Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Shu yil 23-24 aprel kunlari Samarqanddagi Hadis ilmi maktabida diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Barkamol avlod – 2026” sport musobaqasining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Musobaqa avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraganidan so‘ng ko‘rgazmali chiqishlar qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining musobaqa ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng sport musobaqasining final uchrashuvlari boshlandi. Ushbu jarayonni tajribali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, quyidagilar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi:
Shaxmat
Talaba yigitlar o‘rtasida:
1-o‘rin Toshkent islom instituti talabasi Fazliddin Shamiyevga;
2-o‘rin "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Asrorbek Turdaliyevga;
3-o‘rin "Sayyid Muhyiddin Maxdum" madrasasi talabasi Rahmonjon Rasulovga nasib etdi.
Ayol-qiz talabalar o‘rtasida:
1-o‘rinni “Jo‘ybori Kalon” madrasasi talabasi Roziyaxon Zokirova;
2-o‘rinni “Xadichai Kubro” madrasasi talabasi Hamidaxon Jamoliddinova;
3-o‘rinni Toshkent islom instituti talabasi Nodiraxon Murotova egalladi.
Stol tennisi
Talaba yigitlar o‘rtasida:
1-o‘ringa “Faxriddin ar-Roziy” madrasasi talabasi Murodjon Rayimjonov;
2-o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi Abdulhay Abdimutalov;
3-o‘ringa "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasi talabasi Abdurahmon Abdujabborov sazovor bo‘ldi.
Ayol-qiz talabalar o‘rtasida:
1-o‘rin "Mir Arab" oliy madrasasi talabasi E’zoza Asliddinova;
2-o‘rin “Xadichai Kubro” madrasasi talabasi Dildoraxon Boltaboyeva;
3-o‘rin “Jo‘ybori Kalon” madrasasi talabasi Nodira Qodirboyevaga nasib etdi.
Tosh ko‘tarish
Talaba yigitlar o‘rtasida:
1-o‘rinni "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasi talabasi Musulmon Ravzatulloh;
2-o‘rinni "Mir Arab" oliy madrasasi talabasi Alisher Umarov;
3-o‘rinni “Faxriddin ar-Roziy” madrasasi talabasi Zikrullo Sag‘dullayev qo‘lga kiritdi.
Milliy kurash
Talaba yigitlar o‘rtasida:
1-o‘rinni "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasi talabasi Muhammadabrorxon Yunusxonov;
2-o‘rinni “Xoja Buxoriy” madrasasi talabasi Yasin Ablazov;
3-o‘rinni “Ko‘kaldosh” madrasasi talabasi Husan Mirzayev egalladi.
Jamoalar o‘rtasida esa yakuniy natijalar quyidagicha bo‘ldi:
1-o‘rin “Mir Arab” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi jamoasiga;
2-o‘rin Toshkent islom instituti jamoasiga;
3-o‘rin “Imom Faxriddin ar-Roziy” madrasasi jamoasiga nasib etdi.
G‘oliblarga quyidagi mukofotlar topshirildi:
Jamoalar bo‘yicha sovrinlar:
1-o‘ringa I-darajali kubok, zamonaviy smart doska;
2-o‘ringa II-darajali kubok, muzlatgich;
3-o‘ringa III-darajali kubok, kir yuvish mashinasi taqdim etildi.
Yakkalik bellashuvlar g‘oliblari uchun:
1-o‘ringa birinchi darajali diplom va noutbuk;
2-o‘ringa ikkinchi darajali diplom, televizor;
3-o‘ringa uchinchi darajali diplom va sharbat chiqargich berildi.
G‘oliblarga zafar va mukofotlar muborak bo‘lsin!
Eslatib o‘tamiz, mazkur sport musobaqasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati