Sahobiya ayollar
Asmo binti Yazid ansoriy ayollardan bo‘lib, kuchli iymon, sabr, shijoat, aql egasi edi. Unda hotirlash, ta’sirchan gapirish, chiroyli o‘qish qobilyati mujassam edi. U bizga Rasululloh (salollohu alayhi vasallam) haqlaridagi qissalarni o‘ziga hos usul bilan yetkazib berganlardan biridir.
Ibn Hojar bunday deydi: “Asmo binti Yazid ibn Sakkon ibn Rofe’ ibn Imriul Qays ansorlardan bo‘lib avs qabilasning ashhal urug‘idandir. “Ummu Omir” va “Ummu Salam” kunyalari bor.
Asmoning Quron karim oyatlarini, hadisi sharifni o‘rganinshga o‘ta mohir edi.
Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) sahobalar davrasida o‘tirganlarida Asmo binti Yazid huzurlariga keldi va: “Ota, onam sizga fido bo‘lsin, ey Allohni elchisi! Ayollar nomidan keldim. Ular so‘zimni maqullashdi. Alloh taolo sizni erkak ayolga payg‘ambar qilgan. Biz ayollar homilador bo‘lamiz. Erkaklar jamoat namozlarida ishtirok etishadi, hamda Alloh yo‘lida safarga chiqish bilan darajalari yuksaladi. Qachon safarga ketishsa, biz ularni bolalarini va mollarni qo‘riqlaymiz. Ayting-chi, savobda ular bilan teng bo‘lamizmi?” deb so‘radi. Shunda Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) sahobalarga “Dini haqida yahshi savol bergan ayollarning so‘zini eshitdingizmi? – dedilar. So‘ngra yana Asmoga yuzlanib: “Ey Asmo ortingdagi ayollarga bildir, ulardan qaysi biri eriga yaxshi xotin bo‘lsa, uning roziligini istab yaxshiliklariga ergashsa, barcha savobda eri bilan teng sherik bo‘ladi” deb marhamat qildilar.
Asmo binti Yazid (raziyallohu anho) bunday rivoyat qiladi: “Bir kuni tengdosh ayollar orasida turgan edim. Yonimizdan Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) o‘tib qoldilar. Bizlarga salom berib: “Kufroni ne’mat qilishdan saqlaninglar”, dedilar. So‘rashga juratlirog‘i men edim. “Ey Rasululloh, kufroni ne’mat nima?” deb so‘radim. U zot marhamat qildilar: “Sizlardan biringiz ota-onasi bilan yashaydi. So‘ngra Alloh taolo unga er bersa, eridan farzand ato qilsa, u g‘azablanadi. Hatto unga: “Men sendan hech yaxshilik ko‘rmadim” deydi. Bu voqea ayollarga Payg‘ambarimiz tarbiyalarining bir ko‘rinishi edi.
Amr ibn Qatoda (raziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) eng birinchi bay’at bergan ayollar Ummu Said, Kabashata binti Rofe Ummu Omir (Asmo) binti Yazid ibn Sakkon va Havo binti Yazid ibn Sakkondir”.
Asmo birinchi bay’at qilganidan faxrlanib: “Men Rasulullohga bay’at qilgan ayollarning birinchisiman”, der edi.
Asmo binti Yazid ishlarni ishonch va diqqat bilan o‘rganar edi. Oisha (raziyallohu anho) maqtab: “Ansor ayollar qanday ham yaxshidir, dinni o‘rganishda hayolari ularni (masala) so‘rashdan to‘sib qolmadi ”, deganlarida Asmo binti Yazid kabi ayollarni nazarda tutganlari shubhasiz.
Sahiylik ansorlarning oliy sifati edi. Asmo binti Yazid rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) uyimizga tashrif buyurganlarida: “Bu uylarda qanday yaxshilik bor, bu arsorlarning yaxshiligidir”, deb marhamat qildilar.
Asmo binti Yazid yana shunday fazilatlari bois Rasululllohning hurmatlarini qozondi. Hudaybiyadagi daraxt ostida Asmo Rizvon bay’atini bergan edi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam): “daraxt ostida bay’at berganlardan hech biri do‘zaxga kirmaydi”, deganlar.
Davomi bor...
Manbalar asosida
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Farzand xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, uni tarbiyalash, ta’lim berish, kasb tanlashiga ko‘maklashish va voyaga yetganida munosib yerga turmushga uzatish yoki uylantirish har bir ota-onaning orzu-umididir.
Buning uchun farzand o‘z oldidagi turmush tutish va baxtli hayot kechirish, zimmasidagi burch va qadriyatlarni qay tarzda ado etish ko‘nikmalarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Bu o‘rinda ikki yo‘lni mahkam tutish azaldan o‘z samarasini berib kelgan. Avvalgisi, farzandni yoshligidan egallagan tarbiya va ilmga yo‘naltirish. Ikkinchi yo‘l halol kasb-hunar bo‘lib, u ham yoshlikda egallangani afzal. Zero, yoshlikdagi ilm yoki hunar toshga o‘yib yozilgandek bolada muhrlanib qoladi.
Odamzod paydo bo‘libdiki, kasb-hunarga ehtiyoji bor. Chunki kasb-hunar jamiyatning aksar ijtimoiy zaruratlari yechimi hisoblanadi. Bu haqda risolalar ham yozilgan. Chunonchi, dehqonchilik, duradgorchilik, sartaroshlik, qassoblik, temirchilik, chilangarlik, kulolchilik, chorvachilik, tijorat va boshqa kasb-hunarlar bayoniga oid risolalarning qo‘lyozma nusxalari yurtimiz qo‘lyozma fondlarida ko‘plab uchraydi.
Binobarin, sog‘lom jamiyatlarda farzandlarni kasb-hunarli qilib tarbiyalashga e’tibor doim ustuvor bo‘lib kelgan Qur’oni karim, hadisi sharif va ulamolar merosida kasb-hunar egallashga kuchli targ‘ib qilinganini ko‘rishimiz mumkin. Binobarin, islom ta’limotlarida halol rizq-ro‘z topish, jamiyat manfaatlariga xizmat qilish, xayrli kasb-hunarni keyingi avlodlarga takomillashtirib yetkazish kayfiyatini insonlarda tarbiyalash muhim hisoblanadi. Inson hech bir kasb-hunarni egallamasa, umuman mehnat qilmay qo‘ysa, o‘ziga yuklatilgan burchni ado etmasa, Rabbining amriga itoat etmagan isyonchilardan bo‘lib qolishi mumkin.
«Anbiyo» surasining 80-oyati karimasida temirchilik borasida so‘z ketib, Alloh taolo Dovud (alayhissalom) haqida aytadi: «Unga (Dovudga) sizlarga ziyon yetishidan saqlaydigan sovut yasash san’atini ta’lim berdik. Bas, sizlar shukr qiluvchimisiz?!»
Qur’oni karimda kasb-hunar bilan bog‘liq yoki unga yo‘naltirilgan yana ko‘plab oyatlar bor. Binobarin, Islomda sog‘lom bola tarbiyasi barcha payg‘ambarlar o‘z ummatlariga kasb-hunarda ibrat bo‘ldilar. Masalan, Odam (alayhissalom) dehqonchilik, Zakariyo (alayhissalom) duradgorlik, Nuh (alayhissalom) kemasozlik, Muhammad (alayhissalom) cho‘ponlik va tijorat bilan shug‘ullanganlari ma’lum.
Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom): «Albatta, Alloh kasb-kor qiluvchi mo‘min bandani yaxshi ko‘radi», deb marhamat qilib, sahobai kiromlarni ham biron-bir kasb-hunar bilan halol rizq-ro‘z topishga undaganlar. Inson o‘z oilasi ta’minotini halol mehnat va foydali sa’y-harakati tufayli qondirar ekan, shubhasiz, bu yo‘lda chekkan zahmati savobli amallarga aylanadi.
Imom G‘azzoliy ham «Ihyo ulumid din» asarida kasb mavzusiga alohida bo‘lim ajratib, unda turli hikmatlar keltirib o‘tgan. Jumladan, Luqmoni hakim o‘z o‘g‘liga nasihat qilgan ekan: «O‘g‘lim, o‘zingni faqirlikdan saqlash uchun halol kasb qilgin. Bilginki, biror kishiga (harakatsizlik ortidan) faqirlik yetsa, unda uchta xislat paydo bo‘ladi: dinda yengiltaklik, aqlida zaiflik va muruvvatsizlik. Shu uchchalasidan ham og‘irrog‘i – uni odamlar mensimay qo‘yishidir».
Mazhabboshimiz Imomi A’zam (rahimahulloh) ham tijorat bilan shug‘ullangan. Bu kasbda halolligi tufayli ko‘p barakotlarga sazovor bo‘lganligi u zotning shogirdlari va zamondoshlari tomonidan yozib qoldirilgan. Binobarin, hadisi shariflarda ham halol kasb bilan shug‘ullangan insonlarga yuqori baho berilgan: «Rostgo‘y savdogar qiyomat kunida payg‘ambarlar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir».
Shunday ekan, farzandlarimizga ham dunyosi, ham oxirati uchun foydali ilm hamda o‘z oilasi, qolaversa, yashayotgan jamiyati uchun nafi tegadigan halol tirikchilikdan yuzaga keladigan kasb-hunar kerak. Zero, hunar o‘z egasini doim halollik, poklik, sadoqat, mehr bilan o‘z ishini ado etishga undaydi.
Islom ta’limotlariga ko‘ra, jamiyat o‘z taraqqiyoti va ehtiyojlariga xizmat qiladigan turli kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlab borishi zarur. Jamiyatda tibbiyot, hisob-kitob, dehqonchilik, tikuvchilik va boshqa sohalarda mutaxassislar bo‘lishi farzi kifoya darajasida e’tiborga olinadi. Agar biror soha bo‘yicha ushbu jamiyatda mutaxassis topilmasa, bunday mutaxassisni ta’minlash butun jamiyat zimmasiga tushadi.
Davrimizga kelib ilmu hunar turlari ancha ortdi. Ba’zi kasblar atrofida yangidan-yangi yo‘nalishlar rivoj topib, tobora takomillashib bormoqda. Mana shunday sharoitda mamlakatimizda bolalarni kasb-hunarga yo‘naltirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Globallashuv sharoitida hozirgi zamon oilasiga yosh avlodni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash bilan bog‘liq yuksak va o‘z o‘rnida o‘ta mas’uliyatli vazifa yuklatiladi. Farzandlarni ilk yoshidan boshlab kuchi, didi, qobiliyati va qiziqishlariga mos tushadigan foydali mehnat va kasb-hunarlarga o‘rgatish ularning iqboli uchun muhim. Zero, har bir narsaning zeb-ziynati bor, yoshlikning bezagi, kelajak sarmoyasi esa kasb-hunar ortidan.
Kasb-hunarli farzand hayotda o‘z yo‘lini topishi barobarida har qanday mushkul vazifalarning ham uddasidan chiqa oladi. Hunarsiz kishi esa, turmushda qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy. Mana shu e’tibordan hunar egallash, egallaganda ham puxta egallash lozim.
“Islomda sog‘lom bola tarbiyasi” kitobi asosida
Buxoro shahar “Poyi Ostona” jome’ masjidi
imom xatibi Nodir Asadov tayyorladi.