Qadim zamonda Afrikada bir podshoh bo‘lib, uning do‘sti bor ekan. Do‘stining bir odati bor ekanki, u nima ish sodir bo‘lsa, yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham, "Bu yaxshi!" der ekan.
Podshoh ovga chiqqan paytida do‘stini o‘zi bilan olib borar, u shohga miltig‘ini o‘qlab berib turar ekan. Bir kuni miltiqni noto‘g‘ri o‘qlagani sababli podshoh undan otganida bosh barmog‘i uzilib ketibdi. Buni ko‘rib podshohning do‘sti har doimgidek "Bu yaxshi!" debdi. Og‘riqdan g‘azablangan podshoh: "Yo‘q, bu yaxshi emas", deb do‘stini qamab qo‘yishni buyuribdi.
Oradan bir yil o‘tib, podshoh yana ov qilib yurganida odamxo‘r qabila a’zolari uni o‘g‘irlab ketibdi. Podshohni ustunga bog‘lab, o‘tin hozirlay boshlashibdi. Odamxo‘rlardan biri tasodifan podshohning bitta barmog‘i yo‘qligini ko‘rib qolibdi. Ular irim qilib nogironlarni yeyishmas ekan. Shu sababli podshohni qo‘yib yuborishibdi. Podshoh odamxo‘rlardan qutilishiga sabab bo‘lgan voqeani eslab, qilgan ishidan uyalib, tezda zindonga borib, do‘stini chiqarib olibdi va unga bo‘lgan voqeani aytib beribdi. Do‘sti uning gaplarini tinglab "Bu yaxshi!" debdi. Podshoh hayron bo‘lib so‘rabdi: "Nega yaxshi bo‘ladi, axir men seni bir yil zindonda saqladim-ku?!" "Yaxshiligi shundaki, agar men zindonda bo‘lmaganimda siz bilan ovga borar va odamxo‘rlarga yem bo‘lar edim".
Xulosa. Har bir ishda bir yaxshilik bo‘ladi. Ba’zida biz yaxshilik deb o‘ylagan narsaning ketidan yomonlik kelishi va ba’zan biz yomonlik deb o‘ylagan narsaning ketidan yaxshilik kelishi mumkin.
Akbarshoh Rasulov tayyorladi
Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalom bilan Alloh taoloning amriga muvofiq Baytullohni qurishdi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga odamlarni hajga chaqirishga buyurdi. Natijada, bu yer nafslar oshiqadigan, qalblar esa u tomon shoshadigan muborak joyga aylandi.
Hijratning to‘qqizinchi sanasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yo‘lga qodir bo‘lgan odamlarga haj farzligi haqidagi oyat nozil bo‘ldi. Haj dindagi farzlardan bir farz, Islom ruknining bir rukni bo‘ldi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yo‘lga qodir bo‘lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat).
Haj ibodati umrda bir marta ado etiladigan farz amaldir. Undan ortig‘i nafl hisoblanadi. Ehtiyoji va qaramog‘idagilarning nafaqasidan tashqari Baytullohga borib kelishga yetarli mablag‘i bor har bir aqli raso, balog‘atga yetgan, ozod, sog‘lom musulmonga haj amalini ado etish farzdir. Bunday sharoitlar mavjud bo‘lsa-da, uni kechiktirgan, gunohkor bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim hajni iroda qilsa, shoshilsin. Chunki kishi bemor bo‘lishi, ulovi yo‘qolib qolishi va uzri chiqib qolishi mumkin”, deganlar.
Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, bu muborak ibodatni ado etish uchun yurtimiz hojilariga barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Ular hech narsaga chalg‘imaydi, biror narsa haqida o‘ylamaydi ham, xavotirga ham tushmaydi, faqat ibodat qiladi, ibodatning lazzatini his qiladi.
Haj ibodati davomida gunoh qilmagan, fahsh so‘zlar aytmagan hoji, xuddi onadan yangi tug‘ilgandek gunohlaridan pok bo‘ladi. Buning uchun hajga boruvchilar quyidagilarga amal qilishlari zarur:
– eng avvalo, niyatni xolis qilish. Zero, har bir amal niyatga bog‘liq. Har bir banda niyatiga yarasha savobga ega bo‘ladi.
– hajning arkon va amallarini to‘liq o‘rganish;
– mablag‘ning halol bo‘lishi. Bu har bir musulmon uchun muhim ishlardan bo‘lib, barcha solih amallar, jumladan, haj ibodatining ham maqbul bo‘lish shartlaridan sanaladi. Zotan, Alloh taolo pokdir. Faqat pokiza amalnigina qabul qiladi;
– zimmadagi qarzlarni uzish. Zero, haqdor haqini kechmagunicha Alloh taolo kechmaydi;
– omonatlarni egalariga qaytarish;
– arazlashganlar bilan orani isloh qilish, ular bilan yarashish;
– qaytib kelgunicha ahli oilasi va qaramog‘idagilarga yetadigan nafaqa qoldirish;
– o‘tgan gunohlarga tavba qilish;
– Alloh taoloning roziligidan boshqa o‘y-xayollarni qalbdan chiqarish;
– safar davomida gunohdan, behuda ishlardan va buzuq so‘zlardan yiroq bo‘lish;
– hamsafar yo‘ldoshlar bilan go‘zal munosabatda bo‘lishi. Ular bilan tortishmaslik, e’tirozlariga sabab bo‘ladigan ishlarni qilmaslik, ularga ozor yetkazmaslik va ulardan yetgan aziyatlarga sabr qilish;
– talbiya aytish (Labbayka Allohumma labbayk, labbayka laa shariyka laka labbayk, innal hamda van-ni’mata laka val mulk laa shariyka laka) ni ko‘paytirish;
– Allohni doimo zikp qilish, ictig‘fop aytish, Qyp’oni kapimni tilovat qilish; tilni yolg‘on, g‘iybat kabi behyda so‘zlapdan tiyish;
– ibodatlarni bajarishda dangasalik, erinchoqlik qilmaslik, g‘ayratli, shijoatli bo‘lish, vaqtni g‘animat bilish;
– zamzam suvidan to‘yib-to‘yib ichish;
Alloh taolo barchamizga bu ulug‘ ibodatni to‘la-to‘kis ado etishni va uning fazilatlariga erishishni nasib aylasin.
Davron NURMUHAMMAD