga iqomat (takbir) aytilib qolsa, darhol tavof va sa’yni to‘xtatib, namozga keladi. Janoza o‘qish uchun ham sa’yni to‘xtatib keladi. Janozadan keyin qolgan sa’yni davom ettiradi.
«Olamgiriya», «Fathul-Qadir».
29-FATVO
Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilish, ya’ni, yetti bor yurib chiqish tavofdan keyin ijro etiladi. Agar oldin sa’y qilgan bo‘lsa, tavofdan keyin takrorlaydi. Safodan Marvagacha yurishi bir marta, Marvadan Safogacha yurishi ikkinchi martaga o‘tadi. Sa’yni Marvadan boshlasa, Safogacha yurib borgani bir martaga o‘tmaydi. Ehromdan chiqqach, hatto bir necha oydan so‘ng sa’y qilsa ham, bo‘ladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Zaxira».
30-FATVO
Safo bilan Marva o‘rtasida sa’y qilishda tahoratciz yoki junub holatida bo‘lsa ham, sa’yi durust hisoblanaveradi. Aslida, Ka’bada qilinmaydigan haj amallari (manosiklari) uchun tahorat shart emas. Masalan, sa’y, Arafotda, Muzdalifada turish, shaytonga tosh otish kabilar Ka’badan tashqaridagi amal bo‘lgani uchun tahoratli bo‘lish shart qilinmagan.
«Olamgiriya», «Sharhut-Tahoviy».
31-FATVO
Ka’ba tavofini tugatgach, Ibrohim (a.s.) maqomi oldiga kelib, ikki rakat namoz o‘qiydi. Agar u joyda odam ko‘pligidan o‘qish qiyin bo‘lsa, masjidning xohlagan yeriga borib o‘qishi mumkin. Bu ikki rakat namoz, bizning mazhabimizda, vojib. Shuning uchun uni masjidning tashqarisida bo‘lsa ham, qoldirmay o‘qish kerak. Birinchi rakatiga «Qul yo ayyuhal kofirun» surasini, ikkinchi rakatiga Ixlos surasini zam sura sifatida o‘qiydi. Namozdan so‘ng maqom ortiga kelib, hojatlarini so‘rab, Allohga iltijo qiladi.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Qozixon».
32-FATVO
Qora toshni o‘pishda ikki qo‘l kaftlarini unga qo‘yib o‘padi. O‘pishda o‘qiladigan maxsus duoni o‘qiydi. Agar toshni o‘pishda birovga ozor berib qo‘yadigan bo‘lsa, qo‘llari bilan toshni silab, qo‘llarini o‘padi. Buning ham iloji bo‘lmasa, hassaga o‘xshash kaltak uchini uzoqdan toshga tekkizib, shu joyini o‘padi. Tosh oldida izdihom katta ekanidan yaqinlashishning iloji bo‘lmasa, uzoqdan ikki qo‘lining kaftlarini tosh tomon cho‘zib, takbir, tahlil, hamd va salavot aytadi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Fathul-Qadir».
33-FATVO
Makkalik hojilarning haj uchun Miyqoti Ka’baning haramidir. Umra uchun esa haramdan tashqarida ehromga kiriladi. «Tan’im» degan joy ular uchun afzaldir. Boshqa mamlakatlardan Makkaga keluvchilar xoh ibodat uchun bo‘lsin, xoh boshqa ish uchun bo‘lsin, ehromsiz kirishlari joiz emas. Agar ehromsiz kirsa, zimmasiga haj yoki umra tushadi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Hidoya».
34-FATVO
Ehromga kirish niyati bilan «talbiya» («Labbaykallohumma labbayk...») aytishi kerak. «Talbiya» o‘rniga tasbeh, hamd, tahlil, tamjid kabi kalimalarni o‘qisa, joiz. «Talbiya»ni arabchasiga yaxshi aytolmasa ham, o‘taveradi. Agar boshqa tilda aytsa ham, joiz. Lekin arabchasi afzal. Niyat, ehrom va talbiya birga bo‘lishi shart.
«Olamgiriya», «Muhit», «Qozixon».
35-FATVO
Miyqotdan uzoqroq boshqa joydan o‘tishga to‘g‘ri kelib qolsa, uning qarshisidagi yerdan boshlab ehromga kirish joizdir. Dengiz orqali Makkaga boruvchi hojilar ham Miyqot barobariga kelganlarida ehromga kirishlari lozim. Agar ikki Miyqot oralig‘idan o‘tishga to‘g‘ri kelsa, Makkadan uzoqrog‘i barobariga kelganda ehromga kirgani avlodir.
«Olamgiriya», «Muhit», «as-Sirojul-vahhoj».
36-FATVO
Miyqotlardan faqat ehrom bilan o‘tiladi. Miyqotga yaqinlashmasdan oldin ehromga kirish joiz. Faqat taqiqlangan ishlarni qilmaslik shart bo‘ladi. Agar bu qo‘lidan kelmaydigan bo‘lsa, Miyqotga yaqinlashganda ehromga kirgani avlo.
«Olamgiriya», «Javhara».
Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.
Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.
Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.
Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.
Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!
Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).
Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!
«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).
Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
– Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).
Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).
So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».
Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
– Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
– Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
– Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).
Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).
Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan