Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Noyabr, 2026   |   28 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:42
Quyosh
07:02
Peshin
12:12
Asr
15:29
Shom
17:14
Xufton
18:29
Bismillah
08 Noyabr, 2026, 28 Jumadul avval, 1448

Ibratli dunyo

10.02.2017   19501   2 min.
Ibratli dunyo

Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:

- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.

- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..

- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?

- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.

- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:

- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.

- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.

Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.

TII talabasi

Tojiddinov Abdussomad

Boshqa maqolalar

Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” asari Fransiyada nashr etildi

14.10.2026   58911   3 min.
Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Turkiston qayg‘usi” asari Fransiyada nashr etildi

Xalqimizning buyuk allomasi, davlat va jamoat arbobi Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining boy ma’naviy hamda tarixiy merosi vaqt o‘tgani sayin jahon ahli e’tiborini yanada kuchliroq jalb etmoqda. Allomaning milliy o‘zligimiz, mustaqillik va ozodlik ishtiyoqi singdirilgan, har bir satri haqiqat tug‘yoni bilan yo‘g‘rilgan shoh asari — “Turkiston qayg‘usi” shu kunga qadar bir qator xorijiy tillarga tarjima qilinib, xalqaro maydonda munosib e’tirof etilmoqda. Quvonarlisi va g‘ururlanarlisi shundaki, ayni kunlarda ushbu bebaho tarixiy durdonaning fransuz tilidagi mukammal nashri dunyo yuzini ko‘rdi, xabar bermoqda O‘zA.

Ushbu asar vatanimizning XX asrdagi fojiali va murakkab tarixini haqqoniy hamda xolis yoritib bergan noyob manba sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etiladi. Unda sobiq SSSR va o‘sha davrdagi Xitoyning Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Turkistonda olib borgan siyosati atroflicha yoritilgan bo‘lib, uyg‘ur, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va boshqa musulmon xalqlarining ozodlik va mustaqillik uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan.

Asli chig‘atoy turkiy tilida yozilgan bu bitik Fransiyaning taniqli sharqshunosi va sog‘uniyshunos professori Stefan Dudyuanyon (Stéphane A. Dudoignon) tomonidan 2024–2026 yillar davomida fransuz tiliga tarjima qilindi va nashrga tayyorlandi. Tarjima jarayonida professor S. Dudyuanyon Alixonto‘ra Sog‘uniy hazratlarining farzandi Qutlug‘xon aka Sog‘uniy bilan yaqindan va faol hamkorlik qildi. Ta’kidlash joizki, professor 2023 yili Toshkentga tashrif buyurib, Qutlug‘xon aka bilan birgalikda Alixonto‘ra Sog‘uniy yashab o‘tgan xonadon va ko‘chalarni ko‘zdan kechirgan, shuningdek, alloma dafn etilgan “Shayx Zayniddin” qabristonini ziyorat qilgan edi.

 

 

 

Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS) katta ilmiy xodimi, tarixchi hamda o‘zbek adabiyoti va tarixi bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilardan biri bo‘lgan professor Stefan Dudyuanyon Markaziy Osiyodagi islom tarixi, jamiyatlar hayoti, tasavvuf yo‘nalishlari va mintaqadagi tarixiy shaxslar merosini o‘rganish bilan shug‘ullanib keladi. Olim “Turkiston qayg‘usi” asari yevropalik o‘quvchilar uchun yanada tushunarli va manbashunoslik nuqtayi nazaridan mukammal bo‘lishi uchun kitobga 400 sahifadan ziyod keng qamrovli sharhlar ilova qildi. Chuqur tahlillarga boy ushbu sharhlar amerikalik, buyuk britaniyalik va yapon turkologlari tomonidan juda yuksak baholandi hamda maxsus mukofotga tavsiya etildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu kitob G‘arb dunyosi uchun Markaziy Osiyo va Sharqiy Turkiston tarixini o‘rganishda muhim fundamental manba bo‘lib xizmat qiladi. 

 
       

Ayni kunlarda “Turkiston qayg‘usi” asari Parij kitob yarmarkasida namoyish etilmoqda va yevropalik kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Alixonto‘ra Sog‘uniyning o‘g‘li Qutlug‘xonto‘ra akaning ta’kidlashicha, fransuz tilidagi ushbu nashr asarning Yevropa bo‘ylab keng tarqalishidagi ilk muhim qadamdir. Navbatdagi bosqichda asarni ingliz tiliga tarjima qilish va nashr etish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyiha ham qisqa fursatlarda amalga oshirilishi kutilmoqda.

Alixonto‘ra Sog‘uniy merosining fransuz tilida chop etilishi va xalqaro e’tirofga erishishi nafaqat milliy tariximizni tiklash yo‘lidagi ulkan yutuq, balki o‘zbek ilm-fani va madaniyatining jahon maydonidagi yana bir muvaffaqiyatidir. "Turkiston qayg‘usi"ning xorijiy tillardagi talqini dunyo jamoatchiligiga Markaziy Osiyo xalqlarining haqiqiy tarixi, ozodlik va ma’rifat yo‘lidagi fidokorona kurashini xolis yetkazishda bebaho ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Odil OLIMJONOV, iqtisodiyot fanlari doktori, professor

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati