Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bani Isroilda bir sodda odam Alloh taologa bunday munojot qilayotgan edi: “Yo Allohim! Sening xotining yo‘q deb eshitganman, sening farzandlaring yo‘q ekan. Sen mening huzurimga kelgin, toki men sening xizmatingni qilayin. Senga ko‘ylaklar tikib berayin, totli, mazali ovqatlar tayyorlab berayin”. Muso alayhissalom uning oldidan o‘tib ketayotgan edilar. U sodda odamni duosini eshitib darg‘azab bo‘lib: “Ey Allohning bandasi! Aytayotgan so‘zlaring Alloh taoloning sha’niga noloyiq so‘zlardir, bunday beodoblikni zinhor qaytarmagin!” dedilar. Shunda haligi sodda odam dahshatga tushib, titroq bosib, ko‘zlaridan yoshlar oqib tavba qildi. Shu darajada qo‘rqib ketdiki, uning bu qo‘rqishi Alloh taologa xush keldi va Muso alayhissalomga vahiy yuboradi. Buni shoir qo‘yidagi misralar bilan ajoyib tarzda ifodalagan.
Tu baroi vasl kardan omadi,
Na baroi fasl kardan omadi.
Tarjimasi:
Sen vasl uchun kelding,
Fasl uchun kelmading.
Nima uchun? Shuning uchunki, uning so‘zlari zohiriy tarzda xato bo‘lsa ham, lekin, botinda Alloh taologa juda kuchli muhabbati bor edi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ilohiy ishq" kitobidan Nodir Odinayev tarjimasi