Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Ichkariga kirar-kirmas:
– Nimang bor? Olib kel, qornim och, – deb baqirdi.
– Ovqat qilishga hech vaqo qolmagan, bolalar ham och…
Ayolini eshitishga toqati ham yetmagan er yana baqirdi:
– Senda doim yo‘q, senga qolsa, ochlikdan o‘lsam…
U g‘o‘drana-g‘o‘drana yana ko‘chaga ravona bo‘ldi. Qo‘rqib burchakda berkinib turgan bolalar yugurib kelib onasini quchoqlashdi.
Masturaxon turmushga chiqqanidan buyon ko‘pincha ahvol shu. Tongda turib tomorqada ishlar, ba’zan kimningdir kirini yuvar, uyini supurib-sidirar, xullas, ro‘zg‘or uchun pul topib kelardi. Eri esa ko‘cha-ko‘yda tentirab, ichishdan boshqa narsani o‘ylamasdi. Biror kun yo‘q, shu ayol xotirjam tong ottirsa, biror tun yo‘q, halovat bilan uxlasa. Farzandlari ham otaning baqir-chaqiridan qo‘rqib-qo‘rqib so‘zlardi. Ayol kechki taomga nima tayyorlashini bilmay oshxonaga kirar ekan, bexosdan darvoza ochildi, to‘rt-besh kishi erini ko‘tarib olib kirishdi. Uning hamma yog‘i qon edi.
– Qo‘shni, xo‘jayiningizni ko‘cha boshida mashina urib ketibdi. Sabrli bo‘ling, iloj qancha?! Banda taqdirda borini ko‘radi, – deya do‘konda savdo qiladigan qo‘shnisi dalda berdi…
* * *
Oilada o‘z mas’uliyatiga, vazifasiga panja orasidan qaragan erkak o‘zini ham, qo‘l ostidagi ojiza ayolini ham baxtsiz qilishi tayin. Alloh taolo: “Ular (ayollaringiz) bilan totuv turmush kechiringiz” (Niso surasi, 19-oyat), deb amr qilgan. Ayolini xo‘rlamaslik, unga aziyat yetkazmaslik, e’tiborsiz tashlab qo‘ymaslik erning ma’naviy burchi hisoblanadi.
Qur’oni karimda yana bunday marhamat qilinadi: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Rabbimiz er kishini oilada boshliq, rahbar etib qo‘ygan. Erkaklar ham jismonan, ham ma’nan shu maqomga mas’ul. Oilaning nafaqasi, sarf-xarajati, farzandlarning moddiy ehtiyoji, oilani himoyalash erning zimmasida. U oilani boshqarishda aslo qo‘pollik, zulm qilishi mumkin emas. Qolaversa, erning rahbar qilinishi aslo ayolni kamsitish kerak, degani emas. Ayrim g‘animlar da’vo qilayotganiday, uning huquqlarini cheklash ham emas, balki oila-ro‘zg‘or tashvishlaridan ayolni ozod qilish, turmush mashaqqatlarini tabiatan baquvvat yaratilgan erkakka yuklashdir.
Dinimizda erkak kishining ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lishi uni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman” (Imom Termiziy rivoyati).
Erkakning eng muhim burchi qaramog‘idagilar – oila ahlining o‘zgalar qo‘liga qarab qolishlariga yo‘l qo‘ymaslikdir. Darhaqiqat, erkaklarning zimmasiga ayol va farzandlar ta’minoti farzdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Erkaklar o‘z burchlariga rioya qilsalar, oilalar mustahkam, ayollar esa baxtli bo‘lishadi!
Oydinoy RAVSHANOVA,
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari
“Mo‘minalar” jurnalining 2026 yil 4-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws