Za’faron (Crocus sativus – lotin.) –sapsarguldoshlarga mansub ko‘p yillik o‘tsimon tuganak piyozli o‘simlik. Yovvoyi holda uchramaydi. Hindiston, Pokiston, Xitoy, Janubiy Yevropa, Ozarbayjonda katta maydonlarda ekiladi. Piyozining diametri 1-2 santimetr. Bargi 5-15 ta, och sariq rangda; eni 2 mm, tuksiz. Guli 1-4 ta, gultoji oqish, pastki qismi (tashqi tomondan) binafsha rang, uzunligi 2-4 sm. Changchilari gulqo‘rg‘ondan qisqa. Ko‘sagi cho‘ziq, eni 6-7 mm. Fevral-iyulda gullaydi, aprel—avgustda meva beradi. Tarkibida efir moyi bo‘lgani uchun hidi juda o‘tkir va yoqimli. 90-100 ming dona za’faron gulidan 1 kg qurigan gul tumshuqchalari olinadi. Za’faron gulining quritilgan tumshuqchalari murabbo, tortlar rangi va ta’mini yaxshilash, oziq-ovqat (pishloq, sariyog‘, likyor va boshqalarda rang berish uchun), parfyumeriya (atir-upa) sanoatida ishlatiladi. Tabobatda dori-darmon sifatida qo‘llaniladi.
Za’faron o‘rta asrlardan beri bahosi va qadri tushmay kelayotgan yagona ziravordir. O‘rta asrlarda bir qadoq (450 g) za’faronni zotli arab chopqir otiga ayirboshlash mumkin bo‘lgan.
Bu ziravorning nomi deyarli hamma tillarda arabcha “sariq” ma’nosini beradigan “za'faron” so‘zidan olingan bo‘lib, qadimda mazkur noyob o‘simlik-dan bo‘yoqlash moddasi sifatida foydalanilganidan dalolat beradi. Hozirgi davrda za’faron o‘zining azaliy ahamiyatini yo‘qotib, asosan pazandalikda ishlatiladi va oltin bilan teng baholanadi. Yer yuzida bugungi kunda yiliga faqat uch yuz tonna za’faron yetishtiriladi.
Ma’lumki, za’faron insoniyatga ziravorsifatida iste’mol qilinishi to‘rt ming yildan ko‘proq tarixga ega bo‘lib, bo‘yoq sifatida neolit davrida tog‘larda qoya toshlariga rasm chizishda ishlatilgan. Qadimgi Mesopotamiyada uni taomda ishlatilgan izlari arxeologlar tomonidan aniqlangan. Yozuvlarda u haqda birinchi eslatmalar Shumer sivilizatsiyasi qoldiqlarida kuzatiladi. Eronda eramizdan avvalgi X asrda za’faron tolalarini qurbonlik o‘raladigan matolarni bo‘yashda ishlatilgan, undan shuningdek kuchli tomizg‘i sifatida foydalanib, attorlik mollari va lazzatli yog‘lar tayyorlashgan. Iskandar Zulqarnayn armiyasida jarohatlarni davolashda ishlatilgan. Qadimgi Ahdda (Tavrotda) za’faron qurbonlik qilishda yordamchi vosita, bo‘yoqchilik va attorlik moddasi sifatida ishlatilishi haqida bitilgan. Qadimgi Xitoy manbalarida shifobaxsh dori vositasi sifatida eslatilgan. Sharqda budda monaxlari liboslarini bo‘yash uchun ishlatilgan. Yevropada uni ishlatgan boylar jamiyatda kiborlar tabaqasiga mansubligini ifodalagan. Rim arkoni davlati za’faronni dori sifatida, teri va matolarga bo‘yoq, attorlik moddasi sifatida ishlatgan. U – eng mazali ziravor, sifatli tabiiy bo‘yoq moddasi va qimmatbaho attorlik vositasi, hamma dardlarga davo bo‘luvchi moddadir.
Sharqda ilgarilari u “qizil oltin” deb nomlangan. Za’faron qim-matbaholigining sababi ikkita: birinchidan, uni yetishtirish juda mashaq-qatli ish, ikkinchidan, xushbo‘yligi, ta’mi va davolash xususiyatlari bo‘yicha za’faron ziravorlar orasida tengsizdir. Za’faron – yiliga bir marta 10-15 kun ommaviy gullaydigan, har bir gul ochilishining davomiyligi faqat 2-3 kun bo‘lgan qirmizi “krokus” (lotincha nomi) onalik guli tumshuqlari-ning quritilganidir.Za’faron gullari va xususan onalik gullarini qayta ishlash faqat qo‘l mehnati bilan amalga oshiriladi. Onalik gullari tum-shug‘i faqat gullarning birinchi ochilgan kuni qirqib olinishi lozim. Uning sifati terim va uni quritishning tezligi bilan bog‘liqdir. Bir kilogramm za’faron yig‘ish uchun tongda quyosh hali onalik gullarini quritib ulgurmasidan, 150 ming dona atrofidagi guli terib olinishi lozim. Bir gektar yer maydonidan terimchilarning mahorati va ob-havoning munosib sharoitiga qarab 8-12 kilogramm za’faron yig‘ib olish mumkin.
Za’faronning kimyoviy tarkibi 10-12 % suv, 5-7 % mineral moddalar, 5-8 % moy va mo‘m , 12-13 % oqsil va eng oz miqdorda yog‘ ekstraktidan iborat o‘ziga xos va xushbo‘y yoqimli moddalardan tarkib topgan.
Qadimgi zamonlardan ma’lumki, u nodir va bemisl xususiyatlarga ega. U og‘riqni qoldiruvchi, quvonch va xursandchilik baxsh etuvchi, tushkunlikdan chiqaruvchi, quvonch gormoni – serotonin ishlab chiqarish xususiyatiga egadir. Shunday qilib, za’faron – inson doimiy iste’mol qilishga o‘rganib qolmaydigan, yengil psixotrop moddadir. Hakim Ayurveda za’faronni hazm taomni yaxshilashga, sezgi va nafas olish organlarini mustahkamlashga, jigar, buyraklar, limfa bezlarini tozalashga, titroqni bosishga, tomirlarda to‘xtagan qonni yurgizishga, yuz rangini tiniqlashga, jinsiy quvvatni faollashtirishga ham xizmat qilishini ta’kidlagan. Qadimda kiborlar jamiyatiga mansub ayollar tug‘ish oldidan og‘riqni yengillashtirish maqsadida za’faron eritilgan suvni ichishgan.
Zamonaviy tibbiyotda u ko‘zga tomiziladigan dori tayyorlashda va umumiy quvvatlantiruvchi turli dori-darmonlar tayyorlashda ishlatiladi. Za’faronning antikanserogen va antimutagen xususiyatlarga egaligi isbotlangan. Uni qaynoq sut bilan ichilsa,bosh miya faoliyatini mustahkamlab, xotirani kuchaytiradi. Agar asal bilan iste’mol qilinsa, buyrakdagi toshlarni maydalanishiga yordam beradi. Za’faron guli tumshuqlari eritmasi inson organizmiga zarur bo‘lgan karotin, tiamin, riboflamin, flavonoidlar, kalsiy, fosfor kabi moddalarga va turli vitaminlarga boy.To‘rt ming yillik ishlatish tarixida uning to‘qson xil turli kasalliklarni davolashda qo‘llanishi aniqlangan.
Za’faronning xushbo‘y hidini hidlash insonni nafas olish organlariga ijobiy ta’sir qilib tinchlantiradi va uyqusizlikdan qutilishga yordam beradi. Kuchli bosh og‘rig‘ida va quloq shamollaganida za’faron suvida paxta yoki yumshoq matoni ho‘llab kasal a’zoga bosilsa, og‘riqni qoldiradi. Bundan tashqari u qorin ochish hissini ham kamaytiradi. Za’faron me’yoridan oshirib ishlatilsa, sezgi organlarini qattiq zo‘riqishiga olib kelishi mumkin. Me’yordan ko‘p ovqatga qo‘shilgan za’faron taomni buzishdan tashqari insonni zaharlanishga olib kelishi mumkin. Bir necha gram yangi uzilgan sifatli za’faron iste’mol qilinsa, o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin. Mutaxassis maslahatisiz homilador ayollarga tinchlantiruvchi vosita sifatida iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
Za’faron sanoatda ipak, to‘qilgan tolalar, gilamlarni bo‘yashda, sariq rangli siyoh tayyorlashda, qimmatbaho qog‘oz ishlab chiqarishda, rassomlikda, teriga yozuv ishlash va boshqalarda ham ishlatiladi.
U pazandachilikda mislsiz vositadir. Uning kichkina tolasini qo‘shib pishirilsa, taom yoqimli oltin rangida tovlanib, o‘ziga xos xushbo‘y ta’mga ega bo‘ladi va oson hazm bo‘ladi.
Za’faron to‘q qizil va jigar rang-qizil, mayin ingichka ipga o‘xshash bo‘-lib, orasida sariq rangli bir nechta tolalar bir-biriga o‘ralib, chirmashib turgan o‘simlik guli onaliklaridir. Taomni o‘ziga xos mayin, xushta’mlik va noyob aralash o‘tkir achchiq-shirin mazali qilishga za’faronning bitta ingichka tolasi ham yetarli bo‘ladi. Nozik didli xo‘randalar za’faron qo‘shilgan taom mazasini yangi o‘rilgan o‘t, temir-asal ta’mini berishini ta’kidlashadi.
Pazandachilikda za’faron suyuq ovqatlar, baliq, go‘shtli, sabzavotli taomlar va shirinliklar pishirishda ularga nozik ta’m, dorivor mazasi, chiroyli oltin rang berish uchun ishlatiladi. Za’faronni choy, kofe va alkogolsiz ichimliklarga qo‘shilsa, insonni tinchlantirib, osoyishtalik bag‘ishlaydi. Odatda za’faronning suvdagi eritmasi taom tayyor bo‘lishi oldidan qo‘shiladi. Har 1 litr tayyor taomga za’faron eritmasidan 5-6 tomchidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qo‘shish kifoya qiladi. Bunday eritma tayyorlash uchun maydalab upa holiga keltirilgan za’farondan chorak choy qoshig‘i miqdorida 50 g qaynatilgan suvga qo‘shib xuddi choy damlaganga o‘xshash uslubda 30 daqiqa tindirib, damlanma tayyorlanadi.
Za’faron xarid qilishda yanchilib maydalanganini emas, balki butun tolali gullarini olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan ikki ming yil avval Pliniy yanchilgan za’faron qalbaki bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlan-tirgan. O‘rta asrlarda za’faronni soxtalashtirgan kishi gulxan o‘tida yoqilgan. Haqiqiy za’faron hech qachon arzon narxda sotilmagan. Uni uzoq saqlab bo‘lmaydi, shuning uchun oldindan olib qo‘yib bo‘lmaydi
Za’faronning shifobaxsh xossalari
Za’faron ovqat hazm qilishni yaxshilab, ishtahani ochadi, organizmning hayotiy faolligini yaxshilaydi, kishilar undan oshqozon, yurak, jigar nafas olish a’zolari va asab tizimini mustahkamlashda, buyraklarni tozalashda, og‘riqni qoldirishda, tinchlantiruvchi, peshob, o‘t va ter haydovchi vosita sifatida foydalanishadi. Lekin homiladorlikda uni iste’mol qilib bo‘lmaydi, chunki u homilani muddatidan oldin tushishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Za’faron dorishunoslik sanoatida keng ishlatiladi, u sharq tabobatining 300 dan ortiq dori-darmonlari tarkibiga kiradi. Uning damlamasi bilan qadimda kataraktani davolashgan, hozirgi vaqtda ham u ko‘zga tomiziladigan dorilar tarkibiga qo‘shiladi.
Za’faron butun organizm hujayralarini oziqlantiradi, terini silliq qiladi, rangni tiniqlashtiradi, xotira va aqliy faoliyatni yaxshilaydi, kayfiyatni ko‘taradi. Za’faron 100 dan ortiq xastaliklarni davolovchi shifobaxsh xossalarga ega. Amalda har qandalik xastalik, u boshlanish bosqichidami yoki rivojlangan oxirgi bosqichidami, bundan qat’iy nazar, za’faron yordamida 85-87 % ga shifo topadi. Tadqiqotlar buni qayta-qayta isbotlagan.Za’faronning shifobaxsh xossalari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Ta’siri: organizmni umumiy mustahkamlash va faollashtirish. Qonni yaxshi tozalaydi. Immunitetni mustahkamlaydi. Onkologik kasalliklarning oldini oladi.
Tarkibi: Za’faronning 2-3 gul otaligi va 10 dona mayiz olib, yarim stakan sovuq suvga solinadi, tun davomida tindiriladi— suv qo‘ng‘ir-tilla rang tus oladi.Ertalab nahorga ichiladi, xuddi shu yo‘sinda kechqurun ichishga keyingi me’yordagi dori ertalab tayyorlab qo‘yiladi.Muolaja davomiyligi – 2 oy. Bu dorini ichish uchun eng munosib vaqt bahor va yoz fasllari.
Za’farondan bebaho dori-darmon retseptlari
Jaloliddin Nuriddinov
Dil so‘zi
Muborak Qurbon hayiti arafasida turibmiz. Butun musulmon olami, islom ummati ushbu ulug‘ ayyomni cheksiz shodlik va shukronalik bilan kutib olmoqda. Ushbu qutlug‘ kunlarda Saudiya Arabistonining Makka shahrida yurtdoshlarimiz bilan birga haj amallarini ado etyapmiz.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqotimiz Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘ligi, har bir fuqaro davlatimizning mehr va e’tiboridan chetda emasligining yana bir hayotiy ifodasi o‘laroq qalblarimizni olam-olam shodlikka to‘ldirdi, ruhimizni ko‘tardi, bayram shukuhini yanada boyitdi.
Davlatimiz Rahbari bilan suhbatimiz naqadar samimiy kechganiga xalqimiz ommaviy axborot vositalari, turli internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘rib, guvoh bo‘ldilar.
