Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Mart, 2026   |   3 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:03
Quyosh
06:22
Peshin
12:35
Asr
16:49
Shom
18:42
Xufton
19:55
Bismillah
23 Mart, 2026, 3 Shavvol, 1447

“Tavozeni boy bermaymiz”

13.04.2017   8318   5 min.
“Tavozeni boy bermaymiz”

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Qaysi yosh kishi keksani ikrom qilsa, u yosh kishiga Alloh taolo keksaning yoshiga yetganida uni ikrom qiladigan kishini taqdir qiladi” (Termiziy rivoyati).

Husayn Bayqaro taxtga o‘tirganidan so‘ng o‘sha vaqtda Samarqandda bo‘lgan do‘sti Alisher Navoiyni huzuriga chorlab unga muhrdorlik lavozimini topshiradi. Vaziyat shuni taqozo qiladiki, Navoiy o‘sha vaqtning o‘zidayoq vazifasini bajarishni kirishishi kerak edi. Unga muhr bosish uchun bir hujjatni beradilar. Hazrat qarasa, podshohning imzosi yo‘q. Savol nazari bilan Sultonga qaraydi. Sulton Husayn do‘stiga muhr bosavering, men keyin qo‘l qo‘yaman, ma’nosida ishora qiladi. Shunda Navoiy qog‘ozning shunday joyiga muhr bosadiki, undan pastga qo‘l qo‘yishning aslo iloji yo‘q edi.

Shoirning hukmdorga, do‘stiga ko‘rsatgan hurmatiga, ehtiromini ifoda etish borasidagi farosatiga saroy ahli hayratda qoladi. Millatimiz tarixida kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish borasidagi ana shunga o‘xshash ajoyib hikoyatlar juda ham ko‘p.

Istiqlol arafasidagi vaqtlarda jamoat transportlari bag‘oyat tirband bo‘lardi. Yoshlarga o‘tirishga hech qachon joy tegmasdi. Biz yoshlar tramvay yoki avtobusda birgina o‘tirib yurishni orzu qilib ba’zi-ba’zida ishimiz bo‘lsa-bo‘lmasa tungi soat 21 dan keyin bekatga chiqardik. O‘sha kunlarning birida metroda yoshgina juftlik o‘tirgan edi. Ularning boshiga bir rus ayoli keldi va pastgina ovozda, muloyim ohangda: “Bolalarim, qayerdan keldinglar?” deb so‘radi. Ular: ”Moskvadan”, deb javob berishdi. Shunda ayol: “Mehmon ekanliklaringni nimadan fahmlaganimni bilasizmi?” dedi ayol. “Yo‘o‘q”, dedi ular hayron bo‘lib. “Chunki bu yurtning farzandlari kattalar tik turgan joyda aslo o‘tirmaydi”, dedi ayol. Bu gapni eshitgani zahoti yigit-qiz o‘rnidan otilib turib ketdi...

Burungi yili xorijga borganimda bekatda turib to‘xtagan bir avtobusdan “Dudulliga boradimi?” deb so‘radim. “Boradi, chiqing!” deyishdi. Chiqib o‘tirib oldim. Qo‘limda beso‘naqay, og‘ir sumkam ham bor edi. Avtobus bir necha bekat yurgandan so‘ng bir kampir chiqdi. Unga o‘zimizning odatimiz bo‘yicha joy bo‘shatdim. Shu vaqt mening qarshimda o‘tirgan ayol: “Bizning millatga nima bo‘ldi! Bir begona, bir mehmon joy bo‘shatdi-ya, sharmanda bo‘ldik, sharmanda!” deya javray boshladi. Joy bo‘shatishdek, oddiygina ishga shuncha ko‘p shovqin solayotganiga chiday olmagan bir yosh ayol: “Nega buncha vahima qilasiz, ko‘rganimda men ham joy bergan bo‘lardim, nima bo‘libdi shunga”, dedi.  Ayol “O singiljon, sizning-ku, orqa tarafingizdan kelgani uchun ko‘rmadingiz, ammo qarshingizdagi uxlab borayotgan mana bu bolalar ham ko‘rmadimi? millat uxlayapti, millat uxlab sharafini oldirib qo‘yyapti!” deya battar ayyuhannos soldi ayol.

Ularning gapiga boshqalar  ham aralashdi. Qilgan ishim shunchalar katta muhokamaga aylanib ketganidan xijolat bo‘lib yerga qarab turganimda yoshlardan biri joyini bo‘shatib meni majburlab o‘tqazdi ham. Muhokama esa avjiga chiqib boraverdi. Ular shunday ajoyib gaplarni aytishar ediki, eshitib ular shoirmi deb hayron bo‘lasiz. Ba’zilar yoshlarga dashnom bersa, ba’zilari ayolni vahimachilikda ayblar edi. Shunda men sababli yaxshi-yomon gapni eshitayotgan kuyinchak ayolni yoqlab: 

“Azizlar, siz hammangiz yaxshi biladigan bir voqeani aytib berishimga ijozat bering, – dedim. Hammasi yalt etib menga qaradi. – Jaloliddin Rumiy shogirdlari bilan ketayotgan ekan, qarshisidan nasroniylarning popi chiqib qolibdi. Rumiy hazratlarining salobati bosib o‘zlarining odati bo‘yicha kulohini qo‘liga olib bosh egmoqchi bo‘libdi. Shu niyatda bosh kiyimini qo‘liga olgani zahoti qarasa, Rumiy hazratlari bosh egib turgan emish, yana shunday qilmoqchi bo‘libdi, yana qarasa, hazrat yana o‘sha holatda turganmish. Xullas, necha bor urinib, har safar ulgurmay qolaveribdi. Pop o‘tib ketganidan so‘ng Rumiyning shogirdlari ustozining bu ishining zamirida bir hikmati borligini fahmlagani bois: “Nega oddiy popdan oldin bosh egdingiz?” deb so‘rashibdi. Ustoz ularga javoban: “Tavozeni ularga oldirib qo‘yamizmi!” debdi. Siz hammangiz ana shunday buyuk zotning avlodisiz. Bu opa shunga kuyinyapti – tavozeni himoya qilgan ajdodning avlodlari hurmatni oldirib qo‘ydi deb achinyapti. Ammo men ham begona emasman, turkiylardanman, dedim.

O‘shanda nima bo‘ldi, bilasizmi, hammasi barobar yengil tortib kulib yubordi. Keyin ota yurti, ya’ni bizning O‘zbekistonimiz haqida ko‘p gaplarni so‘rashdi. Ularning savollariga bilganimcha javob berdim. Manzilga yetib ular bilan xayrlashib avtobusdan xush kayfiyatda tushdim. Yo‘lda yurib borar ekanman, millatimizga xos bo‘lgan hurmat-ehtirom tuyg‘usi qanchalar ajoyib fazilat ekanidan quvonib ketdim. Va yana orzu qildimki, qaniydi, millatlar, davlatlar bir-birlari bilan ana shunday samimiy tuyg‘ular, insoniy fazilatlar yuzasidan bahslashsa, musobaqalashsa – dunyoning qiyofasi qanchalar go‘zal bo‘lar edi!

Damin JUMAQUL,

jurnalist

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

19.03.2026   8920   1 min.
Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.

Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezident.

Qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

https://president.uz/ru/lists/view/9028

 

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda
O'zbekiston yangiliklari