Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tinglovchilari tashrif buyurdi. «Uchinchi Renessans chorrahasi» mavzusi doirasida tashkil etilgan tashrif davomida ular Markaz ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali va kutubxona bilan tanishdi. Tashrif ishtirokchilarga ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosi, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va milliy tariximizning muhim sahifalari haqidagi bilimlarini boyitish imkonini berdi. Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Qutayba ibn Muslim jome masjidi imom-xatibi Abdulbosit Xotambekov Markazda taqdim etilgan tarixiy manbalar va ilmiy merosning ahamiyatini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
«Ilgari ajdodlarimizning ilmiy merosi haqida kitoblar orqali ma’lumot olib, tasavvur hosil qilgan bo‘lsak, bugun uni tarixiy manbalar va ekspozitsiyalar orqali bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldik. Ayniqsa, kutubxonadagi asl manbalar va ilmiy adabiyotlar e’tiborimizni tortdi. Bu yerda Islom tarixi bilan birga Markaziy Osiyo xalqlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi ham keng yoritilgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu Markaz ajdodlarimizning boy ilmiy merosini xalqimizga yetkazish, uni yosh avlodga tanitish va asrlar davomida shakllangan ma’rifat an’analarini namoyon etishda muhim ahamiyatga ega. Ekspozitsiyalar tariximizni nafaqat o‘rganish, balki uni ko‘z o‘ngimizda gavdalangandek his etish imkonini ham beradi», — dedi Abdulbosit Xotambekov.
Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi «Mehriqul Azizov» jome masjidi imom-xatibi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining modul tizimi tinglovchisi A’zamjon Matmusayev ham Markaz ekspozitsiyalari va Qur’oni karim zali unda chuqur taassurot qoldirganini ta’kidladi.
«Markazda tariximizning turli bosqichlari, ajdodlarimiz merosi va mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar izchil yoritilgan. Qur’oni karim zalidagi muhit esa insonni muqaddas kitobimiz tarixi haqida yanada chuqurroq o‘ylashga undaydi.
Bunday maskanlar, ayniqsa, yoshlar uchun katta ma’naviy ahamiyatga ega. Ular bu yerda ajdodlarimizning ilm-fan sohasida erishgan yuksak natijalarini anglab, tariximiz bilan yaqindan tanishadi. Bu esa bilim olish, izlanish va buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari bo‘lishga rag‘batlantiradi», — dedi A’zamjon Matmusayev.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy xotirani tiklash, boy ilmiy merosni zamonaviy usullarda namoyon etish va yosh avlodni ilm-ma’rifat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Markazdagi ekspozitsiyalar va qo‘lyozmalar ajdodlar merosini chuqurroq anglash, uni asrab-avaylash hamda kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati