Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2026   |   7 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
21 Iyul, 2026, 7 Safar, 1448

Parvardigor bizga yengillik istaydi

29.05.2017   81430   2 min.
Parvardigor bizga yengillik istaydi

Yaratganga beadad shukrlar aytamiz. Alloh taolo ramazon oyida ro‘zani farz qildi va ushbu oyni rahmat va mag‘firat oyi deya atadi. Bu oy bizlarga nafsimizni tarbiya qilishda yordam beradi, sabrni, mehr-shafqatni o‘rganamiz. Barcha payg‘ambarlar nafs tarbiyasida shu ibodatdan foydalanganlar. Agarda inson ana shu ibodat mashaqqatiga sabr qilsa, uni muhabbat bilan ado etsa, ushbu oyda ko‘proq ehson, sadaqalar qilsa, oxirat qiyinchiliklaridan qutiladi. Alloh taolo Qur’oni karimda:

“Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”, deya marhamat qiladi (Baqara surasining 185-oyati).

Ramazon oyida tutilgan ro‘za orqali vaqtinchalik ochlik va chanqoqlik mashaqqatini totish bilan oxiratdagi og‘ir mashaqqatdan qutilishi Furqon surasining 75-76-oyatlarida quyidagicha ma’lum qilingan:

Aynan o‘shalar sabr qilganlari sababli (jannatdagi) yuksak darajalari bilan mukofotlanurlar va u joyda (farishtalar tomonidan) salom va omonlik bilan qarshi olinurlar. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar. U eng go‘zal qarorgoh va eng go‘zal dargohdir”.  

Ro‘za-ochlik va chanqoqlik kabi qiyinchilikdan iborat. Bu esa ro‘zadordan sabr-matonat talab qiladi. Ushbu ochlikka sabr qilgan inson sobir bandalar qatoridan joy oladi. Sobirlarga va’da qilingan mukofot esa abadiy jannatdir. Robbimiz barchamizga ibodatlarni chiroyli ado etishda sabr ato etsin.

Sabr to‘g‘risida Hazrati Abu Hurayra roziyallohu anhu bunday deganlar: «Kimga sabr qilish ne’mati ato qilingan bo‘lsa, u hech qachon savobdan mahrum bo‘lmaydi».

Zumar surasining 10-oyatida:

…Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur deyiladi.

Sabr oyi bo‘lmish ramazoni sharifdan unumli foydalanib, sabr deb atalmish fazilatga erishishga mahkam bel bog‘laylik. Shoyadki, Alloh taolo bizlarni ham o‘zining sobir bandalarining qatoriga qo‘shsa. 

Abdulaziz Bobomirzayev,

“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yaponiyada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

21.07.2026   1301   1 min.
Yaponiyada O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti o‘tkazildi

Tokio shahrida O‘zbekiston elchixonasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida mazkur markazning Yaponiyadagi ilk keng qamrovli taqdimoti tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirda Yaponiya ta’lim va madaniyat muassasalari, xususiy kompaniyalar, sayyohlik tashkilotlari vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon diplomatlari, tadqiqotchilar, OAV xodimlari, shuningdek, Yaponiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar va o‘zbek talabalari ishtirok etdilar.

Taqdimot davomida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom ma’rifati, ilm-fani va madaniyatini o‘rganish hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish uchun xalqaro maydonga aylanishi qayd etildi.

Anjumanda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniyat merosi, buyuk olimlar Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy va Imom al-Moturidiyning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, Amir Temur va uning avlodlarining jahon tarixidagi o‘rni haqidagi materiallar taqdim etildi.

Markaz direktorining maslahatchisi, professor Tursunali Qo‘ziyev “Ma’rifat orqali kelajakka” mavzusida ma’ruza qilib, madaniy merosni asrab-avaylash, tarixiy xotirani tiklash va xalqaro muloqotni mustahkamlashning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

Yaponiya Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti professori Manabu Simidzu O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans konsepsiyasining hamda turli sivilizatsiyalar, jumladan, Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirishning muhimligini alohida ta’kidladi.

Tadbir doirasida Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi taqdimot filmi, O‘zbekistonning buyuk olimlari to‘g‘risidagi videomateriallar hamda yurtimizning madaniy merosi va me’moriy obidalariga bag‘ishlangan fotolar namoyish etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari