“Odamlarning eng ojizi-duoga ojizlik qilgan odam. Odamlarning eng baxili salom berishga baxillik qilgan odamdir”
( Hadisi sharifdan).
Allohning muborak ismlaridan biri Salom, uning sifati va darajasi Qur’oni karimda bunday bayon etiladi: «Bas, qachon uylarga kirsangizlar, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak pokiza salomni aytinglar (ya’ni «Assalomu alaykum», denglar)» (Nur, 61).
“Salom” Allohning marhamati hamda toza va munavvar ne’mati ekanligiga dalolat, «Qachon sizlarga biron ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki (hech bo‘lmasa) o‘sha iborani qaytaringlar» (Niso, 86).
Binobarin, Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (roziyallohu anhu)dan qilingan rivoyatda: Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: «Islomdagi qaysi amal yaxshi?» deb so‘raganida, u zot: «Qorni ochlarni to‘ydirishing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom berishing», degan ekanlar (Imom Buxoriy va imom Muslim).
“Yaxshi amal”dan murod odobdir. Darhaqiqat, hadisda ruhiy ehtiyoj nafsoniy ehtiyojga qiyoslanayotir. “Qorni ochlarni to‘ydirish”dan savob hosil bo‘lgani kabi, ko‘ngilni quvontiradigan salomdan ham shu samara mavjudligiga ishora qilinmoqda.
Salomlashuv xalqlar o‘rtasida urf darajasidagi odoblardan. Har bir millat va xalqda uning o‘ziga xos ko‘rinishlari mavjud. Bu so‘z barakotidan odamlar o‘rtasida o‘zaro ilqlik, yaqinlik va mehru muhabbat paydo bo‘ladi. Odam Ato (alayhissalom) inson sifatida ko‘z ochganlarida ilk nasihat va tavsiya ham shu manida kechdi:
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo Odam (alayhissalom)ni xalq qilib, u kishiga «Ana bu o‘tirgan bir necha farishta oldiga borgin-da, salom bergin, so‘ngra ularning senga oladigan aligini yaxshilab eshitgin, chunki bu senga va sendan tarqaladigan zurriyotlaringga yo‘llangan salom bo‘ladi», dedi. (Odam (alayhissalom) borib: «Assalomu alaykum», dedilar. Farishtalar: «Assalomu ’alayka va rahmatullohi», deb «rahmatullohi»ni ziyoda qilishdi», dedilar) (Imom Buxoriy va imom Muslim ).
Ushbu hadis Islomda salomlashuv ibodat amallaridan bir amal siftida talqin etilishi barobarida, duo ekanligi eslatilayotir. Mazmun ifodasida farishtalar duosi jamlanganidan xabardor etayotir.
Shuning uchun ham Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Iymon keltirmaguningizcha jannatga kirmaysizlar. Bir-biringizga muhabbat qilmaguningizcha iymonli bo‘la olmaysizlar. Agar amal qilsangiz, o‘rtalaringizda muhabbat paydo etadigan narsaga sizlarni dalolat qilaymi? Orangizda salomni yoying», dedilar (Imom Muslim).
Bandaning oliy niyati – jannat. Jannatning kaliti – imon. Imon muhabbat mehvari ekanki, aslida «salomni yoymoqlik» sababi turar ekan. Quyidagi hadis uning zamiridagi ma’noni komil qilib, salomlashishning qanday fazilatlari borligini bayon etadi va bunga odatlanmoqqa chorlaydi.
Imron ibn Husayndan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, «Assalomu alaykum», dedi. Unga javob qaytarib o‘tirdilar-da, o‘nta savob, dedilar. So‘ngra boshqa kishi keldi-da, «Assalomu alaykum va rohmatullohi», dedi. Unga ham javob qaytardilar-da, yigirmata savob, dedilar. So‘ngra boshqa bir kishi keldi-da, «Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuhu», dedi. Unga ham javob qaytarib, o‘ttizta savob, dedilar». (Imom Abu Dovud va imom Termiziy).
Haqiqatda, “Assalomu alaykum” yoki «Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuhu» eng oliy tuyg‘u izhori bo‘lib, zamiri sof va samimiy tilak bilan uyg‘unlashgan: “Sizga tinchlik va salomatlik tilayman!” Insonga salomatlik va tinchlik tilashdan ham ziyoda tilak bormikin?!
Arabchadan o‘zlashgan bu so‘zda o‘zbekona samimiyatimizning tafti bor, ajib ruhiy iliqligi bor. U og‘izdan chiqishi yoki quloqqa chalinishi bilanoq qalbga orom yetadi. Begona tanishga, tanish qadrdonga aylanadi.
Aksariyat o‘zbek xonadonlarida tongda o‘zaro salomlashish urfga aylangan. Bu oila a’zolarining bir-birlariga mehru muhabbatlari oshuviga, oqibat rishtalarining yuksalishiga omil bo‘ladi. Shu sababli ota-bobolarimiz salomlashishga jiddiy qaraganlar .
Bu kabi o‘zbekona tarbiya bilan o‘sayotgan yoshlar ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida odoblari bilan ajralib turadilar. Ammo, ming afsuski, salomlashish borasida so‘z ketganda, ayrim ko‘ngilni xira qiluvchi ko‘rinishlar uchrab turgani achinarli hol albatta. Bu o‘rinda aybni yoshlarga, yoshlikka ag‘darish insofdan emas. “Ota-onang kimligin salomingdan bilurlar” deyilganidek, bolalarda aks etgan har-bir xato va kamchilikning bosh sababchisi ota-ona. Ularning dinimiz buyurganidek go‘zal “Assalomlomu alaykum” kalimasining o‘rniga “privet”, “salyut”, “chao”ga o‘xshash so‘zlarni qo‘llasa, bu farzandlarning tarbiyasi qanday bo‘ladi?! Yoki so‘nggi davrda boshni boshga tegizib, mushtni mushtga urib “shoxlashib salomlashishlar”, yigitlarning o‘pishib ko‘rinishlari na dinimiz talablariga va na milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi?
Ba’zida salomlashishda chala yoki ma’no mohiyati buzilgan ko‘rinishlarga ham duch kelamiz. Jumladan, "assalom", "salom", deyilsa salom chala bo‘ladi, ma’noga putur yetadi. Shu sabab sunnatga ko‘ra chiroyli va mukammal tarzda salom berish, ham odob ko‘rsatish, ham savob qozonish lozim. "Assalomu alaykum", deyilsa, aniq qilib: "Va allaykum assalom", deyish kerak. Bugun ayrimlar orasida urf bo‘lganidek ayrim xarflarni talaffuz etmaslik ma’noni buzib yuboradi. Masalan, "Assomu alaykum" – "sizga halokat tilayman" degani. Unda yomon niyat, qarg‘ish aks etgan.
Xalqimizda: “Beparovolik belni sindirar” degan gap bor. Agar biz bugun milliy-manaviy qadriyatlarimizga beparvolik qilsak, bir kuni nadomatda qolamiz. Ayniqsa, salomatlik borasida bee’tiborlik qilish, mohiyatni anglamaslik, o‘zlikni idrok eta bilmaslik, muqaddas tuyg‘ularga munosabatda chalg‘ishga yetaklaydi, yoshlarimizning e’tiqodiga ham putur yetkazadi.
Qisqa ma’noda ta’rif berilsa , “salom” yaxshilikning kalitidir. Ertaklarimizda bekorga devlar, yalmog‘izlar tilidan “Haq saloming bo‘lmasa, ikki yalab, bir yutardim”, deyilmagan. Ya’ni, “salom” rahmsizda insof, zolimda shafqat uyg‘otishi barobarida mehru hurmatni oshiradi. Shuning uchun ham mazmunli, chiroyli salomlashish bilan odobimizga ko‘rk qo‘shishimiz, yoshlarimizni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.
Hasanxon ATOYEV,
Nurota shahridagi “Sayyid Ato” masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 81 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD