Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Rasulullohda go‘zal o‘rnak bordir...

05.04.2017   13270   5 min.
Rasulullohda go‘zal o‘rnak bordir...

Oqil inson hayoti davomida solih kishilarning fazilatli jihatlaridan o‘rnak olib yashaydi. Bizlar ham biror tabarruk, ahli solih insonlar bilan uchrashib qolganimizda yoki ularning yaxshi xislatlarini zikr qilganimizda xavas qilib, “Bizga ham sizning yo‘lingizni bersin”, “Falonchiga o‘xshab yuraylik” degan iboralarni ishlatamiz. Aslida mo‘min-musulmon kishi uchun o‘rnak bo‘lishga eng loyiq va haqli zot Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘ladilar. Zero, Payg‘ambarimizning hayotlari bizlar uchun ibrat maktabidir.

Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam naqadar go‘zal o‘rnak namunasi ekanlinlarini bayon qilib shunday deydi:

 لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا  

(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir”. Haqiqatda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotning hamma jabhalarida go‘zal namuna va o‘rnakdirlar.

Bundan tashqari, Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni aynan xulq jihatidan ham go‘zal o‘rnak ekanliklarini maqtab:

 وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ

“Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz”,-deb marhamat qilgan (Qalam surasi, 4- oyat).

Oisha onamizdan “Payg‘ambarimizning xulqlari qanday edi?”,-deb so‘ralganda: “Xulqlari Qur’on edi”,-deb javob berganlar.

Odob axloqning dinda qanchalik ahamiyatga ega ekanligi ko‘pgina hadislarda bayon qilingan. Jumladan, Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Zarga shunday deganlar: “Qayerda bo‘lsang ham Allohdan qo‘rq! Yomon ish qilgan bo‘lsang orqasidan uni o‘chiradigan yaxshi ish qil va insonlarga go‘zal xulq bilan muomala qilgin!” (Imom Termiziy rivoyati).

Odob aslida insonning qanday tarbiya ko‘rgani bilan belgilanadi. Albatta, inson jamiyatda insonlar bilan o‘zaro muloqot qilar ekan, avvalo samimiy va odob ila munosabat bildirmog‘i lozim. Shundagina, ushbu odob ila qilgan samimiy munosabati u uchun bu dunyoning o‘zida sharaf bo‘lsa, ohiratda uni izzat kursisiga ega qiladi.

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haq bo‘la turib janjallashmagan kishiga jannatning eng pastidan bir uy berilishiga kafilman. Hazil qilayotgan bo‘lsa ham yolg‘on gapirmagan kishiga jannatning o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Xulqi go‘zal bo‘lgan kishiga esa jannatning eng yuqorisidagi uyga kafilman,” dedilar. (Abu Dovud rivoyati).

Muqaddas dinimiz ta’limotlarida inson chiroyli hulqi orqali hattoki ibodat qilgan darajasiga ega bo‘lishligi ta’kidlangan. Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi go‘zal xulqi bilan kunduzi ro‘zador, kechasi bedor bo‘lganlarning darajasiga yetadi,” deganlar. (Abu Dovud rivoyati).

Shuningdek, eng avvalo inson go‘zal hulq egasi bo‘lish uchun Yaratgan Allohdan duo qilib so‘rashi lozimligi ta’kidlangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Meni eng go‘zal axloqqa hidoyat qil. Zotan, unga Sendan boshqasi hidoyat qila olmaydi. Yomonlarni mendan uzoqlat. Albatta, Sendan boshqasi ularni mendan uzoqlatolmaydi,” deb duo qilar edilar. Ushbu hadisi sharifda inson avvalo chiroyli xulq sohibi bo‘lishi uchun o‘zida intilish, xohish, istak va umid bo‘lishi lozim ekan. Shu bilan birgalikda, uning aksi bo‘lgan yomon xulq va odatlardan yiroqroq tursagina bu fazilatga sazovor bo‘lishi mumkin ekan.

Go‘zal xulqlardan biri – kechirimlilikdir. “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan Najd tomondagi yurishdan  qaytayotganlarida peshin payti yo‘lda dam olishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir daraxtga qilichlarini ilib soyasida uxladilar. Sahobalar ham uxlashdi. Uyg‘onganlarida bir a’robiy qilichlarini o‘g‘irlab olib, Rasulullohga niqtab: “Mendan seni kim qutqara oladi?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh deb uch marta aytdilar. Shunda uning qo‘lidan qilich tushib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni olib a’robiyga: “Endi seni mendan kim qutqara oladi” dedilar. U: “Sen yaxshi odamsan” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon bo‘lasanmi?” deganlarida, u: “Yo‘q, lekin senga qarshi urushmaslikka va sen bilan urushadiganlar tarafda bo‘lmaslikka va’da beraman” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qo‘yib yubordilar. Haligi kishi sheriklarining oldiga borib: “Eng yaxshi odamning oldidan kelayabman”,-dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shirinso‘z, o‘zgalarga aziyat bermaydigan, haqorotomus va uyatli so‘zlarni aytmaydigan, hayoli, o‘zgalar ko‘nglini ko‘taradigan, dardlariga darmon bo‘ladigan, mehmonni va qo‘shnini hurmat qiladigan, qo‘yinki barcha mukammal chiroyli xulq-odoblar sohibi bo‘lganlar. Zero, Buyuk Alloh payg‘ambarimizga O‘zi odob berganligidandir. ”Meni Robbim tarbiya qildi va tarbiyamni go‘zal qildi” –deya Janobimiz marhamat qilganlar.

Zotan, U zotning siyratlari, axloqi hamidalari  va ibratli hayot yo‘llariga ergashmoq insonlar uchun ikki dunyo saodat yo‘li hisoblanadi. Alloh  bizlarga Payg‘ambarimizga ergashib eng go‘zal xulq egalari bo‘lish baxtini nasib aylasin.

 

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

“Novza” jome masjidi imom xatibi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

11.08.2026   28631   2 min.
“Azzaman” gazetasi: Yangi O‘zbekistonda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda

Iroqning “Azzaman” gazetasida “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi: Davlat barpo etishdan Uchinchi Renessans sari” nomli maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib bormoqda.

1991 yilda qo‘lga kiritilgan mustaqillik O‘zbekiston xalqi hayotida tarixiy burilish yasab, milliy davlatchilik asoslarini shakllantirish, iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash jarayonini boshlab berdi.

2016 yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda “Yangi O‘zbekiston” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda izchil va muvozanatli rivojlanish yo‘lidan borayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda.

Muallif O‘zbekistonda so‘nggi yillarda iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyalarni jalb etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarga e’tibor qaratgan.

Maqolada aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirish, yoshlar hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar haqida ham alohida fikr yuritilgan.

Nashrda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Uchinchi Renessans” g‘oyasi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishlaridan biri sifatida baholangan. Unda Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi buyuk allomalar yetishib chiqqan yurt bugungi kunda ilm-fan, innovatsiya, texnologiya va inson kapitalini rivojlantirish orqali yangi uyg‘onish davrini yaratishga intilayotgani qayd etilgan.

Iroq matbuoti O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rniga ham to‘xtalib, mamlakatda boy ilmiy-ma’rifiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlagan. Jumladan, Toshkent shahrida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi Movarounnahr allomalarining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyish etuvchi muhim ilmiy-madaniy maskan sifatida qayd etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari