Farzand tarbiyasida ota-onadan katta mahorat, ulkan mas’uliyat, teran aql va chuqur mulohaza talab qilinadi. Bolaning fe’l-atvorini sinchkovlik bilan o‘rganib, unga mehr va tadbir bilan yondashilsa, inshaalloh, ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada bizga eng go‘zal namunadirlar. U zot (alayhissalom): “Farzandlaringizni xurmat qiling va ularga chiroyli odob o‘rgating”(Ibn Moja rivoyati), deb biz ummatlarga shu kabi ko‘plab fazilatli tavsiyalarini berganlar. Nasihatlariga amal qilgan kishi hatto tunda ham yo‘lidan adashmay, qoqilmay manziliga yetadi. U zot (alayhissalom) bolalarga salom berish va unga munosib alik olishni o‘rgatishdan boshlaganlar. Ko‘chadan o‘tib ketayotib ham ularga birinchi salom berganlar. Anas roziyallohu anhu aytadi: “Men bolalar bilan o‘ynayotganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yonimga kelib, bizga salom berdilar”. U kishidan (roziyallohu anhu)yani bir rivoyatda: “Ey o‘g‘lim, ahli oilang huzuriga kiradigan bo‘lsang, salom ber. Chunki saloming senga va oilanga baraka keltiradi”, deb marhamat qilganlar.
Bolaga yolg‘on gapirmang va uni aldamang, chunki siz unga namunasiz. Abdulloh ibn Omir roziyallohu anhu bunday hikoyani qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning uyda o‘tirgan edilar. Onam meni chaqirdilar: “Qani, bu yerga kel-chi, senga bir nima beraman”, dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Unga nima bermoqchisan?” deb so‘radilar. Onam: “Bir dona xurmo beraman”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agarda unga biror bir narsa bermasang, senga yolg‘on yoziladi”, dedilar”.
Farzandlarni jazolashda o‘ta qattiqqo‘llik yaramaydi. Jazo unga yarasha bo‘lishi uchun yuzga urish yoki tupurish va boshqa narsalar bilan bolani tahqirlanmaydi. Chunki yuz mukarramlik belgisidir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan biringiz uradigan bo‘lsa, yuzga urishdan saqlansin”, deb marhamat qilganlar (Tabaroniy rivoyati).
O‘g‘rilik barcha davrlarda insonlarning nafratiga sazovor bo‘lgan jirkanch odatdir. U ijtimoiy muhitni izdan chiqaradi va jamiyatni tanazzulga olib boradi. Ayrim ota-onalar farzandlarining yoshlikda qilgan o‘g‘irligiga beparvo bo‘lib, qilmishini go‘daklikka yo‘yadilar. Bu muthish xatodir. Bunday beparvolik bolada o‘zgalar moliga xiyonat qilishdan qo‘rqmaslik hissini uyg‘otadi. Quyidagi hikoya so‘zimizning dalilidir: Mahkamalardan birida o‘g‘rilik bilan qo‘lga tushgan o‘g‘rini jazolashga hukm chiqariladi. Hukm ijro etiladigan kun kelganda o‘g‘ri ovozining boricha bunday deb baqiradi: “Meni emas onamni jazolang! Birinchi bor qo‘shnimiznikidan tuxum o‘g‘irlaganimda u meni koyimadi va egasiga qaytarib berishimni talab qilmadi. Aksincha, qilgan ishimdan quvonib: “Hudoga shukr! Mening o‘g‘lim haqiqiy erkak bo‘libdi”, degan edi. Agar onamning tili bo‘lmaganida edi, men o‘g‘ri bo‘lmasdim”.
So‘kish va haqorat so‘zlarni aytish yoshlar orasida eng ko‘p tarqalgan yomon illatlardandir. Bunda kattalarning “xizmati” katta. Chunki endi tili chiqayotgan bolaga: “Bitta so‘kib qo‘y”, deb yomon odatni singdirib borishadi. Ayrim ota-onalar jahl otiga minib, o‘zaro tortishib uyatsiz so‘zlarni aytishlari farzandlarida ma’naviy ahloqsizlikni shakllanishiga, shuningdek, ularni ko‘cha-ko‘yda qarovsiz qo‘yib, xulqi buzuq bolalar bilan o‘rtoqlashib qolishiga sabab bo‘lishadi. Buning uchun bola tarbiyasi uzluksiz ravishda diqqat markazida turish kerak.
Bugungi kunda ko‘pchilik yoshlar axloqiy me’yorlar butkul tanazzulga yuz tutgan olomoncha madaniyatga ko‘r-ko‘rona taqlid qilayotganlari bois axloqiy buzuqlikka yuz tutmoqdalar. Tarbiyaga mas’ul shaxslar yoshlarni ma’naviy va moddiy hujumlardan himoyalashlari, ularni doimo ezgulik sari chorlab, pand-nasihatlar qilishlari lozim. Yurtimizda ota-onalarga bu borada yordamchi bo‘la oladigan diniy-marifiy, kasb-hunar va sport tashkilotlari bisyor. Ulardan unumli foydalanish barchamizning qo‘limizda.
“O‘zlari imon keltirib, zurriyotlari ham ularga imon bilan ergashgan zotlarga (o‘sha) zurriyotlarini ham qo‘shamiz. Ularga qilgan amallaridan biror narsani kamaytirmaymiz. Har bir kimsa o‘zi qilgan ishi bilan garovlangandir” (Tur surasi, 21 oyat).
Alloh taolo barchamizga ana shu baxtini nasib aylasin!
Jaloliddin Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati