Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2026   |   11 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:06
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:21
Bismillah
25 Iyul, 2026, 11 Safar, 1448

Niyat - amallar poydevoridir

17.04.2017   13855   8 min.
Niyat - amallar poydevoridir

“Niyat” arabcha so‘z. O‘zbekchada “maqsad”, “o‘y”, “mo‘ljal”, “o‘ylab qo‘yilgan ish”  ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa niyatga Muhammad Amin ibn Obidin rahmatullohi alayh “Raddul Muxtor” kitobida quyidagicha ta’rif bergan: “Niyat biror amalni bajarishda Alloh taologa yaqinlikni hosil qilish va toatni qasd qilishdir”.

 Ulamoning aksari niyatning o‘rni qalb ekaniga ittifoq qilgan. Lekin o‘sha niyatni til bilan izhor qilib qo‘yishni ma’qul sanaganlar. 

Ular amallarga kirishishdan oldin niyat qilishning bir necha hikmatlarini quyidagicha bayon qiladilar: “Niyatning hikmati shuki, u bilan ibodatlarni odatda qilinadigan amallardan ajratish, ibodatlarning ba’zilarini boshqalaridan farqlash, Alloh uchun bo‘ladigan amallarni boshqalar uchun bo‘ladiganlaridan ajratishdir”. Masalan, ovqat yemaslik parhez uchun bo‘lishi ham mumkin yoki ro‘za uchun bo‘lishi ham mumkin. Ana shu ikki amalning orasini niyat ajratib beradi.

Niyat qalbning ishi bo‘lib, uni Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmaydi. Niyatning yaxshi-yomonligiga qarab, mukofot yoki jazo beriladi. Chunki amallar niyatga bog‘liq bo‘ladi.

عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّمَا الْأَعْمَالُ  بِالنِّيَّاتِ 

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitdim: “Amallar niyatga qarab baholanadi”, dedilar”.

Har qanday amalning zohiri va botini mavjud. Amalning zohiri Alloh va Rasulining shari’atiga muvofiq bo‘lsa, o‘sha amal to‘g‘ri bo‘ladi. Agar amalning zohiri shari’atga xilof bo‘lsa, bu amal bekor bo‘ladi. Amalning botini esa, qasd va niyat hisoblanadi. Alloh taolo beradigan mukofotlar ham aynan o‘sha botinga asoslangan bo‘ladi.

عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ  ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : " أَلا إِنَّ فِي الْجَسَدِ مُضْغَةً إِذَا صَلُحَتْ صَلُحَ الْجَسَدُ كُلُّهُ ، وَإِذَا فَسَدَتْ فَسَدَ الْجَسَدُ كُلَّهُ أَلا وَهِيَ الْقَلْبُ...

 No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “...Ogoh bo‘ling! Tananing ichida bir parcha go‘sht bor. Agar u sog‘lom bo‘lsa butun tana sog‘lom bo‘ladi. Agar u yaroqsiz bo‘lsa, tananing hammasi yaroqsiz bo‘ladi. Bilingki, u – qalbdir...”, deb har narsaning avvalida qalb va undagi niyat turishiga urg‘u berganlar (Buxoriy rivoyati).

Shuning uchun ham niyat amalning ruhi hisoblanadi. Musulmonlarning bir-biriga niyatingni to‘g‘rila, niyatni xolis Alloh uchun qil, deb eslatishlari ham bejiz emas. Chunki botin to‘g‘ri bo‘lsa, zohir ham to‘g‘ri bo‘ladi. Botini ham, zohiri ham to‘g‘ri bo‘lgan amal esa, Allohning roziligiga sabab bo‘ladi. Allohning roziligi sababli ikki dunyo saodatiga erishiladi.

Odamlarning niyati har xil bo‘ladi. Ba’zilar Allohning azobidan qo‘rqqanidan ibodat qiladi. Yana bir toifa Allohning rahmatidan umid qilib amal qiladi. Bu ikkalasidan ham yuqori turuvchi toifa esa Allohning toatga, ibodatga loyiq, ulug‘ Zot ekani uchun ibodat qiladi. Bu niyatlarning eng ulug‘i va kuchlisidir. Dunyoga rag‘bat qo‘ygan kishilarning bunday niyat qilishi u yoqda tursin, uni tushunish ham oson emas. Bu maqomga erishgan inson Allohga bo‘lgan muhabbati sababli Rabbisini zikr qilishdan va Uning ulug‘ligi to‘g‘risida tafakkur qilishdan ortmaydi. Niyatsiz bo‘lgan amal go‘yo qilinmagani kabi  e’tiborsizdir. Ixlossiz niyat esa, riyoning alomatidir. Allohga ibodat qilishni xohlagan har bir banda, eng avvalo, niyat nima ekanini bilib olishi kerak. So‘ngra niyati bilan ixlos va amalni birlashtirib, najot tomon intilishi zarur. Shundagina uning amallari oxiratda foyda beradi.

Inson uchun berilgan ne’matlar bisyor. Shulardan biri aziz umrimizdir. Ammo bir marta beriladigan bu omonat umrni qanday sarflayotganimiz bilan bir-birimizdan farqlanamiz va Yaratgan huzurida daraja topamiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimni o‘rtacha yoshi 60 bilan 70 orasidadir...”-deganlar (Termiziy rivoyati). Ha, juda qisqa bir fursat!

Tadqiqotchi olimlar fikricha, agar inson  70 yil umr ko‘rsa, o‘rtacha kuyidagi jadvalda keltirilgan amallarni bajarishga vaqti sarflanar ekan. 

Amallar

Bir kunda sarflaydigan

vaqt

70 yilda sarflaydigan

vaqt

Uyqu

6 soat

17.5 yil

Taom

1 soat

3 yil

Hojat va hammom

30 daqiqa

1.5 yil

Ish

8 soat

23 yil

Jami

15.5 soat

45.5 yil


Ammo yaratgan Allohning fazli ila shu qisqa umrni niyat va ixlosli amallarimiz ila ziyoda qilish imkoni bor. Bu esa nomai a’molimizga “ibodat” deya yozilishi uchun ulkan imkonyatdir.

Abu Kabsha al-Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “...Albatta, dunyo to‘rt kishinikidir:

1) Alloh taolo bir bandasiga mol-dunyo hamda ilm bergan bo‘lsa, u kishi Rabbisiga taqvo qilib, qarindoshlari bilan aloqalarini bog‘lasa va bu topgan mol-dunyosida Allohning haqqi borligini bilsa, shu kishi eng afzal maqomdadir.

2) Alloh taolo bir bandasiga ilm bergan bo‘lsa-yu, mol-dunyo bermagan bo‘lsa, ammo bu kishining niyati xolis bo‘lib, agar menda ham mol-dunyo bo‘lganida edi, falonchi kishi kabi yaxshiliklar qilar edim deb aytsa, bu qilgan niyati ila yuqoridagi birinchi kishi bilan savobi tengdir.

3) Alloh bir bandasiga mol-dunyo bergan bo‘lsa-yu, ammo ilm bermagan bo‘lsa, u kishi molni andishasiz, pala-partish ishlatib, Rabbisiga taqvo qilmasdan, qarindoshchilik aloqalarini uzib va bu topgan molida Allohning haqqi borligini bilmasa, shu kishi eng yomon maqomdadir.

4) Alloh taolo bir bandasiga mol-dunyo ham, ilm ham bermagan bo‘lsa, bu kishi: “Agar mening mol-dunyoyim bo‘lganida, falon kishi kabi (ya’ni uchinchi kishidek) ishlatar edim”, deb aytsa, bu kishi mana shu niyati bilan uchinchi shaxs kabi gunohi tengdir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, amallarning qabul bo‘lishi, albatta, niyatga bog‘liqdir. Har ishimizda va har onda yaxshi niyatlar qilib, shular asosida hayot kechirish barchamizga nasib etsin.

Jaloliddin HAMROQULOV,

Toshkent islom institutining “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ota – oila ustuni

21.07.2026   11736   2 min.
Ota – oila ustuni

Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat).  Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.

Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.

Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.

Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.

Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.

Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan

Maqolalar