Qadim zamonda suv tashuvchi bir yigit bo‘lgan ekan. U obkashining ikki chetiga ilingan chelaklarda suv tashir ekan. Chelaklardan birining tagida teshik bo‘lib, manzilga yetguncha suvning yarmi to‘kilib borar ekan. Butun chelak o‘z vazifasini to‘la-to‘kis bajarayotganidan mag‘rurlanar, teshik chelak esa ishining yarminigina bajara olayotganidan uyalib, xijolat chekar ekan.
Bir kuni teshik chelak egasiga debdi: "Men sendan uzr so‘ramoqchiman, olgan suvingning yarminigina yetkaza olaman". Suv tashuvchi yigit unga javoban: "Seni ko‘tarib keladigan tomonimdagi gullarni ko‘rganmisan? Men ularni ataylab shu tomonga ekkanman. Har safar suv tashiganimda sen ularni sug‘orib ketasan. Men necha martalab ayolimga shu gullardan guldastalar sovg‘a qilganman. Buning uchun senga rahmat aytaman", debdi.
Tadbirkor odam hatto teshik chelakdan ham o‘zi uchun foyda ola biladi.
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mashhur tobein Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayhning Ali ismli o‘g‘li bo‘lib, ilmga qiziqmas, boqibeg‘am bola edi. Otasi uni tarbiya qilishga har qancha urinmasin, biror o‘zgarish bo‘lma di. Shunda farzandi haqqiga bunday duo qildi:
اللهم إنِّي اجْتَهَدْتُ أَنْ أُؤَدِّبَ عَلِيًّا قلم أَقْدِرُ عَلَى تَأْدِيبِهِ فَأَذِبُهُ أَنْتَ
Ma’nosi: Allohim, men o‘g‘lim Alini odobli qilishga harchand harakat qildim, ammo qurbim yetmadi, bas, O‘zing menga uni tarbiyali qilib ber.
Ushbu duoning barakotidan Ali ibn Fuzayl rahmatullohi alayh ulug‘ olim bo‘lib yetishdi.
Imom Nasoiy rahmatullohi alayh Ali ibn Fuzaylni “siqa” (ishonchli) “mamun” (omonatli) degan.
Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh: “Odamlarning eng yaxshisi Fuzayl ibn Iyoz, undan ham yaxshirog‘i o‘g‘li Alidir”, degan.
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayhi: “Men Fuzayldan va uning o‘g‘lidan ko‘ra Allohdan ko‘proq qo‘rqadigan biror kimsani ko‘rmadim”, degan (Siyarul a’lam an-nubalo).
Mohira ZUFAROVA