Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2026   |   11 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:06
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:21
Bismillah
25 Iyul, 2026, 11 Safar, 1448

Savdogarlik odoblari

19.04.2017   21814   8 min.
Savdogarlik odoblari

Savdo-sotiq bilan shug‘ullanish sharafli kasblardan biridir. Dinimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra tijoratda rostgo‘ylik, to‘g‘rilik, muloyimlik alohida o‘rin tutadi. Insonlarning haqqiga xiyonat qilmay, bir-birini aldamay savdo-sotiq qilgan kishilarga oxiratda Allohning eng suyukli bandalari bilan birga bo‘lish baxti nasib bo‘ladi. Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: ”Ishonchli, rostgo‘y savdogar (jannatda) nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati).

To‘g‘rilik deganda avvalo, yolg‘on, xiyonat, tuhmat, bevafolik kabi qabih ishlardan uzoqda bo‘lish tushuniladi.

Ma’lumki, har qanday kasbni puxta egallash, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lish uchun ana shu kasbga taalluqli ilmni mukammal o‘rganmoq kerak. O‘z kasbiga muhabbati bor inson mehnatdan charchamaydi, balki u rohatlanadi. Mehnatining samarasini ko‘rganda barcha charchoqlarini unitadi. Kasbi tufayli atrofdagilariga yordami tegsa, inson o‘zini baxtli deb hisoblaydi. Demak, inson halol mehnati bilan va’da qilingan ulug‘ savoblar, darajalarga erishar ekan.

Demak, savdo-sotiq, tijorat bilan mashg‘ul bo‘lgan kishi dinimiz ko‘rsatgan yo‘lga muvofiq tijorat qilsa, unga oxiratda katta ajru mukofot bo‘lishi, xatto jannatda payg‘ambar-u, siddiqlar bilan birga bo‘lar ekan. Ammo uning aksi bo‘lsa, o‘zining foydasi uchun hiyla-nayrang, aldamchilik, ko‘zbo‘yamachilik va g‘irromlik qilsa, dinimiz talablaridan tashqariga chiqqan bo‘ladi hamda qiyomat kunida og‘ir hisob kitobga mubtalo bo‘lishi muqarrar. Ba’zi bir savdogarlar o‘z molini o‘tkazish uchun yolg‘on gapiradilar, hatto yolg‘on qasam ichadilar. Bu savdoning barakasini ketkazadi. Boshqa tomondan balo va ofatlar yetishi ham mumkin.

Hakim ibn Hizom roziyallohu anhudan: Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam: ”Oluvchi va sotuvchi ixtiyorlidir. Agar bir-birlariga rost so‘zlab, molini aybini yashirmasalar o‘rtalarida baraka bo‘ladi. Agar mollari aybini yashirsalar va bir-birlarini aldasalar, savdolarida baraka ko‘tariladi”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni bozorda bug‘doy sotib turgan kishining bug‘doyiga muborak qo‘llarini tiqib ko‘rsalar, bug‘doyning tagi sal nam ekan. Shunda U zot: “Bu qanday bo‘ldi?”, deb sotuvchiga e’tiroz bildirdilar. Sotuvchi esa: “Hozir yomg‘ir yog‘ib o‘tgan edi, shuning uchun nam tekkanini tagiga qo‘ygan edim”-deb uzr aytdi. On hazrat: “Nam tekkani ustida turaversa bo‘lmaydimi? Kimki hiyonat qilsa bizdan emas”-dedilar.

Ba’zi bir o‘lkalarga Islomni yoyishda musulmon savdogarlarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Ko‘plab insonlar musulmon tijoratchilar sababli islomga kirganlar. Xitoy yerlariga qarashli Sharqiy Turkiston islomni musulmon savdogardlar orqali o‘rganganlar. Shu bilan xitoyliklar orasida islom yoyila boshlagan. Musulmon savdogarlar tufayli Islom Indoneziya, Malayziya, Filippin kabi  Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga yetib borgan. Shri-Lankaning  janubiy g‘arbida joylashgan Maldiv oroli va Vetnamga ham islomning tarqalishi ortida musulmon savdogarlarning xizmatlari katta.

Afrika qit’asining shimolidan tortib markaziy-sharqiy va janubiy Afrikagacha bo‘lgan hududlarda ham islomning tarqalishiga musulmon savdogarlarning o‘rni nihoyatda beqiyos.

Biroq, qalb qulflarining islomga ochilishida tijoratchilirning xulqi qanday o‘rin tutgan?

Ana o‘sha biz ular haqida gapirayotgan tijoratchilar ko‘p ishlar qilmagan. Lekin ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam olib kelgan xulq bilan xulqlangan edilar xolos.

Bu xulq Alloh taolo o‘z nabiyyiniوَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ  “Siz buyuk xulq uzradirsiz” deb maqtashiga sabab bo‘lgan xulq edi.

Bu xulq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning

بعثت لأتمم مكارم الأخلاق

“Men axloqlarning eng mukarramlarini mukammal qilish uchun yuborildim” degan so‘zlarida jo bo‘lgan xulq edi.

Masruq roziyallohu anhu aytadi: “Biz Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu bilan o‘tirgan edik. U bizga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi ham fahsh gaplarni aytuvchi ham emasdilar. U zot:

إن خياركم أحاسنكم أخلاقاً

Sizlarning eng yaxshilaringiz xulqi go‘zallaringizdir, der edilar”, -dedi” (Buxoriy rivoyati).

Jobir roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

إن من أحبكم إليَّ وأقربكم مني مجلساً يوم القيامة أحاسنكم أخلاقاً

“Sizlarning menga eng sevikligingiz va qiyomat kuni menga eng yaqin joyda bo‘ladiganingiz xulqi chiroylilaringizdir”, dedilar  (Termiziy rivoyati).

  Islomda tijoratning ham o‘ziga xos axloqi bo‘lib, u haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb xabar beradilar:

عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : (إِنَّ أَطْيَبَ الْكَسْبِ كَسْبُ التُّجَّارِ الَّذِينَ إِذَا حَدَّثُوا لَمْ يَكْذِبُوا، وَإِذَا ائْتُمِنُوا لَمْ يَخُونُوا، وَإِذَا وَعَدُوا لَمْ يُخْلِفُوا، وَإِذَا اشْتَرُوا لَمْ يَذِمُّوا، وَإِذَا بَاعُوا لَمْ يُطْرُوا، وَإِذَا كَانَ عَلَيْهِمْ لَمْ يَمْطُلُوا، وَإِذَا كَانَ لَهُمْ لَمْ يُعَسِّرُوا

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kasblarning eng yaxshisi – tijoratchilarning kasbidir. Ular gapirsalar yolg‘on gapirmaydilar, ularga omonat qo‘yilsa xiyonat qilmaydilar, va’da bersalar xilof qilmaydilar, sotib olayotgalarini pastga urmaydilar, sotayotganlarini bo‘rttirmaydilar, qarzlarini berishni cho‘zib yurmaydilar va birovga qarz berganlarida uni qistamaydilar” (Bayhaqiy rivoyati).

Musulmon tijoratchining omonatdor bo‘lishi muqaddas dinini ko‘rsatmasi va topshirig‘i ekan. Rivoyatlarda kelishicha Yunus ibn Ubayd har xil narxdagi kiyimlarni sotar edi. Ba’zi kiyim-kechaklarining narxi to‘rt yuz tanga bo‘lsa, ba’zilariniki ikki yuz tanga edi. Bir kuni o‘zining o‘rniga do‘konda jiyanini qoldirib o‘zi namoz o‘qish uchun masjidga jo‘nabdi. Shunda do‘konga bir a’robiy kelib to‘rt yuz tangalik kiyim so‘rabdi. Unga ikki yuz tangaligi ko‘rsatilganda libos unga ma’qul kelib uni sotib olibdi. Yunus ibn Ubayd yo‘lda haligi a’robiyni uchratib qolibdi va libos o‘zining do‘konidan sotilganini payqab undan “Qanchaga sotib olding?” deb so‘rabdi. A’robiy to‘rt yuz tangaga olganini aytgach Yunus ibn Ubayd u libos ikki yuz tanga turishini va qaytarib olib borishini aytibdi. A’robiyning: “Biz tomonlarda buning narxi besh yuz tanga, men roziman” degan gapiga qaramay “To‘g‘rilik mol-u dunyodan yaxshiroq” deb do‘konidan ikki yuz tangasini qaytarib beribdi, jiyaniga esa bu ishi uchun qattiq dashnom berib, uni insofli bo‘lishga chaqiribdi.

Bunga o‘xshash voqeani Muhammad ibn Mundakir rohmatullohi alayhning hayotlarida ham uchratishimiz mumkin. U kishi ham savdogarlardan bo‘lib turli liboslarni sotar edilar. Bir kuni o‘rniga yosh bola savdo qilib besh tangalik kiyimni o‘n tangaga sotganligini bilib qolib xaridorni izlashga tushibdi. Axiri topgach unga: “Yosh bola sizga besh tangalik kiyimni o‘n tangaga sotibdi”  debdi. U odam roziligini aytganda unga qarata: “Biz o‘zimizga ravo ko‘rganimiznigina boshqalarda bo‘lishiga rozimiz. Endi yo o‘n tangalik liboslardan birini oling, yoki besh tangani qaytarib beray, yoki bo‘lmasa libosni qaytarib pullaringizni olib keting” deb aytibdi. Haligi odam besh tangani qaytarib olibdi va odamlardan bu ulug‘ zot kim ekanligini so‘rganida ular Muhammad ibn Mundakir ekanligini aytishibdi.

Alloh taolo yurtimiz bozorlariga O‘zining barakotlarini yog‘dirsin. Barchamizga muqaddas dinimiz ko‘rsatmasiga muvofiq savdo-sotiq qilib, bu dunyo baxti oxirat saodatiga nasib etsin.

 

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatibi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

MAGISTRLARGA MAQTOV YORLIG‘I VA ZAMONAVIY PLANSHЕTLAR TOPSHIRILDI

22.07.2026   15666   1 min.
MAGISTRLARGA MAQTOV YORLIG‘I VA ZAMONAVIY PLANSHЕTLAR TOPSHIRILDI

Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, magistratura bosqichini tamomlayotgan yosh mutaxassislar yuqori ilmiy salohiyat, mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, bugungi kunda ularga nafaqat diniy sohada, balki davlat va jamoat tashkilotlarida ham ehtiyoj mavjud.

Shuningdek, diniy ta’lim yo‘nalishida berilgan diplomlarning davlat ta’lim tizimida to‘liq tan olinayotgani, bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani hamda sohada uzluksiz ta’lim tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Tadbirda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritish oddiy kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilikni talab etadigan sharafli xizmat ekani ta’kidlandi. Ilm ahli zimmasida xalq ma’naviyatini yuksaltirish, ma’rifatni keng yoyish va jamiyatda ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdek ulug‘ vazifalar mujassam ekaniga urg‘u berildi.

Tadbir doirasida ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ilk 10 nafar magistr Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Maqtov yorlig‘i hamda zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi.

Ushbu e’tirof yosh mutaxassislarning ilm-fan yo‘lidagi izlanishlarini yanada rivojlantirish, ularning yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviy yuksalishi va farovonligi yo‘lidagi faoliyatiga munosib turtki bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari