
Yunus butun o‘quv yili davomida yangi telefon olish uchun po‘l to‘pladi. Har safar otasi maktabda tushlik qilishga pul berganda u qorni ochsa-da, o‘sha pulni yemasdan uyga qaytarib kelardi-da pul yig‘adigan idishchaga tashlab qo‘yardi.
Pulim yetadi degan qarorga kelganidan so‘ng bir sinfdoshi bilan kunning ikkinchi yarmida telefon xarid qilishga birga borishga kelishib oldi. Uyiga kelib kiyimlarini alishtirib chiqdi. Qarasa, ko‘chada yana bir sinfdosh o‘rtog‘i Said mug‘nayib turibdi. Ular qo‘shnichilikda yashashadi. Saiddan g‘amginligining sababini so‘radi.
– Singlim og‘rib qoldi. Oyim meni dori olib kelishim uchun dorixonaga yubordilar. Ammo pulim yetmadi. Uni oyimga qanday aytishni bilmay turibman. Oyim juda siqiladilar, chunki uyda boshqa pulimiz yo‘q. Men ham siqilyapman. Yur, bir oz o‘ynaylik, uyga kechroq boraman, ungacha singlim yaxshi bo‘lib qolar balki, – dedi Said.
Yunus qanchalik harakat qilmasin, ammo o‘yini hech qovushmadi. Uning xayoliga Saidning aytgan gaplari mahkam o‘rnashib olgan edi. Ko‘z oldiga dorining tezroq kelishini kutib yotgan Maryam gavdalandi. U hatto telefon olish uchun uydan chiqqanini ham unutgan etdi, daf’atan, cho‘ntagida puli borligi esiga tushib qoldi.
– Menga dorilar ro‘yxatini ber-chi, – dedi Saidga.
Said nega deb so‘rab ham o‘tirmasdan qog‘ozni uzatdi. Yunus qog‘ozni olib dorixonaga yugurib ketdi. Ro‘yxatdagi dorilarni oldi, dorixonadan chiqib do‘konga kirdi va sarxil mevalar xarid qildi. Keyin uni kutib turgan Saidning oldiga xursand bo‘lib qaytib keldi.
– Yur uylaringga boraylik, men Maryamga kerakli dorilarni oldim, – dedi zavqi ichiga sig‘may borayotgan Yunus.
– Sen telefon olish uchun yiqqan pulingni sarfladingmi? Nega bunday qilding, axir qancha vaqtdan beri orzu qilardin-ku! – hayron bo‘ldi Said.
– Telefonni keyinroq olaversak ham bo‘ladi, Maryamning sog‘ayib ketishi muhim, – javob berdi Yunus va bolalar Saidlarning uyiga ketishdi.
Yunus kechqurun uyiga qaytganida uni ajoyib sovg‘a kutayotganini bilmas edi. U maktabda a’lo baholarga o‘qigani uchun ota-onasi unga yangi telefon xarid qilishgan edi. Bola juda ham hayratga tushdi va ko‘zlari yoshga to‘lib:
– Alhamdullilloh! Alhamdulilloh! Bu Alloh taoloning sovg‘asi, – dedi va bo‘lib o‘tgan voqeani ota-onasiga gapirib berdi.
Bugun, 7 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov tizimda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar bilan dildan suhbat qurdi.
Muloqot avvalida Homidjon domla yurtimizda yoshlarning bilim olishi va kasbiy yuksalishi uchun yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtalib, Diniy idorada ham yosh mutaxassislarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo ekanini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Idoraning shonli tarixiga nazar tashlab, 1943 yilda "Baroqxon" madrasasida boshlangan faoliyat 2007 yilda "Hazrati Imom" majmuasiga, 2026 yilga kelib esa muhtasham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining yangi binosiga ko‘chganini so‘zlab berdi.
Suhbat davomida bugungi tinchlik va taraqqiyot ajdodlarimizning duolari va mehnatlari samarasi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, Diniy idora nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlarda ham yuksak ehtirom bilan tilga olinadigan dargoh bo‘lib, bu yerda faoliyat yuritgan ulug‘ ulamolarning xizmati beqiyos ekani qayd etildi.
Homidjon domla yoshlarni ularga nasib etgan mana shunday beqiyos imkoniyatlardan oqilona foydalanishga, o‘z bilim va malakalarini tinimsiz oshirib, din va millat rivoji uchun bor kuch-g‘ayratini sarflashga chaqirdi.
Uchrashuv yakunida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda ma’rifat ziyosi yanada keng yoyilishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati