Ilm yo‘li mashaqqat va riyozatni talab etadi. Bunga qat’iyati va bardoshi yetmagan kishi yuksak ilm cho‘qqisini zabt eta olmaydi. Ulug‘ vatandoshimiz Abu Iso Termiziyning hayot yo‘li va qoldirgan ilmiy merosi bilan tanishganda islom olamida tan olingan ulug‘ olti muhaddisdan biri deya tan olinishi bejiz emasligiga amin bo‘lamiz. Ayniqsa, allomaning “Sunani Termiziy” asari asrlar osha o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgan emas. Bugungi kunda ham bu asarning poklik, odob-axloq, yosh avlodni ma’naviy kamollikka yetaklashda o‘ziga xos o‘rni va xizmati alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur asarning “Tahorat kitobi” tahoratga ham, namozga ham, zakot-sadaqaga ham, halol yo‘l bilan mol topish farzligiga ham tegishli muborak hadis bilan boshlanadi. Hazrati Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tahoratsiz kishidan namoz va harom puldan sadaqa qabul qilinmaydi”, dedilar. Imom Termiziy hadisni har tomonlama o‘rganib: “Bu hadis ushbu bobda vorid bo‘lgan hadislarning eng sahihi va eng hasanidir”, degan xulosaga keladi. Tahoratning fazilati haqida Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimizdan: “Musulmon (yoki mo‘min) banda tahorat olayotib yuzini yuvganida ko‘zlari bilan qarab qilgan har bir gunohi tahorat suvi bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan (yoki shunga o‘xshash ta’bir qo‘lladilar) yuzidan yuvilib tushadi; qo‘llarini yuvayotganida qo‘llari bilan sodir qilgan har bir gunohi suv yoki suvning so‘nggi qatrasi bilan qo‘llaridan to‘kiladi, nihoyat, banda gunohlaridan poklanib chiqadi”, degan hadisni rivoyat qiladi. Abu Iso Termiziy bu hadisni o‘rganib, hasan-sahih, degan fikrni bildiradi. Abu Umoma (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida obid va olim zikr etildi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Olim kishining obiddan afzalligi, mening sizlarning eng quyingizdan afzalligim kabidir”, deb marhamat qildilar. So‘ng yana u zot (alayhissalom): “Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahli, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi haqiga duo qiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan). Mazkur hadis bizga yaxshilik o‘rgatuvchi kishining naqadar ulug‘ martaba va maqomga egaligini ko‘rsatib beradi. Yana Imom Termiziy rivoyatida keltirilgan boshqa bir hadisda: “Olimning obiddan afzalligi o‘n to‘rt kunlik oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir. Darhaqiqat, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmagan, ular faqat ilmni meros qoldirishgan. Kim uni olsa, katta baxtni qo‘lga kiritibdi”, deyilgan. Shundan bilib olamizki, olim kishilar payg‘ambarlarning merosxo‘rlari va ular ilmdan boshqa narsani meros qoldirmaydilar.
Savfon ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilib dedilar: “Farishtalar ilm tolibiga talab etilayotgan ilmidan rozi bo‘lib, qanotlarini qo‘yishadi (yozishadi)” (Imom Ahmad, Termiziy va Ibn Moja rivoyati). Imom Termiziyning to‘plagan hadis kitobida poklanish va dunyo ilmlarini mukammal o‘rganishga targ‘ib-tashviq etadigan hadislar ham mavjud. O‘tgan ulamolarimiz: “Oz o‘rganib, uni amal qilish umringga kifoya qilsin”, deganlar. Biz yoshlarga u zotning ilm va hadis bobidagi g‘ayrat va shijoat, qobiliyat va iste’dodlari yuksak namunadir. Chunki Imom Termiziy yoshlik paytidan hadis ilmiga mehr qo‘yib, ularni to‘plashga alohida e’tibor qaratadi va bu borada uchragan qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. O‘zlari o‘qigan yoki birorta roviydan eshitgan hadisning asli va isnodini diqqat va ogohlik bilan aniqlab, qayta-qayta tekshirib, to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilgandan keyin ularni alohida qog‘ozlarga qayd etib boradi. O‘ziga shubhali bo‘lib ko‘ringan hadislarni esa alohida qog‘ozlarga bitib, sahih va shubhali hadislarni sahih, hasan, zaif, g‘arib kabi sifat va turlarga ajratadi. Imom Termiziy (rahimahulloh) vaqtdan unumli foydalanish, zehnni foydali ishlarga sarflash orqali kelajak avlodga foydali va umrboqiy asar qoldirishda katta jonbozlik ko‘rsatdi.
Muhaddis olim o‘z zamonasida Hijoz, Iroq va Xurosondagi eng yetuk muhaddis ulamolarga uchrab, ular bilan ilmiy suhbat va bahs-munozaralarda bo‘ldi. Biz yoshlar ulug‘ muhaddisning hayotiy va boy tajribasini teran o‘rganib, aniqlamasdan xabarlarni ko‘r-ko‘rona qabul qilish, boshqalarga yetkazishda va buzg‘unchi g‘oya va qarashlarni qabul qilishda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, aqlli va farosatli yoshlarga yaxshi tanimagan odamning so‘ziga va g‘oyalariga maftun bo‘lish yarashmaydi. Shuning uchun hozirgi kunimizda xavf solib turgan barcha yovuz kuchlarga qarshi yoshlarimizda immunitet hosil qilish va sog‘lom muhitni shakllantirishimiz kerak. Yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy va Mahmud Zamaxshariy kabi dunyo ilm ahlini lol qoldirgan zabardast allomalar bo‘la turib, ularning boy ilmiy merosini o‘rganmasdan chetdan turli yo‘llar orqali kirib kelayotgan yot g‘oya va qarashlar ta’siriga berilishni aql bovar qilmaydi. Oldingi zamonlarda ustozlar ilm olishni istagan kishini olti oy sinovdan o‘tkazmasdan shogirdlikka olmagan ekan. Chunki shu vaqt ichida shogirdning barcha xato va ayblari aniq bo‘lib qolar ekan. Shogird olgandan keyin ham ustozi ilmini to‘liq egallash uchun uning huzurida besh-o‘n yillar qolib ketar ekan. Hozirgi vaqtda bir-ikki marta ko‘rishib, bir-biriga ustoz va shogird bo‘lib, yot g‘oya va qarashlarning farqiga bormayotgan yoshlar yo‘q deb o‘ylaysizmi?
Xullas, imom Termiziyning ilmiy merosini tadqiq etish va ommaga yetkazish bugungi kunda juda zarur. Shu ma’noda bu zotni ma’naviy illatlarni davolash va muolaja qilishda mohir tabibga o‘xshatish mumkin. Mohir tabibning so‘ziga quloq solgan bemor o‘zini qiynayotgan darddan tez forig‘ bo‘ladi. Imom Termiziyning ilmiy merosini ma’naviy shifo ekannini hech bir yurtdoshimiz yoddan chiqarmasligi va undan foydalanishi kerak.
Urol Nazar MUSTANOV,
Imom Buxoriy nomidagi islom instituti
“Ijtimoiy fanlar” kabinet mudiri
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Dinimiz musulmon insonning har bir so‘zini ahamiyatli deb biladi. Kundalik hayot va o‘zaro muomalalardan tortib, hatto Robbi bilan bo‘lgan ahdlashuvlarni ham tartibga solib bergan Islom insonlarga oson qilingan dindir. Qasam va nazr ahd hisoblanadi. Alloh taolo qasam va ahdga vafo qilish muhim ish ekani bois Qur’oni karimda bir necha oyatlarni nozil qilgan. Shulardan:
إِنَّ الَّذِينَ يَشْتَرُونَ بِعَهْدِ اللَّهِ وَأَيْمَانِهِمْ ثَمَنًا قَلِيلًا أُولَٰئِكَ لَا خَلَاقَ لَهُمْ فِي الْآخِرَةِ وَلَا يُكَلِّمُهُمُ اللَّهُ وَلَا يَنْظر إِلَيْهِمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
“Albatta, Allohning ahdini va o‘z qasamlarini arzon bahoga sotadiganlar uchun oxiratda nasiba yo‘qdir. Qiyomat kuni Alloh ularga gapirmas, nazar solmas va ularni poklamas. Ularga alamli azob bordir” (Oli Imron surasi, 77-oyat).
وبِعَهْدِ اللَّهِ أَوْفُوا ۚ
“Allohga bergan ahdingizga vafo qiling” (An’om surasi, 152-oyat).
وَأَوْفُوا بِعَهْدِ اللَّهِ إِذَا عَاهَدْتُمْ وَلَا تَنْقُضُوا الْأَيْمَانَ بَعْدَ تَوْكِيدِهَا وَقَدْ جَعَلْتُمُ اللَّهَ عَلَيْكُمْ كَفِيلًا ۚ إِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُ مَا تَفْعَلُونَ
“Agar ahdlashsangiz, Allohning ahdiga vafo qiling. Qasamlarni ta’kidlaganingizdan so‘ng buzmang. Zero, Allohni o‘zingizga kafil qilgansiz! Albatta, Alloh nima qilayotganingizni bilur” (Nahl surasi, 91-oyat).
وَأَوْفُوا بِالْعَهْدِ ۖ إِنَّ الْعَهْدَ كَانَ مَسْئُولًا
“Ahdga vafo qiling. Albatta, ahd (qiyomatda) so‘raladigan narsadir” (Isro surasi, 34-oyat).
Shariatda qasam Allohning ismi yoki sifatlaridan biri bilan so‘zni quvvatlashdir. Qasam ichuvchi kishi o‘zining rostgo‘yligini bildirish yoki biror ishni qilishga o‘zini undash yoxud undan tiyilish maqsadida qasam ichadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
لَا يُؤَاخِذُكُمُ اللَّهُ بِاللَّغْوِ فِي أَيْمَانِكُمْ وَلَٰكِنْ يُؤَاخِذُكُم بِمَا عَقَّدتُّمُ الْأَيْمَانَ ۖ
“Alloh sizlarni behuda qasamlaringiz uchun tutmas (jazolamas). Lekin qasd bilan tukkan (ichgan) qasamlaringiz uchun javobgar qilur” (Moida surasi, 89-oyat).
Nazr esa insonning o‘ziga biror maqsad bilan asli vojib bo‘lmagan amalni vojib qilib olishidir. Nazr mutloq (hech qanday shartga bog‘lanmagan) va muqayyad (biror shartga bog‘langan) turlarga bo‘linadi. Alloh taolo bunday deydi:
وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ نَفَقَةٍ أَوْ نَذَرْتُمْ مِنْ نَذْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ يَعْلَمُهُ
“Qanday sadaqa qilsangiz yoki qanday nazr qilsangiz, albatta, Alloh uni bilur” (Baqara surasi, 270-oyat).
Qasamda ham, nazrda ham asosan ishni ta’kidlash qasd qilinadi, lekin ular o‘rtasida bir necha farqlar bor. Birinchisi nazr deb Alloh uchun qat’iy bir ishni zimmasiga yuklashga aytiladi.
Nazr qiluvchi Robbisiga yaqinlashish va savob olish maqsadida Alloh uchun toatni ya’ni ibodatni zimmasiga lozim qilib oladi. Masalan: “Alloh uchun sadaqa qilish zimmamda bo‘lsin” yoki “Bir oy ro‘za tutishni nazr qildim”, deb niyat qiladi. Qasam esa Allohning ismlari bilan bog‘lanadi va faqat bir ishni qilish yoki qilmaslikni ta’kidlashni iroda qiladi. Qasam “Vallohi”, “Tallohi”, “Billahi” kabi lafzlar hamda “Qasam ichaman”, “Guvohlik beraman” degan so‘zlar bilan aytiladi. Demak, nazr Alloh uchun, qasam esa Alloh nomi bilan bog‘lanadi.
Ikkinchisi inson hech bir ishga bog‘lamasdan mutloq nazr qilsa yoki bir hojati ravo bo‘lishi uchun nazr qilsa-yu, niyati amalga oshsa, endi nazriga vafo qilishi shart bo‘ladi, bu kafforat bilan yechilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga itoat qilishni nazr qilgan bo‘lsa, itoat qilsin. Kim Allohga osiy bo‘lishni nazr qilgan bo‘lsa, unga osiylik qilmasin”, deganlar. Ammo nazr qiluvchi biror shartga bog‘liq qilib nazr qilsa-yu, uni bajarishni iroda qilmasa (masalan, “falon gunohni qilsam, masjid quraman” desa), shart topilganda ixtiyor o‘zida: xohlasa nazrini bajaradi, xohlasa kafforat beradi. Qasamda esa, qasam buzilsa kafforat o‘tash bilan ahd yechiladi. Alloh taolo bu haqda:
قَدْ فَرَضَ اللَّهُ لَكُمْ تَحِلَّةَ أَيْمَانِكُمْ ۚ وَاللَّهُ مَوْلَاكُمْ ۖ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ
“Albatta, Alloh sizlarga qasamlaringizni yechish (kafforatini ado etish) yo‘lini belgilab qo‘ygan. Alloh sizlarning Mavloyingizdir. U Biluvchi va Hikmat egasidir”, deb marhamat qilgan (Tahrim surasi, 2-oyat).
Demak, nazrda ko‘pincha amalni ado etish talab qilinsa, qasamni kafforat bilan yechish imkoni bor.
Uchinchisi qasam odatda vojib va sunnat ishlarda ham ichilaveradi. Lekin bunday ishlarda nazr qilish makruhdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarib: “Bu yaxshilik olib kelmaydi, u bilan faqat baxil kishidan mol chiqarib olinadi, xolos”, deganlar. Ya’ni nazr baxilni xayr-ehson qilishga majburlaydigan vosita bo‘lib qolishi mumkin. Shuningdek, vojib ishlarga nazr qilish joiz emas ekan.
To‘rtinchisi nazrga vafo qilish vojib bo‘lgan amaldir. Qasamga vafo qilish esa bunday emas, ya’ni kishi qasamini buzib, kafforatini o‘tasa ham bo‘laveradi. Nazrning kafforoti qasamning kafforoti bilan bir xildir.
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nazrning kafforoti xuddi qasamning kafforotidekdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Demak, nazrini bajara olmagan kishi o‘n nafar miskinni taomlantiradi yoki kiyintiradi. Agar bunga qodir bo‘lmasa, uch kun ketma-ket ro‘za tutadi.
Nazr qilingan ish vojib bo‘lishi uchun uchta shart jamlanishi lozim:
Nazr qilingan amal namoz yoki ro‘za kabi vojib jinsidan bo‘lishi kerak. Shuning uchun bemor ziyoratini nazr qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Nazr qilingan ish “maqsudan lizatihi” (ya’ni o‘zi mustaqil ibodat sifatida qasd qilingan amal) bo‘lishi kerak. U namozga erishish uchun tahorat olish kabi “vasila” (ya’ni vosita) bo‘lmasligi lozim.
Nazr qilingan ish nazrdan oldin vojib (farz) bo‘lmasligi kerak. Shundoq ham farz bo‘lgan besh vaqt namozni nazr qilish durust emas.
Alloh taolo barchamizni ahdiga vafo qiladigan ixlosli bandalaridan qilsin.
Madina TOSHBOYEVA,
Toshkent islom instituti 3-kurs talabasi