Prezidentimiz haj ziyoratchilarini Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yo‘lida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul bo‘lishini tiladi.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda har yili 15 ming nafardan ziyod vatandoshimiz muborak haj safariga bormoqda. Bu yil yana bir xayrli tashabbus amalga oshirilib, Vatan va xalq manfaati yo‘lida sidqidildan xizmat qilgan mehnat faxriylari, ularning oila a’zolari, mahalla faollari, nuroniylar hamda kam ta’minlangan oilalar vakillaridan iborat 100 nafar yurtdoshimiz ilk bor davlat hisobidan haj ziyoratiga keldi. Ularning dilidagi quvonchni, shukronalikni, Yurtboshimizdan minnatdorlikni so‘z bilan ta’riflashga til ojiz.
Prezidentimiz suhbatda ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.
Darhaqiqat, Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan o‘tyapti. Qalbida shukronalik hissi jo‘sh urgan yurtdoshlarimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duolar qilmoqda.
Alloh nasib etsa, haj ziyoratchilari yurtga qaytgach, islom ma’rifati va sog‘lom e’tiqodni xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga teran yetkazishda, mahallalarda mehr-oqibat, hamjihatlik va ma’naviy muhitni mustahkamlashda namuna bo‘ladilar.
Bugun har bir yurtdoshimiz muborak ayyom barokatidan, fayzidan bahramand. Kuni kecha Qurbon hayitini yurtimizda o‘zgacha shukuh bilan nishonlash bo‘yicha Davlatimiz Rahbarining Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra muborak ayyomni nishonlash bilan bog‘liq xayru saxovat va muruvvat tadbirlari amalga oshiriladi.
Prezidentimiz rahbarligida Qurbon hayiti munosabati bilan ehtiyojmand aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar taqdimotida aytilganidek, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratiladi. 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.
Bundan tashqari, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
Davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi. Bu qanchadan-qancha insonlar hayotiga nur, qalbiga quvonch olib kiradi.
Zero, hadisi shariflarda marhamat qilinganidek, “Insonlarning eng yaxshisi – boshqalarga ko‘proq manfaati tegadiganidir” (Imom Doru Qutniy rivoyati). Savobli ishlar, tinchlik va obodlik yo‘lidagi hamjihatligimiz bizni albatta ulug‘ maqsadlarga boshlaydi.
Haqiqatan ham, Qurbon hayiti islom dinidagi eng ulug‘ va muqaddas bayramlardan biri, mo‘minlar yuragida xursandchilik, mehr-muhabbat, bag‘rikenglik, saxovat tuyg‘ularini yuksak darajada uyg‘otadi.
Prezidentimiz “Odamlar ertaga yoki uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi”, degan edi. O‘zbekiston yetakchisi o‘z faoliyatining ilk davrlarida ilgari surgan ushbu g‘oya zamirida ham ushbu bayramga xos xalq farovonligi, aholi o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, hech kimni mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik kabi bezavol an’analar mujassamdir.
O‘tgan yillarda ushbu g‘oya va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, adolatli jamiyat, xalqparvar davlat barpo etish, inson qadrini yuksaltirish borasida keng qamrovli ishlar qilindi. Xususan, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat maqomi konstitutsion darajada mustahkamlandi.
Keyingi yillarda shu asosda inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini himoyalash, ayniqsa, ehtiyojmand yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Aholining ehtiyojmand qatlamini uy-joy bilan ta’minlash, ishsizlikni bartaraf etish, yoshlar va xotin-qizlarga zamonaviy kasblarni o‘rgatish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida tizimli ishlar qilinyapti. Ushbu xayrli amallar muborak Qurbon hayiti mohiyatiga mos holda, “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” ezgu g‘oyasini ro‘yobga chiqarish, xalqimizni bugungi yashayotgan kunidan rozi qilish, erkin va farovon jamiyat barpo etishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Sirasini aytganda, Qurbon hayiti –' inson qalbida mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va shukronalik tuyg‘ularini mustahkamlaydigan ulug‘ ayyom. Yangi O‘zbekistonda ushbu muqaddas bayramning mazmun-mohiyati inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, xalq farovonligini ta’minlash kabi ezgu amallar bilan yanada boyib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xayr-saxovat ishlari, ijtimoiy himoya choralari, haj ziyoratchilariga yaratilayotgan imkoniyatlar xalq va davlat o‘rtasidagi mehr va ishonchni yanada mustahkamlamoqda. Eng muhimi, bu xayrli ishlar “Inson qadri uchun” degan ulug‘ tamoyilning amaliy ifodasi sifatida yurtdoshlarimiz qalbida ertangi kunga ishonch, shukronalik va faxr tuyg‘ularini yuksaltirmoqda.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.