Dinimizda ota-onaning haqqi, ulug‘ligi, martabasi nihoyatda buyukligi aytilgan. Birgina shu ta’limotning o‘ziyoq hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi islomga teng kela olmasligiga dalil bo‘ladi.
Mana bu oyati karimalarga diqqat qiling: "...ota-onangizga yaxshilik-qilinglar!" (Niso, 36); "Biz insonga ota-onasiga yaxshilik qilishga amr etdik" (Luqmon, 14); "Ota-onangdan biri yoki ikkovlari qo‘l ostingda keksalik yoshiga yetsalar, ularga yomon so‘z aytma, hatto "uff" demagin, ularga qattiq ham qaramagin. Doimo yaxshi so‘z ayt! Ular uchun mehribonlik bilan xorlik qanotini past tut. "Robbim, meni ular yoshligimda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahmat qilgin!" degin" (Isro, 23-24).
Ana shu mazmundagi hadisi shariflar ham juda ko‘p. Ibn Masud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Alloh nazdida eng suyukli amal qaysi?" deb so‘radim. U zot: "Namozni vaqtida o‘qish", dedilar. So‘ngra: "Yana qaysi amal?" deb so‘radim. Rasululloh: "Ota-onaga yaxshilik qilish", deb javob qildilar" (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Ota-onaning xizmatini qilib, ularning duolarini olish qanchalik savobli ish bo‘lsa, ularga oq bo‘lishdagi gunohning me’yori juda katta – Alloh taologa shirk keltirishga yaqindir. Ba’zilar, ota-onaning og‘zidan: "Seni oq qildim", degan lafz chiqsa farzand oq qilingan bo‘ladi, deb yuradi. Aslida unday yemas. Ota-onaga oq bo‘lish Qur’on va hadislarda kelgan "Ota-onaga yaxshilik qilingiz!" amrining aksini qilish bilan sodir bo‘ladi.
U quyidagicha belgi va ko‘rinishlarga ega:
ota-onani yig‘latish va xafa qilish;
ularga baqirish, jerkish;
bir ishga buyursalar, "uf" deb noroziligini namoyish yetish;
ularga xo‘mrayish va peshonasini tirishtirish;
ota-ona keksaygandagi ba’zi ishlariga g‘ashi kelishi, holatlaridan jirkanish;
ularga ish buyurish;
ona tayyorlagan taomdan kamchilik topish;
ota-onaga uy ishlarida yordam bermaslik;
ota-ona gapirayotganida yuzni burishtirish, ularga quloq solmaslik, so‘zlarini bo‘lish, ularni yolg‘onchiga chiqarish yoki ular bilan gap talashish, bahslashish;
ularning ra’ylariga etiborsizlik bilan qarash;
ota-ona huzurida aka-ukalar yoki boshqalar bilan janjallashish;
odamlar oldida ota-onasini yomonlash, ularning ayblarini muhokama qilib, obro‘larini to‘kish;
ota-onasini so‘kish, lanatlash;
qabih, pastkash ishlar qilish orqali ota-onani sharmanda etish;
ularni ortiqcha xarajatga qo‘yish;
ularni xabardor qilib qo‘ymasdan uyga kech qaytib ularni xavotirga qo‘yish;
ahli ayolini ota-onasidan ustun qo‘yish;
ularning ehtiyoji bo‘lib turganda, ulardan alohida yashash;
ular sababli boshqalardan uyalish;
ularga qo‘l ko‘tarish;
ularga xasislik va baxillik qilish;
ularga minnat qilish;
ularning narsasini o‘g‘irlash;
ularning oldida nolish va bo‘lar-bo‘lmas dardini to‘kib-solish;
ularning iznisiz safarga chiqish;
ularning o‘limini tilash.
Shunday ekan, ularga oq bo‘lib qolishdan saqlanib, yaxshilik qilishga shoshilaylik va Alloh huzuridagi cheksiz ajrga ega bo‘laylik.
Zero, ular hech qachon bizga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, faqat yaxshilik tilaydi. Alloh hammamizni ularning roziliklarini olishga muyassar qilsin.
Fotima KOMILJONOVA,
TII 1-kurs talabasi
Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.
Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati