Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
10 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida zamonamizning dunyo tan olgan yetuk olimi, doktor Shayx Ayman Rushdiy Suvayd janoblarining ikki haftalik mahorat darslarini muvaffaqiyatli tamomlagan Qur’oni karim va tajvid ustozlariga shahodatnoma topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar ila boshlandi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zga chiqib, Davlatimiz Rahbarining xayrli tashabbusi bilan yurtimizda Qur’oni karim ta’limiga keng yo‘l ochib berilganini alohida e’tirof etdilar. Shuningdek, bu yilgi mahorat darslari Diniy idora tarixida ilk bor qorilar jamlangan fayzli majlis bo‘lganini bayon etib, yurtimizdagi Qur’on ta’limi an’analari bugun qayta bo‘y ko‘rsatayotgani, ushbu darslarda olingan yuksak ilm va odob respublikamizning barcha go‘shalaridagi minglab toliblarga yetkazilishini bildirdilar.
Shundan so‘ng muhtaram mehmon, doktor Shayx Ayman Suvayd hazratlari bolalik yillari bir vaqtlar mustabid tuzim ta’sirida bo‘lgan ushbu zaminga kelib, Qur’on muallimlariga dars berishini hatto xayolga ham keltira olmaganini xotirladi. U kishi O‘zbekiston va uning atrofi bugun ilm-ma’rifat, sof va mo‘tadil islomiy ta’limning chinakam «oltin davri»ni yashayotganini, mamlakat butun Markaziy Osiyo uchun ilm mayog‘iga aylanganini bayon etdi. Shuningdek, Shayx Ayman Suvayd asli buxorolik Shayx Zakariyo Buxoriy rahimahulloh o‘gitlarini eslatgan holda tolibi ilmlarni Qur’on ta’limi o‘rganish va uni o‘rgatishga jiddu jahd qilishga chaqirib, ko‘rsatilgan yuksak ehtirom uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alixon qori Fayzulloh mahdum so‘z olib, muhtaram Prezidentimiz tomonidan yurtimizda ilmu ma’rifat taraqqiyotiga yuksak e’tibor ko‘rsatilayotganini e’tirof etish barobarida zamonamizning Ibn al-Jazariysi deb e’tirof etilgan Shayx Ayman Suvaydning shoh asari — «At-Tajvidul-musavvar» kitobini muallifning o‘zidan o‘rganish muyassar bo‘lgani katta baxt ekanini ta’kidladi.
Tadbirning asosiy qismida Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Shayx Ayman Suvayd hamda Shayx Alixon qori tomonidan mahorat darslarida faol ishtirok etgan tinglovchilarga maxsus shahodatnomalar tantanali ravishda topshirildi.
Marosim so‘ngida Muftiy hazratlari boshchiligida ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, ustozlar salomatligi va ularning ilmu ma’rifat yo‘lidagi faoliyatiga baraka so‘rab xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati