Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Oktabr, 2025   |   12 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:05
Quyosh
06:23
Peshin
12:17
Asr
16:15
Shom
18:04
Xufton
19:16
Bismillah
04 Oktabr, 2025, 12 Rabi`us soni, 1447

Allohning sovg‘asi

11.03.2017   9104   2 min.
Allohning sovg‘asi

Yunus butun o‘quv yili davomida yangi telefon olish uchun po‘l to‘pladi. Har safar otasi maktabda tushlik qilishga pul berganda u qorni ochsa-da, o‘sha pulni yemasdan uyga qaytarib kelardi-da pul yig‘adigan idishchaga tashlab qo‘yardi.

Pulim yetadi degan qarorga kelganidan so‘ng bir sinfdoshi bilan kunning ikkinchi yarmida telefon  xarid qilishga birga borishga kelishib oldi.  Uyiga kelib kiyimlarini alishtirib chiqdi. Qarasa, ko‘chada yana bir sinfdosh o‘rtog‘i Said mug‘nayib turibdi. Ular qo‘shnichilikda yashashadi. Saiddan g‘amginligining sababini so‘radi.  

– Singlim og‘rib qoldi. Oyim meni dori olib kelishim uchun dorixonaga yubordilar. Ammo pulim yetmadi. Uni oyimga qanday aytishni bilmay turibman. Oyim juda siqiladilar, chunki uyda boshqa pulimiz yo‘q. Men ham siqilyapman. Yur, bir oz o‘ynaylik, uyga kechroq boraman, ungacha singlim yaxshi bo‘lib qolar balki, – dedi Said.

Yunus qanchalik harakat qilmasin, ammo o‘yini hech qovushmadi. Uning xayoliga Saidning aytgan gaplari mahkam o‘rnashib olgan edi. Ko‘z oldiga dorining tezroq kelishini kutib yotgan Maryam gavdalandi. U hatto telefon olish uchun uydan chiqqanini ham unutgan etdi, daf’atan, cho‘ntagida puli borligi esiga tushib qoldi.

– Menga dorilar ro‘yxatini ber-chi, – dedi Saidga.

Said nega deb so‘rab ham o‘tirmasdan qog‘ozni uzatdi. Yunus qog‘ozni olib dorixonaga yugurib ketdi. Ro‘yxatdagi dorilarni oldi, dorixonadan chiqib do‘konga kirdi va sarxil mevalar xarid qildi. Keyin uni kutib turgan Saidning oldiga xursand bo‘lib qaytib keldi.

– Yur uylaringga boraylik, men Maryamga kerakli dorilarni oldim, – dedi zavqi ichiga sig‘may borayotgan Yunus.

– Sen telefon olish uchun yiqqan pulingni sarfladingmi? Nega bunday qilding, axir qancha vaqtdan beri orzu qilardin-ku! – hayron bo‘ldi Said.

– Telefonni keyinroq olaversak ham bo‘ladi, Maryamning sog‘ayib ketishi muhim,   – javob berdi Yunus va bolalar Saidlarning uyiga ketishdi.

Yunus kechqurun uyiga qaytganida uni ajoyib sovg‘a kutayotganini bilmas edi. U maktabda a’lo baholarga o‘qigani uchun ota-onasi unga yangi telefon xarid qilishgan edi. Bola juda ham hayratga tushdi va ko‘zlari yoshga to‘lib:

– Alhamdullilloh! Alhamdulilloh! Bu Alloh taoloning sovg‘asi, – dedi va bo‘lib o‘tgan voqeani ota-onasiga gapirib berdi.

 

 

Boshqa maqolalar

Aqoid imomlari haqida ulamolarning fikri

03.10.2025   3630   2 min.
Aqoid imomlari haqida ulamolarning fikri

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida «Bu ilmni keyingi kelgan odamlardan taqvodorlari ko‘tarib yuradilar, ular ilmni g‘uluvga ketuvchilarning o‘zgartirishidan, botilga chiqaruvchilarning dinni o‘ziniki qilib olishidan va johillarning ta’vilidan himoya qiladilar», deganlar. (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy rahimahulloh ham musulmonlar e’tiqodiga turli xil yot g‘oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta’vilidan himoya qilgan olimlardan edi. Shu sababli ulamolar tomonidan Imom Moturidiy rahimahullohni «Imamul huda», «Musahhihu aqoidi ahli sunna» deb atalgan va e’tirof qilingan. Barcha ulamolar u zot haqida iliq fikrlarni bildirishgan. Jumladan, Imom Kafaviy rahimahulloh «A’lamul axyor» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi: «Moturidiy rahimahulloh mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchisidir. Alloh u kishiga sirotul mustaqim, ya’ni to‘g‘ri yo‘lni nasib qilish ila nusrat berdi va u kishi din nusrati yo‘lida yurdi. Buyuk kitoblarni tasnif etdi va botil e’tiqod sohiblariga raddiya berdi».

Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh «Zavojir an iqtirofil kaboir» kitoblarida Imom Moturidiy haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:

«Ahli Sunna e’tiqodi deganda Imom Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy rahimahumullohning e’tiqodlari nazarda tutiladi». Shayx Hasan ibn Abu Azuba rahimahulloh inson qaysi olimga ergashsa Ahli sunna toifasiga kirishini bayon qilib shunday degan: «Shuni bilki, Ahli sunna val jamoa e’tiqodining majmuasi ikki qutbning so‘zidir. Bu ikki qutb: Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikki imomning qay biriga ergashsang, hidoyatga erishib buzuq e’tiqod va toyilishdan salomat qolasan».

Yuqoridagi e’tiroflardan ko‘rinib turibdiki ahli sunna val jamoa e’tiqodi asoschisi bo‘lmish ikki qutb imomi Imom Moturidiy va Imom Ashariylar tuzgan aqida manhajlari albatta eng to‘g‘ri manhaj hissoblanadi.

Sharifxon Payzullayev,

Namangan shahri "Homiddin qori" jome masjidi imom-noibi

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA