Eng ko‘p iste’foda etiladigan so‘zlardan biri bo‘lgan “tavba” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “qaytmoq”, “bas qilmoq”, “tiyilmoq”dir.
Istilohda esa, bandaning gunoh ishi uchun nadomat chekib, unga qaytmaslikka ahd qilishi, sunnatda kelgan zikrlarni aytib yurishidir.
Tavba qilish insonni Alloh taloga yaqin qiladi. Negaki, banda qachon xilvatda o‘tirib Alloh taoloni zikr qilib, istig‘for aytib tavba qilsa, albatta, Alloh taolo uni kechiradi va o‘ziga yaqin tutadi. Alloh taoloning bir ismi Tavvob, ya’ni, o‘ta kechirimlidir.
U zot “Shuaro” surasida: “Va u shunday Xudoki bandalarining tavbalarini qabul qiladi, gunohlarini avf etadi va u nimani qilsa o‘zi biladi”, deb bandalariga xushxabar bergan.
Gunoh va ma’siyatlar bamisli xastalikdir. U insonning eng nozik a’zosini – qalbini shikastlaydi. Qalbning holatiga qarab boshqa a’zolar ham zaiflashadi. Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Har bir dardning davosi bo‘lgani kabi gunoh dardining davosi tavbadir. Har kuni Allohga yuz marta istig‘for ayting. Har kuni ikki marta tavba qilmagan odam o‘z nafsiga zulm qilgandir”.
Mo‘minning haqiqatan tavba qilganini to‘rtta belgidan tanisa bo‘ladi:
tilini bekorchi gaplardan, g‘iybatdan, yolg‘on so‘zlashdan tiygan bo‘ladi;
birovga hasad qilmaydi va kek saqlamaydi;
badkirdorlardan uzoqlashadi va ular bilan hamsuhbat bo‘lmaydi;
gunohlarini eslab pushaymon bo‘ladi. Alloh taoloning ibodati bilan mashg‘ul bo‘lib, odamlarni yaxshilikka undaydi.
Tavbaning turlari ko‘p, eng oliysi “nusuh” deb ataladi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan nusuh tavbasi haqida so‘ralganda, “ U til bilan tavba qilib, dildan pushaymon bo‘lmoqlikdir. Agar tili bilan tavba qilib dilidan gunoh qilishga moyil bo‘lsa, Alloh taologa istehzo qilgan bo‘ladi”, deb javob berdilar. Demak, tavba qiluvchi kishi o‘sha gunohni qayta qilish u yoqda tursin, hatto qalbidan ham sug‘urib tashlashi, o‘sha gunohdan nafratlanishi lozim. Agar bir gunoh qilib, bir tavba qilib yuraversa, Alloh taolo huzurida o‘yin qilgan bo‘ladi. Bu esa ulkan gunohdir.
Umr tez o‘tib ketadi. Inson paymonasi qachon to‘lishini hech qachon bilmagan. Tanimiz sog‘, fursatimiz bor ekan, tavbaga shoshaylik. Tavba maxsus joy, vaqt yoki yosh tanlamaydi, uni har damda, har qaysi yoshda, har qanday sharoitda qilish mumkin. Tavba qilmoqchi bo‘lgan inson har kuni yuz marta “Astag‘firullohal aziyma va atubu ilayh”, deb yurgani ma’qul. Bu – istig‘forning afzali hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizga nusuh tavbasini nasib etsin, nafsning vasvasasidan asrasin.
Xayrullo MARDONOV,
“Xoja Buxoriy” nomli islom o‘rta-maxsus bilim yurti o‘qituvchisi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kunlaringizning eng afzali juma kunidir. Shu kunda menga salavotni ko‘paytiringlar. Chunki menga salavotlaringiz ko‘rsatiladi", dedilar.
Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh, sizning suyaklaringiz chirib ketsa, qanday qilib bizning salavotlarimiz sizga ko‘rsatiladi?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Alloh taolo payg‘ambarlarning jasadlarini yeyishni yerga harom qildi", dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).