Bugungi sharoitlarni ta’riflashga til ojiz. Yildan yilga yangi maishiy va boshqa texnikalar ixtiro qilinmoqda. Zamon bilan hamnafas bo‘lib yashayotgan insonlar yangidan-yangi ne’matlardan baxramand bo‘lmoqda. Albatta, bu ne’matlar uchun Alloh taolaga qancha shukronalik qilsak ham kamlik qiladi. Zamonning rivojlanishini ko‘ringki, bugungi kunda televizori bo‘lmagan oila bo‘lmasa kerak. Hattoki bir oilada ikki, uch yoki undan ziyod televizorlar bor. Bu, shubhasiz, to‘qchilikni alomati. Bugun yotgan joyimizda televizorni yoqamiz, o‘chiramiz, boshqa kanalga olamiz, ovozini past yoki baland qilamiz, ranglarini o‘zgartiramiz. Hatto ba’zida masofadan turib boshqaradigan moslamani ya’ni “pult”ni kimgadir olib ber deymiz. Chunki uni olish uchun uzalishimiz kerak bo‘ladi. Achinarlisi, shomdan keyin hazmi og‘ir ovqatlarni iste’mol qilamiz va ko‘pincha televizor tagida uxlab qolamiz. Harakatsizlik oqibatida semizlik dardiga mubtalo bo‘lamiz. Ulug‘ hakim Arastudan: «Sen nega sira kasal bo‘lmaysan, boshqalardan farqing nima?» deb so‘rashganida u: «Boshqalar yeyish uchun yashashadi, men esa yashash uchun yeyman», deb javob bergan ekan. Hozirgi vaqtda dunyoning hamma yerida yaxshi yeyish uchun yashash, yaxshi yeyish uchun pul topish avj olib ketgan. O‘tmishdagi va hozirdagi barcha mutafakkirlar, shifokorlar, taniqli xalq tabiblari ko‘p yeyish oqibatida semirib ketishning zararlari haqida yakdillik bilan yozishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa: “Men ummatimning semirib, qorin solishidan xavfdaman”, degan ekanlar. Taom iste’mol qilganda ham ba’zan haddan ziyod to‘yib ovqatlanib, kechasi bilan qiynalib chiqamiz. Shu sababli Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “ Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi, odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, deb biz ummatlarini ogohlantirganlar. Jahon mamlakatlari fuqarolarining semizlik darajasini ko‘rsatib beruvchi xarita AQSHning Markaziy Razvedka Agentligining World Factbook (jahon haqida dalillar) elektron manbasida e’lon qilingan. Unda jahonning «eng semiz mamlakati» degan nomga Tinch okeani janubida joylashgan Amerika Samoasi davlati munosib deb topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerlik aholining 74,6 foizi semirish dardiga mubtalo bo‘lgan. Ushbu ro‘yxatga Markaziy Osiyo mamlakatlari ham kiritilgan. Xususan, O‘zbekiston aholisining 15,1 foizi ortiqcha vaznga ega. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 23,7 foiz, Turkmanistonda 13,2, Tojikistonda 8,6, shuningdek, Ozarboyjonda 23,8 foizni tashkil etadi. Tadqiqotlar zamonaviy turmush tarzi va qo‘shimcha kimyoviy moddalar asosida tayyorlanadigan oziq-ovqatlar semirishning bosh omili ekanini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda ko‘payib borayotgan kasalliklarning aksari noto‘g‘ri ovqatlanish va kam harakatning oqibati hech kimga sir emas. Demak, har birimiz sog‘lig‘imizga e’tiborli bo‘lsak, televizor qarshisida kamroq o‘tirib, ko‘proq jismoniy harakatlar qilsak bundan ko‘p foyda olar ekanmiz.
Mahmudjon ABDUSAIDOV,
Bo‘stonliq tumani bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi
Dunyo mamlakatlari turli taqvimlarda yil, oy, kun hisobini yuritadi. Eng keng tarqalgani – milodiy deb ataladigan Grigorian taqvimi hisoblanadi. Islom mamlakatlarida hijriy-qamariy va hijriy-shamsiy taqvimlar mavjud.
Ko‘p Islom mamlakatlarida amal qilinadigan hijriy-qamariy taqvim oyning falakdagi harakatiga asoslanadi. Hilol (yangi oy) ko‘ringandan keyingi kun yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Hijriy-qamariy oylar 29 yoki 30 kun bo‘ladi. Shu sababli hijriy-qamariy yil 354-355 kun bo‘lib, milodiy yildan 10-11 kun kam bo‘ladi.
Hijriy-qamariy taqvimning birinchi kuni Muharram oyining birinchi kunidan boshlanadi. Hijriy-qamariy yil bo‘yicha oylar tartibi quyidagichadir: Muharram, Safar, Rabiul avval, Rabiul oxir, Jumodul avval, Jumodul oxir, Rajab, Sha’bon, Ramazon, Shavvol, Zulqa’da, Zulhijja.
Qur’oni karimdagi Tavba surasining 36-oyatida Alloh taolo oylarni 12 ta qilib belgilagani qayd etilgan. Bu oylar insonga yordamchi bo‘lib, umrini, vaqtini, ishlarini rejalashtirishda, hisoblashda lozim bo‘ladi.
Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Islom taqvimini joriy qilishga maslahat qilishgan va katta kelishuv bo‘lgan. Hijriy-qamariy taqvimdan foydalanishga Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida, ya’ni 16-hijriy yilning Rabiul avval oyida qaror qilingan va 1-Muharram 17-hijriy yilning boshi deb hisoblangan.
Hijriy-qamariy yilning boshlanishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Makkai mukarramadan Madinai munavvaraga hijrat qilgan sanalari asos qilib olingan. Bu milodiy 622 yilga to‘g‘ri keladi. “Hijriy” degan so‘z “hijrat (ko‘chish)ga tegishli”, “qamariy” esa “oyga tegishli” degan ma’noni bildiradi.
Milodiy sana oylari 28 yoki 29 hamda 30 yo 31 kunlik bo‘lgani kabi hijriy oylar, jumladan, Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kunlik bo‘lishi mumkin. Hijriy oyning milodiy oydan farqi shuki, masalan, mart oyi doimiy ravishda 31 kunlik bo‘lsa, hijriy oylar hilolning yangilanishi bilan bog‘liq bo‘lgani uchun qaysi oy necha kunlik bo‘lishi oyning ko‘rinishiga qarab aniqlanadi.
Islom dini ta’limotlarida muborak Ramazon oyi va hayiti kunini belgilashda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflari asos qilib olingan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxiratga rihlat qilgunlariga qadar to‘qqiz yil Ramazon ro‘zasini tutganlar. Shulardan aksarida yigirma to‘qqiz kunlik, ozrog‘ida o‘ttiz kunlik bo‘lgan.
Bu borada Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda zikr qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida 29 kun tutgan ro‘zamiz 30 kun tutganimizdan ko‘proq edi” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, Ramazon oyi necha kun bo‘lsa, shuncha kun ro‘za tutiladi va o‘sha mukammal ro‘za hisoblanadi.
Hijriy oylarning yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kunlik bo‘lishini quyidagi hadisi sharifda ham ko‘rish mumkin.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir oyga xotinlaridan iylo qildilar. Yigirma to‘qqiz kun o‘tgandan so‘ng esa ertalab (yoki kechqurun) kirdilar. Shunda u zotga: “Siz bir oy kirmaslikka qasam ichgan edingiz?” deyildi. U zot: “Oy yigirma to‘qqiz kun (ham) bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Shunga ko‘ra, hech kim o‘zicha Ramazon doim o‘ttiz kun bo‘ladi, deb hukm chiqarishi aslo to‘g‘ri emasdir. Bunday deyish sahih hadislar va ulamolar ijmosi (ittifoqi)ga ziddir.
Demak Ramazon oyi 29 kunlik bo‘lib kelgan taqdirda ham biz oyat va hadislarga muvofiq bir oy mukammal ro‘za tutgan bo‘lamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi