Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446

Eng ko‘p soxtalashtiriladigan sotuvdagi oziq-ovqat mahsulotlari: buni qanday aniqlash mumkin

23.03.2017   17288   3 min.
Eng  ko‘p soxtalashtiriladigan sotuvdagi  oziq-ovqat mahsulotlari:  buni qanday aniqlash mumkin

Yurtimiz bozorlari va do‘konlarining peshtaxtalari turli-tuman noz-ne’matlarga to‘la. Xohlasak xorijda, xohlasak o‘zimizda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilamiz.

Xorijiy mamlakatlarda mahsulotlarni soxta yo‘l bilan tayyorlab sotuvga chiqaruvchi shirkatlar yo‘q emas. Ayrim nobakor tadbirkorlar boylik orttirish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini soxtalashtirish yo‘li bilan mahsulotni asliga o‘xshatib, chiroyli qog‘ozlarga o‘rab sotish hollari kundalik hayotimizda uchrab turibdi.

Pishloq o‘rniga unga o‘xshash narsani, qaymoq o‘rniga sousni, apelsin sharbati o‘rniga uning mazasini beruvchi ichimlikni tayyorlashganini balki eshitgandirsiz. Mutaxassislar buni qanday aniqlash mumkinligi, mahsulotlarning qaysilari haqiqiy  ekanligini, soxtalarini qanday yo‘l bilan tayyorlanganini aniqlash ustida muayyan ish olib bordilar. 

  1. Asal

Asalning tabiiyligini bir necha xil uslubda aniqlash mumkin:

Soxta asaldan kuydirilgan shakar mazasi kelib turadi.

Uni muzlatgichda saqlashni tavsiya etishadi.  (Tabiiysiga bu shart emas.).

Uyingizda kimyoviy qora qalam bo‘lsa, uning yozadigan uchini asalga kirgazing. Agar mahsulot ko‘karib ketsa, bu unga suv yoki shakar sharbati qo‘shilganini bildiradi.

Asalni soxtalashtirish uchun unga kraxmal, yanchilgan soya daraxti uni yoki sharbat qo‘shishadi.

  1. Qaymoq

Soxta qaymoq mahsulotining haqiqiy qaymoqdan farqi unga jonivor yog‘ining o‘rniga o‘simlik yog‘i qo‘shilgan bo‘ladi, sut oqsili soya daraxti oqsili bilan almashtirilgan bo‘ladi.

Agar siz bir qoshiq qaymoqni qaynoq suvga solsangiz, u butunlay aralashib ketadi. Soxta qaymoq bunday holatda aralashmay, qaynoq suv solingan idish tagiga cho‘kadi.

  1. Sut

Kelayotgan daromadni ko‘paytirish maqsadida nopok ishlab chiqaruvchilar sutga palma yog‘i, melamin, soda yoki kraxmal aralashtirishadi.

Soxtalashtirilgan sutni xarid qilmaslikning birgina to‘g‘ri yo‘li— ishonchli qo‘llardan, sinalgan sotuvchilardan sotib olishdir.

  1. Qizil ikra

Qizil ikrani soxtalashtirib, ayrim kishilar juda katta boylik orttirishadi. Uni bo‘yashadi yoki suv o‘tlaridan tayyorlashadi. Tabiiy ikra barmoqlar orasida ezilganda yorilib ketadi va biroz taxir mazali bo‘ladi, soxtasi bunday holatda ezilib, shaklini o‘zgartiradi. Tabiiy ikrada uning donalari butun, tagidagi suyuqlik juda oz holatda bo‘ladi.

  1. 5. Zaytun yog‘i

Taajjublanarli, lekin fakt. Italiya  mafiyachilari soxtalashtirilgan zaytun yog‘idan oladigan daromadlari narkotrafika foydalari bilan raqobatlashadi. Uning nopok ishlab chiqaruvchilari unga yoki boshqa narsa aralashtirishadi yoki eng arzon yog‘lardan qo‘shishadi. Zaytun yog‘ining haqiqiyligini uning narxi qimmatligidan bilsa bo‘ladi.

Kichkina eksperiment: paxtadan pilik o‘rab, zaytun yog‘iga botirib olib, uni yoqiladi. Agar olov yallig‘i tiniq va qurumsiz bo‘lsa, demak shishadagi yog‘ shubhasiz, zaytun yog‘idir. Soxta yog‘ qora rangda tutab, chirsillab yonadi.

 Manba: marketium.ru

                                           Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi

Tabobat
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma

21.04.2025   1017   5 min.
Musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma

Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.

U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.

Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».

Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.

Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.

Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.

Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).

Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.

Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.

Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan». 

Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».

Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.

Ixtiyor Abdurahmonov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manba: uza.uz

MAQOLA