Alloh taolo inson zotini barcha mavjudotlar ichida azizu mukarram qilib yaratgan.
Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:
“Darhaqiqat, (Biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70-oyat).
Bu oyati karimada Alloh azza va jalla insonning naqadar ulug‘ mavjudot ekaniga guvohlik beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi Alloh nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati).
Mana shunday aziz insonlar ichida Alloh taologa yanada mukarram bo‘lgan bandalar bor. Ular taqvodorlardir. Bu to‘g‘risida Alloh taolo O‘zining kalomida shunday marhamat qiladi:
“Ey, insonlar! Darhaqiqat biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik va bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng aziz) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor Zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Arab bilan ajamning o‘rtasida faqat taqvosidagina farq bo‘ladi”, deganlar (Termiziy rivoyati).
Yaratgan Robbimiz insonni oliymaqomlarga O‘zi ko‘targan. Ana shunday ulug‘ maqom sohibi bo‘lgan insonlar bir-birlari bilan aka-ukadirlar. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:
“Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar...” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlar bir-birlari bilan og‘a-inidirlar”, deya lutf qilganlar.
Demak, mo‘minlar bir-birlari bilan bamisoli og‘a-inidek do‘st bo‘lishlari va o‘zaro go‘zal munosabatda bo‘lishlari taqozo etiladi. Bu aloqa faqat Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rish bilan o‘z ifodasini topadi. Zero, insonlar o‘zaro bir-birlarini Alloh uchun sevsalar bu dunyo va oxirat yaxshiliklariga ega bo‘ladilar. Shundagina bu do‘stlik ularga dunyoda ham, oxiratda ham naf keltiradi.
Qur’oni karimda shunday deyiladi:
“U kunda taqvodorlardan o‘zga do‘stlar bir-birlariga dushmandirlar” (Zuhruf surasi, 67-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“Alloh taolo soya bo‘lmaydigan qiyomat kunida yetti toifa kishini O‘zining soyasi ostida soyalantiradi. Ular: Adolatli boshliq, Robbisining ibodatida o‘sgan yigit, qalbi masjid bilan bog‘langan kishi, Allohning roziligida bir-birlarini yaxshi ko‘rib jamlangan va ajrashgan ikki kishi, chiroyli va mansabdor ayol zinoga chaqirganda, men Allohdan qo‘rqaman degan kishi, o‘ng qo‘li qilgan ehsonini chap qo‘li bilmaydigan kishi, yolg‘iz holida Allohni eslab ko‘z yosh to‘kadigan kishi”
Zotan Alloh yo‘lida muhabbatlashgan insonlarni Alloh qiyomat kuni bir joyga jamlaydi va ularni birga qilib qo‘yadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ikki inson Alloh uchun do‘st tutinsa, ulardan biri mag‘ribda, ikkinchisi mashriqda bo‘lsa, Alloh ularni qiyomat kunida birga qilib: “Men uchun do‘st tutingandilar” deydi”, deya marhamat qilganlar.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: “Albatta, kishi jannatga kirganda “falonchi do‘stim nima qildi ekan”, deb so‘raydi. Vaholanki uning u do‘sti jahannamda bo‘ladi. Shunda Alloh taolo uning do‘stini “jannatga chaqiringlar”, deydi. Jahannamda qolganlar esa: “Endi bizlar uchun na oqlovchilar bor, na biror qadrdon do‘st”(Shuaro surasi, 100-101) oyatini aytadilar”.
Hasan Basriy rahmatullohi alayhi: “Do‘stlarni ko‘paytiringlar. Mo‘min do‘stlar qiyomat kunida bir-birlarini shafoat qiladilar”, deb aytganlar.
Hadisi sharifda shunday deyiladi:
“Qiyomat qoim bo‘lganida uning dahshatidan insonlar yaqinlaridan qochadi. Bu haqda Alloh taolo: “O‘sha kuni kishi o‘z birodaridan qochadi. Yana onasi va otasidan ham, xotin va o‘g‘illaridan ham (qochur). (Chunki) u kunda ulardan har bir kishida o‘ziga yetarli narsa (tashvish) bo‘lur” (Abasa surasi, 34-37 oyatlar). Bir bandaning amal daftari taroziga tortilganda zarra miqdoridagi savob kamlik qiladi va jannatga kirishiga yetmay qoladi. Shunda yuqoridagi oyati karimada ta’kidlanganidek yaqinlaridan yordam so‘rar ekan. Najot chiqmagach Alloh yo‘lida do‘stlashgan do‘stini ko‘rib qoladi. Do‘sti undan: “Nega g‘amginsan”, deb so‘rasa, u: “Jannatga kirishimga zarra miqdordagi savobim yetmay qoldi. Yaqinlarim o‘zlari bilan o‘zlari ovvora bo‘lganlari uchun mendan qochishdi”, deydi. Shunda do‘sti unga: “Yetmay qolgan savobingga men o‘z savobimdan beraman”, deb, do‘stiga o‘z savobidan beradi. Shu payt Alloh taolo O‘zi bilgan holda farishtalarni guvoh qilish maqsadida farishtalaridan: “U bandaning amal daftari tortilganmi? U o‘z savobidan berib yubordi”, deya so‘raydi. Farishtalar: “Yo‘q”, deb javob berishadi. Alloh taolo: “Unday bo‘lsa, nimani evaziga bunday qildi”, deb yana so‘raganida, ular: “Ey, Alloh! Bular Sening yo‘lingda do‘st tutinganlar”, deyishadi. Shunda Alloh taolo: “Sizlar guvoh bo‘linglar! Men ularning ikkisini ham gunohlarini avf qildim. Jannatimga kiritinglar!” deydi”, deyilgan.
Alloh yo‘lida bir-birlari bilan do‘stlashgan kishilar uchun jannatda hatto payg‘ambarlar, shahidlar o‘tirmaydigan taxtlarni tayyorlab qo‘yilgandir.
Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda bir taxt bor. Unga na payg‘ambarlar, na shahidlar o‘tiradilar” deganlarida, sahobai kiromlar: “Ey, Allohning Rasuli! U taxt kim uchun?”, deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U Alloh yo‘lida do‘stlashgan bandalar uchundir”, deya marhamat qilganlar (Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir insonni yaxshi ko‘rsangiz unga yaxshi ko‘rishingizni bildirib qo‘ying”, deganlar.
Alloh taolo barchalarimizning bir-birlarimizga bo‘lgan do‘stligimizni faqat O‘zining yo‘lida bo‘lishini ta’minlasin. Dunyoda ham, oxiratda ham yaxshiliklarga sherik bo‘lishimizni nasib etsin.
Jaloliddin Hamroqulov
"Novza" jome masjidi imom-xatibi
Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.
Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.
Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.
Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.
Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.
Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan