Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Bir kuni Rasululloh solallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Bizlarning birortamiz uni tanimadik ham. U kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini U zotning tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va “Ey Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) menga Islom haqida habar ber”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam; “Islom – Laa ilaha ilallallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado etmog‘ing, zakotni bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang baytni haj qilmog‘ing, dedilar”. “To‘g‘ri aytding”, -dedi. Biz uning ishidan ajablandik. O‘zi so‘rar va o‘zi tasdiq qilar edi.
“Menga iymon haqida habar ber”-dedi. “Iymon – Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing”, dedilar. “To‘g‘ri aytding”, dedi.
U “Menga ehson haqida habar ber”, dedi. “Ehson – Allohga huddi uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen uni ko‘rmasang U seni ko‘rib turibdi”, dedilar.
“Menga qiyomat haqida habar ber”, dedi. “Bu borada so‘ralinayotgan kishi so‘rayotgan kishidan bilguvchi emas”, dedilar. “Unda uning alomatlari haqida xabar ber”, dedi. “Cho‘ri o‘z xojasini tug‘moqligi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarni bino qurishda bir-biridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing”, dedilar.
So‘ngra u qaytib ketdi. Bir muddat turib qoldim. So‘ng U zot menga “Ey, Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?”, dedilar. “Alloh va uning Rasuli bilguvchi”, dedim. “Albatta U Jabroildir. Sizlarning diningizni o‘rgatish uchun kelibdi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ibn Daqiyq al-Iyd aytadi: “Bu hadis juda muhim hadis bo‘lib, u barcha zohiriy va botiniy amallarni o‘zida mujassam etgan. Shariat ilmlarining barchasi bu hadisdan to‘yingan. Chunki, bu hadis barcha sunnat ilmlarini jamlagan. “Fotiha” surasi Qur’onning onasi deb nomlangani kabi bu hadis ham sunnatning onasidir”.
“Jibril hadisi” nomini olgan bu hadis mutavotir hadis hisoblanadi. Zero, bu hadisni Abu Hurayra, Umar, Abu Zarr, Anas, Ibn Abbos, Ibn Umar, Abu Omir Ash’riy, Jariyr Balxiy kabi buyuk sahobiylar rivoyat qilganlar.
Hadisdan olinadigan foydalar;
Kiyim bosh va ko‘rinishni chiroyli tutish. Masjid va ilm majlislariga borish uchun pokiza kiyimlarni kiyish va hushbo‘yliklarni surish mustahab sanaladi. Shuningdek ilm majlislarida olimlar bilan odob doirasida muomilada bo‘lish. Zero, Jabroil alayhissalom insonlarga gaplari va xolatlari bilan ilm o‘rgatish uchun tashrif buyurgan edilar.
Ehson nima? Ehson – biror ishni puxta va ixlos bilan qilishlikdir. Ya’ni, Alloh taologa ibodat shu darajada xolis bo‘lishi kerakki, go‘yoki banda ibodat vaqtida Allohni ko‘rib turgandek bo‘lishi kerak. Agar buning uddasidan chiqa olmasa, shuni yodiga tutsinki, Alloh taolo uni ko‘rib turibdi va undan sodir bo‘layotgan barcha katta va kichik amallardan xabardor ekanini his qilib turishidir.
Qiyomat va uning alomatlari. Qiyomat qachon qoim bo‘lishi faqatgina Alloh taoloning o‘zigagina ma’lum bo‘lgan g‘aybiy ishdir. Biroq hadisda uning alomatlari zikr qilinmoqda.
Ilm haqida so‘rashning zarurligi. Musulmon inson o‘zining dunyosi va oxirati uchun foydali narsalar haqida so‘rab o‘rganishi va befoyda narsalarni tark qilishi lozim. Shuningdek, bir ilm majlisiga borsa va bu yerdagilar biror masalaga muxtoj ekanliklarini ko‘rsa-yu, biroq bu masala haqida hech kim so‘ramayotgan bo‘lsa, agarchi o‘zi bu haqda bilsa ham huddi bilmagan odam singari bu haqda olim odamga savol berishi kerak. Chunki uning savoli natijasida shu masaladan bexabar bo‘lganlar uning mohiyatini bilib oladilar.
Kimki o‘zi bilmaydigan narsalar haqida savol berilsa unga “bilmayman” deb javob qaytarishi vojib bo‘ladi. Bu uning taqvosi va ilmini to‘g‘ri yo‘naltirganining dalilidir.
Savol javob ham tarbiya berish usullarining biridir. Bu uslub qadimda ham hozirda ham ommalashgan usuldir. Shuningdek, bu usul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning juda ko‘p hadislarida ham takrorlangan. Zero, bunday uslub tinglovchilarning nazarini o‘ziga jalb qiladi va ularni javobga tashna xolatga keltiradi.
Jaloliddin Hamroqulov
"Novza" jome masjidi imom-xatibi,
TII ”Tahfizul Qur’on” kafedra mudiri
(vahiyning ta’rifi va turlari)
Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.
Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.
Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.
Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.
“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.
Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.
Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.
Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.
Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.
Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.
Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.
Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar
Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.
Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:
1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.
2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.
4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.
Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.
Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.
Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi